background
logotype
image1 image2 image3

Rasululloh s.a.vning ko’rinishlari va xulq-atvorlari

 Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vasfidan qalam ojiz bo‘ladigan darajada go‘zal qaddu-qomat va mukammal odob-axloq bilan ajralib turardilar. Buning ta'sirida qalblar u zotni ulug‘lash bilan to‘lib-toshar, odamlarning u zotni asrab-avaylash va hurmat-ehtirom ko‘rsatishlari borasida dunyoda boshqa biron kishiga nasib qilmagan martabaga erishgan edilar. Atroflarida yashab turgan kishilar u zotni telbavor sevishar, u zotga tirnoqcha zahmat yetishi o‘rniga o‘z bo‘yinlari sindirilishiga rozi bo‘lishar edi. Bashar avlodidan biron kimsaga ato etilmagan va faqat o‘zlariga xos bo‘lgan kamolot sifatlari u zotni odamlarga shu qadar suyukli qilib qo‘ygan edi.

 Quyida biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kamolu jamollarini to‘la ifodalab berishga ojizligimizni e'tirof etgan holda, shu haqda kelgan rivoyatlarni qisqacha bayon qilamiz.

Tashqi ko‘rinishlarining go‘zalligi

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilib borayotganlarida Ummu Ma'bad al-Xuzoiya ismli ayolning chodiri yonida bir to‘xtab o‘tgandilar. O'sha ayol eriga u zotni quyidagicha ta'riflagan edi: «G'oyat ko‘rkam, yuzlaridan nur yog‘ilib turuvchi, go‘zal xulqli, boshi va qornini na kattalik, na kichiklik bilan ayblab bo‘ladi, husndor va go‘zal, ko‘z qorachig‘i tim qora, kipriklari uzun, ovozlarida biroz mayinlik bor, bo‘yni salgina uzun, ko‘zining oqi tiniq oq, qoshlari kamon, sochlari qop-qora, sukut saqlaganida viqor, so‘zlaganida esa ko‘rkamlik balqib turadi, uzoqdan qaraganda g‘oyat kelishgan va ko‘rkam, yaqindan ko‘rganda g‘oyat go‘zal va yoqimli, so‘zlari shirin va dona-dona, sergap ham, kamgap ham emas, so‘zlari xuddi ipga terilgan munchoqdek, o‘rtabo‘yli, ko‘rgan kishi na pakana va na daroz deb ayblay oladi, ikki novda o‘rtasida turgan eng chiroyli va ko‘rkam bo‘lib turgan uchinchi novda, yonida hamrohlari ham bor, ular uning so‘zlariga jim turib quloq solishadi va buyruqlarini bajarishga oshiqishadi, ular uning amriga muntazir bo‘lib, yonidan nari ketishmaydi, u qovoq uyuvchi ham, birovni kamsituvchi ham emas»[1].

Aliy ibn Abi Tolib roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vasflarini mana bunday ta'riflagan edi: «U zotning bo‘ylari o‘ta uzun ham, o‘ta past ham emas, o‘rta bo‘yli edilar. Sochlari o‘ta jingalak ham, o‘ta silliq ham emas, jingalaklik va silliqlik o‘rtasida edi. Badanlari semiz ham, yuzlari go‘shtdor va dum-dumaloq ham emas edi. Yuzlari biroz dumaloqlikka moyil, tiniq oq edi. Ko‘zlarining qorachig‘i tim qora, kipriklari uzun, yelka va bo‘g‘in suyaklari katta, ko‘kraklaridan qorinlarigacha mayin va ensiz tuk bilan qoplangan, badanlari jundor emasdi. Oyoq-qo‘llari zalvorli, yurganda xuddi qiyalikdan tushib kelayotgandek salobat bilan yurardilar. O'girilib qaramoqchi bo‘lsalar, butun gavdalari bilan burilar edilar. Ikki kiftlari o‘rtasida payg‘ambarlik muhri bor edi, u zot oxirgi payg‘ambar edilar. U zot g‘oyat qo‘li ochiq, nihoyatda jur'atli, o‘ta rostgo‘y, ahdiga vafodor, xulq-atvori muloyim, o‘ta samimiy inson edilar. Dastlab ko‘rgan kishini haybatlari bosar, yaqindan tanigan odam esa u kishini yaxshi ko‘rib qolardi. U zot haqlarida so‘zlagan odam: «Men u zotdan avval ham, keyin u kishiga o‘xshaganini ko‘rmadim», der edi»[2].

