background
logotype
image1 image2 image3

Haqiqat nima?

 Bir do‘stimninng kitob do‘koniga borgan edim. U xaridorlar bilan mashg‘ul ekan, bekor turmay deb, qarshimdagi manzarani tomosha qila boshladim. 
Qator-qator tizilgan qorli tog‘lar. Etaklarigacha oqlikka burkangan. Ostida oltin rangli bir irmoq. Quyosh nuri yalt-yalt aks etib turibdi. Irmoqning bosh qismidan tog‘ yon bag‘irlariga qadar bo‘lgan yerni daraxtlar qoplagan. Old tomon esa rango-rang gul va chechaklar bilan bezangan. O‘zgacha bir go‘zallik manzarasi...
Shu keng olamning torgina bir qolipga siqishtirilgan bir parchasini milyardlab insondan bittasi sifatida tomosha qilyapman.  «U koinotdan bir parcha, men insoniyat olamidan bir parchaman...», deyayotgan edim o‘zimga o‘zim.
Do‘stim xaridorlar bilan ishini bitirganidan so‘ng «uzr» degandek so‘rashib, kursiga o‘tirdi. Do‘konda u va men hamda rastalardan kitob izlayotgan bir navqiron qolgan edik. Bu yosh yigitning egniga qalin kurtka va keng shim kiyib olgan edi. Najmurda qiyofatli bu g‘arib shaxs bilan kitob izlash orasida qanday munosabat bo‘lishi mumkin, deya xayolimdan o‘tkazdim. Keyin u navqiron yuzini biz tomonga o‘girib stolga yaqinlashdi. hayron qoldim. Shu paytgacha men erkak deb o‘ylagan bu shaxs, aksincha, qiz ekan. Uning do‘stimdan so‘ragan savoli taajjubimni yanada orttirdi: 
Menga haqiqatning nima ekanini va hayotning mazmunini, g‘oyasini tushuntiradigan bir kitob kerak. qaysi kitobni menga tavsiya eta olasiz?
Do‘stim menga qarab, bu xususdagi qanoatimni so‘radi.
Avval bunday mavzuga qiziqishi borligidan u qizni qizg‘in taqdirladim. Keyin:
Bu kitobni shu onda topib berish yoki bermaslik muhim emas, dedim. Bugun bo‘lmasa, ertaga toparsan. Ammo buni hech o‘ylamasdan yashayotganlar, yetmish-sakson yoshga yetsalar ham, oh-voydan, afsus-nadomatdan boshqa biron narsa topa olmaydilar.
So‘ngra turib rastalardan bir kitobni tanlab, unga berdim.
Hozircha shuni diqqat bilan o‘qib tur. Kerak bo‘lsa, boshqa birini yana tavsiya etaman, dedim.
Do‘stim kitobni o‘rar ekan, qiz menga qarab: 
Kechirasiz, mumkin bo‘lsa kasbingizni so‘rasam bo‘ladimi? dedi. Sotuvchi do‘stim menga fursat bermasdan kimligimni aytib qo‘yaqoldi.
Yosh qiz bir muddat o‘ychan qarab turdi-da, shubha va taraddudli nazarlarini menga yo‘naltirib:
Nima desam ekan... haligi... dedi-da, yana jim qoldi. Unga fursat bermoq uchun: 
 Tortinma, men sening akangdekman yoki muallimlik jihati bilan otang hisoblanishim mumkin. Agar senga foydali bo‘la olsam, buni mamnuniyat bilan bajaraman, dedim.
Qizning yuzida umid uchqunlari paydo bo‘la boshladi. Lekin taraddudlaridan hali to‘liq voz kecha olmagan ham edi. Men so‘zimda davom etdim:
 Modomiki biron narsalar o‘rganmoqchi ekansan... Meni esa, muammolaringni hal qila oladigan odam deb o‘ylayotgan ekansan, garchi men unday odam bo‘lmasam ham, sen bu qanoating taqozosi o‘laroq mendan barcha savollaringni kamchiliksiz so‘rashing lozim. Dardingni ochiq o‘rtaga qo‘ymasang, senga loyiq tarzda foydali bo‘la olmayman. Hamma savolingga javob bera olaman degan da’vo qilmayman. Ammo bilmaganlarimni o‘rganib yoxud murojaat qilishing mumkin bo‘lgan kitoblarning nomini ayta olaman.
Qiz o‘zini sal bemalol his qila boshladi.
 Yaqinda men bu shahardan ketaman, dedi. Diplomimning imzolanishini kutyapman. Savollarimni yozib shu yerga tashlab ketsam, menga javob yoza olasizmi?
Unga qo‘limdan kelganicha harakat qilishimni aytdim.
Hayajon va umid to‘la, titroq bir ovozda tashakkur bildirib, «Xo‘p, xayr», deya eshik tomon yurdi.
Endi tashqari chiqayotgan paytda: «Bir daqiqa», deya to‘xtatdim. 
Bir narsani aytib qo‘ymoqchi edim. Fikrlaringga bu bir turtki bo‘lar. Qisqagina aytaman, nasib bo‘lsa, keyinchalik tafsilotini yozishga harakat qilaman.
Qizning roziligini olgach qarshimdagi boyagi manzarani ko‘rsatib:
Shu rasmni ko‘rayapsanmi? deb so‘radim.
Ha, dedi.
U rasmdagi tog‘lar haqiqiy tog‘, daraxtlar haqiqiy daraxtmi?
Ha, dedi u va ilova etdi: Bu bir fotosurat. Bo‘yoqli rasmga hech o‘xshamaydi.
To‘g‘ri aytding, dedim, Zotan ostiga ham kichik harflar bilan qaerning fotosurati ekani yozilgan. hozir sen o‘sha yerga borsang, u chamanzorlarda o‘tirib, u tepaliklarni tomosha qilib, daraxtlarning soyasida dam olishing mumkin, to‘g‘rimi?
Qiz maroqli va o‘ychan tarzda «ha» ma’nosida boshini qimirlatdi.
Endi shu do‘konda yuzlab bo‘yoqli rasm va manzaralar borligini faraz qilaylik. Ulardagi daraxtlarni, tog‘larni, suvlarni «haqiqiy» deya olasanmi? U daraxtlarning soyasida o‘tirib, u quyoshdan foydalana olasanmi?
Bir narsalarni his etgandek, ko‘zlarida sal-pal umid uchqunlari bilina boshladi.
Yo‘q, deb javob berdi.
Ana ko‘rdingmi, aytilgan har qanday so‘z, ilgari surilgan har qanday fikr yo bir haqiqatga tayanadi, yoxud aytgan shaxsning o‘z qanoatining asari, shaxsiy tushunchasining mahsuli bo‘ladi. Bu holda, o‘zgarmas va barqaror, sobit bir haqiqat bo‘lmog‘i lozimki, fikrlar unga muvofiq bo‘lgani muddatcha to‘g‘ri, undan uzoqlashgani nisbatda yanglish bo‘lsin. Haqiqat o‘zgarmaydi. Zotan o‘zgaradigan narsalarga haqiqat deyilmaydi. Har bir fikr bu asos orqali o‘lchanishiga ko‘ra, u o‘zgarmas haqiqatni qaerdan va qanday izlaymiz? Bu mavzu haqida bir oz bosh qotirishingni istayman. Keyinchalik bir-birimizni yanada yaxshiroq anglashimiz uchun foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.
Qiz bir muddat o‘sha suratga qarab turdi. Go‘yo surat bilan aloqasi unga boqmoqdan iboratdek, lekin o‘zi butunlay o‘zgacha bir olamda aylanib yurgandek edi. Xiyla vaqtdan keyin hech qanday fikr bildirmasdan juda samimiy ravishda tashshakkur bildirib, do‘kondan chiqib ketdi.
O‘sha kuni kech soatlarga qadar u qizning ibrat beruvchi ta’siridan xalos bo‘la olmadim. Ertasi kuni ham tez-tez o‘sha voqeani xotirlab turdim.
Uning nimalarni so‘rashi yoki bu savollarga qanday javob berishim unchalik muhim emas edi. «Asl muhimi, bu qiz va bunga o‘xshash yuzlab yoshlarning ruh olamlarida necha-necha iztiroblarning avj olgani va bularga keragicha qo‘l uzatilmaganidir», dedim o‘zimga o‘zim.
Bu qizning men bilan uchrashib qolishi u uchun katta bir fursat edimi? Agar uning dardining davosi menda bo‘lsa, men o‘zim uni avvalroq izlab topishim kerak edi-ku. Men, ya’ni, hammamiz, butun mutasaddi shaxslar atrof-muhit tozaligiga, moddiy ta’minot masalalariga qancha ahamiyat berayotgan bo‘lsak, yoshlarning muammolariga ham shuncha, balki undan ortiqroq e’tibor qaratishimiz lozim emasmidi? Ularning buzilishini, aysh-ishratga mubtalo bo‘lishini yoxud boshi berk ko‘chaga kirib qolishini kutishimiz shart edimi?
