background
logotype
image1 image2 image3

Muhabbatning haqiqiy ta'rifi

 Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ozod qilgan qullari qullari Savbon roziyallohu anhu Rasuli akramni qattiq yaxshi ko‘rar, firoqlariga sabr qilolmas edi. Bir kuni Savbon Rasulullohning huzuriga yuzlari qizargan va titragan holda kirib keldi. U zot Savbonning bu holatini ko‘rib, sababini so‘radilar. Shunda Savbon: “Betob emasman, ammo ozgina vaqt sizni ko‘rmay qolsam, dahshatga tushyapman. Mana hozirgina oxiratni esladim.

Shubha yo‘q, siz jaggatda payg‘ambarlar bilan birga bo‘lasiz. Men, garchi Alloh rahmat qilib jannatga kirsam ham, siz bilan bo‘lolmayman. Chunki sizning manzilingiz baland. Agar jannatga kirolmaydigan bo‘lsam, keyin sizni hech qachon ko‘ra olmayman. Oxiratda holim ne kechishini o‘ylab titrab ketyapman”, dedi. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi: “Kimda kim Alloh va payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Alloh in’omlariga sazovor bo‘lgan zotlar – payg‘ambarlar, siddiqlar (haq-rost iymon egalari), shahidlar va solihlar bilan birga bo‘lurlar. Ana o‘shalar eng yaxshi hamrohlardir.” (Niso surasi, 69).

Darhaqiqat Rasululloh sallollohu alayhi vasallam darajalariga hech kim yetolmaydi. Lekin rahmati keng, avfi ulug‘ zot suyukli rasuliga ilhom berdi. Allohning habib rasuli esa bu xushxabarni ummatlariga yetkazdi.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Bir a’robiy payg‘ambar huzuriga kelib so‘radi: “Qiyomat qachon bo‘ladi?” “U kun uchun nima hozirlading”, dedilar Rasuli akram. “Alloh va rasuliga muhabbat!” deya javob berdi. Shunda Rasululloh: “(Jannatda ham) yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!”, dedilar”. (Muttafaqun alayh.)

Demak ayni muhabbat tufayli biz Alloh taoloning diydoriga, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bilan abadiy birga bo‘lish saodatiga erishamiz. Shunday ekan, savol tug‘iladi: “Bu muhabbat qanday hosil bo‘ladi, qanday kuchayadi?..”

Keling, mazkur hadisga yana murojaat qilaylik. A’robiy Alloh Rasulidan qiyomatning vaqtini so‘radi. Rasululloh ajib bir hikmat bilan bizga ibrat bo‘ladigan tarzda so‘rovchining e’tiborini so‘ralayotgan narsadan muhimroq ishga qaratdilar.

Darvoqe, ko‘p ma’lumotlar to‘plab, ko‘p bilgandan ko‘ra, oz bilib, ko‘p amal qilgan foydaliroq. Shuning uchun ham Allohning rasuli ummatga behuda so‘zni unuttirdilar, xayr amalga rag‘bat uyg‘otdilar. Zero, haqiqiy muhabbat amalda zohir bo‘ladi, amalda sinaladi, amal bilan kuchayadi.

Bugun biz payg‘ambarlar haqida o‘qiyapmiz. Tarixlarini o‘rganyapmiz. Siyratlari bilan tanishyapmiz. Har kuni bilganlarimizga nedir qo‘shiladi, bilimimiz oshadi. Da’volarimiz ham shunga yarasha. Faxr bor, ammo fahm yo‘q. Aql joyida afsuski, xush yo‘q. Dunyoning bebaqoligi-yu, chivinning qanoticha qadri yo‘qligi xususida soatlab majlis quramiz, sahobalar holatidan hayratlanib, tonglar orttiramiz. Afsus, ertalab umrimizning eng g‘ayratga to‘la damlarini oxirat uchun emas, dunyo uchun musobaqalashib o‘tkazamiz. Eng kerakli paytda qani u biz o‘rgangan taqvo? Qani u biz bilgan g‘am? Nahotki barchasi yolg‘on?!! Balki bugun qorin to‘qu, ko‘zlar och. Noz-ne’matlar bisyoru, baraka yo‘q. Jamoat jamu, fayz kam bo‘lishi shundanmikin?

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Allohga qasamki, meni ota-onangiz, farzandlaringiz va molu dunyolaringizdan yaxshiroq ko‘rmaguncha haqiqiy mo‘min bo‘la olmaysizlar”.

Sahobalar haqiqiy mo‘min byolish ishtiyoqida muhabbatni namoyish qilish bilan emas, balki muhabbat bilan band edilar. Bunga misol ko‘p.

Uxud jangida “Muhammad o‘ldirildi” degan gap tarqaldi. Bazilar Madinaga qarab qochdi. Payg‘ambarini suygan ansoriya ayollar “Rasululloh qaerda?” deya u zotni qidira boshlashdi. Ular hatto “o‘g‘ling shahid bo‘ldi”, “otang o‘ldi”, “ering halok bo‘ldi” degan gaplarga e’tibor berishmadi. Payg‘ambarini izlashdi...

Payg‘ambar alayhissalom dunyodan o‘tganlaridan keyin bir ayol kelib Oyisha onamizdan Rasulullohning qabrlarini ko‘rsatishlarini iltimos qildi. Oyisha onamiz muborak qabrni ko‘rsatganlaridan keyin u ayol qabr yoniga borib, qabrni o‘pgan holida jon taslim qildi...

Bilol habashiy Rasululloh vafotlaridan keyin azon aytolmadilar. “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” deyishlari bilan xushdan ketaverdilar...

Alloh va rasuliga bo‘lgan muhabbat qalb siridir. Bu sir qancha ichkarida bo‘lsa, muhabbat shuncha kuchli bo‘ladi. Amallar bu sirni yashmradi. So‘zlar oshkor qiladi. Alloh uchun qilayotgan amalimizni O‘zi bilsa bas. Chunki payg‘ambarimiz shunday edilar. U zotga muhabbatimiz chin bo‘lsa, sunnatlari bilan yashab, siyratlari bilan sifatlanaylik.

“Hilol” taqvimining 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.