background
logotype
image1 image2 image3

Taqdirni rad etish

Alloh taolo dedi:

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratdik» (Qamar surasi,  49).

Ibn Javziy tafsirlarida bu oyatning nozil bo‘lish sababi xususida ikki xil gap borligini aytganlar: Birinchisi, Makka mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan taqdir haqida tortishganlar. Shunda mazkur oyat nozil bo‘lgan (Muslim rivoyati). Abu Umoma roziyallohu anhu: «Bu oyat qadariyalar xususida», deganlar. Ikkinchisi, Najron yepiskopi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, gunohlar ham taqdir-qadar bilan sodir etiladi, deb da'vo qilasan. Bunday emas-ku», dedi. Shunda ushbu oyatlar nozil bo‘ldi: «Albatta, jinoyatchi-osiy kimsalar gumrohlik va ahmoqlikdadirlar. Ular yuztuban hollarida do‘zaxga sudraladigan Kunda (ularga): «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar!» (deyilur). Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov-qadar bilan yaratdik» (Qamar surasi, 47-49).

«Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku!» (Vas-soffot surasi, 96).

Ibn Jarir aytganlarki, bu oyatni ikki xil tushunish mumkin. Alloh sizlarni va amallaringizni yaratgan yoki Alloh sizlarni va yasab olgan butlaringizni yaratgan.

Bu oyat bandalarning ishlari maxluq ekaniga hujjatdir. Allohu a'lam.

«Jonga va uni raso qilib-yaratib, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib-o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki...» (Vash-shams surasi, 8).

Said ibn Jubayr aytganlar:  «Alloh nafsga fujurini ham, taqvosini ham yuklab qo‘ydi».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi - ular taqdir qilinmagan», deb da'vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsa-yu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilar-da, so‘ng Jabroil alayhissalom hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?» deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).

Allohga iymon keltirish - Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini qiladigan zot, deb tasdiqlashdir.

Farishtalarga iymon keltirish ularni Allohning bandalari deb tasdiqlashdir.

«...Yo‘q (farishtalar aslo Allohning bolalari emas, balki) ulug‘ bandalardir. (Farishtalar) U zotdan ilgari biron so‘z aytmaydilar (ya'ni, Alloh buyurmagan biron ishni qilmaydilar). Ular (Allohning) amr-farmoni bilangina amal qilurlar. U zot ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o‘tgan) barcha ish-amallarini bilur. Ular (Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda) faqat (Alloh) rozi bo‘lgan kishilarnigina shafoat qilurlar - qo‘llay olurlar. Ularning o‘zlari (Allohdan) qo‘rqib xafvu xatarda tururlar» (Anbiyo surasi, 26-28).

Kitoblarga iymon keltirish - Alloh taolo O‘zining tanlab olgan elchilariga vahiy qilgan kalomini tasdiqlashdir. Bu kalomlar jamlanib, devon qilinib, pokiza sahifalar va qiymatli kitoblarga aylangan. Mo‘min ulardan bilganiga batafsil, bilmaganiga umumiy suratda iymon keltiradi.

Payg‘ambarlarga iymon keltirish - ularning Alloh taolo nomidan bergan xabarlariga ishonishdir. Alloh ularni rostgo‘yliklariga dalolat qiladigan mo‘'jizalar bilan qo‘llab quvvatlagan, ular Allohning risolatini yetkazganlar, mukallaf bandalarga Allohning buyruqlarini bayon qilib berganlar. Ularni ehtirom qilish va ulardan birontasini ajratib qo‘ymaslik vojib bo‘ladi.

Oxirat kuniga iymon keltirish - Qiyomat kunini va u kunda ro‘y beradigan qayta tirilish, mahshargohga to‘planish, hisob-kitob, mezon, pulsirot, jannat va do‘zax, bu ikkisi muhsinlarga savob, nobakorlarga jazo diyori ekanini va bulardan boshqa sahih naqlda kelgan narsalarni tasdiqlashdir.

Taqdirga iymon keltirish quyidagi oyati karimalar ifodalaydigan ma'nolalarni tasdiqlashdir:

«... Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku!» (Vas-soffat surasi, 96).

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratgandik» (Qamar surasi,  49).

«Na yerga va na o‘zlaringizga biron musibat yetmas, magar (etsa), Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22).

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bilginki, agar senga biron narsada foyda berish uchun butun ummat to‘plansa ham, faqat Alloh taolo sen uchun yozib qo‘ygan narsa bilangina foyda beradi. Agar senga biron zarar yetkazish uchun to‘plansa ham, faqat Alloh taolo yozib qo‘ygan narsa bilangina zarar yetkazadi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan» (Termiziy rivoyati).

