background
logotype
image1 image2 image3

Qimor o'ynash

Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, xamr (mast qiladigan ichimlik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya'ni, ularga sig‘inish)va cho‘plar (ya'ni, cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning har biridan uzoq bo‘lingiz!» (Moida surasi, 90).

Ya'ni, bu ishlarning barchasi, garchi shayton ularni chiroyli qilib ko‘rsatsa-da, nopok, harom ishlardir. Ulug‘ savoblarga erishishingiz uchun bu iflosliklardan uzoq bo‘linglar.

«Aroq, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida surasi, 91).

Oyat oxiridagi jumla buyruq ma'nosidagi so‘roq bo‘lib «to‘xtanglar», degan ma'noni ifodalaydi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu: «Ey Parvardigor, to‘xtadik», degan edilar.

Abu Hayyon aytadilar: «Alloh taolo xamr va qimordagi ikki fasodni zikr qildi: biri - dunyoviy, ikkinchisi - diniy».

Dunyoviy fasodi: xamr ko‘ngilsizlik va gina-kudrat keltirib chiqaradi hamda yor-birodarlar orasiga rahna soladi. Qimor o‘ynaydigan kimsa esa borib-borib hech vaqosi qolmaydi va oxiri xotini va bolalarini ham qimorga tikib yuboradi.

Diniy fasodi: Xamr ichgan odam sarxush bo‘lib, es-hushini yo‘qotadi va Allohni zikr qilishdan chalg‘iydi. Qimor o‘ynaydigan kimsa esa, yutsa ham, yutqazsa ham Allohni zikr qilishdan chalg‘iydi.

Qimor odamlarning haqlarini botil-nohaq yo‘l bilan yeyish hisoblanib, Alloh undan qaytargandir:

«Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq - harom yo‘llar bilan yemangiz (Ya'ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!)» (Baqara surasi, 188).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: «Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq tajovuz qiladilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur», deganlar (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki bir birodariga: «Kel, qimor o‘ynaymiz» desa, darhol sadaqa qilsin», dedilar (Buxoriy rivoyati).

Agar «qimor o‘ynaymiz» degan so‘zning o‘zi uchun kafforat to‘lash yoki sadaqa qilish vojib bo‘lsa, qimor o‘ynashning hukmi qanday bo‘lar ekan?!

Fasl

Ulamolar, garchi o‘rtaga hech narsa tikmasalar-da, narda o‘ynash haromligiga ittifoq qilganlar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim narda o‘ynasa, u go‘yoki qo‘lini cho‘chqaning go‘shti va qoniga botirgandek bo‘libdi», deganlar (Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki narda o‘ynasa, batahqiq, u Alloh va rasuliga osiylik qilibdi», dedilar (Molik, Hokim va boshqalar rivoyati).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.