background
logotype
image1 image2 image3

Ota-ona va ahli ayol haqlari

Ota-onaga oq bo‘lish degan tushunchani ko‘pchiligimiz yanglish tasavvur qilamiz. Mazkur tasavvurga ko‘ra bu holat ota-onaning o‘z farzandidan u sodir qilgan o‘ta qabih va kechirib bo‘lmaydigan darajadagi mudhish bir qilmishi tufayli uzil-kesil norozi bo‘lib, undan voz kechishi va buni oshkora e’lon qilishida namoyon bo‘ladi. Ungacha oq bo‘lgan hisoblanmaydi. Aslida ham shundaymi?.. Ota-onaga oq bo‘lish tushunchasi faqat shundan iboratmi?.. Kishining ota-onasiga oqlik sodir qilib-qilmayotganini faqat yuqorida keltirilgan misoldagidek holat belgilab beradimi?..

Bu savollarga batafsil javob topish uchun mazkur tushunchaning kelib chiqishi, ma’nosi va shariatimizdagi ta’rifi bilan tanishib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Zero, aynan dinimiz farzandning ota-onasiga qiladigan muomalasidagi muayyan holatni “ota-onaga oq bo‘lish” deya baholagan ekan, mazkur tushunchaning asl talqinini ham shar’iy manbalardan izlashimiz to‘gri bo‘ladi.

Ota-onaga oq bo‘lish tushunchasi arab tilida “‘uququ-l-volidayn” deb atalib, yuqorida zikr qilingan holatdan birmuncha kengroq ma’nolarni qamrab oladi. Bu yerdagi “oq” (ﻋﺎﻖ) so‘zini rang turini bildiruvchi o‘zbekcha so‘z bilan chalkashtirmaslik lozim. Zero, “oq bo‘lish”dagi “oq” so‘zi asliyatda “kesmoq” ma’nosini anglatuvchi arabcha: “ﻋﻖ” (aqqa), “ﻴﻌﻖ” (ya’uqqu), “ﻋﻗﻮﻖ” “uquq(un)” (uzmoq, kesmoq) fe’lidan olingan ismi foil (ya’ni, ya’ni aniq darajadagi sifatdosh) bo‘lib, lug‘aviy jihatdan “ota-onasiga chiroyli muomalani uzuvchi, itoatsizlik qiluvchi, ularni xafa qiluvchi kishi” degan ma’nolarni anglatadi. “Uququ-l-volidayn” ning ziddi esa “birru-l-volidayn” (ota-onaga yaxshilik qilish) deb ataladi.

Mashhur tilshunos alloma Ibn Manzur “uquq (oq bo‘lish)” so‘zining lug‘at jihatidan dalolat qiladigan ma’nolari haqida so‘z yuritar ekan, shunday deydi: “ﻋﻖ ﻮﺍﻠﺪﻩ” (aq-qa validahu) "otasiga oq bo‘ldi” degan ibora “otasiga itoat qilishdan bo‘yin tovladi” ma’nosini anglatadi, “ﻋﻖ ﻮﺍﻠﺪﻳﻪ” (aq-qa validayhi) “ota-onasiga oq bo‘ldi” so‘zi esa “ota-onani tashlab qo‘yib, ular bilan aloqani uzish hamda ular orqali bog‘langan qarindoshlari bilan aloqani uzish” ma’nolariga dalolat qiladi”.

Ibn Manzur davom etadi: “Hadisi shariflarda «Nabiy sollallohu alayhi va sallam onalarga oq bo‘lishdan qaytarganlar»i vorid bo‘lgan. Shuningdek, mazkur so‘z (ya’ni uquq) “birr” “(ota-onaga) yaxshilik qilish” so‘zining ziddi (antonimi) hisoblanadi. Asliyatda esa bu so‘z “kesish” ma’nosini bildiruvchi “aq-qun” so‘zidan olingan ” (“Lisonu-l-arab”).

Shar’an esa uququl-volidayn ya’ni “ota-onaga oq bo‘lish” deganda farzanddan ota-onaga ozor yetkazadigan har qanday so‘z va amallar sodir bo‘lishi nazarda tutiladi. Alloma Ibn Hajar aytadi: “Uququ-l-volidayn bu - ota-onaga yoxud ulardan biriga urf jihatidan arzimas sanalmaydigan darajada aziyat yetkazmoqdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, umumiy ma’noda tushunadigan bo‘lsak, “ota- onaga oq bo‘lish” deganda farzand tomonidan ota-onaga jiddiyroq bir ozor yetkazish, qattiqroq xafa qilish iroda qilinar ekan.

