background
logotype
image1 image2 image3

Xiyonat va ahdga vafo qilmaslik

Alloh taolo aytadi:

«Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd-paymon (Qiyomat kuni) mas'ul bo‘linadigan ishdir» (Al-Isro surasi, 34).

Zajjoj aytadilar: «Alloh buyurgan va qaytargan barcha narsalar ahddandir».

«Ey mo‘minlar, bitimlarga (Alloh taolo bilan o‘rtalaringizdagi bitimlarga - U zotga bandalik qilish haqida bergan ahd-paymonlaringizga ham, o‘zaro bir-biringiz bilan kelishib olgan bitimlaringizga ham)vafo qilingiz!» (Moida surasi, 1).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Ahdlar Qur'onda halol-harom, farz qilingan va had belgilangan narsalardir».

Zahhok aytadilar: «Alloh taolo bu ummatdan halol-harom qilingan, namoz kabi farz etilgan narsalarga va boshqa ahdlarga vafo qilishga ahd-paymon olgan. Ahdlar ham xuddi shu kabi bo‘lib, Alloh farz qilgan muhkam narsalardandir. Biron bir holatda ham uni buzishga yo‘l yo‘q».

Muqotil ibn Hayyon aytadilar: «Alloh Qur'onda buyurgan Uning O‘zigagina itoat etishingiz va qaytargan narsalardan qaytishingiz xususida sizlarning zimmangizga yuklagan ahdlarga, mushriklar bilan sizlarning orangizdagi ahdlar - bitimlarga va insonlar o‘rtasidagi ahdu paymonlarga vafo qilinglar». Vallohu a'lam.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda to‘rt xislat bo‘lsa, haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimda ulardan bittasi bo‘lsa, to uni tashlamaguniga qadar unda munofiqlikning bitta xislati bo‘ladi. Ular gapirsa, yolg‘on gapiradi, ahdlashsa, ahdida turmaydi va agar bahslashsa, fojirlik qiladi (haddidan oshadi)» (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida har bir (ahdini buzgan) xiyonatchini tanitib turadigan bayrog‘i bo‘ladi. Bu falonchining xiyonati, deyiladi» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Men qiyomat kuni uch kishining - mening nomimni o‘rtaga qo‘yib (biron narsa) olib, so‘ng xiyonat qilgan kishining, hur-ozod odamni sotib, so‘ngra pulini yegan kishining va mardikorni ijaraga olib, ishlatib, haqini to‘liq bermagan kishining dushmanidirman», dedi» (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim itoatdan bo‘yin tovlasa, qiyomat kuni Allohga yo‘liqqanida uning hech bir hujjati bo‘lmaydi. Kimki bo‘ynida bay'at bo‘lmagan holda o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi» (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar alayhicsalom aytdilar: «Kim do‘zaxdan yiroq bo‘lib, jannatga kirishni yoqtirsa, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan holda o‘ziga berilishini yaxshi ko‘rgan narsani odamlarga bersin. Kim bir imomga bay'at qilib, unga qo‘lining bitimini va qalbining mevasini bersa, agar qodir bo‘lsa, unga itoat etsin. Mabodo boshqasi kelib, u bilan talashib-tortishsa, o‘sha boshqa kimsaning bo‘yniga uringlar (ya'ni, o‘ldiringlar)» (Muslim rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.