background
logotype
image1 image2 image3

Namozni qasddan tark etish

Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, mol-dunyolaringiz va bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan (ya'ni, Allohga ibodat qilishdan) yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir!» (Munofiqun surasi, 9).

Mufassirlar aytganlarki, oyatdagi Allohning zikridan murod besh vaqt namozdir. Kimki namozni vaqtida o‘qishdan tijoratdagi, oldi-sotdidagi, kundalik hayotidagi mol-dunyosi yoki farzandlari sababli mashg‘ul bo‘lib qolsa, u ziyonkorlardandir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Bandaning qiyomat kunida birinchi hisob-kitob qilinadigan narsasi namozdir. Agar (namozi) durust bo‘lsa, boshqa amallari ham durust bo‘ladi. Bordi-yu, (namozi) yaroqsiz bo‘lsa, qolgan amallari ham yaroqsiz bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolo do‘zax egalari haqida xabar qilib deydi:

«(Ular do‘zax ahliga): «Sizlarni nima Saqarga kiritdi?» (deganlarida): Ular ayturlar: «Bizlar namoz o‘qiguvchilardan bo‘lmadik. Miskin-bechoraga taom berguvchi ham bo‘lmadik. Bizlar(botil-behuda so‘zlarga) sho‘ng‘uvchi kimsalar bilan birga sho‘ng‘ir edik (ya'ni, Qur'on va Payg‘ambar xususida tuhmat-yolg‘onlar to‘qir edik). To bizlarga aniq (o‘lim) kelgunicha bizlar Jazo - Qiyomat kunini yolg‘on der edik». Endi qo‘llaguvchilarning qo‘llovi ularga foyda bermas!»(Muddassir surasi, 42-48).

«Sahihul Buxoriy»da rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kimki asr namozini tark etsa, uning amali aniq habata bo‘libdi (ya'ni, behuda ketibdi)».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Namozni tark etmagin. Zero, kimki namozni qasddan tark etsa, darhaqiqat, undan Allohning zimmasi (himoyasi) soqit bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Insonlarga qarshi ular to Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Allohning elchisidir, deb guvohlik bermagunlaricha, namozni qoim qilmagunlaricha va zakotni bermagunlaricha jang qilishga buyurildim. Agar shuni qilsalar, mendan qonlari-yu mollarini saqlagan bo‘ladilar. Biroq, islom haqi bundan muntasno. Ularning hisobi Allohga havola» (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki namozni muhofaza qilsa, qiyomat kunida u uchun (namozi) nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kimda-kim uni muhofaza qilmasa, unga nur ham, hujjat ham, najot ham bo‘lmaydi va u qiyomat kunida Qorun, Fir'avn, Homon hamda Ubay ibn Xalaflar bilan birga bo‘ladi» (Imom Ahmad rivoyati).

Ayrim ulamolar aytishlaricha, «Namozni tark etgan kimsa ana shu to‘rt mal'un bilan birga qayta tiriladi. Chunki uni namozdan yo molu davlati, yo mulk-saltanati, yo vazirlik-mansabi va yo tijorati mashg‘ul qilgan. Kimki namozdan molu davlati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Qorun bilan birga tiriladi.

Kimki namozdan mulk-saltanati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Fir'avn bilan birga tiriladi.

Kimki namozdan vazirlik - mansabi sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Homon bilan birga tiriladi.

Kimki namozdan tijorati sababli mashg‘ul bo‘lsa, u Makkadagi kofirlarning tijoratchisi bilan birga tiriladi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu jarohatlangan vaqtlarida: «Ey amiral mo‘minin, namoz (ya'ni, namozni o‘qib oling)», deyishdi. Shunda u zot roziyallohu anhu: «Ha, to‘g‘ri. Namozni zoe qilgan biron bir kishi uchun Islomda nasiba yo‘q», dedilar-da namozni o‘qidilar. Jarohatlaridan esa qon oqib turardi.

Abdulloh ibn Shaqiq Tobi'iy roziyallohu anhu deydilar: «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari namozdan boshqa hech bir amalni tark etishni kufr deb hisoblamasdilar» (Termiziy rivoyati).

Ibrohim Naxa'iy va Ayyub Sahtiyoniylar ham shu gapni aytishgan. Avn ibn Abdulloh deganlar: «Agar banda qabriga qo‘yilsa, birinchi bo‘lib so‘raladigani - namozdir. Agar namozi yaroqli topilsa, uning boshqa amallariga qaraladi. Bordi-yu, yaroqli deb bo‘lmasa, undan keyin boshqa biron amaliga qaralmaydi».

Ibn Hazm: «Shirkdan keyin namozni vaqtidan kechiktirish va mo‘minni nohaq o‘ldirishdan ko‘ra ulkanroq gunoh yo‘q», deganlar.

