background
logotype
image1 image2 image3

Hojilar Haj haqida...

 Makkai mukarrama...Dunyodagi eng mukarram, ardoqli shahar. Qur'oni karimda bir necha marta zikri kelgan tinchlik - omonlik, osoyishtalik, emin - erkinlik diyori. Ilk vahiy indirilgan muazzam o'lka. Insoniyatning so'nggi payg'ambari Muhammad sallallohu alayhi va sallam tug'ilgan, kamolga etgan, payg'ambar va elchi qilib yuborilgan tabarruk shahar.

Hamma yo'llar Haramga olib boradi

Shaharning hamma yo'llari Masjidi Haramga olib boradi. Makkaga kelib tushuvchi barcha hojilarni faqat bir tuyg'u o'rab - chirmaydi. Ular musofirhonalarga joylashib - joylashmay Haramga oshiqishadi. Tezroq Alloh taologa qullik izhor etish, gunohlar mag'firatini, uxroviy va dunyoviy hojatlarini so'rash uchun Uning Baytiga talpinishadi.

Ko'chalarni to'ldirib borayotgan oppoq kiyimli odamlar oqimiga qo'shilamiz. Ularning vatanlari boshqa, irqlari bo'lak, tillari turlicha, ranglari turfa hil. Hatto urf - odatlari, tutumlari ham farqli. Ammo kiyimlari bir hil, e'tiqodlari bir hil. Qalblarida Allohga va Uning Baytiga muhabbat jo'sh uradi. Ko'zlarida tavba - tazarru, nadomat yoshlari. Tillarida "Labbayka", takbir, tahlil, istig'for duolari. Ohista avaylab qadam tashlashadi. Axir, bu yo'ldan Hazrati Rasululoh sallallohu alayhi va sallam o'tganlar! Bu yo'ldan u zotning safdoshlari necha bor Haramga qatnashgan! Balki Islomning ilk shahidlari qoni ayni shu ko'chaga to'kilgandir?

Haramga yaqinlashganimiz sari qadamlar tezlashadi. Mana, orziqib kutilgan Baytulloh! Yarim tun bo'lishiga qaramay, hammayoq sutday oppoq, oydin. Masjidning muazzam darvozalari, xonaqohlari nurga cho'milgan, yo'llarda nur, peshtoqlarda nur,odamlarning kiyimida nur, yuzlarida nur, nigohlarida nur. Alloh taoloning nuri hamma yoqni porloq qilib yuborganday!

"Salom" eshigidan "Bismilloh" bilan ichkariga kiramiz. Atrofida oppoq kiyimli kishilar aylanayotgan o'rtadagi Ka'baga nazarlarimiz tushadi.

"La ilaha illalloh, Allohu akbar! Parvardigorim, ushbu Baytingni hamma tavof qilgani uchungina sevmaymiz. Ushbu Baytingni unga zarrin ka'bapo'sh yopilgani, jimjimador naqshi - nigorli eshigi borligi uchungina sevmaymiz. Ka'ba timsolida Sening rahmatingdan umidvor bo'lib, mag'firatingni tilab, duolarimiz ijobatini so'rab, tavba - o'tinchlarimizni izhor qilib huzuringga bosh urib keldik. Baytning haqqi - hurmati, Sendan komil iymon, sodiq ishonch, keng rizq, qo'rquvchi qalb, zikrga shoshuvchi til so'rab keldik. Bizlarga faqat halol narsani, haqiqiy tavbani, o'lim paytidagi rohatni, rahmat va mag'firatni, hisob vaqtidagi avfni, jannatni nasib et. Allohim, hajimizni mabrur, sa'yimizni mashkur, gunohlarimizni mafkur, amallarimizni mafkur qilgin!"

 

Masjiddagi voqea

Hamxonam Zokirjon hoji bilan har kuni tunggi ikkida Haramga ibodat qilgani jo'naymiz. Bugun ham odatdagiday masjidga kirib, shundoqqina Ka'ba ko'rininb turgan o'rinda joylashdik. Avval nafl namozlarimizni o'qidik. So'ngra Qur'oni karimni xatm qilishni davom ettirdik. Shu payt ko'zim mendan ikki qadam narida ibodat qilayotgan novchagina yigitga tushdi. Ehromdagi bu yigit ko'rinishidan Ovrupa mamlakatlarining biridan kelganga o'xshaydi: oq yuz, malla soch, ko'zlari ko'kish.

