background
logotype
image1 image2 image3

Kengayib borayotgan koinot

14 asr ilgari, astronomiya fani hali ibtidoiy bo‘lgan paytda nozil bo‘lgan Qur'onda koinotning kengayishi quyidagi oyatda tasvirlab berilgan edi:

«Biz osmonni kuch-qudrat ila barpo etdik va darhaqiqat, Biz uni muttasil kengaytirib boruvchidirmiz.» («Zoriyot» surasi, 47-oyat)

Yuqorida berilgan «osmon» so‘zi Qur'onning turli joylarida qo‘llangan. U fazoga va kengroq koinotga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham bu so‘z shu ma'noda ishlatilgan va u koinotning «kengayishi»dan darak bermoqda. Arabchadagi «innaa lamusi'una» jumlasi o‘zbekchaga «Biz uni muttasil kengaytirib boruvchidirmiz» deb tarjima qilinadi. «Lamusi'una» jumlasidan olingan «musi'una» so‘zi «avsa'a»fe'lidan kelib chiqqan bo‘lib, «kengaytirmoq» ma'nosini anglatadi. Old qo‘shimchasi bo‘lgan «la» o‘zidan keyin kelayotgan ism yoki nomga urg‘u beradi va «katta darajada» degan ma'noni qo‘shadi. Demak, bu ibora «Biz osmonni yoki koinotni katta darajada kengaytiramiz», degan ma'noni anglatadi. Bu - bugungi kun fani kilgan xulosaning o‘zginasidir.1


Katta portlash vaqtidan buyon koinot katta tezlikda doimiy kengayib bormoqda. Olimlar kengayib borayotgan koinotni shishirilgan pufak yuzasiga taqqoslashadi.

XX asrning boshlarigacha ilm-fan olamida «Koinot o‘zgarmas tabiatli va u cheksiz vaqtdan buyon mavjuddir» degan yagona qarash keng tarqalgan edi. Ammo zamonaviy texnologiyalar vositasida amalga oshirilgan tadqiqotlar, kuzatishlar va hisob-kitoblar koinotning ibtidosi aslida bo‘lganligi va uning muttasil «kengayib» borishini isbotlab berdi.

XX asr boshlarida rus fizigi Aleksandr Fridman va belgiyalik kosmolog Jorj Lemetr koinotning doimiy harakatdaligi va uning kengayib borayotganligini nazariy jihatdan hisoblab chiqdilar.

1929 yil bu tushuncha kuzatuv natijasida olingan ma'lumotlar orqali tasdiqlandi. Amerikalik astronom Edvin Xabbl, osmonni teleskop bilan kuzatayotib, yulduzlar va galaktikalar bir-biridan to‘xtovsiz uzoqlashib ketayotganligini kashf qildi. Bu kashfiyot astronomiya tarixida eng buyuk kashfiyotlardan biri hisoblanadi. Kuzatuvlar mobaynida Edvin Xabbl yulduzlarning yorug‘lik chiqarishini va bu yorug‘lik ularning masofasiga ko‘ra qizg‘ish tus olishini aniqladi. Ma'lum fizik qonunlarga ko‘ra, agar yorug‘lik kuzatuv marrasi tomon yaqinlashib borsa, u binafsha rangga kiradi, agar yorug‘lik kuzatuv marrasidan uzoqlashib borsa, u ko‘proq qizg‘ish tus ola boradi. O'z kuzatuvlari davomida E. Xabbl yulduzlardan chiqayotgan yorug‘liklar qizil rangga tomon o‘zgarib borayotganligiga guvoh bo‘ldi. Qisqasi, uning kuzatuvlarida yulduzlar muttasil uzoq-uzoqlarga qarab harakat qilardi. Yulduzlar va galaktikalar nafaqat bizdan, balki bir-biridan ham uzoqlashib borardi. Koinotda har bir narsaning boshqa har bir narsadan doimiy ravishda uzoqlashib borishi koinotning muttasil kengayib borayotganligidan darak berardi. Keyingi yillarda olib borilgan kuzatuvlar koinotning to‘xtovsiz kengayib borayotganligini tasdiqladi.

Bu haqda aniqroq tushuncha hosil qilish uchun koinotni havo bilan shishirilayotgan pufakning yuzasi deb tasavvur qilaylik. Pufak qanchalik shishirilsa, uning yuzasidagi nuqtalar shunchalik bir-biridan yiroqlasha boradi. Xuddi shu yo‘sinda osmon jismlari ham koinot kengaygan sari bir-biridan uzoqlasha boradi. Bu kashfiyot XX asrning eng buyuk olimi sanalmish Albert Eynshteyn tomonidan nazariy jihatdan kashf qilingan edi. Ammo o‘sha paytda umum tomonidan qabul qilingan «turg‘un koinot modeli»ni toptashdan qochib, Eynshteyn bu kashfiyotni bir chetga surib qo‘ydi. Keyinroq, u o‘zining bu qilmishini hayotidagi eng ahmoqona xato deb ta'riflaydi.2

Qur'onda bu dalil hali teleskoplar va shunga o‘xshash fan-texnika ixtirolari xayolga ham kelmagan bir paytda tushuntirib berilgan edi. Chunki Qur'on haqiqatda butun samolar Sarvari va Hukmdori - Allohning kalomidir.

_______________
1. S. Vaqar Ahmed Husayni, The Quran for Astronomy and Earth Exploration from Space (Astronomiya va kosmosdan turib Yerni o‘rganishda Qur’on), 3-nashri (Yangi Dehli: Goodword Press: 1999), 103-108. 
2. «Edvin Xabbl»;  www.time.com/time/time100/scientist/profile/hubble.html


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.