background
logotype
image1 image2 image3

Xurmo va uning Qur’onda aytilganidayek iste’mol qilinishi

 Qator oyatlarda xurmo jannatning ne'matlaridan biri sifatida ulug‘lanadi. («Ar-Rahmon» surasi, 68-oyat.) Bu meva tekshirib ko‘rilganda, uning juda ko‘p muhim xususiyatlari borligi ko‘rinadi. Eng qadimgi o‘simlik turlaridan biri bo‘lgan xurmo bugungi kunda nafaqat o‘zining xushta'mligi, balki ozuqaviy xususiyatlari bilan ham hurmatga sazovor mevadir. Xurmoning ijobiy xususiyatlari kun sayin kashf qilinmoqda va u dori hamda ovqat sifatida ishlatilmoqda. Xurmoning bu xususiyatlari «Maryam» surasida shunday qayd qilingan:

Bas, to‘lg‘oq dardi uni bir xurmo daraxti tubiga olib bordi va u (Maryam) dedi: «Qani edi, mana shundan (tug‘ishdan) oldin o‘lib, butunlay unutilib ketsam.» Shunda uning (Maryamning) ostidan (Jabroil) nido qildi: «G'amgin bo‘lma, Rabbing (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo‘ydi.(Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi, pishgan xurmo mevalarini to‘ksin! Bas, yeb-ichgin va shod bo‘lgin! ...» («Maryam» surasi, 23-26-oyatlar)

Allohning Maryamga bu mevani yeyishni tavsiya qilishida buyuk donolik yotadi. Xurmo homilador va endigina ko‘zi yorigan ayollar uchun a'lo darajadagi sifatli ovqatdir. Bu keng e'tirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Maryamga o‘zining ko‘zi yorishi oson kechsin uchun buning mohiyatini tushunish uqtiriladi. Xurmo barcha mevalar ichida eng yuqori qand miqdoriga (60-65%) ega mevalardan biri hisoblanadi. Shifokorlar ayollarning ko‘zi yorigan kunda ularga meva qandini o‘z ichiga olgan ovqat berilishi kerakligini tavsiya qilishadi. Bundan maqsad onaning zaiflashib qolgan tanasiga quvvat berish va uni qayta jonlantirish shu bilan bir vaqtda, sut gormonlariga stimul berish hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqqa muhim bo‘lgan ona suti miqdorini ko‘paytirishdir.

Bundan tashqari, tug‘ish davomidagi qon yo‘qotish tanadagi qand miqdorining pasayib ketishiga olib keladi. Xurmo tanaga qand kiritishi va qon bosimi tushib ketishining oldini olishi nuqtai nazaridan juda ahamiyatlidir. Uning yuqori kaloriya qimmati kasallik yoki o‘ta charchaganlik natijasida zaiflashib qolgan odamlarga quvvat baxsh etadi.

Bu dalillar quvvat baxshida etuvchi, ayolni tetiklashtiruvchi, chaqaloq uchun yagona ovqat bo‘lgan sutning kelishini ta'minlovchi xurmoning Alloh tomonidan Maryamga tavsiya etilishi zamirida yotgan buyuk donolikka aniqlik kiritadi. Misol uchun, xurmo tanani sog‘lom va baquvvat ushlab turishi uchun kerak bo‘ladigan 10 dan ko‘p eng muhim elementlarni o‘z ichiga oladi. Zamonamiz olimlarining ma'lum qilishicha, insonlar xurmo va suvdan boshqa hech narsa iste'mol qilmasdan turib ham ko‘p yashashlari mumkin.115 Bu sohada taniqli ekspert V. H. U. Dousonning aytishicha, bir dona xurmo va bir stakan sut kishining kunlik ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli ekan.116

Xurmoda mavjud bo‘lgan oksitotsin moddasi zamonaviy tibbiyotda tug‘ishni tezlatish uchun ishlatiladi. Aslini olganda, oksitotsin «tez tug‘ish» degan ma'noni anglatadi. Shuningdek, bu moddaning tug‘ishdan so‘ng ona suti miqdorini ko‘paytirishi ham ma'lum.117