Lekin hozir meni uning tashqi qiyofasi qiziqtirmayotgan edi. Tik holatda Ka'baga yuzlanib, qo'llarini duoga ko'targan, ko'zlaridan yosh jalasi quyiladi. U shunchalar xokisorlik, muhabbat va ihlos bilan duo - iltijo qilar edi, beixtiyor havasim kelib ketti. Keyin masjidning oppoq marmarlari ustida namoz o'qishga kirishdi. Namozni tugatib, yana boyagiday ixlos bilan uzoq duo qildi. So'ng yonidagi kitob tokchasidan Qur'oni karimni olib tilovat boshladi.

Toliqib, har gal ko'zlarimga bir oz dam bermoqchi bo'lganimda uning holatini kuzataman. Ovrupalik endi qiroatni tugatib, yana tik turganicha duo boshlagan edi. Yig'i aralash ancha vaqt duo qilib turdi. Keyin erga o'tirib, tizzalarini quchoqlagan holatda Ka'baga uzoq tikilib o'tirdi.

Qancha vaqt o'tirganini bilmayman. Bir payt qarasam, ovrupalik yigit safar haltasini boshiga qo'yib, yotishga tayyorgarlik ko'ryapti. "Ibodat qilaverib charchabdi - da, endi bomdod namozigacha bir oz mizg'ib olsa kerak", degan fikr hayolimdan o'tdi. U atrofidagi namozhonlarga ozor berib qo'ymaslik uchun g'ujanak holatga kirib, haltasiga bosh qo'yganicha, asta cho'zildi. Bo'yi sal kam ikki metrli kishining bir metrga etib - etmagan joyda uxlashini bir tasavvur qiling. Ammo yigit bu noqulaylikka also parvo qilmay, sovuq marmar ustida orom istar edi. Uni uxlashga yotdi deb noto'g'ri o'lagan ekanman. Mallasoch yigit yonboshlagan holatda qo'lida tasbeh bilan takbiru tahlillarini boshlab yurgan edi.

 Vaqt bomdodga yaqinlashgani uchun ko'pchilikni mudroq olgan, shayton vasvasani kuchaytirgan. Boyagi yigitni ham uyqu elitib, hozir qo'lidan tasbeh tushib ketsa kerak, degan hayolda bir necha bor u tomonga ko'z tashlab qo'ydim. Yo'q, har gal tasbeh donalarining oxista o'tishini, lablarini pichirlayotganini ko'raverdim. Bir oz vaqt o'tgach, u o'rnidan dik etib turdi-da, yana Ka'baga yuzlanib, duoga qo'l ochdi.

Ovrupalik notanish yigitning bunchalik ixlos bilan ibodat qilayotganini ko'rib, sovg'a - salom ilinjida do'kon kezib, mehmonxonada behuda suhbatlar va uyqu bilan qimmatli qancha vaqtlarini sovurgan ayrim insonlar esimga tushdi. Musulmon bo'lmagan o'lkada, musulmon bo'lmagan kishilar orasida ulg'aygan bu yigitning Alloh taologa muhabbati har birimiz uchun eng yaxshi saboq edi.

 

Bu yigitdan o'rnak oling!

Peshin namozini kutib, Haramda tilovat, zikr qilib o'tiribmiz. Ka'bani ming minglab hoji tavof qilyapti. Shu payt yonginamizga bir yigit mayiblar aravachasida o'tirgan bir qariya bilan kelib qoldi. Aravachani safga qo'yib, o'zi uning orqasidagi haltachadan kichikroq tog'oracha va suv idishini oldi. Ko'ksiga osilgan qog'ozdan uning Dog'istondan ekani ko'rinib turardi. Qiziqsinib turganimni ko'rib, gap ochdi:

- Otam anchadan buyon dard chekadilar. Bu yil hajga olib borasan, kelgusi yilgacha bormanmi - yo'qmi, deb turib oldilar. Yaxshiyam, aravacha bor ekan, shunda ibodat qildirib yuribman. Bomdod namoziga olib keluvdim. Namozdan keyin uxlab qolib, tahoratlari sindi. Boxabar bo'lib tursangiz, men zam - zam olib kelib tahorat qildirib qo'yardim.

