background
logotype
image1 image2 image3

Muhammad Yusuf Hazin Marg‘inoniy

Ma’lumki, jahon ma’naviy va madaniy taraqqiyotida o‘zining buyuk farzandlari, olimu allomalari bilan beqiyos hissa qo‘shgan Movarounnahr shaharlari orasida Marg‘ilon shahrining ham alohida o‘rni bor. Zero, bu ko‘hna shahar o‘zida yuzlab allomalarni tarbiya qilib, ularni «Marg‘inoniylar sulolasi» nomi bilan butun jahonga mashhur etgan va shu tufayli dunyoning ulkan tarixiy shaharlari qatoridan munosib joy olgan. Hatto «Sunduq ul-orifin» («Oriflar sandig‘i») degan yuksak bahoga ham sazovor bo‘lgan. Chunki qadimdan tarixiy shahar va joylar haqida so‘z aytgan tarix ahli ular fazilatini o‘sha yerdan yetishib chiqqan mashhur shaxslar adadi bilan baholaganlar. Marg‘ilon tarixida bu kabi zotlar soni oz emas, albatta.

Ayniqsa, Movarounnahr fiqh maktabining tadrijiy rivoji va uning keyingi bosqichida marg‘ilonlik faqihlarning o‘rni beqiyos. Chunki aynan, shu yerda tug‘ilib faoliyat olib borgan va tarixga «Marg‘inoniylar sulolasi» nomi bilan kirgan faqihlarning salmog‘i va ularning islom huquqshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi barcha tarixchilar tomonidan e’tirof etilgan.

Imom Abdulaziz ibn Abdurazzoq Marg‘inoniy (vaf.1055 yil.), Imom Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr Marg‘inoniy (vaf.1197 yil.), Imom Abu Hafs Nizomuddin Umar Marg‘inoniy (vaf.1203 yil.), Imom Abul Mahosin Zahiriddin Marg‘inoniy (vaf.1233 yil.) kabi zotlar ushbu diyor faqihlarining dunyo e’tirof etgan mashhur vakillaridir.

Ular tasnif qilgan asarlar, jumladan, «Hidoya», «Fatovoyi Zahiriya» va boshqalar hozirgacha ko‘plab islom dunyosi dorulfununlarida hanafiy fiqhi bo‘yicha darslik sifatida qo‘llanadi va butun islom olami ularni o‘ziga ustoz deb bilib, tabarruk nomlarini hurmat bilan tilga oladi.

Tarixiy haqiqatlar shuni ma’lum qiladiki, «Marg‘inoniylar sulolasi» nomi bilan tanilgan bu ulkan silsila tarixning barcha davrlarida dunyoning turli musulmon mamlakatlarida izchil davom etgan va uning mash’ali avlodlar qo‘lida qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelgan.

Yuqorida nomlari keltirilgan allomalar tomonidan boshlab berilgan mazkur silsilaning so‘nggi bo‘g‘in vakillari sifatida XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Marg‘ilonda yashab, ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha samarali ijod qilgan bir qator allomalar va tasavvuf shayxlari nomini keltirish mumkin. Chunki bu davrda Marg‘ilonda ko‘plab shariat olimlari va yetuk mutasavviflar istiqomat qilib, ilm-fanning turli sohalariga doir, jumladan, fiqh, siyra, tarix, adabiyotga oid turli mazmun va shaklda ko‘plab nodir asarlar yaratganlar. Shunday zotlardan biri bu buyuk alloma, tasavvuf shayxi Muhammad Yusuf Xonaqohiy Hazrat Hazin Marg‘inoniydir.

Muhammad Yusuf Xonaqohiy Hazrat Marg‘inoniy o‘z davrining yirik shariat olimi, yetuk tasavvuf shayxi, ko‘plab muridlar tarbiyalagan murshid, din-millat manfaati yo‘lida jasorat ko‘rsatgan fidoyi zot sifatida faoliyat olib borgan. Tarixiy manbalar bizga u zotni shayx, murshid, alloma, faqih, mufassir, mudarris, shorih, adib va shoir sifatida tanitadi.

Alloma XIX asr ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Chor Rossiyasi boshqaruvi ostida mamlakatda yuzaga kelgan murakkab siyosiy jarayonlarda o‘ziga xos salmoqli mavqeni egallagan. Zero, u zot faoliyatlari o‘sha davrda Marg‘ilonda vujudga kelgan ijtimoiy-diniy vaziyatning barqarorlashuvida katta ahamiyat kasb etgan. Mavjud jamiyatda ma’naviyatni rivojlantirishda, xususan, tasavvuf ta’limotining umuminsoniy g‘oyalarini mahalliy xalq orasida yanada chuqurroq kirib kelishida Xonaqohiy Hazrat Domla va izdoshlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Mahalliy xalq orasidan chiqqan yuzlab kishilarni ilm-ma’rifatli bo‘lishiga harakat qilib, ularni keyinchalik o‘z davrida shariat olimi va tariqat piri sifatida ma’naviyat va irfon xodimlari bo‘lishiga beqiyos hissa qo‘shganlar.