Bir onga o‘zimni o‘sha qizning o‘rniga qo‘yib ko‘rdim. Oilasi undan bitta narsani — muvaffaqiyatni istayapti. Xuddi shu narsani u ishga joylashadigan muassasa ham istayotgandi. Bu yoshning ruhiy iztiroblari, ishonchi, kayfiyati, ma’naviyati na oilasi uchun muhim va na kasbdoshlari uchun... Unda, bu masalani kim, qanday hal etadi? Ajabo, ertaga mendan so‘raladigan savollar bu qizchani o‘zining savollarimikan? Yoki bu savollarda uni bu boshi berk ko‘chaga bilib turib boshlagan atrofdagi ba’zi qora niyatlilarning «muvaffaqiyat» alomatlarini ko‘rarmikanman?
«Ha, mayli, nima bo‘lganida ham, bular hozircha foydasiz o‘ylardir», dedim o‘zimga o‘zim. Bir yoshning najot topishi uchun jamiyatning butunlay tuzalishini kutish vaqt yo‘qotishdan boshqa narsa emas. Zotan, jamiyat degan narsaning o‘zi nima? Axir, u shaxslardan yuzaga keladi-ku? Demak bir yosh tuzalsa jamiyatning milyondan biri tuzalgan bo‘ladi.
Ertasigacha fikru yodimni shu va shunga o‘xshash fikrlar mashg‘ul qildi. Ishdan chiqib, sotuvchi do‘stimning oldiga bordim.
Biron xabar bormi? deya so‘radim.
U har doimgidek yoqimli tabassum bilan:
Kel, kel. Kutgan maktubing keldi, dedi.
Haqiqatni topish orzui maktubning har bir ifodasida yarq etib ko‘rinib turardi. Qizcha maktubning bir yerida bunday debdi:
«Hurmatli domla. Men diplomimni oldim. Bir necha soatdan keyin bu shahardan ketaman. Falsafa o‘qituvchisi bo‘lib hayotga qadam tashlayman. Ammo qizig‘i shundaki, menda hali o‘zimga xos bir tushuncha tarzi shakllangan emas. Bu holim bilan kimga nimani tushuntira olaman? Qaysi faylasufning so‘ziga quloq solaman? Hayron bo‘laman ba’zan, hammasi ro‘paramga kelib: «Haqiqat menda, menga kel», demoqdalar go‘yo. O‘zlari esa bir-birlarining fikrlarini inkor etishyapti, men o‘rtada qolyapman.
Yaxshisi falsafa domlalarining fikrini olayin, deyman. Ular ham boshqa bir olam. Biri: «Falon kitobni o‘qi»– desa, yana boshqasi: «Falon kitobni», deydi. Tavsiyalar bir-biriga zid. Shukrki, bitirib qutuldim.
Maktubning bir yerida jamiyatdan so‘z yuritib: «U ham falsafachilarning bir boshqa ko‘rinishi... Har bir toifa o‘zicha bir hayot tushunchasini ilgari suradi. Bunday qilsam, falon toifa tarafidan ayblanaman, unday qilsam, pismadon toifa tomonidan xo‘rlanaman...»
Va mendan so‘rabdi:
«Bularning qay biri haq? Iltimos, menga yordam bersangiz!.. Bularning hech birini o‘ylamasdan, bosh qotirmasdan yashayin deyman. Lekin, qarasam, bu gal o‘zim bilmagan holda boshqa bir falsafiy jarayonning ichiga tushibman...»
Xatining ruhiy holatini bunday tasvirlabdi davomida:
«Ichim ziddiyatlarning jang maydoni... Bir u tarafga, bir bu tarafga moyil bo‘laman. Ba’zan o‘zimni muallaq bo‘shliqda his qilaman. Dunyoni, hayotni, gaplashishni, jimlikni, yig‘lashni, kulishni, hammasini ma’nosiz ko‘raman... o‘yin, o‘yin... bari o‘yin.. deyman o‘zimga o‘zim.
Aqlimda turli tushunchalar to‘qnashadi. Hech biri barqaror qolmaydi. Biri ketadi, o‘rniga boshqa biri hujum qiladi. Anchagina huzur-halovatimni yo‘qotgan holatdaman».
Maktubning har bir satrida o‘zgacha bir dard bor edi. Oxirgi sahifada esa, birin-ketin bir qator savollarni qalashtirib tashlabdi:
Inson kim o‘zi? Vazifalari nima?
Sizningcha, ayol-erkak tengligi bo‘lishi mumkinmi?
O‘lim hodisasini qanday baxolaysiz?
O‘limning narigi tarafi bormi?
Shu kabi o‘xshash yana ko‘p savollar... Oxirida bir ehtirom jumlasi va imzo: Xulyo.


BIRINCHI MAKTUB


Bularning hammasiga bir maktub bilan javob berib bo‘lmasligini o‘yladim. «Ammo nimadir yozishim shart! » degan qarorga keldim. U qiz qoldirgan manzil bir maktab muallimining uyi. Maktublarni u orqali olishni munosib ko‘ribdi. Keyinchalik bilsam, haqiqiy ismi ham Xulyo emas ekan. Bu ismni nima uchun tanlaganini bilmayman. Ammo o‘zim bilmagan bir his bilan bu ism menga ham ma’qul keldi. «Xulyo» (xayol, aslida bo‘lmagan narsa) bilan «haqiqat» orasidagi zidlik, qarama-qarshilik buning bir sababi bo‘lsa kerak deya o‘yladim o‘zimcha.
Xullas, men Xulyoning maktubini olganimdan so‘ng ma’lum muddat turli matbuot organlarining, ayniqsa, ayol-qizlar uchun chiqadigan jarida va nashrlarning o‘quvchi maktublarini birma-bir o‘rgandim. Ba’zi jaridalarning mutasaddilari bilan ham shaxsan ko‘rishib, atroflicha ma’lumot oldim.
Natijam shu bo‘ldiki, Xulyoning dardi katta bir toifaning ham dardi ekan. Biroq boshqalar savollarini unga o‘xshab ochiq o‘rtaga qo‘ya olmagan, ichlarini butunlay to‘kishdan tortingan edi.
Bu holni hisobga olgach, Xulyoga yozadigan javoblarimni avval biron jaridada chiqarsammikan, deb o‘yladim. So‘ngra bu fikrimdan voz kechdim. «Javoblarni chiqaradigan bo‘lsam, savollarni ham birga chiqarmog‘im, uning ustiga, undan ruxsat ham olmog‘im lozim», deb o‘yladim.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi.
Unga ilk o‘laroq quyidagi maktubimni bunday yozdim:
«Senga «Haqiqatni izlagan Xulyo» deya xitob qilaman. Sen so‘ragan savollarning har biri alohida bir seminar, bir ilmiy ish, bir kitob mavzui desam, e’tiroz bildirmasang kerak har holda. Bularning bir qismiga ishora qilib o‘taman, xolos.
Avvalo, shuni yaxshi bilishing kerakki, ayol, barcha narsadan ham oldin, insondir. Ayollik vazifasi va mas’uliyati bundan keyin keladi. Men ham so‘zimni shu nuqtadan boshlayman. Savollaringga javob berar ekanman, sen yozgan tartibni ba’zan buzishim mumkin. Ammo maktublarim nihoyasiga yetganida, ishonamanki, ikkalamiz ma’lum bir nuqtaga kelgan bo‘lamiz. Undan u yog‘i esa sening shaxsiy g‘ayratingga bog‘liq bo‘ladi.
Bu maktubimda sen bilan umumiy bir suhbat qilmoqchiman. Nasib bo‘lsa, ikkinchisini «Haqiqat nima?» mavzuiga bag‘ishlayman.
Endi senga bir taklifim bor: xayol kuchingni yig‘ib, dunyoga bir onda kelganingni faraz qil. Atrofing tamoman izsiz, kimsasiz bo‘lsin. Sendan boshqa hech kimsa bo‘lmasin yoningda. Sen taajjub ichida, nima qilishingni bilmay hayron bo‘lib turgan paytingda birdan yer yorilsin-da, u yerdan bir daraxt o‘sib chiqsin. Tezda katta bo‘lsin. Uning soyasida bir oz dam ol.
So‘ngra meva pisha boshlasin shoxlarida. Ularni uzib yegin.
Keyin bir hayvon sekin-asta yoningga kelsin. Uni sog‘ib sutini ich.
Atrofni shunchaki bir kezmoqchi bo‘l. Uzoqdan boshqa bir to‘rt oyoqli kelsin. Va yoningga tursin. Uni mingin-da, bir muddat sayr qil...
Endi senga savol: Bu ishlarning barchasini hech ajablanmasdan, tabiiy, oddiy qarshilab, hech bir his-tuyg‘usiz qabul qila olasanmi? «Nima bo‘lyapti o‘zi» deb so‘ramaysanmi o‘zingdan? Shoirning ifodasi bilan: «Men kimman va bu holat nimaning nimasi?» demaysanmi? Qalbing hayajonlanmaydimi? Bu barcha ehsonlar evaziga kimga, qanday tashakkur etishingni so‘rab o‘rganish sening eng katta vazifang bo‘lmaydimi?