Bir rivoyatda Aliy roziyallohu anhu aytadi: «Boshlari katta, bo‘g‘in suyaklari yo‘g‘on, ko‘krakdan qoringacha cho‘zilgan mayin tukli, yurganda qiyalikdan tushib kelayotgandek zarb bilan yurardilar»[3].

Jobir ibn Samura roziyallohu anhu aytadi: «U zotning og‘izlari kattaroq, ko‘zlarining oqida biroz qizillik bor, oyoq kaftlari go‘shtsizroq edi»[4].

Abut-Tufayl roziyallohu anhu aytadi: «Oppoq, ko‘rkam yuzli, o‘rta bo‘yli edilar»[5].

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Keng yelkali, tiniq rangli edilar, ranglari juda oq ham, qora ham emas edi. Soch-soqollaridagi oq tuklar soni yigirmataga ham bormasdi»[6].

Anas ibn Molik roziyallohu anhu yana: «Ikki chakkalarida bir oz oq tolalar bor edi», degan. Boshqa bir rivoyatda esa: «Boshlarida (ya'ni sochlarida) ozgina oqi bor edi, xolos», deydi[7].

Abu Juhayfa roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning pastki lablari ostida, soqollarida bir ozgina oqini ko‘rdim»[8].

Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu aytadi: «Soqollarida bir nechagina oq tolalari bor edi»[9].

Baro' roziyallohu anhu aytadi: «Xushqad, keng yelkali edilar, sochlari quloqlarining yumshog‘iga yetardi. Men u zotni qizil hullada[10] ko‘rdim, u kishidan ko‘ra chiroyliroq insonni aslo ko‘rmaganman»[11].

Oldinlari ahli kitoblarga muvofaqat qilishni istab, sochlarini peshonalariga tushirib yurardilar, keyinchalik boshlarida farq ochib yuradigan bo‘ldilar[12].

Baro' roziyallohu anhu aytadi: «Odamlarning eng go‘zal yuzlisi va go‘zal xulqlisi edilar»[13].

Undan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlari qilichdekmidi?»», deb so‘radilar. U: «Yo‘q, oydek edi», deb javob berdi. Bir rivoyatda: «Yuzlari dumaloqroq edi», dedi[14].

Rubayyi' bint Muavviz roziyallohu anho aytadi: «Men u zotni ko‘rsam, porlab turgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardim»[15].

Jobir ibn Samura roziyallohu anhu aytadi: «Men u zotni oydin kechada ko‘rdim. Egnilarida qizil hulla (libos) bor edi. Men bir oyga, bir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarardim. Nazarimda u kishi oydan-da go‘zalroq edilar»[16].

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan go‘zalroq biron kimsani ko‘rmadim. Go‘yo quyosh u kishining yuzlarida yurgandek bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘ra tezroq yuruvchi biron kishini ko‘rmadim. Go‘yo yer u kishi uchun yig‘ilib kelgandek bo‘lardi. Biz qiynalib, hansirab qolardik, u zot esa xotirjam ketaverar edilar[17].

Ka'b ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Xursand bo‘lsalar, yuzlari oydek yorishib ketardi»[18].

Bir marta Oisha roziyallohu anhoning huzurida oyoq kiyimlarini yamab o‘tirib terlab ketdilar. Oisha ip yigirib o‘tirardi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlaridan nur yog‘ila boshladi. Buni ko‘rgan Oisha hayratlanib dedi: «Allohga qasamki, agar hozir sizni Abu Kabir al-Xuzaliy ko‘rganida edi, o‘zining mana bu she'riga hammadan ko‘ra sizning haqliroq ekaningizni bilgan bo‘lar edi:

Boqsang uning nur yog‘ilgan yuziga

Chaqmoqda yorishgan oq bulut deysan»[19].