Idishni ko'tarib, suvga ketdi. Hatto qo'llarini qimirlatishga kuchi etmayotgan, nursiz ko'zlarini ochib turishga ham majoli qolmagan otaxonning bunchalik mashaqqatli safarga g'ayrat qilganiga tasanno aytib o'tirardim. Shu payt Dog'istonlik yigit keldi, tog'orani otaning tizzasiga qo'yib, uni tahorat qildira boshladi. Keyin tog'orani erga qo'yib, oyoqlarini yuvishga kirishdi. Tahorat qildirib bo'lgach, sochiq olib otaxonning yuvilgan a'zolarini birma - bir artdi. Keyin aravachani Ka'ba tarafga to'g'irladi-da, yoniga joynamoz solib, o'zi ham namoz o'qishga kirishdi.

Qari otasini uzoq Dog'istondan haj qildirgani olib kelgan, uni har kuni ibodat uchun Haramga etaklab kelayotgan, kuniga bir necha marta tahoratigacha qildirayotgan baxtiyor o'g'ilning matonatiga tasanno aytib o'tirar ekanman, bexitiyor ichimdan shunday og'riqli gaplar otilib chiqdi:

- Ey otani hurmatlashni unutib qo'ygan, ularga itoat qilmayotgan, dilini og'ritayotgan, ulg'aytirib - tarbiyalagan buzrukvoridan xabar olmay, o'z holiga tashlab qo'ygan, ularni haqoratlayotgan, hatto, qo'l ko'tarishga brogan, qariyalar uyiga olib borib tashlagan nobakor farzandlar! Otani hurmatlashni, unga extirom ko'rsatib, duosini olishni mana bu yigitdan o'rganing! Zero, ota duosi, uning roziligi jannat eshiklarining ochqichidir!

 

"Assalom, ey Baytulloh!"

Odatdagidey yarim tunda Haramga etib bordim. Poyabzalimni yechib, endi darvozadan kirmoqchi bo'lib turganimda ajib bir manzarani shohidi bo'ldim. Qorachadan kelgan bir yigit (aftidan, turk bo'lsa kerak) ikki yoshlar chamasidagi, jingalaksochli qizchasini ko'tarib masjidga kirib ketayotgan ekan. Qizcha dadasining elkasiga boshini qo'yganicha dong qotib uxlab yotibdi. Jajji qo'lchalarining biri otaning bo'yniga chirmashgan, boshqasi yoniga osilgan. "Bolaning uyqusini buzib, yarim tunda masjidga olib kelish shartmidi?" degan fikr hayolimdan o'tdi. Hatto bu bemehir otadan bir oz o'pkalagan bo'ldim.

Qizchasini ko'targan turk yigiti "Bismillah" deya Haramga qadam qo'yar ekan, elkasida o'tirgan qizchasi uyqu bosgan ko'zlarini ocholmagan holatda bir necha bor "Assalam, ya Baytulloh!", "Assalom, ya Baytulloh!" deya Masjidi Haramga salom berdi. Hayratdan qotib qoldim. Butun vujudimga titroq kirdi, ko'zimdan yosh qalqidi. "Subhonalloh!". Shunday murg'ak yoshdagi, uyqudan ko'z ocholmagan holatdagi qizaloqqa Allohning Baytiga salom bilan kirishni kim o'rgatgan? Hatto uyqusirayotgan bo'lishiga qaramay, bunday salom aytishni u qaysi bahtli insonlardan o'rgangan? Boyagina jajji qizalog'iga bemehrlikda ayblab, ich - ichimdan yoqtirmay turganim turk yigitining oldiga borib, mahkam quchgan holda: "Rahmat sizga! Shunday ajoyib qizchani tarbiyalaganingiz uchun Alloh sizga ikki dunyo saodatini bersin!" deb duo qilgim keldi.