Endi boshqa bir sahnani faraz qil:
Sen yolg‘iz emassan. Atrofingni minglab, yuz minglab... va nihoyat, bugungi dunyo aholisicha insonlar qurshagan...
Senga xizmat qiladigan o‘simlik va hayvonlarning soni va turi ham ko‘p. Kunimizdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi hammasi xizmatda...
Endi o‘zingdan so‘ra:
Nima o‘zgardi? Yolg‘iz ekanimda his qilganim hayajonni, tajjubni, ichimda saqlaganim tashakkur orzuini endi nega his qila olmayapman? Aslida hayratim yana ham ortishi kerakmasmidi?... Bu olomon, bu yuksak binolar, bu shovqinlar, bu tirikchilik g‘avg‘olari mening tushunchamga parda bo‘lmayaptimikan?
Ha, ey haqiqatni izlagan yosh birodarim! Ozgina diqqat-e’tibor bilan darrov anglaysanki: bir jihati bilan jamiyat hayoti ichida bo‘lgan va ko‘pgina ehtiyojlarini u orqali ta’minlayotgan inson, boshqa bir jihati bilan hayotini yolg‘iz o‘zi yashamoqda, umrini yolg‘iz o‘zigina o‘tkazmoqda. Bu dunyoga u yolg‘iz kelgan. Tug‘ilish iztirobini yolg‘iz tortgan... Dunyoga keliboq yolg‘iz o‘zi yig‘lay boshlagan.
Ana shu inson o‘zining ich olamida umri buyicha yolg‘iz yashaydi, oxirida qabrga yolg‘iz kiradi. Oxiratda mahshar maydoniga chiqar ekan, bir jihatdan yolg‘iz bo‘ladi, barcha kabi u ham umrining hisobini yolg‘iz o‘zi beradi.
Inson bu dunyoga ilk qadamini uyida tashlaydi. O‘ziga xos bir olam va bir uya topganlik huzuri bilan sutini emadi va beshigida bir o‘zi uxlaydi.
Yura boshlashi bilan uyning xonalarida, bir oz katta bo‘lsa, mahalla ko‘chalarida, yana keyinroq do‘kon-bozorlarda keza boshlaydi.
Yolg‘iz o‘zi uxlaydi. Tushini yolg‘iz ko‘radi va yolg‘iz uyg‘onadi. Tushida ba’zi kimsalar bilan ko‘rishishi, uyg‘oqligida do‘stlari bilan aylanib yurishlari ham uning yolg‘izligini ketkaza olmaydi...
Dasturxonda, bir oila bo‘lib birgalikda ovqatlanadi, ammo har kim o‘z qornini to‘yg‘azadi, o‘z kuchiga ko‘ra ishlaydi, xizmat qiladi.
Darhaqiqat, inson yaratilishining taqozosi o‘laroq jamiyat hayotiga kirishi kerak, ko‘pgina ehtiyojlarini ta’minlashi lozim, ammo ko‘pchilik ichida o‘zini yo‘qotmasligi darkor.
Va atrofidagi bu insonlar birin-ketin qabrga kirajaklarini bugun dunyoga kelgan chaqaloqlarni ham qo‘shganda, yuz yil keyin shu ondagi besh-olti milyard aholidan deyarli hech biri yer yuzida qolmasligini juda yaxshi bilishi kerak.
Yolg‘iz dunyoga kelgan inson qabrga ham yolg‘iz o‘laroq ko‘chadi, o‘lim bilan olishayotganida bir necha yaqinidan boshqa barcha milyardlab inson, o‘z hayotlarini yashashda va o‘z kayfu safolarini surishda davom etaveradi...
Shunday ekan, endi sen bu g‘ala-g‘ovurdan, bu olomonlardan xayolan ayril... o‘z yolg‘izligingga qayt...
Vujudingda vazifasini ado etayotgan a’zolarga boq: hech qaysisi vazifasini o‘zi xohlab olmagan. Shunga qaramay, har biri o‘z vazifasining boshida... boshqa a’zolardan, hatto o‘zidan ham xabarsiz holda vazifasini ziyraklik bilan bajarmoqda. Sen esa ularni o‘z holiga tashlab qo‘yib, tashqaridagi narsalar bilan shug‘ullanyapsan, o‘qiyapsan, o‘ylayapsan yoki sayr qilyapsan yoxud kulyapsan...
Dunyoga kelishingni esla. U kelishing universitetga kirish uchun yurtingdan chiqib bu shaharga kelishingga hech o‘xshamaydimi? Kim ekaningni, kimning bachadonida oziqlanishingni, kimning uyiga borishingni o‘zing bilarmiding? Onang va otang ham seni bu diyorga chaqirishgan emasdi. To tug‘ilgan oningga kadar har ikkisi ham seni tanishmas edi. Bir yangi mehmonni kutishayotgan edilar. Ammo kim keladi? O‘g‘ilmi, qizmi? Sariqmi yoki qorachadan kelganmi? Oriqmi yoki to‘lishganmi? Bulardan birortasini bilishmas edilar.
U holda seni bu diyorga kim va nima uchun yubordi? Shu yer kurrasi seni va sen kabi milyardlab insonni yelkasiga ortmoqlab qayoqqa ketyapti? Bu «kema»ning va ichidagilarning egasi kim? Har kuni yuzminglab yo‘lovchini oladi va yana yuzminglarchasi uni tark etadi. Kemaga minganlar qaerdan kelishyapti? Kemadan tushganlar qaerga ketyaptilar? Shu qabr tunnelining narigi tarafi qaysi diyorga chiqadi?
Ha, bular har bir insonning boshida bor savollardir. Javoblarini topishga intilish esa, haqiqatga erishishning va huzur-halovatga qovushishning ilk odimidir.
Lekin ko‘rgulikni qaraki, insonlarning bu mavzudagi tushunchalari va harakatlari bir-biriga unchalik muvofiq kelmaydi. 
Bir toifa inson, bu savollarga shaxsiy izohlarini ketiradi. Yoxud yanglish biror izohning ketidan ergashib, uning da’volarini takrorlab yuraveradi. har qanday oyna narsalarni ters ko‘rsatgani kabi, yanglish fikrlar bilan sug‘orilgan ularning zehnlari ham haqiqatlarni to‘g‘ri qayd eta olmaydi... Bu ters manzaraga ko‘nika-ko‘nika, nihoyat boshqalar butunlay yanglish fikrlayapti deb tom ishona boshlaydi.
Ammo bu fikrlar ularning vijdonini qoniqtirmaydi. Natijada yana o‘zlarini bu koinot cho‘llarida kimsasiz bir bechoradek ko‘rishda davom etaveradi.
Bir Sohiblari, Egalari borligini bilishning huzurini tota olmaydi, zavqiga erisha olmaydi. Aql va vijdonlari ularni doimo bezovta qiladi. Ruhlaridagi qo‘rquv va iztirob hech tinmaydi, sokinlashmaydi. 
Boshqa ba’zilar esa, bunday savollar bilan hech ham qiziqmaydi, aql va vijdonning qiynoqlariga hech parvo qilmaydi. Kim nima desa desin, bular o‘z bilganini qiladi. Kayf-safo va ko‘ngilxushliklar bilan, kunlik mish-mishlaru g‘iybatlar, natijasiz bahs-munozarayu tortishishlar bilan umrini o‘tkazadi. 
Bular o‘zlaricha, to‘yishning yo‘li ochlikni o‘ylamaslikda, deb shunga rioya etadi. Ammo bu o‘tkinchi va o‘rinsiz usul ham ruhni aslo qondirmaydi.
Bundaylar boshlariga ozgina bir musibat kelsa, darrov qaltirab, salgina iztirobdan darhol eziladi. Go‘yoki bir oz bosh qotirsa, bu hayot bilan, bu olam bilan, o‘lim va o‘limning narigi tarafi bilan qiziqsa, huzurlari yo‘qoladigandek... O‘zlarini aldab yashashga jon kuydirayotgan bu toifa odamlar bir yerga to‘plansa, go‘yoki bir maktab tashkil qiladilar. «Parvo qilma», «Sen ham hamma kabi odamsan-da», «O‘zingni qiynama», deydilar. Tezligi soatiga yuz ming kilometrdan ham ortiq bo‘lgan Yer kurrasi ustida qaerga ketayotganlarini o‘ylamasdan yashab, buni bir falsafa, bir ishonch o‘laroq o‘zlashtiradilar. Ularning yashash falsafasini birontasi tanqid qila ko‘rsin: «Sen bu zamonning odami emasmisan? Qaysi asrda yashayapsan o‘zi?» kabi so‘zlar bilan uni mensimay, nazar pisand qilmay qo‘yadilar. Haqiqatni mazax aralash ifodalar bilan, shovqin yordamida bo‘g‘ishga harakat qiladilar, o‘zlarini shunday qilib ovutib yuradilar.
Hech o‘ylamaydilarki, o‘zgaradigan faqatgina davr va uning ichida suzib yurgan insonlardir. Yer o‘sha-o‘sha qonunlar ila faoliyatini davom ettirmoqda. Yaproq o‘sha-o‘sha yashil, qor o‘sha-o‘sha oq, arslon o‘sha-o‘sha vahshiy, qo‘y o‘sha-o‘sha munis, itoatgo‘ydir...