وإذا نظرت إلى أسرة وجهه ** برقت كبرق العارض المتهلل

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu u zotni ko‘rgan choq shunday derdilar:

Yaxshilikka chorlar Amin Mustafo

Zulmatni yoritgan oydek musaffo[20].

أمين مصطفى بالخير يدعو ** كضوء البدر زايله الظلام

Hazrat Umar roziyallohu anhu Zuhayrning Harim ibn Sinon haqida aytgan quyidagi she'rini o‘qirdi:

لو كنت من شيء سوى البشر ** كنت المضيء لليلة البدر

Agar bo‘lmasayding farzandi bashar,

Bo‘larding oydinda nur sochgan qamar.

So‘ngra: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ana shunday edilar», derdi[21].

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam g‘azablansalar, yuzlari qizarib ketar, go‘yo yonoqlariga anor siqib qo‘yilgandek bo‘lib ketardi[22].

Jobir ibn Samura roziyallohu anhu aytadi: «Boldirlari biroz ingichka edi. Kulsalar faqat tabasum qilib qo‘yardilar. U zotning yuzlariga boqib, ko‘zlariga surma tortilgan deb o‘ylardim, aslida surma qo‘yilmagan bo‘lardi»[23].

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadi: «U zotning tishlari juda chiroyli edi»[24].

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Kurak tishlarining orasi ochiq bo‘lib, gapirgan paytlarida tishlari orasidan nur taralayotgandek bo‘lardi»[25].

«U zotning bo‘yinlari kumushdek sof, xuddi chizilgan suratning bo‘ynidek, qovoqlarining chetlari egikroq, soqollari qalin, peshonalari keng, qoshlari ingichka va yoysimon bo‘lib, birـbiriga tutashmagan, burunlari nozik va uzunroq, yonoqlari tekis, bo‘g‘izlari ostidan kindiklarigacha cho‘zilgan mayin tuklardan tashkil topgan uzun chiziq bo‘lib, qorinlarida ham, ko‘kraklarida ham boshqa junlari bo‘lmagan. Yelka va bilaklari jundor, qorinlari bilan ko‘kraklari bir tekis, ko‘kraklari keng, bilaklarining kaftga yaqin qismi uzun, kaftlari keng, boldir va bilaklari zalvorli, tovonlarining yerga tegmaydigan qismi aniq bilinib turuvchi, qadamlarining uchlari cho‘zinchoq, yursalar shahdam qadam tashlab, yengil yurar edilar[26].

Anas roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kaftlaridan ko‘ra muloyimroq bo‘lgan na ipak, na boshqa narsani ushlamadim va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bo‘yidan ko‘ra xushbo‘yroq biron hidni topmadim». Bir rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hidlaridan yoki bo‘ylaridan ko‘ra xushbo‘yroq na mushk, na anbar va na boshqa biron xushbo‘ylik topmadim»[27].

Abu Juhayfa roziyallohu anhu aytadi: «U zotning qo‘llarini olib, yuzimga bosdim. Qo‘llari qordan-da muzdek va mushkdan-da xushbo‘yroq edi»[28].

Jobir ibn Samura roziyallohu anhu bolalik paytini eslab aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yuzimni siladilar, qo‘llarida salqinlik yoki xushbo‘ylikni his qildim, ularni go‘yo attorning qutisidan chiqargandek edilar»[29].

Anas roziyallohu anhu aytadi: «Terlari marjondek edi. (Onam) Ummu Sulaym: «U (ya'ni terlari) xushbo‘ylarning xushbo‘yi», dedi»[30].

Jobir roziyallohu anhu aytadi:   «Bir yo‘ldan yurib o‘tgan bo‘lsalar, u zotdan keyin shu yo‘ldan yurgan odam xushbo‘y hidlaridan - yoki terlarining xushbo‘y hididan - u zotning bu yerdan o‘tganini bilib olardi»[31].