 Oksitotsin aslida gipofiz bezidan chiqadigan gormon bo‘lib, u to‘lg‘oq tutish davrida bachadonning qisqarishini tezlashtiradi. Tug‘ishdan oldin tanada ko‘rilgan barcha tayyorgarliklar shu gormon tufayli sodir bo‘ladi. Gormonning ta'sirlari ona bachadonini tashkil etuvchi mushaklarda va ona sutining ajralib chiqishini ta'minlaydigan mushaklardagi hujayralarda bilinishi mumkin. Tug‘ish vaqtida bachadonning yaxshiroq qisqarishi juda muhim. Oksitotsin bachadonni tashkil etuvchi mushaklarning juda kuchli tarzda qisqarishini ta'minlaydi. Bundan tashqari, oksitotsin ona sutining ajralishini ham boshlab beradi. Xurmoning bu xususiyati, ya'ni u oksitotsinni o‘z ichiga olishining o‘zi Qur'on Allohning vahiysi ekanligidan darak beruvchi muhim dalildir. Xurmo kelti-radigan manfaatlarning tibbiyot tomonidan aniqlanishi yaqin-dagina amalga oshirildi. Biroq Allohning Maryamga xurmolarni yeyishi kerakligi to‘g‘risidagi vahiysi 14 asr ilgari Qur'onda nazil qilingan edi.

Xurmo tanaga faol harakat va issiq energiya baxsh etuvchi qandning bir turini ham o‘z ichiga oladi. Bu qand turi tanada osongina parchalanadi. Bundan tashqari, bu qand qondagi qand miqdorini birdan ko‘taradigan glyukoza emas, balki meva qand fruktozasidir. Qandli diabetda qondagi qand miqdorining birdan ko‘tarilishi ko‘pchilik a'zolar va tizimlarga, ayniqsa, ko‘zlar, buyraklar, yurak va qon aylanishi tizimi hamda asab tizimiga zarar yetkazadigan ta'sirlarga ega. Qondagi qand miqdorining yuqoriligi ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi, yurak xurujlari va buyrak nosozligi kabi kasalliklarning asosiy sababchilaridan biridir.

Xurmo juda ko‘p vitamin va mineral moddalarni o‘z ichiga oladi. Ular tola, yog‘ va oqsillarga juda boy. Shuningdek, ular natriy, kaliy, kaltsiy, magniy, temir, oltingugurt, fosfor va xlor hamda A, beta-karotin, V1, V2, V3 va V5 vitaminlarni ham o‘z tarkibiga oladi. Xurmo tarkibidagi vitaminlar va minerallarning normal inson tanasi uchun va ayniqsa, homiladorlik paytidagi foydali tomonlari quyidagicha umumlashtirilishi mumkin:

  • Xurmoning ozuqaviy qimmati uning tarkibidagi mineral moddalarning to‘g‘ri taqsimlanishi bilan bog‘liq Xurmo tarkibida homilador ayollar uchun katta ahamiyatga ega fol kislota va V vitamini ham mavjud. Fol kislota (V9) yangi qon hujayralari va aminokislotaning hosil bo‘lishida, tananing strukturaviy tuzilishida va hujayralarning yangilanishida muhim vazifalarni bajaradi. Homiladorlik davrida fol kislotaga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada o‘sadi, ya'ni kundalik talab ikki marta ko‘payadi. Fol kislota miqdori yetarli bo‘lmaganda qizil qon tanachalari odatdagidan ko‘proq bo‘ladi, lekin past funktsional ko‘rinishda, kamqonlik belgilari bilan birga uchraydi. Fol kislota hujayra bo‘linishida va hujayraning genetik strukturasi shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Xurmo fol kislotaga o‘ta boy meva hisob-lanadi.
     
  • Boshqa tomondan, homiladorlik davrida paydo bo‘ladigan uzoq muddatli ko‘ngil aynish va jismonan holsizlanishlar kaliyning yetishmasligi tufayli sodir bo‘ladi. Shu bois, uning organizmdagi miqdori me'yorida bo‘lishi kerak bo‘ladi. Xurmoda kaliy miq-dorining ko‘pligi bunday vaziyatlarda juda katta ahamiyatga ega bo‘lib, u tanadagi suv muvozanatini nazorat qilishda ham juda muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, kaliy kislorodning miyaga yetib borishiga va shu tarzda kishining tiniqroq fikrlay olishiga yordam beradi. Shu bilan birga, u tana suyuqliklari uchun mos alkaloid xususiyatlarni ta'minlaydi hamda buyraklarga tanadagi zaharli chiqitlarni haydashda yordam beradi. U yuqori qon bosimini tushirish hamda sog‘lom terining paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi.118
     
  • Xurmodagi temir moddasi qizil qon tanachalarida gemoglobinning sintezini nazorat qiladi va qondagi qizil tanachalarning yetarli miqdorda bo‘lishini ta'minlaydi. Bu homiladorlik davrida kamqonlikning oldini olish hamda bolaning rivoj-lanishida juda muhim o‘rin tutadi. Qizil qon tanachalari qonda kislorod va karbonat angidridni tashish orqali hujayralarni tirik saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Xurmoda temir miq-dorining ko‘pligi sababli, inson kuniga 15 dona xurmo yeyish bilan o‘zining temirga bo‘lgan talabini qondirishi va shu tarzda temir tanqisligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklardan himoyalanishi mumkin.
     