Mazkur aziyat fe’liy, qavliy va imo-ishora bilan amalga oshiriladigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ya’ni bu aziyat so‘z bilan, xatti-harakat orqali yoki imo-ishora bilan ham yetkazilishi mumkin.

Hasan Basriy rahmatullohi alayxdan “uququ-l-vodidayn nima?” deb so‘rashganda: “U - farzandning o‘z ota-onasiga yaxshilik va ehsonni to‘xtatib qo‘yishi, ularni tashlab qo‘yishi va yuzlariga tik boqishidir”, deb javob beradilar. Tobeinlar ulug‘ining mazkur so‘zlaridan farzand ota-onasini o‘z yaxshiliklaridan mahrum qilishi ham ota-onaga oq bo‘lish jumlasidan hisoblanuvchi ishlardan ekanligi ma’lum bo‘ladi. Modomki shunday ekan, ota-onasini o‘z yaxshiliklaridan, mehr-muruvvatidan mahrum qilish tugul, ularga turfa xil ozor va aziyatlar yetkazish orqali doimiy ravishda dillarini ranjitib, xafa qiluvchi farzandlar haqida nima ham deyish mumkin?!

Ato aytadi: “Zinhor ota-onangga qo‘l ko‘tarma! ”

Urva ibn Zubayr (raziyallohu anhu esa): “ota-onangga ular yaxshi ko‘radigan narsalarni darig‘ tutma!”, deganlar.

Salafi solihlarimiz ota-onaga yaxshilik qilish borasida g‘oyatda peshqadam va barchaga o‘rnak va namuna bo‘lganlar. Rivoyat qilinishicha, Zar ibn Umar ismli ota-onasiga o‘ta mehribon va mushfiq kishining otasidan farzandi haqida so‘rashdi. Otasi farzandining o‘ziga nisbatan ehtiromi nechog‘li ekanini ko‘rsatib beradigan ayrim ishlaridan gapirib, shunday deydi: “Kunduz kuni yurganimda o‘g‘lim men bilan bo‘lsa, orqamda yuradi. Tunda esa faqat oldimga tushib yuradi. Biror uy va hokazo ichida bo‘lsam, aslo uning tomiga chiqmaydi” (“Vafayotu-l-a’yon”, 3/443).

Rivoyatda tilga olinmish insonning ota-onani hurmat qilish borasida o‘z otasi tomonidan vasflanmish ayrim odatlari haqidagi mazkur so‘zlarga biroz izoh bersak. Zero, bu so‘zlar qisqa bo‘lishiga qarmasdan olam-olam ma’noga egadir. “Kunduz kuni yurganimda o‘g‘lim men bilan bo‘lsa, albatta orqamda yuradi ”. Chunki, kunduzi ko‘chalar gavjum bo‘lgani bois, atrof xavf-xatardan deyarli xoli bo‘ladi. Bu vaqtda har-turli bezorilar, yomon niyatli kishilar ham qarshisida paydo bo‘lgan odamga oshkora zarar yetkazishdan tiyiladilar. Shuning uchun Zar otasiga hurmat yuzasidan uning ketidan yuradi, undan oldinlab ketmaydi. Chunki, odatda hurmat yuzasidan ota-onani o‘zidan muqaddam qo‘yiladi. Kechqurun esa ahvol biroz boshqacharoq. Tunda oldingdan chiqqan kishi o‘g‘ri, qaroqchi yoki yo‘lto‘sar bo‘lishi mumkin. Har holda bu vaqtda atrof xavf-xatardan xoli bo‘lmaydi. Shu sababdan Zar tunda otasini himoya qilish va mabodo qarshi tarafdan biror xavf paydo bo‘lsa ham, birinchi bo‘lib unga o‘zi ro‘baro‘ bo‘lishi uchun ham otasining ortida emas, oldida yuradi. “Biror uy va hokazo ichida bo‘lsam, hargiz uning tomiga chiqmaydi”. Bu so‘zga izoh shart bo‘lmasa kerak. O‘zini otasidan yuqori qo‘ymaslik uchun ham Zar otasi ichida bo‘lgan biror xonaning ustiga chiqmaydi.