Ikki kuraklari orasida terilari rangida kabutar tuxumidek kattalikda xotamun-nubuvvat (payg‘ambarlik muhri) bor edi, u chap kuraklarining tepa qismida bo‘lib, ustida bo‘rtib chiqqan dona-dona xollar bor edi[32].

Ruhiy kamolotlari va oliy axloqlari

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tillarining fasohati va so‘zlarining balog‘atida ham boshqalardan yaqqol ajralib turardilar va bu borada eng afzal maqomda va eng oliy o‘rinda edilar. Ta'blari yetuk, tillari ravon, so‘zlari ta'sirli va ma'nolari ravshan hamda ortiqcha takallufdan xoli bo‘lib, purma'no so‘zlar ato etilgan va go‘zal hikmatlar bilan xoslangan edilar. Arablarning lahjalarini yaxshi bilar va har bir qabila ahliga ularning lahjasida xitob qilar va ularning tillarida so‘zlar edilar. U zotda badaviylarga xos so‘zamollik va chiroyli gapirish hamda shaharliklarga xos aniq-tiniq iboralar qo‘llab, sermazmun so‘zlash jamlangan bo‘lib, bu borada, albatta, vahiy orqali ilohiy madadga ham ega edilar.

U zotni Alloh taoloning O'zi halimlik, chidamlilik, qodir bo‘la turib kechirib yuborish, aziyatlarga sabr qilish sifatlari bilan odoblantirgan edi. Har qanday halim odamdan ham goho sabr kosasi to‘lib, chidayolmay qolishi hollari uchrab turadi. Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ozor kuchaygani sari u zotning sabrlari ziyoda bo‘lib bordi, johillarning jaholati kuchaygani sari u zotning halimliklari oshib bordi. Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qachon ikki ish o‘rtasini tanlashga ixtiyorli bo‘lsalar, modomiki gunoh bo‘lmasa yengilrog‘ini olardilar. Agar gunoh bo‘lsa, undan eng uzoq odam bo‘lardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlari uchun o‘ch olmaganlar, faqat Allohning hurmatlari poymol etilsa, Alloh uchun o‘ch olardilar»[33]. U zot odamlarning eng g‘azabdan uzoqrog‘i va rozilikka eng shoshuvchirog‘i edilar.

Saxovat va jo‘mardlikda tengsiz edilar, faqirlikdan xavfi yo‘q kishining ulashishidek ulashardilar. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng saxiysi edilar. Ramazonda Jibril alayhissalom bilan uchrashganlarida yana ham saxiy bo‘lib ketardilar. Jibril alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan Ramazonning har kechasi uchrashardi va u bilan Qur'onni dars qilishardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yaxshilik qilishdagi saxiyliklari esayotgan shamoldan ham tez edi»[34]

Jobir roziyallohu anhu aytadi: «U zotdan biron narsa so‘ralsa, hech qachon yo‘q demasdilar»[35].

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jur'at, shijoat, mardlik kabi sifatlarda tutgan o‘rinlari ham ma'ruf va mashhur. U zot eng shijoatli kishilardan edilar. Jang maydonlarida bir necha bor manaman degan jasur va shijoatli kishilar ham tashlab qochgan og‘ir lahzalarda ham mardonavor turganlar, oldinga intilib, ortga chekinmay, sarosimaga tushmay, dushmanga qarshi jang qilganlar. Vaholanki, har qanday jasur qahramondan ham bir yoki bir necha bor jang maydonidan chekinish sodir bo‘ladi. Aliy roziyallohu anhu aytadi: «Jang qizib, holatlar tanglashgan va dahshatdan ko‘zlar qizargan paytlarda biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning orqalariga o‘tib, jon saqlar edik. Biron bir odam u kishidan ko‘ra dushmanga yaqinroq bo‘lmas edi»[36]. Anas roziyallohu anhu aytadi: «Madina ahli bir kecha nogahoniy bir tovushdan huzursiz bo‘ldi. Shunda odamlar ovoz tomonga qarab yurdilar. Ular yo‘lda ortga qaytayotgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yo‘liqdilar. U zot Abu Talhaning otini yaydoq minib, bo‘yinlarida qilichlari bilan, hodisa xabarini bilib, qaytayotgan ekanlar. Odamlarga: «Qo‘rqmanglar, qo‘rqmanglar, hech gap yo‘q!», dedilar»[37].

