background
logotype
image1 image2 image3

Musibatdagi sabr

Iqbol kulib boqqan orzu-niyatlarga erishilgan quvonchli kunlarni Yaratganning lutfu inoyati deb bilish, ne’matlar shukrini ado etish bandalikning shartidir. Ammo inson umri faqat xush ayyomlardan iborat emas. Mo‘min kishi qazoga rozi bo‘lib, baloga sabr qilishga da’vat etilgan.

To‘y-bazmda kecha xoxolab kulgan kimsaning ertasi kuni musibatxonada yig‘layotganini ko‘rsangiz, buning ajablanadigan joyi yo‘q. Chunki tug‘ilish va o‘lim haq, hayotda shodlik bilan g‘am, to‘y bilan aza aralashdir.

Qayg‘uli damlarda tushkunlik va umidsizlik girdobida qolgan, o‘zini tuta olmagan, haddidan oshgan isyonkorning holi dushvor. Yoqa yirtib, dod-voy solsa ham, o‘zini o‘tga, suvga ursa ham, yo‘qotgani qaytmaydi. Eng yomoni — gunohga botadi, murdani ozorlaydi, o‘zining sog‘lig‘iga ziyon yetadi. Bunday paytda tayanch va najot — Allohning irodasiga itoatda, vazminlik va toqatda, tavba-istig‘fordadir.
“Biror musibat kelganida: “Albatta biz Allohniki (bandalari)miz va albatta biz Unga qaytuvchilarmiz” deydigan sabr- lilarga xushxabar bering. Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar hidoyat topguvchilardir” (Baqara, 155—157).
Mazkur oyatlarda musibatda sabrli bo‘lgan bandaga uch fazilat nisbat berilgan:
1. Allohning mag‘firatiga sa-zovorlik.
2. Allohning rahmatidan bahramandlik.
3. Hidoyat topmoq, ya’ni to‘g‘-ri yo‘lda qoyimlik.
Bundan ortiq saodat bormi kishiga. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) va sahobai kiromlarning sabru rizo maqomidagi sobitliklari ummatga ibratdir. Ularga ergashgan, Qur’on va sunnatga og‘ishmay amal qilgan salaflar Alloh yo‘lida ne-ne kulfat – aziyatlarga toqat bilan bardosh berganlari tarixdan ma’lum.
Alloh sabrli bandalarini tanglikda qoldirmasligi, xususan, musibat vaqtidagi xolis duo ijobat topishi haqida bashorat bor. Buni tasdiqlovchi misollar ko‘p.
...Boshiga ketma-ket judolik musibati tushgan hamqishlog‘imni oradan ko‘p yillar o‘tgach, bir davrada uchratib qoldim. Otaxondan hol-ahvol so‘radim.
— Xudoga ming qatla shukr. Berdi, oldi, yana berdi. Piri badavlat xonadonmiz. Nevara-chevaralarning to‘ylarini ko‘rish nasib qildi, — dedi u chehrasida tabassum balqib.
Ajabo! Yoshi oshgan bir vaqt- da, peshonasiga bitgan ikki farzandi — o‘g‘li va qizidan ayrilib, oilada kampiridan bosh- qa hech kimi qolmagan cholda ne-vara-chevara qaydan paydo bo‘l-diykin?
Hayratlanganimni payqagan otaxon dedi:
— Zurriyotdan judo bo‘lib, suyanchiqsiz qolgan vaqtimizda dilimiz jarohatini qazoga rizolik va umidvorlik malhami bilan davolashga harakat qildik. Allohdan madad so‘radik. Mehribon Parvardigorimiz bizni zulmatdan ro‘shnolikka chiqardi. Yo‘qotganlarimizning o‘rnini to‘ldirib, hojatlarimizni ravo qildi. Bergan ne’matlari shukronasini ado etishga ojizmiz.
Shu o‘rinda oyati karimadagi: “Albatta, biz sabrlilarning mukofotini ular qilgan ishlarning yaxshisiga qarab beramiz” (Nahl, 96) degan marhamatni eslash joiz.
Sabrlilarning mukofoti. Uni berguvchi sohibkaram Zot biladi. Va’da qilingan ehson ikki dunyoga ham daxldor, albatta. Yuqorida tilga olingan otaxonga bu mukofotdan nasiba yetgan bo‘lsa, ne ajab. Endi ana shu inson haqida batafsilroq to‘xtalamiz.
...Urush yillari edi. Xudoyor ota xonadoni boshiga og‘ir kulfat tushdi. Yolg‘iz o‘g‘li jang maydonida halok bo‘lgani haqida qoraxat olgan ota: “Bu damda yagona o‘timchim — sabr ber, Xudoyim, toki osiy bo‘lib qolmayin”, deya iltijo qildi. Ko‘-zidan duv-duv yosh to‘kilsa ham, tilini noshukrlikdan asradi. Bunday mahalda azizlar o‘zlarini qanday tutganlarini naql qilib, umr yo‘ldoshi Xoljon xola yuragidagi o‘tni sovutishga intildi.
Ota bilan ona birgina qi-ziga suyanib, uni ham o‘g‘il, ham qiz o‘rnida ko‘rdilar, tarbiyalab voyaga yetkazdilar. Qo‘shni qishloqda otaning yaqin birodari bor edi, o‘g‘illaridan birini uylantirmoqchi bo‘lib, do‘stiga so‘z soldi. Xudoyor ota yaxshi bilgani uchun birodarining quda bo‘lish istagini qa-bul qildi. Qiz bilan yigit, ota-onalar rozi bo‘lishib, to‘yga taraddud ko‘rildi.