Shunda lop etib kechagina bo'lib o'tgan voqea yodimga tushdi. Juma namozida izdihom katta bo'lishini bilganimiz uchun masjidga ertaroq yetib bordik. Joylashib, zikrulloh, Qur'oni karim tilovati bilan mashg'ul bo'ldik. Shu payt keyingi safdan eshtilayotgan gap so'zlar diqqatimni tortdi. E'tibor qilmay, oldimdagi kitobga tikildim. Biroq orqadagi yurtdoshlarimning suhbati fikrimni chalg'itaverdi. Sabrim tugab, ortga o'girildim. Soch soqoli oqargan, etmishlarga borib qolgan bir qariya o'rta yoshlardagi sherigiga nechta farzandi borligi, kattasiga qaerdan uchaska qilgani, uylarni qanday qurgani, nima darahtlar o'tqazgani haqida uzundan - uzoq hikoya boshlagan edi. Juma hutbasi boshlandi ham, ularning baland ovozidagi suhbati tugay demasdi. Birgina men emas, yon -  atrofdagi namozhonlarning norozi nigohlariga parvo qilmay, gaplashaverishdi. Shu munosabat bilan kecha ko'nglimga toshdey o'rnashib qolgan o'kinch muzini hartugul bugun bu murg'ak qizaloqning uyqusiragan lablaridan uchgan so'zlar eritib yubordi...

 

Makka kabutarlari

 Makkada eng ko'p uchraydigan jonzot, menimcha, kabutarlar bo'lsa kerak. Qayoqqa qaramang, tanasi kulrang, bo'yin atrofi esa huddi marjon kabi rang - barang tovlanuvchi ana shu beozor qushlarga ko'zingiz tushadi. Ular odamlardan hurkishmaydi. Haram atrofiga, ko'chalarga, maydonchalarga sepilgan donlardan eb, rizqlarini terib yurishadi.

Ayniqsa, Masjidi Haram atrofidagi kabutarlarning sanog'iga etish qiyin. Savobtalab hojilar elim haltachalarda sotilayotgan bug'doydan harid qilib, qushlarga sochishadi. Ulardan eb, qorni to'ygan kabutarlar huddi buyruqqa quloq solgandey birdaniga shiddat bilan havoga ko'tarilishadi. Haram ustida bir necha bor charx urib aylanishadi. O'z tillarida nimalardir deb "g'uv - g'uv" lashadi.

Ularning parvozini, samoda to'xtovsiz aylanishini ko'rib, havasim keladi. Har gal ular Baytullohni tavof qilayotgandek tuyilaveradi. Baytul Ma'murni tinmay tavof qiluvchi farishtalarga o'xshatib yuboraman bu kabutarlarni. Odamlar vositasida Alloh taolo yuborgan mo'l - ko'l rizq bilan taomlanib, shukronasiga Baytulloh tavofi va Allohning zikri bilan javob qaytarayotganday tuyulaveradi. Hatto ularning "g'uv - g'uv" lari qulog'imga "huvalloh" (U Alloh) bo'lib kiradi. Ularning bu qiliqlarini ko'rib, Alloh bergan rizqni eb, U ato qilgan uy - joy, kiyim - kechak, mol - dunyo, ashyolar, shirin - shaker farzandlar, sog'lik, kuch - quvvat, aql - idrok kabi ne'matlarga shukur qilmayotgan bandalar esga tushadi.

Yana bir narsa diqqatimni tortdi. Haram ustida va atrofida shunchalik ko'p kabutar uchib - qo'nib yurganiga qaramay, biror joyga ularning axlat tashlaganini yoki farroshlar ular axlatini tozalayotganini ko'rmadim. Avvaliga hayron bo'ldim. Keyinroq buning siri ma'lum bo'ldi. Bir kuni adashib, Haramga borish yo'lini topolmay qoldim. Bir ko'chadan ketayotsam, qurilish uchun kavlab qo'yilgan kenggina chuqur ichida ming - minglab kabutar g'ujg'on qaynar, bir galasi uchib ketsa, boshqa gala kelib qo'nar edi. Ulkan qurilish maydoni kabutar axlatiga to'lib ketgan edi. Shuncha qushga "hojatxona" ga borishni kim o'rgatib qo'ygan ekan? Aqlsiz qushlarning bu qilig'ini ko'rib, beixtiyor takbir aytib yubordim.

Ahmad Muhammad
Toshkent - Makka - Toshkent
"Hidoyat" jurnali 2007 yil 1 - son

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.