background
logotype
image1 image2 image3

Jannat ahlining sifati va darajasi

 Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatga kiradigan birinchi guruh (boshqa bir rivoyatda: "Ummatimning bir guruhi", deyilgan) badr kechasidagi to‘lin oy yanglig‘ bo‘ladi. So‘ng ulardan keyingilari osmonda nur sochib turgan charaqlagan yulduz kabi bo‘ladi. (Yana bir rivoyatda: "So‘ng bundan keyin darajalar bo‘ladi", deyilgan.) Ular u yerda bavl qilmaydilar, axlat chiqarmaydilar, tuflamaydilar, burun qoqmaydilar. Taroqlari oltin, tuproqlari mushk, juftlari hurlardir (boshqa rivoyatda: "Ulardan har birining ikkitadan jufti bor, go‘zal-liklaridan boldirlarining iligi ko‘rinib turadi. Ular o‘rtasida ixtilof, bir-birlarini yomon ko‘rish bo‘lmaydi. Ularning qalblari bir qalbdek, ertayu kech Allohga tasbeh aytadilar", deyilgan)" (Muslim rivoyati).

Bir rivoyatda: "Ularning xulqlari bir kishining xulqidek, bo‘ylari otalarining bo‘yidek (ya'ni, Odam alayhissalomning bo‘ylaridek)", deyilgan. Yana bir rivoyatda: "Otalarining bo‘yidek oltmish ziro' bo‘ladi", deyilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan: "Jannatda erkaklar ko‘pmi yo ayollar?" deb so‘rashganda: "Har bir kishi uchun ikkita ayol bo‘ladi, ularning boldirlari suyagidagi iliklari go‘shtining ustidan ko‘rinib turadi. Jannatda bo‘ydoq odam bo‘lmaydi", dedilar.

Ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlidan bo‘lgan ayol (shunchalik go‘zalki) boldirining oqligi yetmishta ziynat ortidan ham bilinib turadi, hatto iligi ham ko‘rinadi. Bu hol Alloh taolo aytganidekdir:"Ular (ya'ni, hurlar soflik va oqlikda) go‘yoki yoqut va marjonlardir" (Rahmon, 58). Chunki yoqut shunday toshki, agar uning orasidan ip o‘tkazsang, sofligidan u ip ko‘rinib turadi" (Termiziy rivoyati).

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Agar jannat ahlidan bo‘lgan bir ayol yer ahliga ko‘rinsa, yeru osmon o‘rtasi nurlanib, xush bo‘yga to‘lib-toshadi. Shubhasiz, uning boshidagi ro‘moli dunyo va undagi barcha narsadan yaxshidir" (Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli soqolsiz, ko‘zlari tim qora bo‘ladi. Ularning yoshligi ketmaydi (ya'ni, qarimaydilar) va kiyimlari ham eskirmaydi" (Termiziy rivoyati).

Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Jannat ahli jannatga soqolsiz, ko‘zlariga surma surtilgan holda yoshlari o‘ttiz yoki o‘ttiz uch bo‘lib kiradi".

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli soqolsizdir. Faqat Muso ibn Imronninggina kindigigacha soqoli bo‘ladi".

Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu aytadilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Agar jannatdagi tirnoqchalik bir narsa dunyoga ko‘rinsa, butun yeru osmon o‘rta-sidagi narsalar ziynatlanib, yashnab ketadi. Agar jannat ahlidan bir kishi chiqib, yengini ko‘rsatsa, quyoshning nuri yo‘qoladi, xuddi yulduzning nurini quyosh yo‘qotganidek" (Ter-miziy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kishi yosh o‘ladimi, qari o‘ladimi, jannatda o‘ttiz yoshda bo‘ladi, undan oshmaydi, kamaymaydi ham. Do‘zax ahliniki ham shunday bo‘ladi".

Yuqorida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda jannatda har bir kishi uchun ikkitadan ayol b-rilishi aytildi. Bu xabardan jannatda ayollar erkaklardan ko‘p bo‘lishi tushuniladi. Vaholanki, Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: "Ayollar jannatda kamchilikdir", deb ularning erkaklardan kamligi, aksincha, do‘zaxda ko‘pchilikni tashkil etishi aytilgan.