Fan va san’atdagi rivojlanish, afsuski asrimiz insoniga o‘zligini unuttirdi. Holbuki, fan naqadar taraqqiy etsa etsin, insonni inson qiladigan qadriyatlar, fazilatlar o‘zgarmasligi, o‘sha-o‘sha o‘rinlarini saqlab qolishlari lozim edi. Axloqli odam har asrda maqbul, manzur, iffatsiz kimsa har davrda yomon, noma’qul hisoblanishi kerak edi. Nimagadir bunday baholanmadi. Fan va ilmiy taraqqiyot bilan axloqiy cho‘kish o‘rtasida go‘yoki bir mutanosiblik borligi makkorona, pismiqona talqin etildi va etilmoqda. Va bugungi kunda «sanoat va fanda ilg‘or, faqat axloqan saviyasiz» g‘arb insonini fazilat o‘rnagi o‘laroq, qabul etuvchi yoshlar ham paydo bo‘ldi.
Uchinchi bir toifa insonlar ham borki, ular mazkur savollarning javobini topishga intiladi. O‘qiydi, o‘ylaydi, fikr qiladi, o‘rganadi, so‘rab-surishtiradi va nihoyat anglaydiki: «Insonlar ham g‘oyasiz emas, bu olam ham egasiz emas . Har borliq bir taqdirning rejasi va bir qudratning ijodi bilan vujudga kelmoqda...
Quyoshning chiqishi va botishi kabi, har jonlining dunyoga kelishi va undan ko‘chishi ham mukammal bir nizom, nihoyasiz bir ilm bilan bo‘lmoqda. Quyosh ham bir qudratga doir, oy ham, yulduzlar ham...
Inson ham bir nizomga tobe’, bulbullar ham, gullar ham...
Barcha bu kelayotganlarni bir keltiruvchi va butun bu ketayotganlarni bir jo‘natuvchi bor.
Yulduzlarni o‘rnatgan, sayyoralarni aylantiradigan, insonlarni kezdiradigan, baliqlarni suzdiradigan faqat o‘sha ilm va qudrat, iroda va hikmat egasidir...
Sen Xulyo, shu uchinchi toifaning a’zosisan. Chunki o‘ylayapsan, izlayapsan va so‘rayapsan. Buni bir fursat bil va bundan unumli foydalanishga intil... O‘tkinchi, aldamchi va ko‘pi samimiyatsiz bo‘lgan iltifotlarda bo‘g‘ilma. Bir nutfa sifatida boshlanib, murda sifatida nihoyalanuvchi bu dunyo hayotida bir yo‘lovchi kabi, bu mehmonxonada bir musofir kabi umr o‘tkaz.
Faqat, buguningnigina o‘ylashni tashlab, umringdan samarali foydalanishga urin. Shu qisqagina umrda insonlarga yordamlash, ishla, harakat qil, qozonib-sarfla, ish top, turmush qur, keksayib qarilik gashtini sur. Biroq, unutmaginki, sen bu dunyoga na turmush qurgani, na qarilik gashtini surgani va na o‘lgani kelgansan...
Bir nuqtaga qisqagina ishorat qilib maktubimni tugatmoqchiman:
- haqiqatni topmoqchi bo‘lsang, muhitning ta’siridan o‘zingni qutqarmog‘ing kerak. Jamiyatni haqiqatning yagona o‘lchovi deb o‘ylash xato. Ko‘pchilikka ergashish insonni har doim ham haqiqatga olib boravermaydi...
- haqiqat nima bo‘lsa, shudir. Shaxs ham, jamiyat ham, faqat unga ergashmoq bilangina haqiqatgo‘y bo‘ladilar. Boshqacha aytganda, haqiqat jamiyatga yoki shaxsga tobe’ emas.
Atrofingga shunday bir ko‘z tashla: jonsiz borliqlar jonlilardan ko‘p, shunday emasmi? Ammo mo‘jizaviylikda butun jonsizlar olami birgina chumolining bittagina oyog‘ichalik bo‘la olmaydi.
Jonlilar olamida ham hayvonlar insonlardan bir necha bor ko‘p. Ammo butun hayvonlarni bir yerga to‘rlasang, bir bolaga teng kela oladimi?
Insonlar orasida johillar (omilar) olimlardan ko‘p. Lekin minglab johil bir olim bilan barobarmi?
Shunday ekan, sen ham ko‘pchilikka ergashish falsafasini bir tarafga ot. Haqiqatni topishga intil. Uni topganing on etaklariga yopish va aslo ayrilma...
Salom bilan...»
O‘n besh kundan keyin, javob ham keldi.
Ifodalaridan taraddud qorishiq mamnuniyat hissi sezilib turardi. Xulyo maktubining bir yerida: «Insonlarning barchasi haqiqatni topishda teng imkonga ega emasmi? deya so‘rabdi va davom etib: Ega bo‘lsa, hamma nega ayni nuqtaga birlasha olmayapti? Ega bo‘lmasa, buni qanday izohlaysiz?» debdi.
Orqasidan shunday bir izoh keltiribdi:
«Inshaalloh bu ifodalarimdan bir e’tiroz va isyon ma’nosi chiqmas. Samimiy aytayapman: Yagona maqsadim, haqiqatni bilish... qolaversa shuni ham ta’kidlab o‘tmoqchiman: bu tur savollar falsafa ta’limi olgan bir qizgagina xos deb o‘ylamang. Men ko‘rishgan ko‘pgina yoshlarning boshlarida shu va shunga o‘xshash savollar bor. Faqat ular bu savollar haqida chuqur o‘ylashmaydi. E’tiborsizlikdan, beparvolikdan ahamiyat berishmaydi. 
E’tirof etaman, sizdan so‘ragan savollarimning bir qismini bir paytlar do‘stlarim ham mendan so‘rashgan edi. Keyinroq o‘ylab ko‘rsam, ba’zilari qasddan shunaqa savollar so‘rashar ekan. Nima bo‘lganda ham, endi bularning javobini topmoqchiman”.
Maktubining oxirida, bir maktabda ishlayotganini yozibdi va: «Xatingizni kasbdoshlarimga ham o‘qib berdim. Bilmadim, to‘g‘ri qildimmikan?» deb so‘rabdi. 
Maktub qo‘limga tekkanida, ikkinchi xatimni yozmoqchi bo‘lib turgan edim. Unga bu maktubda haqiqatdan so‘zlamoqchi edim. Ammo endi u yangi bir savol bilan qarshimga chiqqan edi. Bir muddat, maktubni rejalaganimdek yozsammikan yoki avval Xulyoning yangi savoliga javob berib o‘tsammikan, deb taraddudlandim.
Nihoyat, ilohiy adolat bilan aloqador savolining javobini keyingi xatlarimda yozishga qaror berdim. Hozir esa... 


IKKINCHI MAKTUB


«Haqiqatni izlagan Xulyo!
Avvalo, sen haqingda zarracha ham taraddudim yo‘qligini bildirib o‘tmoqchiman. Bu kabi savollarni so‘rasang emas, balki ichingda saqlasang xafa bo‘laman. Maktublarimni hamkasabalaringga o‘qib berishingga kelsak buning hech bir zarari yo‘q.
Ilgari so‘z berganimdek, bu maktubimda haqiqat haqida so‘z yuritaman va, kerak bo‘lsa, keyingisini ham shu mavzuga bag‘ishlayman.
Avvalo, shuni ta’kidlamoqchimanki, haqiqatni izlayotgan odamning boshida bir talay savollar bo‘ladi, aslida u shularning javobini topmoqchi:
Bu koinot egasizmi? Egasi bo‘lsa, u kim? Unga qanday ishonishim kerakki, bu ishonchim haq bo‘lsin?
Inson boshi va oxiri «hech»dan iborat, vazifasiz, mas’uliyatsiz, egasiz, behuda bir borliqmi? Unday bo‘lmasa, insoniylikning haqiqati nima? Uni qanday bilishim va baholashim kerakki, haqiqiy ma’noda inson bo‘layin? Ya’ni, insoniylikning haqqini ado etish uchun nimalarni gapirishim, qanday o‘ylashim, qaysi o‘lchovlar doirasida turmush qurishim va qanday yashashim lozim? 
Jinsiyatning, erkak va ayol tushunchalarining haqiqati nima? Ularga qay darajada ahamiyat berishim kerak?
Sevgi va qo‘rquvning haqiqati nima? Bu his-tuyg‘ularni asl g‘oyalariga muvofiq qo‘llashim uchun kimni qanday sevmog‘im va kimdan qanday qo‘rqmog‘im kerak?
Qiziqishning, maroqning, andishaning, umidning, shafqatning, marhamatning va yana ko‘pgina his-tuyg‘ularning haqiqati nima? Qanday harakat qilsam, bularni haqiqiy g‘oyalari yo‘lida ishlatgan bo‘laman?