Biz ota-onalarimizga nisbatan mana shu odoblarning birortasiga amal qila olyapmizmi?.. Otalarimiz bilan marosim, ziyofat va hokazoga borsak, ularning ortidan ergashib yurayapmizmi, yoki teskarisi bo‘lyaptmi?.. Mana shular haqida o‘zimizga tez-tez savol berib turishimiz foydadan xoli emas.

Ota-onaga oq bo‘lish Kitobu Sunnat dalolatiga ko‘ra harom va gunohi kabiralardan hisoblanadi. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:

“Rabbing, yolg‘iz Uning O‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birisi yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” tortma, ularni jerkma. Ularga (doimo) yaxshi so‘z ayt! Ular uchun mehribonlik bilan, xorlik qanotni past tut - xokisor bo‘l va:      - “Parvardigorim, meni go‘daklik chog‘imdan tarbiyalab-o‘stirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin!”, deb (haqlariga duo qil)!”. (Isro surasi, 23-24-oyatlar)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga kabira gunohlarning eng kattasi nimalar ekanligini aytaymi?” - dedilar, - “(Kabiralarning eng kattasi) Allohga shirk keltirish keyin ota-onaga oq bo‘lish va yolgon guvohlik berishdir”.

Islom ummatining barcha ulamolari ota-onaga oq bo‘lish harom va uning gunohi kabiralardan ekanligi borasida yakdildirlar. Ota-onasiga oq bo‘lgan ya’ni ota-onasiga o‘zining itoatsizligi, yomon xulqi va qo‘pol muomalasi bilan ozor yetkazuvchi, ulardan yaxshiligini darig‘ tutuvchi farzand Alloh taolo tomonidan dunyoyu oxiratda turli uqubatlar bilan jazolanadi:

1. Uning rizqi tor qilib qo‘yiladi, mabodo keng bo‘lsa ham bu istidroj bobidan bo‘ladi. Ya’ni agar unday insonning rizqi torayish o‘rniga kengayayotgan bo‘lsa, aslida, bu uning foydasiga emas zarariga bo‘layotgan, uning yanada tug‘yonga ketib, gunohlar jarligiga chuqurroq qulashi uchun amalga oshirilayotgan bir tuzoq bo‘ladi.

2. Ota-onasiga yomonlik qiluvchi kishining umri ota-onasiga yaxshilik qiluvchi, qarindoshlari bilan bordi-keldi qiluvchi kishining umridek uzaytirib qo‘yilmaydi.

3. Payshanba kuni-juma oqshomida uning solih amallari Alloh huzuriga ko‘tarilmaydi.

4. Unday kimsani Alloh taolo yomon ko‘radi.

5. Uni o‘z ahli oilasi va qo‘ni-qo‘shnilari ham sevishmaydi.

6. Unday insonning yomon xotima topish ehtimoli bor.

7. Ota-onasiga oq bo‘lgan insonni Alloh, farishtalar ham mo‘minlar la’natlaydilar.

8. Duosi ijobat bo‘lmaydi.

9. U ota-onasiga qanday yomon muomala qilgan bo‘lsa, xuddi shunday muomalani o‘z farzandlari va nabiralaridan ko‘radi.

10. Ota-onasiga oq bo‘lgan inson agar tavhid ahlidan bo‘lsa, jannatga birinchilar qatorida kirolmaydi.

11. Garchi jannatga kirsa ham Alloh unga nazar qilmaydi.

Alloh taoloning bir bandasiga nazar qilmay, “yuz burishi” aslida mo‘min kishi uchun eng katta jazodir. Nabiy (alayhissalom) dedilar: “Uch toifa inson borki, Alloh azza va jalla Qiyomat kuni ularga boqmaydi. Ular: ota-onasiga oq farzand, o‘zini erkakcha tutadigan ayol hamda dayus kishidir”. Boshqa bir hadisi sharifda esa: “Minnatchi, ota-onasiga oq farzand va xamrga mukkasidan ketgan kishi jannatga kirmaydi, deyiladi.

Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, bir kuni Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Xor bo‘lsin!.. Yana xor bo‘lsin!.. Yana xor bo‘lsin!..”, - dedilar. Sahobiylar “kim (xor bo‘lsin), Yo Rasulalloh!”, - deyishdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onasining har ikkisi yoki biriga - ularning qarilik chog‘ida - yetishganu, lekin (ularni rozi qilib) jannatga kirmagan kishi!”, - dedilar.

Ota-onaga oq bo‘lish holatlari ko‘p bo‘lib, ular turli-tuman ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Jumladan, ota-onaga baqirish, jerkib berish, dillarini og‘ritish, ular biror so‘z aytganlarida yoxud ish buyurganlarida malollanib “uff” deyish, ular huzurida qovog‘i soliq, peshonasi tirishgan holda yurish, ularga tahqir yoki g‘azab nazari bilan boqish, o‘zi dam olib, ularga ish buyurish yoki ishlatish, ular tayyorlagan taomni yomonlash, ota-ona gapirayotganda ulardan yuz burish yoki so‘zlarini bo‘lish, o‘zining yomon xulqi bilan uydan tashqarida birovlarga aziyat yetkazish orqali otaonasiga la’nat keltirish, obro‘larini tushirish ham ota-onaga oq bo‘lishning ayni o‘zidir. Bu qotillik, bezorilik kabi og‘ir jinoyatlar sodir qilish, shuningdek, o‘g‘irlik, tovlamachilik, poraxo‘rlik kabi oila sha’nini yerga urib, kishining obro‘sini tushiradigan tuban ishlar bilan shug‘ullanish kabi ishlarda ko‘rinadi. Ko‘pincha bunday ishlar bilan shug‘ullanuvchi kimsalarning oqibati qamoq yoki sharmandalik bilan yakun topadi. Bu esa kishini ota-onasiga oq qilishida zarracha ham shubha yo‘q. Zero, bunday holatlar ota-onaga el-yurt ichida oru nomus keltirib, ularning pokiza nomlariga yuvib-ketkazib bo‘lmaydigan dog‘ tushiradi. Noqobil farzandlari tufayli mislsiz g‘am qayg‘u va sharmandalik ichida qolishga, tik boshlari umrbod egik bo‘lishga mahkum qiladi.

Shuningdek, uzoq vaqt ko‘chada yurib, ota-onani xavotirga solish, har-xil talablar bilan ularni mashaqqatga qo‘yish, yoki ahli ayolini ota-onadan ustun qo‘yish ham ota-onaga oq bo‘lishning ko‘rinishlaridan hisoblanadi.

Inson xalqimiz iborasi bilan aytganda bir qo‘lida ota-onasini yana bir qo‘lida esa ayolini tutib turishi kerak. Ota-onani ayoldan ustunroq ko‘rish dinimiz ko‘rsatmasidir. Bu degani ayollarga zulm qilish kerak degani emas, albatta. Balki, er kishi ota-onasiga yaxshi muomala qilishi bilan bir qatorda ayolining ham haqlarini poymol qilmaslikka va ota-onasi bilan xotini o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashga mas’uldir. Mabodo ota-onasi uning ayoliga adolatli munosabatda bo‘lmayotgan bo‘lsa ham murosayu madora san’atini ishga solib, vaziyatni sekin-sekinlik bilan yumshatish talab etiladi. Ota-onam ayolimdan noto‘g‘ri talab qilyapti, noto‘g‘ri urishyapti deya darrov ularni chetga chiqarib qo‘ymasdan ayolini sabrga chaqirishi, nima bo‘lganda ham ular uning ota-onasi ekanliklari, farzand sifatida ularga qo‘pol muomala qilishga haqqi yo‘qligi, uning o‘rniga ayoli ota-onasiga manzur bo‘lishga harakat qilishi lozimligini yotig‘i bilan uqtirib borishi maqsadga muvofiq sanaladi. Ana shunda oilalarimizda qaynona va kelin munosabatlari ham o‘z-o‘zidan iziga tushib ketadi, inshoalloh.

Alloh taolo barchalarimizni ota-onasiga yaxshilik qiladigan, ularning duosini olib, dunyoyu oxiratda baxtu saodatga erishadigan insonlar qatoridan qilgan bo‘lsin, obod turmush yilida oilalarimiz obod bo‘lsin, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin! 

Rahmatulloh Sayfuddinov, 
Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome’ masjidi imom-xatibi

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.