background
logotype
image1 image2 image3

O’lik yerga qayta hayot bag’ishlaydigan yomg’irlar

Yomg‘irlarning «o‘lik yerga qayta hayot baxsh etish»lik vazifasi Qur'onning qator oyatlarida ta'kidlab o‘tilgan:

... Osmondan pok suv (yomg‘ir) yog‘dirdik. Bu o‘lik yerlarni tiriltirish va O'zimiz yaratgan ko‘plab hayvonlarni hamda insonlarni sug‘orish uchundir. («Furqon» surasi, 48-49-oyatlar)

Yerga jonzotlar uchun zaruriy talab bo‘lgan suvni keltirish bilan bir qatorda, yomg‘irning o‘g‘itlovchilik xususiyati ham bor. Dengizdan bug‘lanuvchi va bulutlarga yetuvchi tomchilar o‘lik tuproqqa «yangi hayot bag‘ishlovchi» zarur moddalarni o‘z ichiga oladi. «Yangi hayot bag‘ishlovchi»lik xususiyatiga ega bunday yomg‘ir tomchilari «sirtqi parda tomchilari» deb ataladi. Bular biologlar tomonidan mikroqatlam deb ataladigan dengiz yuzasining eng yuqori qatlamidan hosil bo‘ladi; o‘ndan bir millimetrdan kichik qalinlikdagi bu yuza qatlamda mikroskopik suv o‘tlari va zooplanktonlarning chirishidan kelib chiqqan ko‘p miqdordagi organik chiqindilar topiladi. Bu chiqindilarning ba'zilari dengiz suvida kam uchraydigan fosfor, magniy va kaliy kabi elementlarni, shu jumladan, mis, rux, kobalt hamda qo‘rg‘oshin singari og‘ir metallarni shimib to‘playdi. Yer yuzasidagi urug‘lar va o‘simliklar bu yomg‘ir tomchilaridan unib-o‘sish uchun zarur bo‘lgan ko‘p miqdordagi mineral tuzlar va elementlarni o‘ziga oladi. Qur'on bunga quyidagicha ishora qiladi:

Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik. («Qof» surasi, 9-oyat)

Yomg‘ir bilan tushadigan bu mineral tuzlar hosildorlikni oshirish uchun amalda qo‘llaniladigan o‘g‘itlar (kaltsiy, magniy, kaliy va h.k.) ning kichik ko‘rinishdagi namunalaridir. Aerozollarda topiladigan og‘ir metall turlari o‘sish mobaynida samaradorlikni va o‘simliklarning mahsuldorligini oshiradigan elementlarni hosil qiladi. Qisqasi, yomg‘ir katta ahamiyatga ega bo‘lgan o‘g‘itdir. Yolg‘iz yomg‘ir ta'minlab beradigan o‘g‘it bilan, yuz yil ichida, past sifatli tuproq o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan barcha elementlarga ega bo‘lishi mumkin. O'rmonlar ham dengizdan kelib chiqadigan bu kimyoviy elementlar yordamida o‘sadi va oziqlanadi.

Shu tarzda, har yili taxminan 150 million tonnaga yaqin mineral o‘g‘it zarralari yerga tushadi. Agarda yomg‘irning bunday o‘g‘itlovchilik xususiyati bo‘lmaganda edi, Yer yuzida juda kam o‘simliklar o‘sgan va hayotiy muvozanat buzilgan bo‘lar edi. Oyatda yerlarga yangi hayot bag‘ishlash haqida berilgan bu ma'lumot Qur'onning sanoqsiz mo‘jizaviy xususiyatlaridan biridir, xolos.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.