Mana, Xulyo, haqiqatni izlayotgan bo‘lsang, shu va shunga o‘xshash ko‘pgina savollarning javobini topib, qalbingni, aqlingni, his olamingni va nihoyat har turli harakatlaringni unga ko‘ra tartiblab, unga moslashtirishing kerak. Tatbiqotga tayanmagan haqiqat izlanishi insonning o‘zini o‘zi aldashidan boshqa narsa emasligini yaxshi bilib ol. 
Yuqorida sanalgan savollarga farqli va hatto bir-biriga zid javoblar o‘rtaga tashlansa, bulardan faqatgina bittasi to‘g‘ri, qolganlari yanglishdir. Ana shu yagona va o‘zgarmas haqiqatni qanday topasan?
Bu savolning javobiga o‘tishdan oldin haqiqatning topilishini qiyinlashtiradigan sabablar haqida bir og‘iz so‘z yuritmoqchiman.
Bulardan birinchisi, insonning shaxsiy qanoati, nafsoniy tuyg‘ulari, o‘zining qusurlari va xususiy hayoti... Haqiqatda badan xizmatchi, ruh esa xo‘jayin maqomidadir. Ruhini badaniga xizmat qildirgan va dunyoga kelish g‘oyalarini bir qism nafsoniy hislarda izlagan insonning haqni topishi qiyinlashadi.
Ikkinchisi, oila hayoti.... Oila qurish va naslni davom ettirish, hayotning bir qonuni va bu dunyo imtihoning bir jabhasidir. Bu haqiqatdan g‘aflatda qolib, turmush qurishni eng buyuk g‘oya deb o‘ylagan va butun xizmatini va g‘ayratini oila a’zolarining tirikchiligiga yoxud uy ashyolarining tadorik va tanzimiga sarflagan inson haqiqatni topishda ancha mashaqqatga duch keladi.
Uchinchisi, jamiyat hayoti... Yodingda bo‘lsa, o‘tgan maktubimda bu mavzuda ba’zi narsalar yozgan edim. Unga shularni ham ilova etmoqchiman: Mol-dunyo, unvon, obro‘, mansab, martaba kabi dunyo hayotining jozibador, dabdabali jihatlariga ham bir lutf va ehson sifatida, hamda bir imtihon vositasi sifatida qaralishi kerak (Ya’ni, bular biron kishiga ehson etilgan bo‘lsa, albatta bir sinov-imtihon uchundir). Kecha xizmatda boshqalar edi. Vazifalarini haqqi-rost ado etgan-etmaganliklaridan imtihon qilindilar. Endi esa xizmatga biz chaqirildik.
Masalaga bunday baho bermaydigan, misol uchun, boy bo‘lishni hayotning haqiqiy g‘oyasi va dunyoning yaratilish hikmati deb hisoblagan insonning haqiqatni topishi juda qiyin bo‘ladi.
Mavzuimizning yana bir muhim tomoni bor. Uni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Haqiqatni topish boshqa, unda yashash boshqadir. Bugun jamiyatimizda fikr va ishonchlari haq bo‘lgani holda buni harakat va amallarida aks ettirmayotgan bir guruh kimsalar mavjud. Boshlari g‘ovlab ketgan ba’zi bechoralar ularga qarab: «Shularning ishlari haqiqatmi?» yoki «Bular ketayotgan yo‘l ham to‘g‘ri bo‘libdimi?» kabi gaplar qiladilar. Aslida, bu so‘zlar asossizdir. Haqiqat kimning qo‘lida bo‘lishidan qat’i nazar haqiqatdir. U shaxsning boshqa qusur va nuqsonlari esa ayricha baholanmog‘i, ikkisi bir-biriga qorishtirilmasligi kerak. 
Biz ichida yashayotgan jamiyatda ko‘pchilik insonlar moddani, manfaatni, tijoratni oldin ko‘rmoqda, axloq va fazilatni esa, ancha orqaroqda. 
Ana shu buzuq ma’naviy muhit ko‘plab odamga zarar beryapti. Bemorlarni bahona qilib, shifodan ranjish esa, aqldan emas.
Masalaga bu jihatdan qaramaydigan odamlar qimmatli vaqtlarini oxiri ko‘rinmaydigan, foydasiz mishmishlar, ma’nosiz gap-so‘zlar bilan zoe qiladilar. Ular bu holatlari bilan naqd tijoratini tashlab, boshqaning zarari bilan mashg‘ul bo‘lgan axmoq savdogarlarga o‘xshaydilar. Buning oxiri esa, faqatgina xusrondir, nadomatdir, pushaymonlikdir.
Bu uch to‘siqni nafsini, oila va jamiyat hayotini osha bilgan inson eng keng doira bo‘lmish koinotni ham to‘g‘ri baholaydi, har hodisani tabiatga bog‘lab, tabiatda bo‘g‘ilib, cho‘kib ketmaydi. Bu oxirgisi, bir jihatdan, avvalgi uch to‘siqni ichiga oladi.
Biz ko‘rib turgan bu olamga «Koinot kitobi» deyiladi. har sahifasi, har satri, har bir harfi juda ko‘p ma’nolarga to‘la kitob. Inson u kitobdan bir so‘z, bir jumla. Ammo aqlli, ongli, shuurli jumla. Ilm, iroda, qudrat, eshitish, ko‘rish kabi sifatlar taqilgan jumla. Ham o‘zini, hamda boshqa yozuvlarni sinchiklab o‘qiy oladigan jumla. Yozilgan kitobni tomosha qiladigan, undagi sirlarni kashf etishni istagan g‘ayratli va maroqli jumla. Ana shu jumla haqiqatni topmoqchi bo‘lsa, eng avval o‘zinig «jumla» ekanini «yozilganini» bilishi kerak, boshqa yozuvlarni ham shunday baholashi lozim. O‘zi ham ichida yozilgan kitobning satrlari orasida yo‘qolib ketmasligi darkor! Undagi ilm bir Olimdan, hikmat bir Hakimdan, qudrat bir Qodirdan kelganini anglamog‘i shart. Aks holda inson dunyo hayotining muammolari va iztiroblari ostida ezilib, qorishiqlik va g‘ala-g‘ovur ichida sarson-sargardon bo‘lib yuraveradi.
Ko‘rdingmi, Xulyo, sen bu to‘siqlardan o‘tishga majbursan. Irodangni ishga solsang, bu ish qo‘lingdan kelishiga aminman. Atrofga shunday bir nazar tashla: har tarafimizdan butunlay haqiqatlar bilan o‘ralganmiz, to‘g‘rimi? Ularni ko‘ra olish uchun ozgina g‘ayrat sarflashimiz kifoya...
Bir o‘ylab ko‘r! Atrofimizdagi biz ko‘rib turgan borliqlarning borliklari bir haqiqat. Zotan, bu masalada bahs ham bo‘lishi mumkin emas. «Quyosh, Oy, tuproq, inson bormi, yo‘qmi?» deya bir tortishuv ham yo‘q.
Demak, narsalarning borligi haqiqat, eng kamida shu qadar quvvatli yana bir haqiqat borki bu borliqlarning hech biri o‘zini o‘zi bor qilmagan!
Aytaylik, qarshimizda muhtasham bir saroy turibdi. Uning borligini hech kim inkor qila olmaydi. Va hech kim u binoning o‘zini «me’mor» demaydi. Hatto uch yoshli bola ham uni ko‘rsa darrov: «Dada, buni kim qurgan?» deb so‘raydi.
Bu ikki haqiqatni birgalikda o‘ylasang, butun borliqlar bor qilingani, ularni kimdir vujudga keltirgani, yaratgani namoyon bo‘ladi.
Har mavjudotning bir shakli borligi ham yana bir haqiqat. Bu barcha surat va shakllar o‘sha mvjudotlarga eng munosib tarzdadir. Na bir ortiqchalik, na bir nuqsonlik bor. Qushga qo‘l, qo‘yga qanot, ilonga oyoq, baliqqa panja taqilmagan.
Sen ushbu xatni o‘qib turgan daqiqalarda yuz minglab inson ona bachadonida suratlari tanzim etilayotibdi... Bu raqamga onalari bachadonlaridagi barcha qo‘zichoqlarni, buzoqlarni qo‘sh... Shuning o‘zigina emas! Tuxumni ham bir bachadon sifatida ko‘rib, ichlarida shakllanayotgan jami qushlarni, jo‘jalarni nazarga ol. Ular ham, xuddi rassom qarshisidagi surat kabi, o‘zidan bexabar. Tuzilishlarida qo‘llaniladigan barcha moddalar, xuddi qalamdagi bo‘yoqlar singari, his-tuyg‘usiz. Onalar ichlarida kechayotgan faoliyatlardan xabarsizlikda tuxum po‘sti bilan bir xildir. Bu tushunchalarni «Ona yer» uchun ham tatbiq qil. Uning «bachadoni»da yorilib, shakllanayotgan behisob urug‘ va danaklarni xayolan tomosha qil... 
Mana shu surat-shakl berish ishidan surat-shakl beruvchiga o‘ta olsang, haqiqatga erishgan bo‘lasan. Aks holda, rasmni lolu hayron tomosha qilgani holda rassomini inkor etishga oshiqqan aqlsiz boladan hech farqing qolmaydi. 