 Hazin Marg‘inoniy hayoti va faoliyatlarini ilmiy-nazariy jihatdan atroflicha o‘rganish Qo‘qon xonligi tarkibidan mustahkam o‘rin egallagan Marg‘ilon shahrining o‘sha davrga xos bo‘lgan madaniy tarixini yoritishda jiddiy ahamiyat kasb etadi. Hazin Marg‘inoniyning asarlarini o‘rganish esa naqshbandiya tariqatiga oid hanuzgacha noma’lum bo‘lgan qator axloqiy, ma’naviy va nazariy masalalarni yoritishga yordam beradi.

Zero, bu sulukning mazkur hududda yetakchi tariqatga aylanishi bevosita Xonaqohiy Hazrat Marg‘inoniy nomi bilan bog‘liq. Zotan, u zot o‘z faoliyatida mazkur mintaqada o‘ziga xos uslub – shariat ta’limini tariqat vazifalari bilan uyg‘unlashgan holda olib borgan va bu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk tarixiy shaxsdir. U zotning beqiyos xizmatlari tufayli Marg‘ilon va unga qo‘shni shahar va qishloqlar ijtimoiy-ma’naviy, diniy-madaniy hayotida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan alohida sulola – xonaqohiylar – Xonaqoh madrasasida ta’lim olgan allomalar va tariqat soliklari faoliyati yuz yildan ortiq davr mobaynida izchil davom etishi ta’minlandi. Ayniqsa, u zotni diyorimizda amal qilib kelingan sunniylikdagi hanafiylik mazhabi sofligini saqlash yo‘lidagi xizmatlari diqqatga sazovor.

Alloma 1840 yilda Marg‘ilonda tavallud topganlar. Boshlang‘ich ta’limni Marg‘ilonning Go‘ri Avval mahallasidagi maktabda olganlar. Keyin esa Buxoroga borib u yerdagi Mir Arab madrasasida uzoq vaqt ta’lim oladilar.

Xonaqohiy Hazrat madrasadan qaytganlaridan so‘ng shahardagi Xonaqoh madrasasiga kelib faoliyat boshlaydilar. Tez orada dovrug‘lari atoflarga ham yetib boradi. Ma’lumotlarda bu yerga butun Movarounnahr shahar va qishloqlaridan Ozarbayjon, Sharqiy Turkistonning Qoshg‘ar viloyati, Tatariston o‘lkasining Qozon, Ufa shaharlaridan ham murid va talabalar kelib ta’lim olgani aytilgan.

Izlanish va tadqiqotlar shuni ma’lum qiladiki, Xonaqohiy Hazrat faoliyat olib borgan davr Xonaqoh madrasasi tarixida oltin davr bo‘lgan. Chunki bu yer aytilganidek, nafaqat tasavvuf, balki shariat ilmlari ham o‘rgatiladigan maskanga aylangan edi.

Bu davrga kelib Xonaqohda katta ilmiy-ijodiy jarayon vujudga keladi. Ayni choqda Marg‘ilonning yetuk shariat olimlari, tariqat arboblari – shayx va so‘fiylar, tarixchilar, shoir va adiblardan iborat katta jamoa Hazrat tegrasida jam bo‘lib, birgalikda faoliyat olib borishgan. Xonaqohiy Hazrat Domla ularning barchasiga «marje’u ahli zamon» («zamon ahlining peshvosi») bo‘lib turganlar.

 “Bayoz Mahbub al-mahbub”da Hazrat Domla va Xonaqoh ilmiy jarayoni vakillaridan Xo‘jajon Qozi domla Rojiy, Mirhaydar domla Toliy, Mirxalil domla Buxoriy, Amoniddin Araboniy, Muhammad Muso Bekiy va boshqalarning asarlari Muqimiy, Furqat, Muhyi, Haziniy, Kamiy Toshkandiy, Xislat, Shavkat Afandi va boshqa shoirlar asarlari qatorida keltirilgan.

Bayozda Xonaqohiy Hazrat asarlaridan namunalar berilib, ular Sharqning buyuk daholari Jomiy, Xo‘ja Hofiz, Bedil asarlari qatorida keltirilgani ham e’tiborlidir.

Arxiv hujjatlari va boshqa qo‘lyozmalarda Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning Xonaqoh adabiy muhiti vakillari bilan aloqalariga doir ma’lumotlar bor.

