background
logotype
image1 image2 image3

Omonatga xiyonat qilish

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Ey mo‘minlar, Alloh va Uning payg‘ambariga xiyonat qilmangiz va bilgan hollaringizda sizlarga ishonib berilgan narsalarga (ya'ni, dinga va boshqa har qanday omonatlarga) xiyonat qilmangiz!» (Anfol surasi, 27).

Vohidiy rahimahulloh aytadilar: «Bu oyat Abu Luboba xususida nozil bo‘lgan. Bani Qurayza yahudiylari qamal qilingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini ularga elchi qilib jo‘natgan edilar. U kishining ahli va farzandlari Bani Qurayza yahudiylarining orasida edi. Ular undan: «Ey Abu Luboba, bordiyu Sa'dning hukm qilishiga rozi bo‘lsak, nima bo‘ladi deb o‘ylaysan?» deya so‘rashdi. Abu Luboba tamog‘iga ishora qildi, ya'ni, so‘yadi, demoqchi bo‘ldi. Bu ishi bilan u Alloh va Rasuliga xiyonat qilgan edi. Abu Lubobaning o‘zi: «Turgan joyimdan qo‘zg‘almay turib, Alloh va Rasulga xiyonat qilganimni bildim», degan edi».

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Omonatlar - Alloh omonat qilib bergan amallar, ya'ni farzlardir».

Kalbiy aytadilar: «Alloh va rasuliga xiyonat qilish ularga osiylik qilishdir. Har bir inson Alloh farz qilgan ishlarda omonatdordir, xohlasa xiyonat qiladi, xohlasa ado qiladi, uni Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi».

Ya'ni, bu va boshqa har qanday omonatga xiyonat qilmaslik darkor.

«Va albatta, Alloh xoinlarning ishini o‘nglamas» (Yusuf surasi, 52).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi; va'da bersa, va'dasini buzadi, omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi» (Muttafaqun alayh).

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon bizga murojaat qilsalar: «Omonati yo‘q kishining iymoni yo‘q, ahdi yo‘q kishining dini yo‘q», der edilar» (Tabaroniy, Ibn Hibbon rivoyati).

Ya'ni, omonatga xiyonat qiladigan kimsa iymonsiz, ahdiga vafo qilmaydigan kimsa dinsizdir.

Har qanday narsadagi xiyonat qabih bo‘lib, ba'zisi yomonroqdir. Ahling va mol-mulkingga xiyonat qilgan kimsa bilan arzimas pulingga xiyonat qilgan kimsa barobar emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Senga omonat qo‘ygan kishining omonatini ado et, senga xiyonat qilgan kimsaga sen xiyonat qilma!» (Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Mo‘min har qanday xislatga tabiatan moyil bo‘lishi mumkin, biroq xiyonat va yolg‘onga moyil bo‘lmaydi», deyilgan (Abu Ya'lo, Bazzor rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh: «Men sherigiga xiyonat qilmagan ikki sherikning uchinchisiman. Agar xiyonat qilsa, ular orasidan chiqib ketaman», deydi» (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam duo qilib: «Ey Allohim, menga ochlikdan panoh berishingni so‘rayman, zero, u juda yomon hamxonadir, hamda xiyonatdan panoh berishingni so‘rayman, zotan u juda yomon astar-yopinchiqdir», der edilar (Abu Dovud rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zax ahli beshtadir», deya bir necha toifani zikr qilib: «Arzimagan bo‘lsa-da, o‘zi yoqtirgan narsaga xiyonat qiladigan xoin», deganlar (Muslim rivoyati).

Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh yo‘lida qatl etilish barcha gunohlarga kafforat bo‘ladi. Biroq omonat bundan mustasno. Qiyomat kuni bir bandani olib kelishadi. Garchi Alloh yo‘lida qatl etilgan bo‘lsa ham, unga: «Omonatingni ado et», deyiladi. U: «Ey Rabbim, dunyo o‘tib ketgan bo‘lsa, men qanday qilib omonatni ado qilaman», deydi. Uni «Hoviya»ga olib borishadi. Unga omonati ko‘rinadi. U o‘ziga berilgan kundagi shaklda bo‘ladi. Uni ko‘riboq taniydi. Uning izidan «Hoviya»ga tushib, unga yetib boradi-da, yelkasiga ortib, olib chiqa boshlaydi. Endi chiqaman, deganida omonat yelkasidan tushib ketadi. U abadul-abad omonatning izidan pastga tushib ketaveradi». So‘ng: «Namoz omonatdir, tahorat omonatdir, tarozi omonatdir, o‘lchov omonatdir», deb bir qancha narsalarni sanadilar-da: «Bularning eng qattig‘i va'dadir», dedilar (Ahmad, Bayhaqiy rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, odamlardan birinchi bo‘lib, ko‘tariladigan narsa omonatdorlik va oxirida qoladigan narsa namozdir. Holbuki, ko‘pchilik namozxonlarda xayr - yaxshilik bo‘lmaydi.

Ey Allohim, bizga lutf marhamating ila muomala qilgin va barchamizni afv aylagin.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.