Shu tarz fikrlashda yana davom etamiz:
Jonlilarda ko‘rish sifati mavjudligi haqiqat. Lekin hech bir jonli bu sifatga o‘z irodasi bilan ega bo‘lmagani ham shu qadar quvvatli yana bir haqiqatdir. Ko‘z do‘xtiriga borgan kishi bilan, deylik, televizor ustasiga borgan odam mohiyat e’tibori bilan ayni ishni bajarishmoqda: har ikkalasi ham o‘zlari ijod qilmagan, o‘zlari yaratmagan bir asbobning ta’mirini istamoqda.
«Ko‘rish»ga shu jihatdan karasak, butun jonlilarga bu ne’matni bergan bir Zotning borligini ko‘ramiz. Hayot berish, so‘zlattirish, eshittirish, rizqlantirish kabi behisob hodisalarni ham ayni shaklda baholay olamiz.
«Har bir jon o‘limni totguvchidir» oyati boshqa bir haqiqatning ifodasi. Ishonish yoki ishonmaslik bu haqiqatni zarracha o‘zgartirmaydi. ha, o‘lim inkor etilmas haqiqatdir.
Boshqa bir oyati-karima:
«Haqiqatan, biz insonni bir-biri bilan aralash bir tomchi suvdan yaratdik. Uni imtihon qilmoqdamiz. Shu tufayli uni eshitguvchi va ko‘rguvchi qildik”.
Insonning nutfadan yaratilgani qanday bir haqiqat bo‘lsa, dunyoda imtihon qilinayotgani ham shunday bir haqiqat. Hammamiz umr bo‘yi imtihon qilinamiz: ko‘rishimizni, eshitishimizni va bizga omonat qilib berilgan boshqa barcha sarmoyamizni o‘z o‘rnida qo‘llayapmizmi-yo‘qmi...
O‘lim kelishi bilan imtihon varaqasi qo‘limizdan olinadi. Endi bitta so‘z ham yozishga ruxsat berilmaydi. Bu hodisa bilan bizga go‘yo shunday deyilmoqda:
«Ko‘zingiz qancha halol va haromga nazar solgan bo‘lsangiz bo‘ldi, endi bu yog‘iga uning nuri tugadi. Ko‘rish «siyohi» ko‘z «siyohdon»idan bo‘shatildi...
Miya dastgohini to‘g‘ri yoki yanglish qanday qo‘llagan bo‘lsangiz bo‘ldi, endi biron narsa haqida o‘ylay olmaysiz... Qalbingiz bilan nimaga ishongan bo‘lsangiz ishondingiz, endi tanlash imkonidan mahrum qilingan holatdasiz...» 
E’tibor bergan bo‘lsang, avvalgi oyati karimada jumla «har bir jon o‘lguvchidir» deb emas, «har bir jon o‘limni totguvchidir» deb kelgan. Oldimizda hali ko‘pgina dasturxonlar borligiga ham ishora qilinayotganday go‘yo.
Ona bachadonida, to‘qqiz oy oziqlanib, katta bo‘ldik. So‘ngra tug‘ilish hodisasini totdik. Falon yil dunyoda umr surib, hayotni totdik. Endi navbat o‘limni totishga. Undan keyin yana boshqa narsalarni totamiz: oldimizda qabr hayoti bor, ketidan «hisob-kitob» va «oxirat» keladi.
Zotan, insonning «imtihonda ekani»ni xabar bergan oyatda ham xuddi shu haqiqatga ishora qilinmayaptimi?!
Imtihon tugashi bilan hamma narsa tugamaydi. Aksincha, ko‘p narsa imtihon tugashi bilan boshlanadi. Mukofot qozonish yoki yo‘qotish, sevinch yoxud nadomat, farovonlik yoki iztirob hammasi imtihondan keyindir.
Insonning nutfadan yaratilganini bayon etgan boshqa bir oyati karimada bu ne’matga nisbatan insonning nonko‘rligi shunday ifoda etilgan:
«Insonni nutfadan yaratdi... Bir qarasang, u notiq (so‘zlovchi, gapiradigan) dushmanga aylanib qolibdi».
Bu oyat insonning qalb va vijdoniga go‘yo shunday xitob qilmoqda:
«Sen nutfadan milyardlab urug‘ ichidan bir lutf va ehson ila tanlanding. Inson bo‘lishga nomzod qilinding. Boshqa birodarlaring tuprog‘ini topa olmay chirib ketgan danaklar misoli bachadondan tashqariga chiqarib tashlandilar. Ular ketdi, sen qolding. o‘sha kuni na lablaring, na tiling, na miyang bor edi. Bularning senga U berdi. quvvatni, irodani, o‘ylashni senga U in’om etdi. Endi esa, Uning bu ehsonlarini Unga isyon qilishda qo‘llamoqdasan!»
Unga bu fursat nima uchun berilyapti? Aqlga shunday bir savol kelishi mumkin: Nega odam isyon qilgan onidayoq qahru g‘azabga yo‘liqmayapti?»
Yuqorida keltirganimiz oyatda bu savolning javobi bor: «Biz uni imtihon qilmoqdamiz».
Imtihon muddati tugamasidan turib hech kimga jazo berilmaydi. Bu muddat esa, o‘lim bilan tugaydi. Barcha savollarga yanglish javob bergan bir nomzod buni anglagan zahotiyoq haq-rost tavba qilish bilan hamma xatosini o‘chira oladi. Gap to‘g‘ri javobni berishga ulgura olishida.
Haqiqatni anglashda senga muvaffaqiyatlar tilab, xatimni shu yerda to‘xtatmoqchiman. Bu mavzuni kelajak maktubimda ham davom ettiraman... Salom bilan...»
Bu gal Xulyoning javobi yanada tezroq keldi. Bir sahifalik xati aynan bunday edi:
«Hurmatli ustoz! Maktublaringiz bilan meni xijolatda qoldirdingiz. Sizga qanday tashakkur bildirishni ham bilmayman. Endi karaxtlikdan chiqa boshlagan bemorday ko‘ryapman o‘zimni. Yozganlaringizning har bir so‘ziga ahamiyat berib, takror-takror o‘qiyapman. Dugonalarimga ham maktubingizni o‘qib berdim. Bir dugonam: «O‘limdan so‘ngra hayot bo‘lishini naqadar orzu qilardim? Ammo bilmayman, bu qanday bo‘larkin. Hech aqlimga sig‘dirolmayapman», dedi.
Tunov kuni pochchamga bayram tabriknomasi keldi. Ustida bir hikmatli so‘z yozilgan edi. Meni ko‘p o‘yga toldirdi. Unda aynan: «Bu kechaning ketidan kunduz, bu qishning ketidan bahor kelishi aqlga qanchalik to‘g‘ri kelsa, qanchalik zarur va qat’iy bo‘lsa, o‘lim kechasidan so‘ng qiyomat tongi otishi, qabr qishidan keyin oxirat bahori kelishi ham shu qadar qat’iydir», deyilibdi.
Ertasiga bu hikmatli so‘zni o‘sha dugonamga o‘qib berdim. Qanchalik sevinganini bilsangiz edi! Ich-ichidan xursand bo‘lib ketdi. Go‘yo yo‘qotgan qimmatbaho narsasini topib olgandek...
Ortiqcha vaqtingizni olmayman. Maktubingizning davomini kutib, ehtirom ila
Xulyo.
Uning bu samimiy ifodalari meni yanada g‘ayratga keltirdi. O‘sha paytda «haqiqatning ta’rifi va tahlili» bilan aloqador maktubimni yozishga hozirlik ko‘rayotgan edim. Shartta yozishga o‘tirdim: 



UCHINCHI MAKTUB


«Haqiqatni izlagan Xulyo! 
Bu maktubimda senga «haqiqatning nima ekani» mavzuida bir narsalar yozishga harakat qilaman. Oxirat mavzuini esa, keyinga qoldirmoqchiman. Sen ham ta’kidlab o‘tganingdek, og‘zini ochgan har bir kimsa haqiqatni aytayotganini da’vo qiladi. Atroflarimiz ham haqiqat deya aytilgan bir-biriga zid fikrlar bilan to‘la. Bu ziddiyatlarning o‘rtadan ko‘tarilishini senchalik men ham istayman. Lekin shuni ham juda yaxshi bilamanki, haqiqat eng go‘zal ravishda anglatilgan davrlarda ham bir toifa insonlar bunga qarshi chiqqandir. Binobarin, seni qiynayotgan fikriy ziddiyatlarni o‘rtadan yo‘qotaman, deb da’vo qilolmayman.
Haqiqatni ikki tomondan tadqiq qilish foydali bo‘ladi, menimcha. Biri «fizik», ikkinchisi «metafizik» tomondan. Soddaroq aytadigan bo‘lsak, biri «moddiy», narigisi «ma’naviy»...
