background
logotype
image1 image2 image3

Homiladorlik va tug’ilish

Halok bo‘lgur inson bunchalar kofir bo‘lmasa! (Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o‘zi?! (Bir haqir) nutfadan yaratib, keyin uni belgilab qo‘ydi. So‘ngra unga yo‘lni oson qildi. («Abasa» surasi, 17-20-oyatlar)

Homila oltinchi oyning oxiriga kelib to‘liq shakllanadi. Shundan so‘ng bachadon tug‘ruq davriga kiradi. Bu davr mobaynida bolaning barcha tana a'zolari va tizimlari to‘liq rivojlanadi. Bachadon bu rivojlanishni homila uchun ozuqa yetkazib berish bilan tezlashtiradi. Bu davr toki bola tug‘ilgunga qadar davom etadi.

Tug‘ilish kanali odatda juda tor bo‘ladi va u homila uchun o‘tishga qiyinchilik tug‘diradi. Biroqtug‘ilish davomida onaning tanasida bir qator fiziologik o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar homilaning tug‘ilish kanalidan osonlik bilan o‘tishiga imkon beradi. Bu o‘zgarishlarga: tug‘ilish kanalini kattalashtirish uchun tos suyaklaridagi bo‘g‘imlarning kengayishi, mushaklarning bo‘sha-shishi va kanalning amniotik suyuqlik bilan yog‘lanishlari kiradi.96 Tug‘ilishdan oldingi bu o‘zgarishlar ilmiy manbalarning birida shunday ifodalanadi:

Tug‘ruq yaqinlashgach, amniotik suyuqlik tug‘ilishni osonlashtirish uchun zarur bo‘lgan faoliyatni boshlaydi. Bu suyuqlik bachadon og‘zini kengaytiradigan xaltachalarni hosil qiladi va shu tarzda bachadon bolaning o‘tishiga imkon beruvchi o‘lchamga keladi. Bu xaltachalar tug‘ilish davomida homilaning bachadonda ezilib qolishdan asraydi. Bundan tashqari, to‘lg‘oq boshlanganda bu xaltachalar yorilib, ichidagi suyuqlikni qo‘yib yuborishi homila bosib o‘tadigan yo‘lni yog‘laydi hamda sterillab tozalaydi. Shu yo‘sinda, tug‘ilish oson va mikroblarsiz tabiiy ravishda kechadi.97

Sodir bo‘ladigan bu bir talay hodisalar Qur'on oyatida «So‘ngra unga yo‘lni oson qildi.» («Abasa» surasi, 20-oyat) deb ta'kidlanadi. Ammo bugungi kunda, Alloh bizga 1400 yil burun ma'lum qilgan bu fiziologik o‘zgarishlarni bir necha texnologik qurilmalardan foydalanib aniqlashning imkoni tug‘ildi.

__________
96. Kazi, 130 Evident Miracles in the Qur’an (Qur’onning 130 yaqqol mo‘jizasi), 96-97. 
97. Lorens Pernoud, J’attends un enfant, (Parij: Pierre Horay: 1995), 138. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.