background
logotype
image1 image2 image3

Pompey saboqlari

 
Neapol universiteti olimlari taklifiga ko‘ra, nazariy fizika mavzularida ma’ruza qilish uchun Italiyaga borgan edim. Mezbonlar meni mashhur Vezuviy (italyancha “Vezuvio”) vulqoni yonginasidagi qasrga joylashtirishdi.
Bu ko‘hna vulqonning ilgari bir necha bor «jonlanib», atrofiga dahshatli olov va kul seli yog‘dirgani haqida kitoblarda o‘qigan edim. Atoqli mo‘yqalam ustasi Karl Biryullovning «Pompeyning oxirgi kuni» nomli suratini ko‘rib, gapning rosti, fojiaga duchor bo‘lgan shahar aholisiga achinganman ham.
Dengiz sathidan 1277 metr balandlikdagi, olov qaynab chiqqan hovuzi (krateri)ning diametri 750 metr bo‘lgan vulqon bir vaqtlar qadimiy Rimdagi gullab-yashnagan Pompey va Gerkulan shaharlarini vayronaga aylantirib, yer bilan yakson qilgan. Minglab odamlar va boshqa jonzotlarni tiriklayin qaynoq olov seliga ko‘mgan.
Vulqon nima sababdan yaqinida joylashgan Neapol shahrini emas, balki ancha uzoqdagi Pompey va Gerkulan shaharlarini vayronaga aylantirgan? Bu savolga javobni Neapol shahridagi dunyoga mashhur muzey bilan tanishganda va qazishmalar chog‘ida topilgan Pompey xarobalarini ko‘rganda topish mumkin. Falokat haqidagi ma’lumotlarni Qur’oni karim oyatlari bilan muqoyasa qilib ko‘rilganida esa hamma narsa oydinlashadi.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilingan: «Biz maishati haddan oshgan qancha qishloq-shaharlarni qalok qildik. Bas, o‘shalarning maskanlari ulardan keyin kamdan-kam maskan qilindi. (Ularning barchalari halok bo‘ldilar)va (ularning diyorlariga) Biz O‘zimiz voris bo‘lib qoldik... Biz qishloq-shaharlarni fakat ularning aholisi zolim bo‘lgan holdagina halok qilguvchi bo‘ldik» (Qasas, 58—59).
Aploh taolo aytadi: «Odamlarning qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham (turli) ofat-balolar yuz berdi. (Bu balo va ofatlar odamlar qilayotgan gunoh-ma’siyatlaridan) qaytishlari uchun, ularga kilgan ayrim gunohlarining (jazosini) torttirib qo‘yish uchundir» (Rum, 41); «(Ey insonlar) sizlarga ne bir musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz bilan qilgan narsa-gunoh sababli (etur)» (Sho‘ro, 30).
Pompey Italiya janubida, dengiz sohilida joylashgan qadimiy va obod shaharlardan edi. U milodiy birinchi asrda Rim aslzodalarining eng sevimli dam olish o‘lkasi bo‘lgan. Shaharda maishatbozliklar, buzuqchiliklar avj olgan, tunu kun davom etar edi. Hatto qazishmalar chog‘ida topilgan buyumlar, peshtoqlardagi tasvirlar, saroy devorlariga ishlangan rasmlar ham shaharda fohishabozlik, besoqolbozlik, ichkilikbozlik kabi buzuqliklar odatiy hol bo‘lib qolganini, shahar aholisi haddan oshib, insoniy axloq chegaralaridan butunlay chiqib ketganini, shahvoniy buzuqlikka ko‘nikib ketganini yaqqol isbotlab turibdi.
Shahar xarobalaridan topilgan va olov seli ichra qotib qolgan odamlar jasadini ko‘rib, bunga to‘la ishonch hosil qilasiz. Bundan salkam ikki ming yil avval kul qatlamlari ostida qolib tosh qotgan yuzlab kishilarning jasadlari, shahar xarobalari 1860 yildagi arxeologik qazishmalar natijasida ochildi.
Fahsh va buzuqlikka to‘lib-toshgan Pompeyni halokat ko‘p kuttirmadi. Milodiy birinchi asrning 79 yili avgustida shahar ustiga Vezuviy vulqonining dahshatli olov seli qo‘qqisdan yopirilib keldi. Shahardagi halol, diyonatli kishilar vulqon otila boshlaganini ko‘riboq, kemalarga o‘tirishdi va falokatdan jon asrab qolishdi. Ammo axloqsiz, buzuq kimsalar esa, buni ko‘rib turishsa ham, «bizlarga ta’sir etmaydi», deb ishratlarini davom ettirishdi va shunday hollarida dahshatli o‘lim topishdi.
Balo shunchalik tez va tuyqus kelgan ediki, jasadlar yuz-ko‘zida qo‘rquv, dahshat alomatlari mutlaqo sezilmas, faqat xotirjamlik, mamnunlikkina hukmron edi. Shunisi qiziqarliki, Vezuviy vulqoni Neapol shahri yaqinida bo‘lishiga qaramay, bu shaharga mutlaqo ziyon yetkazmagan. Chunki Neapol aholisi pompeyliklar kabi buzuq ishlarga mubtalo bo‘lmagan edi.
Pompey shahrining dahshatli halokati, yer yuzidan yo‘q qilib yuborilishi misolida insonlar uchun katta ibrat, tafakkur egalari uchun saboq bor. Haddidan oshgan, belgilab qo‘yilgan had-chegaralarni pisand qilmay, axloqsizlik va buzuqlikka yuz burgan qavmlar ustiga Alloh taolo vaqti-vaqti bilan turli balo-ofatlarni yuborib, ogohlantirib turadi.
 
Rustam Ibodov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
«Hidoyat» jurnalining 2008-yil 7-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.