Salaflar va xalaf imomlarining mazhabi-fikri shuki, kimda-kim bu ishlarni hech shubhalanmasdan va ikkilanmasdan qat'iy tasdiqlasa, mo‘min bo‘ladi. Bu tasdiq yorqin hujjatlar orqali bo‘ladimi yoki qat'iy e'tiqodlar yordamidami, farqi yo‘q. Vallohu a'lam.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh maxluqotlar taqdirini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘ygan» (Muslim rivoyati).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kishi: «Yo Rasululloh, bugungi amallar nimaga bog‘liq? Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsagami yoki biz endi qiladigan, endi sodir bo‘ladigan narsagami?» deb so‘radi. «Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsaga bog‘liq», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. «Unda amal qilishning nima keragi bor?» deb so‘ragan edi, «Amal qilinglar, har bir kishi muyassar bo‘lguvchidir», dedilar Nabiy. (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir narsa qadar-taqdir bilandir. Hattoki ojizlik va ziyraklik ham» (Ahmad va Muslim rivoyati).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qadariyalar va murjialar bu ummatning majusiylaridir. Agar ular kasal bo‘lsalar, ziyorat qilmanglar va agar o‘lsalar, (janozalarida) qatnashmanglar» (Taboroniy rivoyati).

Rivoyat qilishadiki, Alloh qiyomat kunida avvalgilaru oxirgilarni to‘plagan vaqtda bir jarchiga buyuradi, u: «Allohning xusumatchilari qani?» deb nido qiladi. Bu nidoni avvalgilaru oxirgilar eshitadi. Shunda qadariyalar o‘rinlaridan turadilar va ularga do‘zaxga kirish buyuriladi. Alloh taolo aytadi: «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov - qadar bilan yaratdik».

Alloh bandaga ma'siyat-gunoh ishni taqdir qilib, so‘ng u sababli azoblashi joiz emas, deb tortishganlari uchun ularga: «Allohning xusumatchilari», deyiladi.

Rivoyat qilinadiki, Alloh qaysi payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, uning ummatida qadariyalar va murjialar bo‘lgan. «Alloh yetmishta payg‘ambar tilida qadariya va murjialarni la'natladi».

Xabarda keltirilishicha, «Qadariyalar bu ummatning majusiylaridir».

Yana aytiladiki: «Har bir ummatning majusiylari bo‘ladi. Bu millatning majusiylari esa taqdir-qadar yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi, deb da'vo qiladigan kimsalardir».

Hasan Basriy hazratlari aytganlar: «Allohga qasamki, agar bir qadariy arqonday bo‘lib qolguncha ro‘za tutsa, so‘ng simday bo‘lib qolguncha namoz o‘qisa ham, Alloh uni do‘zaxga yuztuban uloqtiradi. Keyin unga: «Do‘zax azobini totib ko‘r. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov - qadar bilan yaratdik», deyiladi».

Fasl

Tobe'inlar, musulmon imomlari, salaflar va fuqaholardan yetmish kishi quyidagi ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnat ekanligiga ijmo' qilganlar: «Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lish, buyrug‘iga taslim bo‘lish, hukmi ostida sabr qilish, buyurgan narsalarini bajarish, qaytargan narsalaridan tiyilish, Alloh uchun xolis amal qilish, yaxshi-yu yomon taqdirga iymon keltirish, din xususidagi tortishuv-munozara va xusumatni tark etish, mahsiga mash tortish, vafot etgan ahli qiblaga janoza o‘qish.

Iymon - so‘z, amal va niyatdir, toat bilan ziyodalashadi, osiylik bilan kamayadi. (Izoh: Bu fikr Shofe'iy mazhabinikidir. Hanafiy mazhabi ulamolari fikriga ko‘ra esa, iymon - til bilan iqror bo‘lish, qalb bilan tasdiqlashdir. Shuningdek, iymon ziyoda yoki kam bo‘lmaydi, balki uning nuri ko‘payib ozayadi. - Muharrir.)

Qur'on Allohning kalomidir. Uni Jabroil Allohning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga olib tushgan. U maxluq emas.

Sulton tarafidan adolat yoki zulm sodir bo‘lsa-da, uning bayrog‘i ostida sabr qilinadi. Amirlar jabr-zulm qilsalar ham, ularga qarshi qilich ko‘tarmaymiz.

Ahli qibladan birontasini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofir hisoblamaymiz. Faqat o‘sha gunohni halol deb bilsa, kofir deymiz.

Ahli qibladan birontasiga qilgan yaxshi amali sababli jannatiy deb guvohlik bermaymiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jannatiy deb guvoh bergan zotlar bundan mustasno.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida bo‘lib o‘tgan narsalar xususida tilimizni tiyamiz, bahslashmaymiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin maxluqotlarning eng afzali Abu Bakr, so‘ng Umar, so‘ng Usmon, so‘ng Ali ibn Abu Tolibdir (Alloh barchasidan rozi bo‘lsin).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning barcha azvoji mutohharolari (ayollari), avlodlari va ashoblariga Allohning rahmatini so‘raymiz.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.