Mashhur shoir Nasimiy ham Marg‘ilonga kelib Xonaqoh madrasasida bir muddat istiqomat qilib, bu yerda ijod qilgan. Qirg‘izistonning Aravon qishlog‘idan Amoniy Araboniy esa Marg‘ilonga kelganida, bu qutlug‘ dargoh ziyoratidan fayzyob bo‘lib, shu yerda – Hazrat qo‘llarida talaba bo‘lib qolganini keyinchalik shunday ta’riflagan edi:

 Beshak erur bul madrasa nurning koni ,
 Tolibman deb, fayz olmasa yo‘qdur joni,
 Xonaqohda yaxshilarning ko‘pdur soni,
 Bul sababdan Marg‘inonga keldim, do‘stlar,
 Fayzi zohir Xonaqohda qoldim, do‘stlar.[1]

Yozma ma’lumotlarda bu muborak maskanga ko‘pdan-ko‘p ta’riflar berilgani ham uning o‘z davrida qanchalik ravnaq topganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, mazkur jarayon vakillari o‘sha davr vaqtli matbuot nashrlarida, jumladan, «Al-Isloh» jurnalida ham o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etganlar. Ma’lum bo‘lmoqdaki, Xonaqoh o‘z davrida vodiy shaharlari ijtimoiy-ma’naviy hayotida o‘ziga xos o‘rin egallagan.

Xonaqoh va unda istiqomat qilgan ulamolar faoliyati o‘sha davrda Marg‘ilonda vujudga kelgan ijtimoiy-diniy vaziyatning barqarorlashuvida katta ahamiyat kasb etgan. Ularning mahalliy xalq orasida ilm-ma’rifatni shakllanishi va tasavvuf ta’limotining umuminsoniy g‘oyalarini yanada chuqurroq kirib kelishida xizmatlari katta bo‘lgan.

Madrasada talabalar sonining ko‘pligi keyinchalik Marg‘ilon va unga qo‘shni shahar va qishloqlar ijtimoiy-ma’naviy, diniy-madaniy hayotida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan xonaqohiylar sulolasini uzoq vaqt davom etishiga sabab bo‘ldi. O‘rganib chiqilsa, bugungi kunda vodiy shahar va qishloqlarida faoliyat olib borayotgan ko‘plab diniy va ma’rifiy jarayon vakillarining silsilasi Xonaqoh madrasasiga borib ulanishini ko‘rish mumkin.

Hazin Marg‘inoniyning buyuk xizmatlaridan biri, diyorimizda uzoq davrlardan beri kelayotgan sunniylikdagi hanafiy mazhabi sofligini saqlash, uni turli buzg‘unchi oqimlar va bid’atlardan himoya qilishlari edi. Ma’lumotlarda Hazrat Domlani shar’iy qoidaga zid har qanday yangilik va bid’atga qarshi murosasiz bo‘lganlari aytilgan.

Xonaqohiy Hazrat Domlaning nazm maydonidagi mahoratlari ham salmoqli bo‘lgan. Alloma «Hazin» («G‘amgin») taxallusi bilan ijod qilganlar. Hozirgacha ko‘plab g‘azal, muxammas, ruboiy va tarixlarini topishga erishdik. Asarlarining g‘oyaviy-badiiy mazmuni qadimdan tasavvuf namoyondalari uchun xos mavzu – komil inson g‘oyasidir.

Alloma o‘z ijodida Sharqning buyuk shoirlari Jomiy, Hofiz, Xisrav Dehlaviy, Bedil, Nodira g‘azallariga muxammaslar bog‘laganlar. Yozma ma’lumotlarda: «fasohatda benazir», «balog‘atda bemisl», «ma’rifatda behamto» deya, keltirilgan ta’riflar mazkur faoliyatlariga berilgan bahodir.

 Hazrat Domlaning nasrdagi ijodlari ham o‘ziga xos bo‘lib, bu sohada mudarrislik faoliyatlari taqozosicha, ko‘proq darsliklar tasnifiga e’tibor qaratganlarini ko‘ramiz.

Xonaqohiy Hazrat Domla 1918 yil ramazon oyining o‘ninchi kuni Marg‘ilon shahrida 78 yoshda vafot etganlar.

Hazratni Xonaqoh yonginasidagi qadimiy qabristonga ikki ustozlari yoniga dafn qilingan. 1928 yilda yangi yo‘l qurilishi munosabati bilan qabrlari ko‘chirilib, Sarmozor qabristoniga olib borilgan.

 Rahmatulloh Fayzullayev,

 Marg‘ilon shahar “Robiya hoji ona” masjid imom-xatibi.



[1] Баёз «Маҳбуб ул-маҳбуб»...139-144- б.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.