background
logotype
image1 image2 image3

Laylat ul-Qadrning fazilati qaqida

Olloh taolo bunday deydir: «Biz ushbu Qur’onni Qadr Kechasi nozil qildik. Laylat ul-Qadr deganda, neni tushung‘aysen va Laylat ul-Qadr o‘zi nedir? Laylat ul-Qadr ming oydan ham yaxshiroqdir. O’shal kecha parvardigorlari hukmi ila farishtalar va Jabroil tushg‘aydirlar, ul kecha tong otguncha omonliq kechasi bo‘lg‘aydir».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Ramazonning farz ekanlig‘iga ishonib, unga ixlos qilib va uning savobidan umid aylab, ro‘za tutgaydir, ilgarigi qilgan gunohlarining barchasi kechirilg‘aydir, va shuningdek, kimki Qadr Kechasini, uning ulug‘ligiga inonib, unga ixlos qilib va undan savob umid aylab, bedor o‘tkazg‘aydir ham, ilgari qilgan gunohlarining barchasi kechirilg‘aydir»,- deganlar». 

Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutingiz!

Ibn Umar raziyalloku anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari Laylat ul-Qadrning Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lmog‘ini tushlarida ko‘rishgan erkan. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sizlarning tushlaringiz Laylat ul-Qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisinda erkanlig‘iga muvofiq kelg‘aydir, deb o‘ylarmen. Kimki Laylat ul-Qadrni kutmoqchi ersa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisinda kutsin!» - dedilar».

Abu Sa’id rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirdik. Janob Rasululloh Ramazonning yigirmanchi kuni ertalab chiqib, bizga va’z qildilar, so‘nt: «Tushimda menga Laylat ul-Qadr aniq ko‘rsatildi, ammo uning qaysi kun bo‘lmog‘i yodimdan chiqib qoldi. Uni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutingiz! Men tushimda loy joyda sajda qilayotgan ermishman, endi kimki paygambar birlan e’tikrfga o‘tirgan ersa, uyiga qaytsin!» -dedilar. Biz uyimizga yo‘l oldik. Osmonda hech qanday bulut yo‘q erdi. Ittifoqo, bir bulut paydo bo‘lib, shundoq yomg‘ir yog‘dikim, hatto masjidning tomi oqib tushdi, chunki masjidning tomiga xurmo shoxlari yopilgan erdi. So‘ng, bomdodga takbir aytildi. Shunda, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning loy joyda sajda qilayotganlarini, hatto peshonalariga loy tekkanini ko‘rdim».

Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutmoq lozim

Oisha raziyallohu anxo: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlari kutingiz, deb aytibdirlar»,- deydilar.

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyining ikkinchi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirib, yigirmanchi kechani o‘tkazgach, e’tikofni tugatar erdilar. Keyin, yigirma birinchi kechani o‘tkazib, yana e’tikofga o‘tirar erdilar, boshqalar ham qaytib birga e’tikof qilishar erdi. Janob Rasululloh Ramazon oyida odatdagidek e’tikofga o‘tirdilar. Yigirmanchi kechani o‘tkazgach, tashqariga chiqdilar-da, odamlarga ta’z aytdilar, so‘ng ularga bir qancha yumushlarni buyurib: «Bu o‘n kunlikda e’tikof qildim, ammo menga oxirgi o‘n kunlikda ham e’tikof qilmoq lozimligi ayon bo‘ldi, kimki Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikof qilgan ersa, e’tikofni davom ettirsin! Tushimda menga Laylat ul-Qadr (kechasi) bo‘ladirgan kun aniq tayinlandi, biroq ul yodimdan chiqib qoldi. Endi, uni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutingiz! Men tushimda loy yerga sajda qilayotgan erkanman» ,— dedilar. Shul kecha yomg‘ir yog‘di, masjid tomidan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning namoz o‘qiydirgan yerlariga chakka o‘tib, loy bo‘lib ketdi. Keyin, Ramazonning yigirma birinchi kechasi Janob Rasulullohning bomdod o‘qib qaytayotganlarida muborak yuzlariga loy tekkanini ko‘rdim».

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Qadr Kechasini kutingiz!» deb aytdilar»,-deydilar.

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga o‘tirardilar va «Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligida kutingiz!» - der erdilar»,- deydilar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Laylat ul-Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligida, ro‘zaning to‘qqiz kuni qolganda yokim yetti kuni qolganda yohud besh kuni qolganda kutingiz!» - der erdilar»,- deydilar. 

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Laylat ul-Qadr oxirgi o‘n kunlikda - yigirma to‘qqizda, yigirma yettida bo‘lg‘aydir»,- dedilar»,- deydilar. Ibn Abbos raziyallohu anhu «Laylat ul-Qadrni to‘rtinchi kecha kutingiz!» degan hadisni ham aytganlar.

Laylat ul-Qadr tayin qilingan kunning, kishilar janjallashib qolganligi sababli, yoddan ko‘tarilganligi haqida

Uboda ibn as-Somiy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Laylat ul-Qadr qaysi kuni bo‘lmog‘ini xabar qilmoq uchun chiqdilar. Yo‘lda ikki musulmonning janjallashayotganini ko‘rib, o‘shal kun yodlaridan chiqib qoldi. Janob Rasululloh sahobalarga: «Men sizlarga Laylat ul-Qadr bo‘ladirgan kunni xabar qilmoqchi bo‘lib chiqqan erdim, biroq yo‘lda falonchi birlan pistonchining janjallashayotganini ko‘rib, yodimdan ko‘tarilib ketdi, Qadr Kechasini Ramazonning yigirma to‘qqiz yokim yigirma yetti yoki yigirma beshinchi kunlarida kutingiz!» - dedilar».

Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ibodat qilmoqqa qattiq kirishmoq lozimligi haqida

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, ahllari ila aloqa qilmoqdan uzoqlashar erdilar, kechalari uxlamas erdilar va uydagilarni ham ibodat qilmoqqa uyg‘otar erdilar»,-deydilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.