Rivoyat qilinishicha, qiyomat kunida birinchi bo‘lib namozni tark etguvchilarning yuzlari qorayadi. Jahannamda «Lam-lam» nomli ilonlar darasi bo‘lib, har bir ilonning yo‘g‘onligi tuyaning bo‘ynidek, uzunligi bir oylik masofaga teng bo‘ladi. Ular namozni tark etguvchilarni chaqadilar. Uning zahari namozni tark etguvchining jismida yetmish yil qaynaydi-da, so‘ng uning go‘shtlari erib tushadi.

Hikoyat

Rivoyat qilinishicha, bani Isroillik bir ayol Muso alayhissalom huzurlariga kelib: «Ey Allohning elchisi, men ulkan gunoh qilib qo‘yib, so‘ng bu gunohimdan Alloh taologa tavba qildim. Allohdan tavbamni qabul qilib, gunohimni mag‘firat etishini so‘rab duo qiling», dedi. Muso alayhissalom undan: «Nima gunoh qilding?» deb so‘ragan edi, u: «Ey Allohning payg‘ambari, men zino qilib, bola tug‘dim-da, so‘ng uni o‘ldirdim», dedi. Shunda Muso unga: «Chiq bu yerdan, ey fojira! Yana kafosating tufayli osmondan olov tushib, bizni yondirib yubormasin», dedi.

Ayol payg‘ambar huzuridan qalbi o‘ksigan holda chiqib ketdi. Jabroil alayhissalom tushib: «Ey Muso, Alloh taolo: «Nima uchun tavba qilgan ayolni qaytarib yubording? Undan ko‘ra yomonroq kimsa borligini bilmaysanmi?» deyapti», dedi. Muso alayhissalom: «Ey Jabroil, undan ham yomonroq kimsa kim?» deb so‘ragan edi, «Namozni qasddan tark etgan kishi», deb javob berdi.

Fasl

Alloh taolo namozni vaqtidan kechiktirib o‘qishdan ogohlantirib aytadi:

«So‘ng, ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan kimsalar o‘rinbosar bo‘ldilar. Endi u (o‘rinbosarlar) albatta yomonlikka (ya'ni, yomon jazoga) yo‘liqurlar. Magar tavba qilib, iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlargina (azobga duchor qilinmaslarlar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biron zulm qilinmas» (Maryam surasi, 59-60).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Namozni zoe qilgan degani, uni butunlay tark etgani degani emas, balki namozni o‘z vaqtidan kechiktirib o‘qigan deganidir», deganlar.

Tobe'inlar imomi Said ibn Musayyab rahmatullohi alayh aytganlarki: «U to asr bo‘lmaguncha peshinni o‘qimaydi. Asrni shomgacha, shomni xuftongacha, xuftonni bomdodgacha, bomdodni to quyosh chiqquncha o‘qimaydi».

Shu holatga odatlangan ko‘yi vafot etgan va tavba qilmagan kimsaga Alloh «g‘oyy» bilan tahdid soldi. Foyy - jahannamdagi juda chuqur, o‘ta badbo‘y vodiydir.

Alloh taolo boshqa bir oyatda:

«Bas, namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan «namozxon»larga halokat bo‘lgayki»,deydi (Mo'uvn surasi, 4-5).

Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan namozlarini «unutib» qo‘yadigan kimsalar haqida so‘raganlarida: «Vaqtini kechiktiradiganlar», deya javob berganlar.

Ular «namozxon», deb nomlandi. Biroq namozga beparvoliklari va vaqtidan kechiktirganlari sababli ularga vayl bilan tahdid solindi. Vayl - shiddatli azobdir. Yana aytiladiki, Vayl jahannamdagi vodiy bo‘lib, agar unga dunyodagi tog‘lar tushirilsa, harorati yuqoriligidan toshlari erib ketardi. U namozga beparvo bo‘lgan va uni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kimsalarning maskanidir. Faqat Allohga tavba qilib, ilgarigi e'tiborsizligiga nadomat chekkanlar bundan mustasno.

Alloh taolo yana bir oyatda:

«Ey iymon keltirganlar, mol-dunyolaringiz ham, farzandlaringiz ham sizlarni Allohning zikridan chalg‘itib qo‘ymasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchilardir», deydi (Munofiqun surasi, 9).

Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to Alloh jonlarini olgunicha, (biror marta) namozni oxirgi vaqtiga qadar kechiktirganlari yo‘q» (Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng afzal amal qaysi, deb so‘ralganlarida: «Eng afzal amal - namozni vaqtida o‘qish, ota-onaga yaxshi munosabatda bo‘lish va jihod», deya javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kimki namozni vaqtida o‘qisa, tahoratni mukammal olgan, qiyomi, xushu'si, ruku' va sajdalarini komil qilgan bo‘lsa, namoz oppoq, nurafshon bo‘lib ko‘tariladi va: «Meni saqlaganingdek, Alloh ham seni saqlasin», deydi.