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayolari ham juda kuchli bo‘lib, birovlarga tik boqmas edilar. Abu Said al-Xudriy aytadi: «Chimildiqdagi kelinchakdan ham hayoliroq edilar. Biron narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan bilinardi. Birovning yuziga tik qarab turmasdilar, ko‘zlarini yerga tikib turardilar. Yerga boqib turishlari osmonga qarashlaridan ko‘proq bo‘lardi. Nazarlari asosan mulohazadan iborat bo‘lar, hayolari kuchliligidan va olijanobliklari tufayli birovga u yoqtirmaydigan so‘z bilan murojaat qilmasdilar, birovdan o‘zlariga yoqmagan biron ish sodir bo‘lsa, uning nomini atamasdan: «Odamlarga nima bo‘ldiki, shunday ishni qilishayapti?!», derdilar.

Farazdaqning quyidagi baytlari u zot sha'niga eng munosib kelar edi:

Yerga tikar hayola, mahobatla ko‘zini

Tabassumla so‘zlagay har bir aytgan so‘zini.

 يغضي حياء ويغضي من مهابته ** فــلا يكلـم إلا حيـن يبتسـم

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng adolatlisi, eng iffatlisi, eng rostgo‘yi, eng omonatlisi edilar. Buni u zotning dushmanlari ham tan olishardi. Payg‘ambar bo‘lishlaridan ilgariyoq «Amin» (omonatli) deb nom olgandilar. Hali Islom kelmasidan, johiliyat davrida ham odamlar u kishini o‘z mojarolariga hakam qilib, huzurlariga kelishardi. Imom Termiziy Aliy roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Abu Jahl Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: «Biz seni yolg‘onchi sanamaymiz, lekin sen keltirgan narsani inkor qilamiz», degan edi. Shundan so‘ng Alloh taolo: «Zotan, ular sizni yolg‘onchi qilmaydilar, balki bu zolimlar Allohning oyatlarini inkor qiladilar» (An'om: 33) oyatini nozil qildi[38].

Hiraql Abu Sufyondan: «Sizlar uni shu aytayotgan so‘zlarini aytishidan oldin yolg‘onchilikda ayblarmidingiz?» deb so‘raganida u: «Yo‘q», deb javob bergandi.

U zot g‘oyat tavoze'li, kibrdan uzoq kishi edilar. O'zlari uchun odamlarni podshohlar uchun turgandek turishdan qaytarardilar. Miskinlar holidan xabar olardilar, kambag‘al-miskinlar bilan birga o‘tirardilar, qulning chorlovini ham qabul qilardilar, ashoblari ichida ulardan biri kabi o‘tirardilar. Oisha roziyallohu anho aytadi: «O'z poyabzallarini yamar, kiyimlarini tikar, sizlardan biringiz o‘z uyida nima ishlarni qilsa, u zot ham shuni qilardilar. Oddiy inson edilar, kiyimlarini o‘zlari tozalar, echkilarini sog‘ar, o‘z yumushlarini o‘zlari qilar edilar»[39].

