background
logotype
image1 image2 image3

Yolg'on gapirish

Alloh taolo aytadi:

«Shak-shubha yo‘qki, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas» (Zumar surasi, 3).

Ya'ni, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsani hidoyatiga muvaffaq qilmaydi, haq dinga yo‘llab qo‘ymaydi.

«Yolg‘on so‘zlarni ham faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qirlar. Ana o‘shalar yolg‘onchidirlar» (Nahl surasi, 105).

Ya'ni, Allohga va oyatlariga iymon keltirmagan kimsagina U zot sha'niga yolg‘on to‘qiydi. Chunki u azobga duchor bo‘lishidan qo‘rqmaydi. U haqiqiy yolg‘onchidir. Yolg‘on gapirish ulkan jinoyat bo‘lgani bois, mo‘min unga yaqinlashmaydi.

«Albatta, Alloh haddan oshuvchi, yolg‘onchi kimsalarni hidoyat qilmas» (Fofir surasi, 28).

Ya'ni, Alloh haddan oshib zalolatga botgan va U zot sha'niga yolg‘on to‘qiydigan kimsani hidoyatga, iymonga muvaffaq qilmaydi.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka (gunohkorlikka), fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa yolg‘on gapiradi, va'da bersa, ustidan chiqmaydi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi» (Muttafaqun alayh).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda to‘rt xislat bo‘lsa, u haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimda ulardan biri bo‘lsa, to uni tark etmagunicha unda munofiqlikning bir xislati bo‘ladi: omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi, gapirsa, yolg‘on gapiradi, ahd qilsa, (ahdida) turmaydi, xusumatlashsa (tortishsa), fojirlik qiladi», dedilar» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tushlari haqidagi hadisi sharifda shunday deyilgan: «So‘ng orqasi bilan chalqancha yotgan bir kishining yoniga keldim. Tepasida temir changak ko‘targan boshqa birov turardi. Shu payt u (yotgan kimsa) yuzining bir tomoniga yaqinlashdi-da, yuzini burnini va ko‘zini ensasigacha yirtib tashladi. So‘ngra nima qilgan bo‘lsa, shuni qildi. Bu tomonidan bo‘shamay turib, narigi tomoni tuzalib qoldi. So‘ng yana u tomonga o‘tib, birinchi safar qilgan ishini qila boshladi. Men: «Subhonalloh, bu nima?» deb so‘ragan edim, «Yur, ketdik», deyishdi. Keyin ikki farishta Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga buni izohlab: «Endi, yuzi ensasigacha, yuzi, burni va ko‘zi ensasigacha yirtilayotgan kishiga kelsak, u ertalab uyidan chiqib, ufqlargacha yetadigan darajada ko‘p yolg‘on gapiradigan kimsadir», deyishdi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh gapirmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, ularga (rahmat nazari bilan) qaramaydi va ularga alamli azob bo‘ladi. (Ular): zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘al» (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapiradigan kimsaga vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Hadisi shariflardan birida: «Mo‘minning tabiatida xiyonatkorlik va yolg‘onchilikdan tashqari har qanday xislatga moyillik bo‘lishi mumkin», deyilgan (Bazzor, Abu Ya'lo rivoyati).

Navos ibn Sam'on roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birodaring seni tasdiqlab deb turganida, unga yolg‘on gap aytishing katta xiyonatdir», dedilar» (Ahmad rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytgan ekanlar: «Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishdan to‘xtamaydi, nihoyat uning qalbida qora dog‘ paydo bo‘ladi. Borib-borib qalbi batamom qorayadi va Alloh nazdida yolg‘onchilardan deb yoziladi».

Yolg‘on qasam ichish yolg‘on gapirishdan ham yomonroqdir.

Alloh taolo munofiqlar haqida xabar berib bunday deydi:

«Yana ular (o‘zlarining munofiq ekanliklarini) bilib turgan hollarida («Bizlar musulmonlarmiz» deb)yolg‘on qasam ham ichurlar» (Mujodala surasi, 14).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh gapirmaydi ularga (rahmat nazari bilan) qaramaydi, ularni (gunohlardan) poklamaydi va ularga alamli azob bo‘ladi: Sahroda ortiqcha suvi bo‘la turib uni yo‘lovchilarga bermaydigan kimsa; asrdan so‘ng aslida unday bo‘lmasa-da, o‘zi uni falon narxga olganiga ishontirish uchun Allohning nomi bilan qasam ichib matosini sotgan kimsa; amirga mol-dunyo ilinjida bay'at bergan, shuning uchun agar unga xohlagan narsasini berib tursa, ahdiga vafo qilib, bermay qo‘ysa, ahdini buzadigan kimsa» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Tush xususidagi yolg‘on ham katta yolg‘ondir.

Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) rivoyat qilgan hadisda: «Kim ko‘rmagan tushini ko‘rdim desa, unga ikki soch tolasini ulash yuklanadi. Biroq bu ishni uddalay olmaydi», deyilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi ikki ko‘zi ko‘rmagan narsalarni ko‘rsatishi - yolg‘onlarning yolg‘onidir (eng katta uydirmadir)» dedilar (Buxoriy rivoyati).

Ya'ni, kishi tushida hech narsa ko‘rmagan bo‘lsa-da, uni ko‘rdim, buni ko‘rdim, deyishi g‘irt yolg‘ondir.

Musulmon kishi yaxshi-foydali so‘zlarnigina so‘zlab, bekorchi, foydasiz so‘zlardan tilini tiyishi lozim. Zero, sukut saqlash salomatlik bo‘lib, salomatlikka biron narsa teng kelmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin», deganlar (Mutafaqqun alayh).

Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yo Rasululloh, qaysi musulmon afzal?» deb so‘ragan edim, «Qo‘li va tilidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishi», deya javob berdilar» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir banda e'tiborsizlik qilib bir so‘zni aytadi-da, u sababli do‘zaxga mashriq va mag‘rib orasidan uzoqroq masofaga qulaydi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Bilol ibn Horis Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi Allohni rozi qiladigan bir so‘zni aytadi-da, u sababli Alloh taologa uchrashadigan kunigacha unga roziligini yozib qo‘yadi. U so‘zining bu darajaga yetishini o‘ylab ko‘rmagan bo‘ladi. Yana bir kishi Allohni g‘azablantiradigan bir so‘zni aytadi-da, u sababli Allohga uchrashadigan kunigacha unga g‘azabini yozib qo‘yadi. So‘zining bu darajaga yetishini u ham o‘ylab ko‘rmagan bo‘ladi», dedilar» (Molik, Termiziy rivoyati).

Bu xususda sahih hadislar bisyor bo‘lib, zikr qilganlarimizning o‘zi ham kifoya qilsa, ajabmas.

Bir kishidan: «Odam bolasining qancha aybi bor ekan?» deb so‘rashgan edi, u: «Sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Men o‘zim sanaganman, sakkiz mingta ayb bo‘ldi. Biroq bir xislat borki, u barcha ayblarni berkitib turadi. U - tilni tiyish», deya javob berdi.

Alloh barchamizni gunoh ishlardan chetlashtirsin, O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga yo‘llasin. U marhamatli va saxovatli zotdir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.