Kimda-kim namozini vaqtidan boshqa paytda o‘qisa, tahoratni to‘liq olmasa, xushu', ruku' va sajdalarini komil qilmasa, namoz qop-qora, zulmatli bo‘lib ko‘tariladi va «Meni zoe qilganingdek, Alloh ham seni zoe qilsin», deydi. Hatto Alloh xohlagan joyga yetgach, xuddi eski kiyimga o‘xshab o‘raladi-da, uning yuziga uriladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamning namozini Alloh qabul qilmaydi: qavm uni yoqtirmasa-da, ularga imomlik qiladigan kishining, namozga orqa tomondan keladigan ya'ni, namozni vaqti o‘tganidan keyin o‘qiydigan kishining va  o‘zi ozod qilgan odamni qul qilib olgan kishining» (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, kimda-kim ikki namozni uzrsiz jam qilib o‘qiydigan bo‘lsa, u gunohi kabira eshiklaridan birini ochgan bo‘ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Agar qiyomat kuni bo‘lsa, bir kishini Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilishadi. Shunda uni do‘zaxga tashlashni buyuradi. «Ey Rabbim, nima uchun?» deb so‘raganida, Alloh taolo: «Namozni vaqtidan kechiktirganing va Mening nomim bilan yolg‘on qasam ichganing uchun», deydi.

Hikoyat

Salaflardan birining singlisi vafot etib, uni lahadga qo‘ydi. Shunda pul solingan hamyoni mayyitning qabriga tushib qoldi va buni hech kim sezmadi. U qabrdan ketgach, hamyonini esladi va iziga qaytdi. Odamlar tarqab ketganlaridan keyin qabrni kavladi. Bir payt qarasa, unda olov alangalanib turibdi, darhol qaytadan ko‘mib ortiga qaytdi. Keyin onasining oldiga yig‘lab keldi-da: «Ey onajon, singlim nima ish qilardi, menga aytib bering», dedi. «Nima edi?» deb so‘ragan onasiga: «Uning qabrida olov ko‘rdim», deya javob berdi. Shunda onasi yig‘ladi va: «Ey o‘g‘lim, singling namozga beparvo edi va uni vaqtidan kechiktirib o‘qirdi», dedi.

Namozni vaqtidan kechiktirib o‘qigan kishining holi shu bo‘lsa, umuman namoz o‘qimaydigan kimsaning ahvoli ne kechar ekan?!

Alloh taolodan namozni vaqtida ado etishga yordam berishini so‘raymiz. Albatta, U saxiy, muruvvatli zotdir.

Fasl

Bola necha yoshdan namozga buyuriladi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Bolani yetti yoshga yetganida namozga buyuringlar. O‘n yashar bo‘lganida (namoz o‘qimasa) uringlar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda shunday deyiladi: «Farzandlaringizni yetti yashar bo‘lganlarida namozga buyuringlar. O‘n yashar bo‘lganlarida (namoz o‘qimasa) uringlar va yotoqlarini alohida-alohida qilinglar» (Abu Dovud rivoyati).

Fasl

Namozni chala o‘qiydigan, uning ruku' va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsaning uqubati

«Bas, namozlarini «unutib qo‘yadigan» «namozxonlarga vayl bo‘lsin» oyatining tafsirida shunday deyilgan: «U namozni chala o‘qiydigan, ruku' va sajdalarini to‘liq qilmaydigan kimsadir».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi masjidga kirib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidning chekkasida o‘tirgan edilar. U kishi namoz o‘qidi-da, kelib u zotga salom berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib, namoz o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U yana namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U namoz o‘qidi-da, kelib salom berdi. Nabiy: «Senga ham salom bo‘lsin, qaytib borib boshqatdan o‘qi, sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. Haligi kishi keyingi marotaba aytilganida: «Yo Rasululloh, menga o‘rgatib qo‘ying», dedi. «Agar namozga tursang, tahoratni mukammal ol. Qiblaga yuzlangach, takbir ayt va o‘zing bilgan Qur'on sura-oyatlarni o‘qi. Keyin to qanoat hosil qilguningcha ruku'da tur. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. So‘ng qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la o‘tirguningcha qaddingni rostla. Keyin qanoat hosil etguningcha sajda qil. So‘ngra to‘la tik bo‘lguningcha qaddingni rostla. Xullas, butun namozingda shunday qil», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Mas'ud Badriydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ruku' va sajdadan umurtqasini tik qilib ko‘tarmagan kishining namozi namoz hisoblanmaydi» (Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda: «Ruku' va sajdalardan belini rostlamaguncha...» deyilgan.

