background
logotype
image1 image2 image3

Hasad ortidagi hasrat

Toshkent shahar Bosh imom-xatibi Anvar hoji TURSUNOV bilan suhbat

 

— Bugungi murakkab bir davrda insoniyat tinchlik, barqarorlik ne’matlari nechog‘li ulkan qimmatga ega ekanini anglab yetmoqda. Muqaddas dinimiz Islomda ham tinchlik Yaratganning eng buyuk fazlu inoyati sifatida talqin etiladi. Shunday emasmi?
— Darhaqiqat, Islom dini tinchlik va ezgulik dinidir. Qur’oni karimda ham, hadisi sharifda ham mo‘minlar tinchlikka, o‘zaro ahil hayot kechirishga chaqiriladi. Qur’oni karimda “tinchlik” so‘zi 40 bora takrorlanadi. Hatto hadisi sharifda insonlar orasida nifoqni bartaraf etish tunda Alloh uchun ibodat qilishdan-da savobliroq amal ekani aytiladi.

Aslida “Islom” so‘zining ma’nosi ham aynan tinchlik ma’nosini bildiradi. Dinimizning shioriga aylangan “Assalomu alaykum” kalimasi ham “Sizga tinchlik, xotirjamlik tilayman” deganidir. Bu bejiz emas, albatta.

 

— Bizga ma’lumki, Islom dunyodagi jamiki diniy ta’limotlarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘ladi va musulmonlarni ham ana shu amalga da’vat etadi. Ayni shu jihat — Islomda diniy bag‘rikenglik masalasiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— Islomda bag‘rikenglik masalasi juda muhim o‘rin tutadi. Islom kishilarni birdamlikka, yaxshilikka, ahillikka chaqiradi. Alloh taolo Qur’oni karimning “Hujurot” surasida: “Ey insonlar, men sizlarni har xil elatlar, xalqlar qildim, bir-birlaring bilan tanishinglar, ma’rifat hosil qilinglar deb”, deya marhamat qiladi. Darhaqiqat, Islomda zo‘ravonlik, o‘zgaga zulm yetkazish yo‘q. Insonlarni dinga zo‘rlik bilan chaqirish ham mumkin emas. 
Haqiqiy musulmon, o‘zini Islomda deb bilgan kishilarning shiori tinchlik bo‘lishi kerak. Musulmon odam, hadisga muvofiq, o‘zgalarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmasligi kerak. Bil’aks, mo‘min odam atrofdagilarga faqat manfaat yetkazishi zarur. 
Payg‘ambar alayhissalom: “Din bu husni xulqdir”, deganlar. Ya’ni din bu odobdir, axloqdir, insoniylikning go‘zal tajassumidir. Biz dinni ana shunday tushuntirganimizdagina ezgu maqsadga erishgan bo‘lamiz.

 

— Go‘yoki Islom yo‘lida harakat qilayotgan, aslida esa faqat siyosiy hokimiyatni ko‘zlovchi guruhlar, tashkilotlar qo‘poruvchilik va buzg‘unchilik ishlarini “jihod” degan so‘z bilan niqoblashga urinadi. Shariat va Islom aqidasi bo‘yicha “jihod” tushunchasi qanday ma’noni anglatadi?
— Alhamdulillahki, dinimiz nihoyatda pok, mo‘’tabar din. Ana shu muqaddas dinni siyosiy maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida niqob qilib olish — Islom diniga xiyonatdir. Biz, avvalo, ularni Islom yo‘lida harakat qilayotgan kishilar, demaymiz. Balki muqaddas dinni o‘z g‘arazli niyati yo‘lida niqob qilib olgan kimsalar, deb ataymiz.
Afsuski, niyati va maqsadi xolis bo‘lmagan ayrim kimsalar o‘zlari bilib-bilmay xatti-harakatlarini “jihod” degan tushuncha bilan izohlashga urinmoqdalar. Avvalo, biz jihod so‘zining ma’nosini bilib olishimiz kerak. 
“Jihod” so‘zi asli bir necha ma’nolarda ishlatiladi. Birinchi navbatda, jihodi nafs. Ya’ni insonning o‘zidagi yolg‘onchilik, shahvatlarga berilish, g‘iybat qilish, haromdan saqlanmaslik kabi yomon illatlarga qarshi kurashishi ma’nosida keladi. Bu o‘rinda jihod deganda, insonning o‘z nafsini poklashi tushuniladi. Alloh taolo Qur’oni karimda “O‘zini poklaganlar najot topdi”, deya marhamat qiladi.
Ayni paytda ona-Vatanga dushmanlar yoki turli guruhlar zo‘ravonlik bilan bostirib kelgan paytda ularga qarshi chiqishni ham jihod deyiladi. 
Lekin o‘zining yurtida turib musulmonlar yashaydigan joyda, ulug‘ avliyolar makoni sanalgan shunday muqaddas yurtda, minglab masjidlar eshiklari mo‘minlar uchun keng ochilgan, yuzlab ulamoyi kiromlar yashayotgan Vatanda uyushtirilayotgan qo‘poruvchilik va buzg‘unchilik ishlarini jihod deb atash haddidan oshishlik, tajovuzkorlikdir. Bunday kishilarni dinimizda “bog‘iy”, ya’ni haddidan oshgan, dinni o‘zining maqsadlariga yo‘naltirgan g‘arazli kishilar, deyiladi. Bunday buzg‘unchi xatti-harakatlarni jihod deb atash juda katta xato hisoblanadi.