U zot ahdlarga eng vafodor, qarindoshlar bilan aloqani eng o‘rniga keltiruvchi, odamlarga eng shafqatli, eng mehribon va eng rahmdil, muomala borasida eng odobli, xulq-atvor jihatidan eng oddiy, yomon axloqlardan eng uzoq kishi edilar. Yomon ishlarni qiluvchi, hayosiz so‘zlarni so‘zlovchi, bozorlarda shovqin qiluvchi emas edilar. Yomonlikka yomonlik qaytarmas, balki avf qilar va kechirar edilar. Biron kishini o‘z ortlaridan yurishga qo‘ymasdilar. Yeyish-ichishda ham, kiyim-kechakda ham qul-cho‘rilaridan yuqori bo‘lmasdilar. O'zlariga xizmat qilgan kishiga xizmat qilar, xodimlariga hech qachon «uff» demasdilar. Ularni biron ishni qilgani yoki qilmagani uchun koyib, urishmas edilar. Miskinlarni yaxshi ko‘rar, ular bilan suhbatlashib o‘tirar, janozalarida ishtirok etar edilar, kambag‘alni kambag‘alligi uchun kamsitmas edilar. Safarlaridan birida qo‘y so‘yib, taom hozirlashga buyurdilar. Shunda bir kishi: «Men so‘yaman», dedi. Birovi: «Men terisini shilaman», dedi, yana birovi: «Men pishiraman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Men o‘tin terib kelaman», dedilar. Ular: «Siz qo‘yavering, o‘zimiz kifoya qilamiz», deyishdi. «Kifoya qilishlaringizni bilaman. Lekin, sizlardan ajralib turishni istamayman. Zero, Alloh taolo bandasini sheriklari ichida ajralib ko‘rinib turishini yoqtirmaydi», dedilar, so‘ng turib, o‘tin terib keldilar[40].

Hind bint Abi Holaning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ta'riflab aytgan so‘zlariga quloq tutaylik, u jumladan, shunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jiddiy va sertashvish, doim fikrga cho‘mgan inson edilar, rohat nimaligini bilmasdilar, keragidan ortiqcha so‘zlamasdilar, ko‘p sukut saqlardilar. Gapirganda og‘izlarini ochib, boshidan oxirigacha aniq-tiniq qilib gapirardilar, og‘izlarining cheti bilan gapirmasdilar, dona-dona qilib, ortiqcha cho‘zmay, juda qisqa ham qilmay, sermazmun va purma'no iboralar bilan so‘zlardilar, bepisand va tahqirlovchi so‘zlardan yiroq edilar. Ozgina ne'matni ham ko‘p sanardilar, biron narsani kamsitmas, taomni ayblamas va maqtamas ham edilar. Agar biron narsa haqqa zid kelib qolsa, to uni o‘z o‘rniga keltirmaguncha u zotning g‘azablariga hech narsa bas kelolmasdi. O'z shaxsiyatlari uchun g‘azablanmas va o‘z manfaatlari uchun birovdan ustun kelmas edilar. Ishora qilmoqchi bo‘lsalar, kaftlari bilan to‘la ishora qilardilar. Ajablansalar, kaftlarini aylantirar, g‘azablansalar, yuz o‘girar va qo‘llarini siltab qo‘yar edilar. Xursand bo‘lsalar, ko‘zlarini yumardilar, kulgilari tabassumdan iborat bo‘lib, tishlari do‘l donachalaridek bo‘lib ko‘rinar edi. Keraksiz so‘zlardan tillarini tiyar edilar. Ashoblarini yaqin olardilar, ularni bir-birlaridan farqlamas edilar. Har bir qavmning ulug‘ini hurmatlar va uni o‘z qavmiga boshliq qilib tayinlar edilar. Odamlarga hushyor qarardilar, ulardan hech bir kishiga biron yomonlik qilmagan holda ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘yar edilar.

Ashoblarini yo‘qlab turardilar, odamlarning ahvoli haqida odamlardan so‘rab-surishtirib turardilar. Yaxshilikni yaxshi sanar va unga rag‘batlantirar, yomonlikni yomon sanab, uning payini qirqishga harakat qilar edilar. Ishlari mo‘‘tadil, ixtilofdan uzoq edi. Odamlarning g‘aflatga tushishidan yoki malollanib qolishidan tashvish qilib, doim hushyor turardilar. Har qanday holat uchun tayyorgarliklari bor edi. Haqdan qosirlik qilmasdilar, haqdan boshqasiga o‘tib ham ketmasdilar.

U zotning yonlariga eng yaxshi odamlar jamlangan edi. U zotning nazdlarida odamlarning eng yaxshilari eng xolis nasihat qiluvchilari, darajasi eng ulug‘lari esa birovlarga hamdard va qo‘llab-quvvatlovchi bo‘luvchilari edi.