Bu hadis namoz o‘qiganda ruku' va sajdalardan keyin belini rostlamagan kishining namozi botil ekaniga hujjat. Chunki har bir a'zo o‘rnida qaror topishi namozdagi farzlardandir.

(Izoh: Hanafiy mazhabida bu ish vojib sanaladi. - Muharrir.)

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar orasidagi eng yomon o‘g‘ri namozidan o‘g‘irlaydigan kimsa», dedilar. «Yo Rasululloh, qanday qilib kishi namozidan o‘g‘irlaydi?» deb so‘rashganda, «Ruku' va sajdalarini to‘liq qilmasdan», deya javob berdilar» (Ibn Xuzayma, Hokim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ruku' va sajdalari orasida umurtqasini rostlamaydigan bandaga Alloh qaramaydi» (Imom Ahmad rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Munofiqning namozi bunday: u quyoshni kuzatib o‘tiradi, o‘tiradi-da, u shaytonning ikki shohi orasiga kelgach, turib (qush donni cho‘qigandek) to‘rt marta yotib turadi va unda Allohni kamdan-kam eslaydi» (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruku' va sajdalarni to‘liq qilmasdan namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rdilar va: «Agar bu kimsa mana shu holatda o‘lib ketsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallam millatidan boshqasida o‘lgan bo‘ladi», dedilar (Tabaroniy va Ibn Huzayma rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita a'zo bilan sajda qilishga buyurildim: Peshona (qo‘llari bilan burunlariga ham ishora qildilar), ikki qo‘l, ikki tizza va ikki oyoq bilan», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Boshqa bir rivoyatda: «Yettita (a'zo) bilan sajda qilishga, soch va kiyimni yig‘ib olmaslikka buyurildim: peshona va burun, ikki qo‘l, ikki tizza hamda ikki oyoq», deyilgan (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Kishi namoz o‘qiyotganda, qaysi a'zosining namozdagi haqini ado etmasa, to namoz o‘qib bo‘lgunicha o‘sha a'zo unga la'nat aytib turadi.

Rivoyat qilinadiki, har bir namozxonning o‘ng tomonida bir farishta, chap tomonida bir farishta bo‘ladi. Agar u namozni to‘liq o‘qisa, namozni olib chiqib ketadilar. Agar to‘liq o‘qimasa, namoz bilan uning yuziga uradilar.

Salmon Forsiy roziyallohu anhu aytganlar: «Namoz o‘lchovdir. Kim vafo qilsa, vafo ko‘radi. Kim urib qolsa, Alloh urib qoluvchilar haqida nima deganini yaxshi bilasizlar. Alloh taolo:

«(O‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalarga vayl bo‘lsin», degan».

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: Huzayfa ibn Yamon ruku' va sajdalarini to‘liq qilmasdan namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rib, unga: «Sen namoz o‘qimading. Agar o‘lsang, Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tabiat qilib bergan fitratdan boshqasida o‘lgan bo‘lasan», dedilar.

Nasoiy rivoyat qilgan asarda kelishicha, Huzayfa roziyallohu anhu undan: «Necha yildan beri shunday namoz o‘qiysan?» deb so‘raganlar. «Qirq yildan beri», deya javob bergan. Shunda ulug‘ sahoba: «Qirq yildan beri namoz o‘qimabsan. Agar namozni shu tarzda o‘qib vafot etsang, Muhammad sollallohu alayhi vasallam fitratidan boshqasida o‘lgan bo‘lasan», deganlar.

Hasan Basriy aytadilar: «Ey Odam farzandi, agar senga namozing qadrsiz bo‘lsa, u holda diningdagi qaysi narsa sen uchun aziz?! Holbuki, sen qiyomat kunida birinchi bo‘lib namozingdan so‘ralasan-ku!»

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qiyomat kunida bandaning birinchi bo‘lib hisob-kitob qilinadigan amali namozidir. Agar namozi durust bo‘lsa, u, shak-shubhasiz, muvaffaqiyat qozonib najot topibdi. Agar namozi yaroqsiz-fosid bo‘lsa, u aniq muvaffaqiyatsizlikka uchrab ziyon ko‘ribdi. Agar biron farzida yetishmovchilik bo‘lsa, Alloh azza va jalla: «Qaranglarchi, bandamning farzlaridagi kamchiliklarini to‘ldiruvchi ixtiyoriy namozlari bormikan?» deydi. So‘ng qolgan amallari ham shu yo‘sinda bo‘ladi» (Termiziy rivoyati).

Har birimiz farzlardagi nuqsonlarni to‘ldirishimiz uchun ko‘proq nafl namozlar o‘qishimiz lozim bo‘ladi. Tavfiq Allohdan.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.