 

— Qiziqki, o‘z-o‘zini o‘ldirish orqali qandaydir maqsadlarga erishishni ko‘zlagan kimsalar ham komil musulmonlik da’vo qilishadi?..
— Dinning nomidan qilinayotgan bunday xatti-harakatlarni bir mantiq tarozisiga qo‘yib ko‘raylik. Alloh taolo Qur’oni karimda: “O‘zlaringizni o‘zlaringiz o‘ldirmanglar”, deb buyuradi. Demak, kimki o‘zini o‘zi o‘ldirsa, ular kamikadze deyiladimi yoki boshqami, Allohning hukmiga qarshi chiqqan bo‘ladi. Yaratganning bergan omonatiga qilingan xiyonat hisoblandi va bu gunohi kabiradir. Payg‘ambar alayhissalom ham: “O‘zini o‘zi o‘ldirganlar do‘zaxda abadiy qoladi”, deb vaid bilan, qattiq qo‘rqitish bilan ogohlantirganlar. Ya’ni hech qanday asos, hech qanday dalil ularning xatti-harakatlarini oqlashga imkon bermaydi.
Umuman, nafaqat o‘zini, boshqa begunoh insonlarni o‘ldirish odamiylikka ham, diniy hukmlarga ham to‘g‘ri kelmaydigan sharmandali holatdir. Alloh taolo Qur’oni karimda bir insonni nohaq o‘ldirish butun olamni o‘ldirish bilan barobar ekanini aytadi. Demak, qo‘poruvchilik harakatlari bilan begunohdan-begunoh odamlar hayotiga zomin bo‘layotganlar Allohning oldida javobgardirlar.

 

— Islom olamining yetuk ulumolari bir ovozdan adashgan, deb baholayotgan ayrim oqimlar faqat da’vat bilan mashg‘ul ekani, qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirmayotganini da’vo qilib o‘z xatti-harakatini oqlashga urinadi. Aslida jamiyatda parokandalik yuzaga kelishi va milliy yakdillikka putur yetishida terrorchilik harakatlaridan ham ko‘ra, buzg‘unchi mafkuralar targ‘iboti ming karra zararliroq emasmi? Qolaversa, diniy manbalarda bir mo‘minni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishdan ham ko‘ra og‘irroq gunoh yo‘qligi aytiladi...
— Aslida siyosiy guruhlar, oqimlarning niyat-maqsadi noxolisdir. Masalan, “Hizbut-tahrir” oqimining maqsadi sarob. Payg‘ambar alayhissalotu vasallam xilofat, ya’ni xalifalik 30 yil bo‘lishi, undan keyin rahbarlik bo‘lishini bashorat qilganlariga qaramay, umuman, xayolga ham, aqlga ham, naqlga ham to‘g‘ri kelmaydigan maqsadlarni ilgari surishlikni nodonlik deb bilamiz va ayni paytda ularning maqsadi Islom emasligini ham ta’kidlab o‘tamiz. 
“Hizbut-tahrir” oqimi — judayam haddidan oshgan, g‘uluvga ketgan oqim. Buni diyorimizdagi ahli ilmlar ham, Islom dunyosidagi ulamolar ham bir ovozdan e’tirof etishmoqda. Qur’oni karimda ham, hadislarda ham biror o‘rinda “Uch kun xalifasiz yashash harom”, degan hukm yo‘q. “Hizbut-tahrir” esa ana shu o‘ta noto‘g‘ri da’voni o‘z varaqalarida bemalol yozyapti.
To‘g‘ri ta’kidladingiz. Haqiqatan ham, buzg‘unchi oqimlar jamiyatga ham moddiy, ham ma’naviy shikast yetkazadilar. Insonlar hayotiga zomin bo‘lib, obod shaharlarni vayron qilish barobarida, dinga, millatga va qadriyatlarga ham tajovuz qiladilarki, bu qo‘poruvchilik harakatlaridan ham ko‘ra ming karra zararlidir. 
Mo‘minni yo‘ldan adashtirish, zalolatga boshlash bu odam shaytonlarning ishidir. Rasululloh alayhissalom “Din nihoyatda oson”, deganlar. Nihoyatda oson, yumshoq bo‘lgan, qulay bo‘lgan dinni qo‘pol qilib, xunuk qilib ko‘rsatayotganlari, insonlar qalbiga nur olib kiruvchi Islom nomidan yolg‘on to‘qiyotganlari uchun, agar tavba qilmasalar, albatta, dunyoyi oxiratlari barbod bo‘ladi.