Xudoyor ota qudasiga bir taklif bilan murojaat qilishga jazm etdi:
— Malol kelmasa, bir narsa ustida maslahatlashib olsak. Qizni uzatsak, uyda cholu kampir ikkalamiz qolamiz. O‘g‘limiz oldimizga kelsa. Ichkuyov emas, farzandimiz bo‘lsa.
Birodari bu taklifga monelik qilmay, kuyov ham roziligini bildirdi. Xudoyor otaning niyati amalga oshdi. Yolg‘iz edi, farzandlari qo‘sha bo‘ldi. Ota bilan ona farzand baxtidan mamnun, chunki qiz bilan yigit bir-birini sidqidildan sevardi, o‘rtada mehru vafo bar-qaror edi.
Bir kuni bu xonadonga yana baxtsizlik yuzlandi. Ota-onaga yolg‘iz farzandidan ham judolik qismat ekan, qizi ko‘zi yorishi vaqtida hayotdan ko‘z yumdi. Bu galgi musibatga toqat qilish, ayniqsa, mushfiq onaga oson emasdi, kuyuk zaxmiga chidayolmay, xastalanib qoldi. Xudoyor ota joynamozda uzoq o‘tirar, madad istab, Oliy Dargohga iltijo qilar edi. Buning sababini u: “Joynamoz — omonlik, farog‘at joyi, ko‘ngil taskin topadi. Duoda hikmat ko‘p, Alloh eshitadi, rahm qiladi, bandasini noumid qoldirmaydi”, deb izohladi.
Qazo-qadarga ko‘nmay ne iloj. Azaning ham chegarasi bor. Ertagi kunning g‘ami, kuyovning kelgusi taqdiri cholu kampirni o‘ylantirib qo‘ydi.
— Bola bechoraga qiyin bo‘l-di, qizimizni chin dildan sevardi. Ichiga olmasa deb qo‘rqaman. Ovqatga ham qaragisi kelmaydi, ozib ketdi.
Xudoyor ota niyatini kampiriga dangal aytishga jur’at etdi.
— Judolik yurakni ezib, insonni savdoyi qilishi hech gap emas. Yaratganning o‘zi unga to‘zim bersin. Oqibatli, farosatli yigit. Meni ota, seni ona bilib hurmat-izzatimizni jo-yiga qo‘yib yuribdi. Uni yolg‘iz qo‘ymasak degan niyatim bor.
Xoljon xola bir seskanib tushdi:
— Nima deyapsiz? Uylanishi kerakmi? Kelin keladi deng. Qizimizning o‘rniga-ya. Voh, yuragim!
Xolaning bu mahaldagi holatini tasavvur qilish qi-yin emas. Ehtimol ko‘zi o‘ngida qizi gavdalangandir. Go‘yo: “Onajonim! Dadam nima deyaptilar?” deb so‘rayotgandek tuyulgandir.
— O‘zingni bos, kampir. Aqlni ishga solib, o‘ylab ko‘r. Qizimiz bola ustida shahid hukmida ketdi. Ilohi, joyi jannatda bo‘lsin. Kuyovni bizga Alloh o‘g‘il qilib berdi. Ha, o‘g‘limiz u. Dunyodan toq o‘tishiga rozi bo‘lmaymiz. Shariatning yo‘rig‘i ham shu. Uylantiramiz. Nasib qilsa, nevara-chevara ko‘ramiz.
Xudoyor otaning chehrasida mardonalik va ishonch alomati aks etganini ko‘rgan kampiri bir lahza jim qoldi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni yengi bilan artdi. Tili so‘zga bormadi. “Taqdirda yozgani bo‘ladi”, deya oldi, xolos.
Xudoyor ota fursat topib, kuyov bilan dardlashdi, diliga qo‘l solib ko‘rdi, ammo uni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Qazoga rizolik, musulmonlik dasturi juft bo‘lib yashashni taqozo etishini tushuntirsa ham, yigit sira unamadi.
— Ovora bo‘lmang. Kelgan ke-lin qizingizning o‘rnini bosa olmaydi. Uylanmayman.
So‘zga Xoljon xola aralashib, yolbora boshladi:
— Jonim bolam, otangning so‘zini qaytarma. Boshingni qo‘sha qilib, ibirli-chibirli bo‘lish orzuimiz bor. To‘yga niyatlab, otang qo‘chqor boqyapti. Xudodan tilagim: baxting guldek ochilsin.
Ko‘ngli bo‘sh ekan, kuyovning ko‘zlarida yosh tomchilari marjondek jilolandi. Nima deyishini bilmay qoldi. “Axir, sizlar, axir...” dedi-yu, tashqariga qarab yurdi va gapni boshqa yoqqa burdi:
— Mollarga suv beray...
Xullasi kalom, Xudoyor ota bilan Xoljon xolaning niyatlari ro‘yobga chiqdi. Endi o‘g‘li bo‘lib qolgan kuyovni obro‘-e’tiborli xonadonda o‘sgan muslimaga uylantirdilar. Oqila, iffatli kelin Xoljon xolaning qizidek bo‘lib qoldi.
Cholu kampir nevara-chevaralarning to‘ylarini ko‘rishga, baxtli hayot nashidasini surishga muyassar bo‘lishdi. Buni musibatdagi sabr uchun Allohning hayoti dunyodagi mukofoti desak, xato bo‘lmas.
Bandai mo‘minga ham oxirat saodatiga vasila bo‘lgudek sabr bergin, marhamatli Egam!

Fozil Zohid

“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 7-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.