background
logotype
image1 image2 image3

Nega ne'matlar qadriga yetmaymiz?

 Alloh bizlarga turli ma’naviy va moddiy ne’matlar ato etdi. Har bir inson shu ne’matlar qadr-qiymatini anglashi va ularning qadriga yetishi lozim. Inson zoti to‘rt muchasini sog‘, aql va tafakkur egasi qilib yaratilishida Allohning marhamati jamlangan. Shuning o‘zi ulug‘ bir ne’mat.

Rasululloh (s.a.v.) aytadilarki: «Beshta narsadan oldin beshta narsani g‘animat biling: o‘limdan oldin tiriklikni, betoblikdan oldin salomatlikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtni, keksalikdan oldin yoshlikni, faqirlikdan oldin boylikni g‘animat biling».
Maxtumquli bir she’rida Rasululloh (s.a.v.) aytgan ushbu hikmatlarni nazmiy yo‘sinda qu-yidagicha ifoda qiladi:

«Sog‘liqning qadrini bilgil
xasta bo‘lmasdan burun,
Xastalik shukrini qilgil
toki o‘lmasdan burun,
Quruq yer qadrini bil
daryo toshmasdan burun,
Kemada hushyor o‘tirgil
girdobga kelmasdan burun,
Yoshlikning qadrini bil,
to keksaymasdan burun».

Darhaqiqat, ko‘zning qadri xiralashganida, quloqning qadri og‘irlashganida, oyoqning qadri og‘riqlari kuchayib, uyushib-gandiraklab yurgan paytda bilinadi. Bu a’zolarga dard-og‘riqlar yaqinlashmasa, ko‘pincha qadriga yetavermaymiz.
Biroq Alloh taolo tevarak-atrofimizda aynan bizga bergan ne’matlari qadr-qiymatiga yetishimiz uchun turli-turli ibratlarni ko‘rsatib qo‘ydi. Ko‘zi mutlaqo ko‘rmaydigan ojizlarni ko‘rib, ko‘zlari ochiq kimsalar nega shukrona etmaydilar? Qo‘ltiq tayoqda yurganlarni ko‘rgan sog‘-lom oyoqlilar nega bu ne’matni to‘kis qilib bergan Allohga hamdu sano aytmaydilar? O‘ng qo‘li nogiron kimsaning chap qo‘li bilan ko‘rishayotganini ko‘rib, har kim o‘zining sog‘lom qo‘llariga bir nazar tashlasin. Aziz birodar, bu o‘rinda ayrim ojiz va nogironlar xususida so‘z yuritildi, aslo malomat uchun emas. Ularning oxiratlarini Alloh obod aylasin, bu dunyo sinovlariga bardosh berganlari uchun joylarini jannatda qilsin. Aytmoqchi bo‘lganlarim, bu ibratlar dunyosi, bu sinovlar dunyosi, bu sirlar dunyosi, har ishning hikmatini O‘zi bilguvchiroqdir.
Vaqtida qilingan ibodat, savob amallar, xayr-ehsonlar aql ne’matining ishi. Ammo hayotda ma’zur ko‘rilgan, ibodatga chaqirilmaydigan, oxiratda hisob bermaydigan aqli ojizlar bor. Ularni jinni, devona deydi ko‘pchilik. Qiliqlari, harakatlari g‘alati, ba’zan kulgili bo‘ladi. Biroq ulardan kulish o‘rinli emas. Oqillar avval ularga, so‘ngra o‘zlariga bir nazar solsinlar. Shunday kimsalardan biri yozning issiq kunida qalin choponga o‘ranib olib, to‘lin oy balqqan kechada oyga qarab, qo‘llarini tanbur qilib, tun bo‘yi ashula aytib chiqdi. Uni joyidan birov siljita olgan emas. Bundan kulish, bunga malomat qilish mumkinmi? Yo‘q, aslo. Xudo ko‘rsatmasin.
O‘z vaqtida ne’matlar qadr-qiymatini anglash o‘zlikni anglash, o‘rinsiz isroflardan ti-yilishdir. Ko‘pqavatli uyda turamiz. Bir kuni suv to‘xtab qoldi. Bir chaqirimcha naridan paqirlab suv tashidik bir necha kun. Choy uchun, tahorat uchun suvni juda tejab-tergab ishlatdik. Bir kuni elektr chirog‘i o‘chib qoldi. Qorong‘uda ko‘zlarimiz shamga o‘rganmadi. Quloqlar sukutga o‘rganmagan. Zerikib uxlab qoldim.
Darvoqe, ne’matlar qadri xayolimni egallab olganining bir sababi bor. Bir kuni juma o‘qish uchun Xoja Ahror Valiy masjidiga borsam, Anvar hojining yoqimli, hikmatlarga to‘la ma’ruzasi eshitilmaydi. Tashqaridagi namozxonlar parishonhol o‘tirishibdi. To‘g‘ri, ichida tasbeh aytayotganlari ham bor. Ammo, sezishimcha, mendan boshqa namozxonlar ham har juma bo‘ladigan maroqli mav’iza-suhbatni sog‘inib o‘tirishdi.
Buning ham hikmati bor ekan-da, ovoz kuchaytirgichning bir juma ishlamay qolgani turtki bo‘lib, ushbu mulohazalarni yozdim. 
Harholda, ne’matlarning qadriga yetishga shu-naqa qilib o‘rganamiz, shekilli.

Bahodir Nurmuhammad

“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.