Bahs-munozaralarning ko‘pi ikkinchisi haqida bo‘lishini bilaman. Biroq metafizikaga fizikadan borish ishonchli yo‘ldir. Haqiqatning ta’rifiga o‘tishdan oldin xususni tahkidlamoqchiman:
«Rost» va «haqiqat» so‘zlari ko‘pincha ayni ma’noda qo‘llaniladi. holbuki, biz «haqiqat» deb bahs yuritayotgan narsa aslida «haq» deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Negaki hozir tahlil qilib o‘tirmayman. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, lug‘atda «haq» uchun «rost», «to‘g‘ri» kabi ma’nolar beriladi va «haq»ning ziddi «botil» ekani ta’kidlanadi. «Botil» degani yanglish ishonch, xato tushuncha, to‘g‘ri bo‘lmagan fikr deganidir.
Endi «haq»qa taalluqli bahzi ta’riflarga o‘taman, Bularni «haqiqatning ta’rifi» deb qabul qilishingni istayman. «Haq hukmning voqe’likka (mavjudlik va bor bo‘lganlikka) muvofiqligi (mosligi)dir. Ziddi botildir». «Haq deb inkori mumkin bulmagan barqarorlikka (o‘zgarmas, sobitga) aytiladi».
«Mavjud bo‘lganga haq deyiladi, mahdum (yo‘q bo‘lgan) esa, botildir». 
Bu ta’riflarning umumiy nuqtasi: haqning shaxslarga ko‘ra o‘zgarmasligi, aksincha, ma’lum bir asosga tayanganidir. Ta’riflarda «voqe’lik» va «barqarorlik»dan so‘z yuritilyapti. Berilgan hukm faqatgina voqelikka muvofiq kelsagina, «haq» bo‘lishi (haqiqatni ifoda etishi) ta’kidlanyapti. 
Mavzuni yana bir oz oydinlatish uchun senga bir savol beray: «Quyosh Yerdan necha marta katta?»
Bu savolga «bir milyon uch yuz ming marta» deya javob bersang, haqiqatni aytgan bo‘lasan. Sening bu so‘zingni «haqiqat» qilib turgan narsa nima, bilasanmi? Voqe’likda, ya’ni, shu koinotda quyoshning Yerdan o‘shancha katta bo‘lganidir. Ya’ni, sening bu hukming bir voqe’likning ifodasi bo‘ldi.
Bu haqiqat o‘zrarmas va qat’iy bo‘lishiga qaramay, agar butun inson jam bo‘lib boshqa bitta raqamni yakdillik bilan aytsalar, ya’ni, masalan, «Quyosh Yerdan ming marta katta», desalar, haqiqatni o‘zgartira oladilarmi?!
Yodingda bo‘lsa, kitob do‘konida senga bir surat ko‘rsatgan edim. Ana o‘sha surat bir haqiqatning ifodasi edi. Undagi manzaralar yer yuzida mavjud edi.... Ammo xayoliy rasmlar, chizilgan suratlar haqida bunday deya olmagan edik. Ularga bu yer kurasidan joy topa olmagan edik....
Ko‘rdingmi, quyosh haqida aytilgan yanglish raqamlar ham o‘sha rasmlarga o‘xshaydi... Demak, fan sohasida har kimsaning o‘zicha bir «haq qarashi», «haq nazari», «haqiqat tushunchasi» bo‘lishi mumkin emas ekan. Aytilgan so‘z «koinot kitobi» bilan solishtirib ko‘riladi. Unga muvofiq kelsa, haqiqat bo‘ladi. 
Bir olim: «Inson ko‘zi olamda mavjud nurlarning faqatgina uch foizini ko‘ra oladi», deydi. Bunga ko‘ra, biz o‘zimiz ichida yashayotgan fizik (moddiy) olamning faqat uch foizinigina ko‘ra olyapmiz, xolos. Buncha o‘xshash nisbat eshitish, hid bilish... kabi tuyg‘ularga ham tegishlidir.
Shu besh tuyg‘uning bu nuqsonini aql to‘ldirishga harakat qiladi. Va koinotning ko‘rinmagan, lekin mavjud bo‘lgan olamlarini kashf etib, u sohaning mutaxassislariga ko‘rsatadi.
Muhim bir xusus: ma’lumki, ashyoni ko‘ra olish uchun ko‘zning o‘zi yetarli emas. Chunki mutlaq qorong‘ulikda biron narsani ko‘rib bo‘ladimi? Aql bilan biron haqiqatni topish ham ko‘z bilan narsalarni ko‘rishga o‘xshaydi, ammo, oralarida farq ham bor: biri ma’naviy bo‘lsa, ikkinchisi moddiydir. Masalan, ko‘z moddiy narsani ko‘ra olishi uchun moddiy nurga ehtiyoji bo‘lgani kabi, aql ham ma’naviy olamdagi haqiqatlarni to‘liq va ayon ko‘ra olishi uchun ma’naviy nurga muhtoj. Bu ma’naviy nur imondir. Aql o‘zicha moddiy olamdagi ba’zi haqiqatlarni topishi mumkin, ammo undagi ma’nolarni ma’naviy nur vositasi bilangina ko‘ra oladi. 
Yana so‘zimizda davom etaylik. Har bir olim, go‘yoki butun insoniyat nomidan, koinot kitobining bir masalasini hal qilishga, bir harfini anglashga urinmoqda. Ba’zisi yaproqni, ba’zisi tuproqni tekshirmoqda. Yana boshqasi miyani, biri yurakni, biri tishni o‘rganib, hayronlik bilan tadqiq qilmoqda.
Har bir atom, har bir hujayra, har bir bakteriya, har bir yaproq, har bir meva, har bir hashorat, har bir sayyora va nihoyat har bir yulduz bir ilm xazinasidir.
Haqiqatni izlagan inson bu manzara oldida o‘zidan shu savolni so‘rashi lozim: «Bu jonsiz va ongsiz koinotni bu qadar ma’no bilan kim to‘ldirdi? U zotni qanday bilmog‘im kerakki, bu ishonchim «haq» bo‘lsin?
Ana shu savolga to‘g‘ri javob bera olgan inson boshqa haqiqatlarning eshigini ham osongina topa oladi. Yuqorida biz imonni ma’naviy nur dedik. Bu nurning ziyosi ma’rifatdir. Ya’ni Allohni tanish va bilishdir.
Endi «haq» uchun keltirgan ta’riflarimiz soyasida shunday o‘ylashimiz lozim: «Allohning qudsiy (muqaddas) zoti va sifatlari voqe’likda qanday bo‘lsa, inson uni shunday bilmog‘i kerak, aks holda, barcha so‘zlari botil va safsata bo‘lib qoladi. Sifatlari nihoyasiz, cheksiz bo‘lgan Allohni shu cheklangan aql haqqi-rost bila olishi uchun yagona yo‘l bor: 
«Allohni o‘zi bildirganidek bilish!»
Buning uchun esa: «U nozil qilgan Kitobni o‘qish va yuborgan payg‘ambariga quloq solish...»
Insonning bu mavzuda beradigan hukmi faqat shu holdagina haqiqat bo‘ladi. Bundan tashqaridagilar botil va yanglishdir.
Gapning lo‘ndasi: koinot Uning mulki, Qur’on Uning kitobi, Inson Uning bandasi... Bu banda tabiatga oid sohada gapirayotgan bo‘lsa, so‘zlari koinot kitobiga muvofiq bo‘lishi kerak, ilohiy haqiqatlardan so‘z yuritayotgan bo‘lsa, Ilohiy farmonga uyg‘un bo‘lishi darkor.
Qur’on tarbiyasini ko‘rgan aql shunday fikrlaydi: 
Modomiki bu koinot har bir harfi cheksiz ma’nolar bilan to‘la bir kitob ekan, uni yozgan Zot «na zoti ila, na sifatlari ila o‘zi yaratgan mavjudotlarga aslo o‘xshamadi, aqlga kelgan har qanday tasavvurdan, xayoldan mutlaqo boshqacha o‘laroq bilishim va tanishim lozim.
Modomiki, har makon joy-joyiga qo‘yilgan ekan, ularni yaratib tartiblagan, tanzim etgan zotni makondan tashqarida, makondan xoli deb bilishim kerak. Makonni yaratgan zot, albatta, unga bog‘lik va uning qaydi ostida bo‘lmaydi. 
Modomiki, har on yangi-yangi mavjudotlar vujudga kelar ekan, ularning Ijodkorini zamondan xoli, vaqt qaydi ostida bo‘lmagan deb bilishim zarur.
Inson Allohga ana shunday imon keltirish bilan ham o‘zini, ham butun mavjudotni Unga mansub deb biladi. Ya’ni: «Biz hammamiz Unikimiz. Butun borliqlar Uning maxluqi. Barcha olamlar Uning mulki, butun suratlar Uning tasviri. Barcha go‘zalliklar Uning tazyini (ziynatlagani),» deydi.
Inson bu mansublikni tasdiq etsa ham, tasdiq etmasa ham, haqiqat zarracha o‘zgarmaydi. Ammo tasdiq etish bilan uning o‘zi juda ko‘p narsalarga erishadi. 