Bu haqda ulamolarimiz turlicha fikrlar bildirishgan. Shulardan biri: mutlaq ayol zoti jannatda erkaklardan ko‘p bo‘ladi, bu to‘g‘ri. Ammo bu ko‘plik jannatda yaratilgan hurlarning hisobiga ko‘ra. Dunyoda yashab o‘tgan ayollar esa, jannatda erkaklardan oz bo‘ladi. Bu dunyo ayollari do‘zax ahlining ko‘pchiligidir.

Jannatda dunyo ayollarining kamligi haqidagi hadis ayollar do‘zaxdalik paytlari nazarda tutib aytilgan bo‘lsa, ajabmas. Qachonki, do‘zaxdagi ayollar shafoat va Alloh taoloning rahmati tufayli do‘zaxdan chiqsa, hatto "Laa ilaha illalloh" degan birorta ayol qolmasdan jannatga kirsa, o‘shanda ayollar jannatda erkaklardan ko‘p bo‘lib, har bir erkakka dunyo ayollaridan ikkitasidan beriladi. Hurlar esa ko‘p-ko‘p ato etiladi.

Xuddi shu ma'noda Abu Said Xudriydan rivoyat bor: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahlining eng quyi darajadagisi uchun sakson mingta xizmatchi va yetmish ikkita ayol (juft) bo‘ladi" (Termiziy rivoyati).

Yana shu ma'nodagi hadisni Abu Muhammad Dorimiy ham Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.

"Taroqlari oltin, kumush, tutatqilari xushbo‘y bo‘ladi", degan so‘z xususida ba'zilarda shunday fikr tug‘ilishi mumkin: "Jannatda soch tarashga ne hojat, vaholanki, sochlari to‘zimasa, kir bo‘lmasa; tutatqiga ne hojat, o‘zlarining hidlari mushkdanda xushbo‘yroq bo‘lsa?"

Ularga shunday javob beriladi: Jannat ahliga berilajak ne'matlar, kiyimlar ularning avratlarini yopishga muhtojliklari uchun emas, ularning yeb-ichish, taomlari ochlikdan emas, sharob, may kabilar chanqoq sababli emas, xushbo‘y tutatqilar tutatilishi ham ularning yoqimsiz hiddi bo‘lishidan emas. Balki bularning hammasi doimiy lazzat, uzluksiz ne'matdir. Alloh taolo Odam alayhissalomga aytgan so‘zni eslang:"Shubhasiz, sen u joyda (ya'ni, jannatda) och-yalang‘och qolmaysan. Va u joyda tashna ham bo‘lmaysan, issiqda ham (issiqdan qiynalib ham) qolmaysan" (Toho, 118-119).

Buning hikmati shuki, Alloh taolo jannat egalarini jannatda dunyoda ne'matlantirmagan ne'matlar bilan ne'matlantiradi va ularga O'zidan boshqa hech kim bilmaydigan narsalarni ziyoda qilib beradi.

Xuddi shunday fikr do‘zax ahli haqida ham bo‘lishi mumkin. Alloh taolo: "O'shanda (ya'ni, do‘zaxga tashlanganlarida) ular bo‘yinlarida kishan va zanjirlar bilan qaynoq suv tomonga sudralurlar, so‘ngra olovda yondirilurlar" (G'ofir, 71);

"Zero, Bizning dargohimizda (kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan) kishanlar va (ularni kuydirib ozor beruvchi) olov-do‘zax bordir" (Muzzamil, 12), degan. Bas, Alloh taolo ularni dunyoda azoblamagan azoblari bilan azoblaydi. Sha'biy aytadi: "Alloh taolo do‘zaxiylarni qochib ketmasin uchun kishanlaydi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, Allohga qasamki, unday emas! Ular ko‘tarilishni xohlasalar, bu kishanlar ularga og‘irlik qilib, bosadi va bo‘sh holatda azoblangandan ko‘ra qattiqroq azoblanadi".

Ibn Muborak aytadilar: "Bizga Said ibn Abu Ayyub Uqayl ibn Shihobdan ushbu hadisni aytdi: "Jannat ahlining tili arabcha, qabrdan chiqqanlarida suryoniy bo‘ladi".

Sufyon aytadi: "Bizlarga yetdiki, insonlar qiyomat kuni jannatga kirishlaridan oldin suryoniy tilida gapiradi. Jannatga kirganlaridan keyin arab tilida so‘zlashadilar".

Imom Qurtubiyning "Tazkira"sidan (Toshkent, "Movarounnahr", 2006) olindi. 
Tarjimonlar: Jahongir To‘lqin o‘g‘li va Ubaydulloh Abdulaziz o‘g‘li


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.