background
logotype
image1 image2 image3

Muharram oyi haqida

Muharram oyi hijriy – qamariy taqvim bo‘yicha yilning birinchi oyidir. Birinchi Muharram yangi yilning boshlanish kunidir. Odatda musulmonlar bir-birlarini bu munosabat bilan tabrik etadilar. Biz ham barchalaringizni 1429 hijriy yilning boshlanishi bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Alloh taolo bu yilni barchamiz uchun xayr-baraka yili bo‘lishini nasib etsin. Aziz vatanimizni tinch va osoyishta bo‘lishini, xalqimizning baxti-saodati ziyoda bo‘lishini nasib etsin! Omiyn!

Lug‘atda «muharram» so‘zi, hurmatlangan, harom qilingan, ulug‘langan ma’nolarini anglatadi. 

Darhaqiqat, Muharram oyi hurmatli oydir. Muharram oyi Alloh taolo urushni harom qilgan to‘rt oydan biridir. Bundan ortiq hurmat bo‘lishi mumkinmi? Bu oyni Allohning oyi, deb nomlanadi, bundan ortiq ulug‘lash bo‘lishi mumkinmi? 
Alloh taolo «Tavba» surasida:

«Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang», degan (36-oyat).

Ushbu oyati karima oylarning hisobi, tabiiy ravishda, Alloh osmonlaru yerni yaratgan paytdayoq, ularning harakatiga bog‘liq qilinib o‘n ikki etib belgilanganligini bayon qilmoqda.

Bu doimiy ravishda bir xil turadigan sobit hisobdir. Unga insonning hech daxli yo‘q. Inson faqat Alloh yaratgan narsalarga qarab, Alloh bergan aql bilan oylarni sanaydi, xolos.
«Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan».

O’n bitta ham, o‘n uchta ham qilib bo‘lmaydi. Yangi oy chiqqan kuni yangi oy boshlanadi. U yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kun bo‘ladi. Keyin yana yangisi chiqadi. Oldindan belgilab qo‘yilgan hisob bilan, oy to‘lin bo‘lganda ham, yangi oy boshlandi, deyilmaydi. Bunday deyishlik xato hisoblanadi. Chunki Allohning ishiga bandasi aralasha olmaydi.
«Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir».

Ya’ni, o‘n ikki oydan to‘rttasida urush qilish Alloh tomonidan harom qilingandir. Bu Zulqa’da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylari bo‘lib, mazkur oylarda urush boshlash haromdir.
«Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang».
Yuqorida zikr qilingan hukm to‘g‘ri din hukmidir. Islom hukmidir. Bu hukmga xilofan harom oylarda urush qilib, o‘zingizga zulm qilmang.
Muharram oyi Ramazon oyidan keyingi martabada turadi. Bu oyda eng ulug‘ kunlardan biri – Oshuro kuni bor.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za, Allohning Muharram oyi ro‘zasidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar. 
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir odam kelib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Ramazondan keyin qaysi oy ro‘zasini tutmog‘imni amr qilasiz?», deb so‘radi.

«Agar Ramazondan keyin ro‘za tutuvchi bo‘lsang, Muharramni tut. Chunki, u Allohning oyidir. Unda Alloh bir qavmning tavbasini qabul qilgandir va boshqa qavmlarning tavbasini qabul qiladir», - dedilar». 
Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan.

HIJRIY YIL HISOBI BOSHLANISHI

Vaqt o‘tishi bilan Islom davlati hamma tomondan ulg‘ayib borar edi. Chegaralar, viloyatlar, amirlar va boshqalar soni tezlik bilan ortib borar edi.
Devonlar tashkil qilindi. Hamma tarafdan poytaxtga maktublar kela boshladi. Boshqa aloqalar ham rivojlanib bordi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhudan maktub oldi. Unda, sendan maktublar keladi. Tarixi noma’lum bo‘ladi. Tarixni belgilasang yaxshi bo‘lar edi, degan ma’no bor edi. Bir marta Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘zlari maktub oldi. Unda Sha’bon oyida degan ma’no bor edi. Qaysi Sha’bon? O’tganimi, hozirgisimi yoki kelgusisimi bila olmay qiylandilar.

Yamandan, Ya’lo ibn Umayyadan Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga maktub keldi. Uning maktubida tarix belgilangan edi. Bu ish hazrati Umar roziyallohu anhuga ma’qul keldi. U kishi shuro majlisini chaqirib, o‘rtaga musulmonlarga xos tarix-yil hisobi qabul qilish masalasini qo‘ydilar. Islom davlati o‘zligini namoyon qilish, birovga taqlid qilmay o‘ziga xos yil hisobiga ega bo‘lishi kerak edi.

Birinchi masala tarixni qachondan boshlash kerak, degan savolga javob topishdan iborat edi. Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vafot etgan yillarini birinchi yil deb hisoblashni taklif qildi. Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lgan yillarini birinchi yil deb hisoblashni taklif qildi.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hijrat qilgan yillarini birinchi yil deb hisoblashni taklif qildi. Hijrat haq bilan botilning orasi ajrashiga sabab bo‘lgan, dedi. Boshqa birlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan yillarini birinchi yil deb hisoblashni taklif qildi.
Ko‘pchilik Ali roziyallohu anhuning taklifini yoqlab ovoz berdi.

Ikkinchi masala yil hisobini qaysi oydan boshlash masalasi edi. Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu, Rajab oyini birinchi oy qilib olaylik, u harom oylarning birinchisi, dedi. Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu Ramazon oyini birinchi oy qilib olaylik, u ummatning sharafli oyi, dedi. Ali roziyallohu anhu, Muharramni birinchi oy qilib olaylik, uning o‘zi yilning birinchi oyi, dedi. 
Shu gap hammaga ma’qul bo‘ldi.

Ana shundoq qilib Islom ummati hazrati Umar roziyallohu anhuning tashabbuslari va g‘ayratlari ila 16 - hijriy sanadan boshlab o‘zining yil hisobiga ega bo‘ldi. Albatta, bu katta ish edi. Dunyoga yetakchilik qilish da’vosi bor ummat uchun ana shunga o‘xshash shior bo‘ladigan narsalar kerakligi hech kimga sir emas.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Yangi hijriy yilingiz muborak bo'lsin!


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.