background
logotype
image1 image2 image3

Koinotning yaratilishi

XX asrning o‘rtalarigacha koinot cheksiz, u doim mavjud bo‘lgan va abadiy shunday bo‘lib qoladi, degan qarash jahon miqyosida keng yoyilgan edi. «Turg‘un koinot modeli» sifatida ma'lum bo‘lgan bu qarashga ko‘ra, koinotning na avvali va na oxiri bor edi.

Koinotning qo‘zg‘almas, turg‘un va o‘zgarmas moddalar yig‘indisi ekanligini ta'kidlaydigan bu qarash materialistik falsafa asoslarini tashkil etdi va pirovardida, Yaratganning mavjudligini inkor qildi. Biroq XX asr mobaynida, fan va texnika rivojlanib borishi natijasida turg‘un koinot modeli butunlay tag-tomiri bilan sug‘urib tashlandi.

Biz mana XXI asrga qadam qo‘ydik va bizning toleimizga yangi tong otdi. Dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan ayrim mutafakkirlari tomonidan o‘tkazilgan sanoqsiz tajribalar, kuzatuvlar va hisob-kitoblar orqali zamonaviy fizika koinotning chindan ham avvali bo‘lganligini, uning juda katta portlash natijasida, bir zumda vujudga kelganini isbotlab berdi. Bundan tashqari, materialistlar hanuz qat'iy qo‘llab-quvvatlaydigan, ya'ni koinotning qo‘zg‘almas va turg‘un ekanligi noto‘g‘ri, aksincha, unda doimiy harakat, o‘zgarish va kengayish jarayoni kechayotganligi ham aniqlandi. Yaqinda isbotlangan bu dalillarning barchasi turg‘un koinot nazariyasiga yakun yasadi va ular ilmiy jamiyat tomonidan yalpi qabul qilindi. Koinotning kelib chiqishi Qur'onda shunday tasvirlangan:

«(U) osmonlar va Yerning ixtirochisidir»(«An'om» surasi, 101-oyat)

Bu xabar zamonaviy olimlarning kashfiyotlari bilan to‘liq mos keladi. Biz oldinroq aytib o‘tganimizdek, bugungi kunda astrofizika xulosa qilgan narsa shu bo‘ldiki, butun koinot, materiya va vaqt o‘lchovlari bilan birgalikda, juda uzoq vaqt oldin ro‘y bergan katta portlash natijasida vujudga kelgan. «Katta portlash» nomi bilan ma'lum bu hodisa, koinotning yo‘qlikdan yaralishi uchun katalizatordir. Bu portlash (buni ilmiy jamiyatlar ham tasdiqlaydi) taxminan 15 milliard yil oldin bitta yolg‘iz nuqtadan kelib chiqqan. (Qarang: Horun Yahyo. The Creation of The Universe (Koinotning yaratilishi). Al-Attique Publishers Inc. Kanada, 2000)

1992 yilda NASA (Milliy Aeronavtika va Fazo Boshqarmasi) tomonidan uchirilgan KOBYe sun'iy yo‘ldoshining bortida joylashtirilgan sezgir sensorlar Katta portlashdan darak beruvchi qoldiqlar tasvirini oldi. Bu kashfiyot Katta portlashning tasdig‘i sifatida xizmat qildi hamda koinotning yo‘klikdan yaratilganligini ilmiy jihatdan isbotlab berdi.

Katta portlashdan oldin, materiya degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Na materiya, na energiya va na vaqt mavjud bo‘lgan yo‘qlik holatidan, faqat metafizik jihatdan tasvirlash mumkin bo‘lgan materiya, energiya va vaqtlarning barchasi bir zumda yaratildi. Faqat yaqindagina zamonaviy fizika orqali kashf qilingan bu dalil Qur'onda biz uchun 1400 yil ilgari xabar berilgan edi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.