Ilk namoz, ilk sajda
Bu hikoya AQShdagi Kanzas universitetining matematika o‘qituvchisi, professor Jefri Langning “Men musulmon bo‘lgan kun” kitobidan olingan. Unda professor o‘zining islomni qabul qilgach, birinchi bor o‘qigan namozi haqida yozadi:
“Musulmonlikni qabul qilgan kunim masjid imomi menga namoz o‘qish tartib-qoidalariga oid kitobcha hadya qildi. Buni ko‘rgan musulmon o‘quvchilardan ba’zilari nafsingizga og‘ir keladigan ishlarda oshiqmang, deyishdi. Men esa hayron bo‘ldim: namoz o‘qish shunchalik qiyin ishmi? Shu o‘y bilan qaror qildim – besh vaqt namozni o‘rganib, bugundanoq o‘qishga kirishaman.
O‘sha kecha xonamda o‘tirib olib, kitobchadagi suralarni, duolarni o‘qib chiqdim, namoz harakatlarini o‘zlashtirishga, arabcha matnlarni o‘qib, inglizcha ma’nolarini tushunishga harakat qildim. Namozga tayyor ekanimga ishonch hosil qilganimda yarim kecha bo‘lgan edi. Demak, xufton namozidan boshlayman.
Tahorat olish uchun yuvinish xonasiga kirdim, kitobga qarab-qarab tartib bo‘yicha tahorat oldim, yuz-qo‘limdan suv tomganicha xonamga kirdim (chunki kitobda tahoratdan so‘ng artinmaslik mustahab ekanligi yozilgandi). Xonaning o‘rtasiga qiblani taxmin qilib solingan joynamoz ustiga bordim. Lekin shu payt eshik ochiq emasmikan, degan xavotir o‘tdi o‘yimdan. Borib qaradim, yopgan ekanman. Namozga turdim, chuqur nafas oldim, keyin qo‘llarimni ko‘tardim. “Allohu akbar” deya takbir aytdimu... ovozimni hech kim eshitmayaptimi, degan xayol bilan derazaga qaradim, parda ochiq edi. Tez deraza oldiga bordim, meni kuzatishmayaptimi, deb tashqariga qaradim, hech zog‘ yo‘q. Pardani yaxshilab yopib, joynamozga qaytdim. Avval “Fotiha”, ortidan kichik suralardan birini o‘qidim (arabcha o‘qishga juda qiynaldim, agar o‘sha paytda birorta arab meni eshitsa, hech nimani tushunmagan bo‘lardi). So‘ngra past ovoz bilan takbir keltirdim va ruku’ga egildim, qo‘limni tizzam ustiga qo‘ydim. Shu paytgacha belim hech kim qarshisida bunchalik mayishmagandi. Uch bor “Subhana robbiyal aziym”, keyin qaddimni tiklab “Sami’allohu liman hamidah, Robbana lakal hamd”, dedim. Yurak urishim tezlashdi, hayajonim oshdi. Endi sajdaga navbat kelgandi. Bezovta nigohlarim sajdagohga qadaldi: “Nahotki men sohibi huzuridagi qulday qo‘llarimni, tizzamni yerga qo‘ysam? Nahotki o‘zimni o‘zim xor qilib, burnimni yerga ishqasam? Yo‘q, bunday qilolmayman!” Shu o‘ylar bilan joyimda mixlangandek o‘tirib qoldim. Turib ketay desam, oyoqlarim qotib qolgandek edi. Yo‘q, dedim o‘zimga, boshladimmi, ortga qaytmayman. Yordam ber, Allohim, deya o‘zimni majburlab egildim, boshimni sajdaga qo‘ydim (burnim yerga tegdi). Uch bora “Subhana robbiyal a’la” dedim. Turib o‘tirdim va yana takror sajdaga bordim. “Allohu akbar” deya o‘rnimdan turarkanman, g‘ururim bilan tinmay bahslashardim...
Keyingi rakatlar, sajdalar ancha oson, sokin kechdi. Ikki yonimga salom berayotganimda vujudimda qattiq horg‘inlik his qildim, voajab, namoz o‘qish shunchalik mushkul ishmi? Shu o‘y xayolimga urilishi bilan borlig‘imni uyat, pushaymonlik hislari qamrab oldi, boshim egildi va... yig‘lay boshladim: “Allohim, johilligimni, takabburligimni afv et. O‘zingga ma’lum, men uzoq yo‘l bosib keldim. Bu yorug‘ yo‘lning boshidaman, tugatishimga yordam ber...”
Shu asno titroq ichida qolgan tanamga yoyilgan rohatbaxsh halovat vijdonimgacha yetib keldi, go‘yoki Alloh taoloning rahmati tanamdagi kichik zarralargacha qamrab oldi. O‘zim esa sababini bilmaganim holda yig‘layverdim. Juda totli yig‘i edi bu (o‘sha paytdagi hissiyotlarim izohini endi topgandekman: biz chin dildan tavba qilganimizda Alloh azza va jalla ham gunohlarimizni kechirar, ham qalbimizga shifo berar ekan)...
Egik boshimni ikki qo‘lim orasiga olib uzoq yig‘lab o‘tirdim. Ko‘zyoshlar ichra Alloh taolo va namozga juda muhtojligimni, ularsiz yashash endi imkonsiz ekanini idrok etdim va duo qildim:
Allohim, agar men Senga yana kufr keltirishga jur’at qilsam, jonimni ol, toki huzuringga imonim bilan boray. Shu daqiqadan ishondimki, sening biru borligingni inkor etadigan bo‘lsam, hayotning menga keragi yo‘q. Sensiz yashamoq menga haromdir!”
“Irfon” taqvimining 2009 yil, 4-sonidan olindi.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Namoz kitobi
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Najotkor duolar
- Tahorat kitobi
- Ro‘za kitobi
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- Salovotlar. Istig'for duolari
- 6 diniy kalima
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- G‘usl, tayammum
- Eng yomon sakkiz toifa
- Jamoat kitobi
- Besh panjaning ma’nosi
- Namozdan keyingi zikrlar
- Azon
- Namoz haqida oyat va hadislar
- Hayit va jum'a namozlari
- Rasulullohning tug'ilishlari
So'nggi maqolalar
- Ramazon taqvimi (2018 yil / 1439 hijriy)
- Tuproq xudo bo‘la oladimi?
- Yolg‘onning tug‘ilishi
- Go‘zal xotima
- Sehrli kecha
- Bo‘ysunmas pashsha
- "O‘zingga qattiq, qolganlarga yumshoq bo‘l"
- Hayot haqida 20 hikmat
- Aybsiz do‘st izlagan do‘stsiz qolar
- Yolg‘on tavbaning jazosi
- Baraka sababi
- Jaloliddin Rumiydan 55 hikmat
- Qalb oynasi
- Ubay ibn Ka’b
- Ukkosha ibn Mihson
- Abul A’lo al-Hadramiy
- Suhayl ibn Amr
- Abdulloh ibn Jahsh
- Abu Salama Abdulloh ibn Abdul Asad
- Abdulloh Zulbijodayn
2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.