background
logotype
image1 image2 image3

O‘ylab ko‘rganmisiz? Havo, suv ne'mati mo'jizalari

Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, dengizda odamlarga kerakli narsalarni olib yurgan kemalarning (suzishida) va Alloh osmondan tushirgan — so‘ng u sababli, o‘lik yerni tiriltirib, bor jonzotni (Yer yuziga) tarqatib-yoyib yuborgan — suv degan ne’matda va shamollarning yo‘naltirilishida, osmon va Yer orasidagi itoatgo‘y bulutda — (bularning hammasida) aqlli kishilar uchun oyat-alomatlar bordir” (Baqara, 164).

 

Inson tirikligi havo bilan bog‘liqligini dabdurustdan xayoliga ham keltirmaydi. U tashnalikka bir necha kungacha chiday oladi. Haftalab och yursa ham, umri bitmagan bo‘lsa, o‘lmaydi. Ammo havosiz bir daqiqadan oshiq yashab ko‘rsin-chi! Insonning nafas olish ehtiyoji uzluksizdir. Allohning hikmat va qudrati bilan, inson tug‘ilganidan to ajali yetguncha nafas olishga va chiqarishga hojatmanddir.

Havo yer yuzining hamma joyida bor. Zero, u Allohning hamma maxluqlari uchun bir xil zarur. Alloh taolo havoni zo‘rlar ojizlardan, boylar kambag‘allardan tortib ololmaydigan qilib yaratdi.
Havo tiniq holatda yaratilgan. Unga inson ehtiyoji uchun nur o‘tkazib turish, kun va tunning almashuvini bildirish, inson ko‘zlariga parda bo‘lmaslik amr etilgan.
Agar inson umri davomida nafas olish uchun sarflaydigan havoni yelkasiga ortib qo‘yilsa, u bosqon ostida qolgan bir qumursqa holatiga tushar edi. Mehribon Parvardigorimiz ana shunday yukni og‘irligi inson yelkasini bukmaydigan bir tarzda yaratdi. Aksincha, inson Alloh bergan aqli va ilmi bilan havodan samoga parvoz qilishda, osmonga ko‘tarilishda tayanch sifatida foydalanmoqda.
Alloh havoni hamisha yangilanib turadigan, qiyomatga qadar ham tugamaydigan tarzda yaratdi va buning uchun o‘simliklarga jonivorlar nafas chiqarganida hosil bo‘ladigan karbonat gazini yutib, mo‘l-ko‘l kislorod chiqarishni buyurdi. Milyard yillar davomida yashil tabiat Parvardigorning farmoyishini ado etib kelmoqda va bajarishda davom etaveradi.
Daryo va dengizlarning shovqini, qushlar sayrashi, qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi Parvardigorimizning havoga muayyan ta’sir ostida hosil bo‘lgan tebranishlar sababli, ovozga aylanish va uni ma’lum masofaga qadar yetkazish amrining ijrosidir. Rabbimizning marhamati tufayli insonning bo‘g‘iz, og‘iz va burun bo‘shlig‘i, til va tishlari yordamida hosil bo‘lgan tovushlar havoda so‘zlarga, so‘zlar esa yaxlit nutqqa aylanadi.
Butun yer yuzidagi maxluqotning, jumladan insonning hayotini suvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Rabbimiz: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi? Uni bulutlardan siz yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!” (Voqea, 68-70) deb marhamat qildi. Darhaqiqat, agar suv sho‘r qilib yaratilganida, bu dunyoda hayot ham, biron bir tirik zot ham bo‘lmas edi.
Suv o‘zi nimadan tashkil topgan? Bu savolga kimyo fanidan ozgina xabari bo‘lgan kishi ikki atom vodorod va bir atom kisloroddan, ya’ni, N2O dan iborat deb javob beradi. Aslida bu ikki unsur bir-biri bilan o‘t bilan suvdek chiqisha olmaydi. Vodorodning kislorod bilan to‘qnashuvidan yonish hosil bo‘ladi va dahshatli portlash yuzaga keladi. Ana shu bir-biriga zid ikki kimyoviy moddani azalu abad birlashtirib, uni lovullab yonib turgan o‘tni o‘chirish vositasi etgan Allohning qudrati, ilmu hikmatiga faqat aqlsizlar imon keltirmaydi.
“Alloh barcha jonivorni suvdan yaratdi. Ulardan qorni bilan (sudralib) yuradiganlari ham bor, ikki oyoqda yuradiganlari ham bor, to‘rt oyoqda yuradiganlari ham bordir. Alloh o‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir” (Nur, 45).
Alloh suvni nafaqat hayot garovi etib, balki poklovchi vosita ham qildi. Alloh suvni yer yuzida yil fasllari almashinuviga, tabiatning yangilanishiga, yog‘ingarchiliklarning mavsumiyligiga sabab etgan. Holbuki, Yer kurasining har ikki qutbida muz holatiga keltirib qo‘yilgan suv zahiralarining o‘zi katta mo‘’jiza. Bu muzliklarda yig‘ilgan suv hajmi shu qadar ko‘pki, agar erib ketgudek bo‘lsa, yer yuzida suv bosmagan shapaloqdek ham joy qolmagan bo‘lardi!
Shu ikki ne’matning qadrini his qilgan inson Parvardigoriga qullikni aslo kanda etmaydi.

To‘xtamurod Bahrom

“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.