U zotning o‘tirishlari ham, turishlari ham faqat zikr bilan bo‘lar edi. O'zlari uchun xos joy tayyorlatmasdilar, majlislarda qaer bo‘sh bo‘lsa, o‘sha yerga o‘tirardilar va odamlarni ham shunga buyurardilar. Suhbatdoshlaridan har biriga yetarlicha ahamiyat qaratar, ulardan hech biri boshqa birovni u zotga o‘zidan ko‘ra yaqinroq sanamas edi. Qay bir odam biron hojati yuzasidan u zot bilan birga o‘tirib yo turib so‘zlashib qolsa, to u odam o‘zi ketmagunicha sabr qilib turardilar. Birov bir narsa so‘rasa, unga albatta so‘ragan narsasini berib yoki hech bo‘lmasa, shirin so‘z bilan qaytarar edilar. Hammaga birdek bag‘ri kenglik bilan muomala qilar, odamlarga mehribon otaga aylanib qolgan edilar. U zotning nazdlarida hamma odamlar haq oldida barobar bo‘lib, faqat taqvolari bilangina bir-birlaridan afzal bo‘la olardilar.

 Majlislari halimlik, hayo, sabr va omonat majlisi bo‘lib, unda ovozlar ko‘tarilmas, hurmatlar kamsitilmas, bir-birlariga taqvo bilan mehr ko‘rsatishar, kattani hurmat qilib, kichikka rahm qilishar, hojatmandga ko‘mak qo‘lin cho‘zishar, g‘aribning ko‘nglini ovlashar edi.

Ochiq chehra, xushfe'l va xushmuomala edilar. Qo‘pol, toshbag‘ir, baqiroq, og‘zi shaloq, ta'nakor va maddoh emasdilar. Ko‘ngillari istamagan narsaga rag‘bat bildirmasdilar. O'zlarini uch narsadan: riyodan, boylikdan va keraksiz narsani so‘zlashdan ajratgan edilar. Odamlarni uch narsada tark qilgandilar: birovni mazammat qilmasdilar, uyaltirmasdilar, aybini qidirmasdilar. Faqat savobidan umidvor bo‘ladigan o‘rinlardagina gapirardilar. So‘zlasalar, suhbatdoshlari xuddi boshlariga qush qo‘nib turgandek qimirlamay quloq solishardi, u zot sukut qilib turgandagina gapirishardi. U zotning oldilarida nizolashmasdilar, bir kishi gapirib bo‘lgunicha boshqalari jim quloq solishardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ashoblari kulgan narsadan kulardilar, ular ajablangan narsadan ajablanardilar, begona odamning qo‘pol gaplariga sabr qilardilar. «Hojatmand odamning biron narsa so‘rab turganini ko‘rsangiz, unga in'om-ehson qilinglar», derdilar, maqtovni faqat yaxshilikka javob tariqasida bo‘lishini talab qilardilar[41].

Xorija ibn Zayd roziyallohu anhu aytadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam viqor bilan o‘tirardilar, yig‘ishtirinib o‘tirganlaridan biron a'zolari ortiqcha chiqib turmasdi. Ko‘p sukut qilardilar, zaruratsiz o‘rinda so‘zlamasdilar, noo‘rin gapirgan odamdan yuz o‘girardilar. Kulgilari tabassum edi, gaplari dona-dona, ortiqcha ham, kam ham bo‘lmasdi. Ashoblari ham u zot huzurlarida kulsalar, u zotning hurmatlari uchun va u zotdan o‘rnak olib, faqat tabassum qilishardi[42].

Xullas, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam benazir kamolot sifatlari bilan bezangan zot edilar. Parvardigorning O'zi u zotga odob bergan va odoblarini chiroyli qilgan edi. Alloh taolo u zotni maqtab:«Albatta siz ulug‘ Xulq ustidadirsiz» (Qalam: 4) deb marhamat qilgan edi. Mana shu ulug‘ xislatlar u zotni dillarga yaqin va qalblarga suyumli qilgan, ko‘ngillar unga qarab talpinadigan yo‘lboshchiga aylantirgan edi, qavmlarining dushmanchiligini yumshatib, odamlarning Allohning diniga to‘p-to‘p bo‘lib kirishlariga sabab bo‘lgan edi.