 

— Yo‘ldan adashgan diniy oqimlar qanday vaziyatda, nima munosabat bilan aytilganini bilmay turib jihod to‘g‘risidagi oyat, hadislarni o‘zlari istagan yo‘riqda talqin qilishga urinishadi...
— Bu — o‘ta noto‘g‘ri harakat. Birinchi navbatda, Alloh taolo “jihod” so‘zini Qur’onda qanday ma’noda qo‘llagan — buni bilish zarur. Hatto arab tilini bilgan odam ham, agar sababi nuzul, ya’ni Qur’on oyatlarining nozil bo‘lish sababi, Payg‘ambar alayhissalomga qay vaziyatda tushirilganini bilmasa, hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emas. Aslida mujtahid ulamolar allaqachon oyati karimalarni tushuntirib, barcha masalalarni yechib berganlar. Ana shulardan mutlaqo bexabar g‘ofillar esa Qur’on oyatlarini ta’vil qilishgacha borishyapti. Ta’vil — oyati karimalarni o‘z ma’nosidan boshqa tomonga o‘zgartirish, o‘zgartirganda ham, mutlaqo noto‘g‘ri tomonga yo‘naltirib talqin qilish, deganidir.
Nima halol-u, nima haromligini aniqlash — bu Allohning ixtiyoridagi ish. Agar ular o‘zlaricha dinda yo‘q narsani harom deb hukm chiqarayotgan ekanlar xudolik da’vo qilgan bo‘ladilar. Bundan ehtiyot bo‘lishlari kerak va bundan tavba qilishlari kerak. Ilmsizliklari, johilliklari tufayli o‘zlari bilmagan narsani kimlarningdir nog‘orasiga o‘ynab, to‘tiqush kabi takrorlamoqdalar. 
O‘zlarini portlatayotgan kimsalar ham nima qilayotganlarini bilmaydilar. Islom deb ishonayotganlari aslida muqaddas e’tiqodga hech qanday aloqasi yo‘q sarob ekanini bilmaydilar va qaerlardadir, pana-pastqamda biqinib yurgan hasadgo‘ylarning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qoladilar. 
Aslida bularning barchasiga sabab — hasad, yurtimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rolmaslikdir. Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh ham dunyoda davolash eng qiyin bo‘lgan dard hasad ekanini yozadilar.
Shuning uchun Islom ma’rifat dini ekanini yoshlarimizga, kerak bo‘lsa, maktablarda, bog‘chalarda — hamma joyda tinimsiz tushuntirib borishimiz kerak. Tushuntirganda ham, batafsil, mukammal tushuntirishimiz lozim. Yuzaki, nomigagina emas. Har doim ishtirok etadigan kishilar bilan majlislar qilish ham unchalik to‘g‘ri emas. Ma’rifiy targ‘ibot jarayoniga barchani jalb qilish kerak. Ana shunda, inshoolloh, ezgu maqsadlarimizga yetishimiz osonroq bo‘ladi.

 

Sobirjon YOQUBOV suhbatlashdi
“Hurriyat” gazetasining 2004-yil 18-avgust sonidan olindi


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.