  • Xurmo tarkibidagi kaltsiy va fosfat skeletning o‘sishi va tananing suyak strukturasini muvozanatda saqlab turish uchun muhim bo‘lgan elementlardir. Xurmoda ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan fosfor va kaltsiy tanani suyak zaifligidan himoya qiladi va bunday kasalliklarni kamaytirishda yordam beradi.
     
  • Olimlar xurmo stress va taranglikni ham kamaytiradi deb urg‘u berishadi. Berkeley universitetining ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot xurmoda nervlarni mustahkamlaydigan B6 vitaminiko‘p miqdorda uchrashi va buyraklar uchun juda muhim bo‘lgan magniyning mavjudligini aniqladi. Inson o‘zining magniyga bo‘lgan talabini kuniga 2-3 dona xurmo iste'mol qilishi bilan qondirishi mumkin.119
     
  • Xurmodagi V1 vitamini asab sistemasining sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi, tanadagi uglevodning energiyaga aylanishiga va oqsil hamda yog‘larning tana ehtiyojlarini qondirish uchun ishlatilishiga ko‘maklashadi. V2 vitamini tana energiyasi va hujayraning yangilanishini ta'minlash uchun oqsil, uglevod va yog‘larning parchalanishida yordam beradi
     
  • Homiladorlik davrida tananing A vitaminga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. Xurmo tarkibida A vitamini bo‘lganligi tufayli, u ko‘rish qobiliyatini va tananing chidamliligini yaxshilaydi hamda tishlar va suyaklarni mustahkamlaydi. Xurmo, ayniqsa, beta-karotinga juda boy.120 Betakarotin hujayralarga xavf soluvchi molekulalarni nazorat qilish orqali saraton kasalligining oldini olishga yordam beradi.
     
  • Bundan tashqari, boshqa mevalar xurmochalik oqsilga deyarli boy emas.121 Mana shu xususiyati bilan, xurmo tanaga kasalliklar va infektsiyalardan o‘zini himoya qilish, hujayralarni yangilash, suyuqlik muvozanatini ta'minlashda yordam beradi. Go‘sht ham foydali ovqat, lekin u endigina uzilgan xurmochalik foydali bo‘lmasligi mumkin. Darhaqiqat, homiladorlik davrida ortiqcha go‘sht iste'mol qilish, aslida tanada zaharlanishga olib kelishi mumkin. Homilador ayollar yengil va oson hazm qilinadigan meva va sabzavotlarni iste'mol qilishlari maqsadga muvofiq.

Bu dalillarning barchasi Allohning cheksiz bilimi va Uning insonlarga bo‘lgan muruvvatini namoyon qiladi. Ko‘rib turganimizdek, xurmoning, ayniqsa, homiladorlik davridagi va faqat yaqindagina zamonaviy tibbiyot fani orqali aniqlangan foydalari 1400 yil avval Qur'onda ta'kidlab o‘tilgan edi.


__________
115. «Hurma» (Xurmo); www.geocities.com/SoHo/Easel/3809/hurma.htm
116. «Date and Health» (Xurmo va sog‘liq), www.sgp-dates.com/date.htm
117. «Break Your Fasting On Dates» (Nonushtani xurmolar bilan qiling); http://198.65.147.194/English/Science/2000/7/article5.shtml; Capa Blaffer va S. Syu Karter, «Mothering and Oxytocin Hormonal Cocktails for Two» (Ona mehri va iyush kishilik oksitotsin gormonal kokteyl); www.people.virginia.edu/~rjh9u/oxytocin.html
118. The Independent Newspaper, 9 iyun, 1995. 
119. «Date and Health» (Xurmo va sog‘lik); www.sgp-dates.com/date.htm
120. «Date Palm» (Xurmo palmasi);  www.telmedpak.com/agricultures.asp?a=agriculture&b=date_palm
121. Yuqoridagi manbadan. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.