background
logotype
image1 image2 image3

Yolg'on guvohlik berish

Alloh taolo aytadi:

«Ular yolg‘on guvohlik bermaslar» (Furqon surasi, 72).

Bu Rahmonga suyukli bandalarning yettinchi sifatidir.

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yolg‘on guvohlik beruvchining ikki qadami (turgan yeridan) qo‘zg‘almay turib Alloh unga do‘zaxni vojib qiladi», dedilar» (Ibn Moja, Hokim rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu: «Yolg‘on guvohlik berish uch marotaba Allohga shirk keltirishga tenglashtirilgan», dedilar-da, keyin: «But-sanamlardan iborat nopoklikdan uzoq bo‘lingiz, yolg‘on so‘z-guvohlikdan uzoq bo‘lingiz», oyatini tilovat qildilar (Tabaroniy rivoyati).

Musannif (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Yolg‘on guvohlik beruvchi odam bir qancha ulkan gunohlarni sodir etadi:

1) yolg‘on va uydirma;

Alloh taolo aytganki:

«Albatta, Alloh haddan oshuvchi, yolg‘onchi kimsalarni hidoyat qilmas» (Fofir surasi, 28).

Hadisi sharifda esa: «Mo‘minning tabiatida xiyonatkorlik va yolg‘onchilikdan tashqari har qanday xislatga moyillik bo‘lishi mumkin», deyilgan (Bazzor, Abu Ya'lo rivoyati);

2) zulm. Kimning zarariga yolg‘on guvohlik bersa, unga zulm qilgan bo‘ladi. Chunki shu guvohlik sababli o‘sha kishining mol-mulki yoki obro‘si va yo joni ketadi;

3) shuningdek, kimning foydasini ko‘zlab yolg‘on guvohlik bersa, unga ham zulm qilgan bo‘ladi. Zero, uning guvohligi tufayli u kishi harom mol-mulkni egallaydi va do‘zaxga mahkum bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Kimga birodarining haqqini hukm qilib bersam, batahqiq, unga do‘zaxning bir parchasini bo‘lib bergan bo‘laman» (Mutafaqqun alayh);

4) u Alloh taolo harom qilgan va saqlagan o‘zganing mol-mulki, qoni va obro‘siga tajovuz qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta: «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalarini xabar qilaymi?» deb so‘radilar-da: «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish. Ogoh bo‘linglar, yolg‘on guvohlik berish va yolg‘on gapirish», dedilar. Suyangan holda edilar, o‘tirib oldilar-da, bu so‘zni takrorlayverdilar, hattoki biz: «Qaniydi, sukut qilsalar», dedik (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Alloh taolodan barcha balolardan omon saqlashini so‘raymiz.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.