«Insonlar ko‘pincha o‘zlariga berilgan mansub bo‘lishlik» qobiliyatini yanglish yo‘lda qo‘llaydilar. Juda qiymatli bu sarmoyani o‘tkinchi, keraksiz masalalarga sarflab, yo‘q qiladilar. Falonchining uyi, pistonchining mashinasi, anavining mansabi, manovining dala-hovlisi deya, dunyoviy sarvat va maqomlarni dunyo ahliga mansub qilish bilan vaqtlarini zoe ketkazadilar... 
Maktubimni ham ancha cho‘zib yubordim, shekilli. Lenin bu mavzuni ikki-uch og‘iz so‘z bilan tushuntirib bo‘lmasligini o‘zing ham bilasan.
Yozilganlarni tushunishda balki qiynalarsan. Biroq bu qiyinchilik kelajakda senga ko‘p huzur keltiradi. Shu paytgacha yozganlarim orasida tushunarsiz bo‘lgan joylar bo‘lsa, albatta so‘ra. Zero, nasib bo‘lsa, keyingi maktubimda juda muhim bir masala ustida so‘z yuritaman. Unda ham anglasha olsak, bu yog‘iga muammolarimizni ma’lum asosga ko‘ra hal etishiga tayyormiz demakdir.
Shu bilan maktubimni tugataman. 
Salom bilan...»
Maktubni jo‘natganimdan keyin darhol keyingisini yozishga kirishdim. Undan keladigan javobni kutishning hojati yo‘q edi.
Bu safar maktubimda u bilan ma’lum bir o‘lchov asosida kelishib olmoqchi edim. Zero, o‘lchovsiz suhbatlarning biron natija bermasligini juda yaxshi bilardim.
Bu «haqiqat» mavzuidagi oxirgi maktubim edi. Endi aniq hodisalar xususida gapirib, Xulyoning boshqa savollariga mahlum bir tartibda javob bermoqchi edim: Unga shularni yozdim:


TO‘RTINCHI MAKTUB


«Haqiqatni izlagan Xulyo!
Ayol-erkak tengligi, ayolning haqiqiy vazifalari, ilohiy adolat, o‘lim va uning narigi tarafi kabi juda muhim mavzular haqida so‘ragan savollaring javobini yana kechiktirmoqchi emasman. Sendan yangi bir savol kelmasa, «haqiqat bahsi»ni bu maktubimda nihoyasiga yetkazmoqchiman. O‘tgan safargi maktubimda «Bu olamning egasini qanday bilsak, haq bir ishonchga erishgan bo‘lamiz?» mavzuida bir narsalar yozishga harakat qilgan edim. Endi esa «Koinotni va insonni qanday baholamog‘imiz kerak»ligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘taman. Nasib bo‘lsa, keyinchalik yana ham batafsilroq maktub yozarman.
Koinot bir saroy, inson unda mehmondir. Na bu saroy sohibsiz, na insonlar g‘oyasiz...Inson va koinot... Ikkisi ham so‘ngradan va bosqichma-bosqich yaratilgan. Koinot har on o‘zgarmoqda. Insonlar to‘xtovsiz koinot saroyiga kelib ketmoqda. Bu uzayib ketuvchi nihoyasiz faoliyatlar aql egalariga bir haqiqatni hayqirmoqda:
Modomiki, har narsa o‘zgarmoqda ekan, unday bo‘lsa, bularni o‘zgartiruvchi «borligi sobit, barqaror va hech bir o‘zgarishga yo‘liqmaydigan bir zot» bo‘lishi kerak...
Bu oxirgi ifoda, Allohning haq ismining ta’rifidan boshqa narsa emas. Bu ismning boshqa bir ta’rifi shunday bayon etiladi: 
«Mutlaq haq o‘z zoti ila bor bo‘lib, haqiqiy mavjuddirki, har haq bo‘lgan mavjud ham haqiqatini Undan oladi».
Bu bir jumlaga siqishtirilgan keng ma’nolarga qisqacha ishorat etmoqchi bo‘lsak, shunday deya olamiz: Bugun biz bor bo‘lsak, bu Allohning borligi va Mujid (bor qiluvchi) ismini tajalli ettirishi (aks ettirishi) soyasidadir. Suratimiz, shaklimiz, siymomiz bor bo‘lsa, bu Uning borligi va Musavvir (surat beruvchi) ismini tajjali ettirishi soyasidadir... Shu onda hayot bo‘lsak, bu yana Uning borligi va Muhyiy (hayot beruvchi) ismining tajalliyiga noil bo‘lish soyasidadir.
Muhim bir nuqtaga ham yetib keldik:
Janobi haqning «Vujud», yahni «Borlik» sifati kabi boshqa sifatlari ham o‘zgarishdan xoli, pok, mutlaq va cheksizdir.
Masalan, zotiy sifatlaridan biri «vahdat», yahni birlik, yagonalik. Bu sifatda ham o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas, U doimo Birdir. Boshqa sifati esa «muxollafatun lil-havodis», yahni, qudsiy mohiyatining yaratgan borliqlariga aslo o‘xshasligi. Bu sifat ham boqiy va o‘zgarmasdir. Xullas, davom etadigan bo‘lsak, qudrati nihoyasiz, ilmi cheksizdir. Bularda ham na bir ozayish, na ortish bo‘lishi mumkin.
Boshqa sifatlarga ham shu jihatdan nazar solish kerak. Ilm sifati haqida bir oz to‘xtalib o‘tmoqchiman. Allohning ilmi cheksiz, nihoyasizdir. Yanglishishdan, o‘zgarishdan, unutishdan holi va pokdir. Inson ilmi esa o‘ziga o‘xshab tez-tez o‘zgarib turadi. Kecha to‘g‘ri deganini bugun yolgon deyishi mumkin...
Masalan, kecha «Quyosh Yerning atrofida aylanadi», degan edik. Bugun esa aksini isbotladik va insoniyat olami o‘laroq qusurimizni e’tirof etdik.
Allohning ilmida esa biron o‘zgarish bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Zero, Yer ham Uning maxluqi, quyosh ham. Bularning qanday harakat qilishlarini Undan yaxshiroq kim bila olardi!
Insonlar Yerning aylanishini anglash bilan nima qildilar, bilasanmi? Aytaqolay. Bu borliqlarning harakatini ilohiy ilmga muvofiq o‘laroq bilgan bo‘ldilar va bu yangi kashflarini shunday e’lon qildilar: «Haqiqatni topdik!».
Buni aytishda haqli edilar. Zero, bu hukmlari haqiqatning ta’rifiga munosib edi, ya’ni voqelikka muvofiq edi...
Mana, Xulyo!
«Koinot nima uchun yaratilgan?» va «Insonning bu dunyodagi vazifasi nima?» kabi savollaringga beradigan javoblarimiz haqiqat bo‘lishi uchun Ilohiy ilm va irodaga muvofiq bo‘lishi shart. Aks holda, o‘zimizni va boshqa insonlarni aldashdan boshqa hech narsa qilmagan bo‘lamiz... haqiqat nima bo‘lsa, shudir. Unda biron o‘zgarish bo‘lmaydi. O‘zing o‘yla, bir kishi tarafidan yaratgan narsaning yaratilish g‘oyasini kim belgilaydi? Albatta, uni o‘z ilmi va qudrati ila yaratgan Zot tayinlaydi. Modomiki, inson ham maxluq (yaratilgan) ekan, qanday qilib u o‘zining yaratilish g‘oyasini o‘zicha belgilay oladi yoki o‘z istagiga ko‘ra o‘zgartira oladi? Yoxud o‘zicha kashf eta oladi? Maxluqning yaratilish g‘oyasini, dunyodagi vazifasini Yaratuvchisigina belgilaydi.
Demak, «Insonniig dunyodagi vazifasi nima?» degan savolingga beradigan javobimiz bundaydir:
Alloh insonni nima uchun yaratgan bo‘lsa, undan qanday vazifa istayotgan ersa, nimalarni qilib, nimalarni qilmaslikni qanday yashashni iroda etib tayin qilgan bo‘lsa, insonning vazifasi o‘shadir. Insonga lozim bo‘lgani buni so‘rab surishtirish, izlab topishdan iborat.
Aks holda, inson Allohning hukmiga quloq solmay, tug‘ilib-o‘sishga, uxlab-uyg‘onishga, o‘lib-tirilishga va nihoyat hisob-kitob qilinishga mahkum boshqa bir insonning shaxsiy qarashlari, fikrlari bilan bu savolga to‘g‘ri javob topa olmaydi.
Kelajak maktublarimda sening barcha savollaringga bu haqiqatning nuri ostida javob berishga harakat qilaman. Ushbu maktubimni esa ko‘pdan beri yodimda qolgan bir hikmatli so‘z bilan nihoyalamoqchiman:
«Alloh birdir. Uning yuli ham birdir. Ko‘rmaysizmi, axir ikki nuqtaning orasani tutashtirishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ri chiziq bittadir. Ammo jaholat va zalolat yo‘llari ko‘pdir. Haqiqatan ham ikki nuqtani tutashtiruvchi egri chiziqlar cheksizdir...» 
Senga to‘g‘ri yo‘lni topishda muvaffaqiyatlar tilayman.
Salom bilan ...

Muallif: Alouddin Bashar
Tarjimon: Davron Qobil
"Hidoyat" jurnalidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.