Biz sanab o‘tgan bu xislatlar u zotning oliy sifatlari va kamolot ko‘rinishlaridan qisqagina satrlar, xolos. Aslida, u zotning ulug‘ xislatlari va buyuk sifatlari mohiyati idrok etib bo‘lmas darajada oliy va tubiga yetib bo‘lmas darajada chuqurdir. Parvardigorning nuri bilan ziyolanib, kamolotning eng oliy cho‘qqisiga erishgan va xulqi Qur'onga aylangan, borliqdagi eng buyuk bu insonning mohiyatini kim ham to‘la yoritib bera olardi?!

Ey pok Parvardigor! Ibrohimga va uning ahli oilasiga salavotu rahmat yog‘dirganing kabi Muhammadga va uning ahli oilasiga ham salavotu rahmat yog‘dirgin. Albatta Sen maqtovli va ulug‘ Zotsan.

Ey pok Parvardigor! Ibrohimga va uning ahli oilasiga xayru barakot ato etganingdek Muhammadga va uning ahli oilasiga ham xayru barakot ato etgin. Albatta Sen maqtovli va ulug‘ Zotsan.

 Sofiyyurrahmon Muborakpuriyning "Rahiyq al-maxtum" kitobidan olindi.

 


[1] Zodul maod: 2/54.

[2] Ibn Hishom: 1/401, 402, Jomiut Termiziy: 4/303.

[3] Jomiut Termiziy: 4/303.

[4] Sahih Muslim: 2/258.

[5] Sahih Muslim: 2/258.

[6] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[7] Sahihul Buxoriy: 1/502, Sahih Muslim: 2/259.

[8] Sahihul Buxoriy: 1/501, 502.

[9] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[10] Hulla - ikki qismdan: yelkaga tashlanadigan rido va beldan pastiga o‘raladigan izordan iborat kiyim (mato).

[11] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[12] Sahihul Buxoriy: 1/503.

[13] Sahihul Buxoriy: 1/502, Sahih Muslim: 2/258.

[14] Sahihul Buxoriy: 1/502, Sahih Muslim: 2/259.

[15] Dorimiy rivoyati, Mishkotul masobiyh: 2/517.

[16] Termiziy (Shamoil: 2-bet) va Dorimiy rivoyatlari, Mishkotul masobiyh: 2/518.

[17] Jomiut Termiziy: 4/306, Mishkotul masobiyh: 2/518.

[18] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[19] Ibn Asokir: Tahzibu tarixi Dimashq: 1/325.

[20] Xulosatus-siyar: 20-bet.

[21] Xulosatus-siyar: 20-bet.

[22] Mishkotul masobiyh: 1/22, Imom Termiziy rivoyati: 2/35.

[23] Jomiut Termiziy: 4/306.

[24] Imom Muslim rivoyati: 3/1107 (1479-h).

[25] Dorimiy rivoyati, Mishkotul masobiyh: 2/518.

[26] Xulosatusـsiyar: 19, 20-betlar.

[27] Sahihul Buxoriy: 1/503, Sahih Muslim: 2/257.

[28] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[29] Sahih Muslim: 2/256.

[30] Sahih Muslim: 2/256.

[31] Dorimiy rivoyati, Mishkotul masobiyh: 2/517.

[32] Sahih Muslim: 2/259, 260.

[33] Sahihul Buxoriy: 1/503.

[34] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[35] Sahihul Buxoriy: 1/502.

[36] Qozi Iyoz, «Ash-shifo»: 1/89, sihoh va sunan ashoblaridan ham shu mazmundagi hadislar rivoyat qilingan.

[37] Sahih Muslim: 2/252, Sahihul Buxoriy: 1/407.

[38] Mishkotul masobiyh: 2/521.

[39] Mishkotul masobiyh: 2/520.

[40] Xulosatus-siyar: 22-bet.

[41] Qozi Iyoz, Ash-shifo: 1/121-126, shuningdek, Termiziy, Shamoil.

[42] Qozi Iyoz, Ash-shifo: 1/107.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.