background
logotype
image1 image2 image3

Musibat chog‘ida haddidan oshish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Yuzlariga uradigan, yoqalarini yirtadigan va johiliyat da'volari bilan baqirib-chaqiradigan kimsalar bizdan emas» (Buxoriy rivoyati).

Abu Burda roziyallohu anhu aytadilar: «Abu Muso Ash'ariy dardga chalindilar. Boshlarini ayolining tizzasiga qo‘ygan holda hushlaridan ketdilar. Ayoli zorlanib dod-voy qila ketdi. Uni biron yo‘sin bilan qaytarishga qurblari yetmadi. O‘zlariga kelgach: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pok-begona bo‘lgan kimsalardan pokman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa, musibat chog‘ida dod-voy solib baqiradigan, sochlarini yuladigan va kiyimlarini yirtadigan ayollardan pokdirlar», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Mazkur hadisda bayon qilingan noo‘rin xatti-harakatlar harom ekanligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Xuddi shuningdek, sochini yoyib olish, yanoqlariga shapatilash, yuzini yumdalash va o‘ziga o‘lim - halokat tilash ham haromdir.

Ummu Atiyya (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizdan bay'at chog‘ida dod-voy solib yig‘lamaslikka ahd olganlar» (Buxoriy rivoyati).

Sarvari olam sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Insonlar o‘zlaridagi narsa sababli kofir bo‘ladilar, nasabga ta'na qilish va mayyitga dod-voy solib yig‘lash» (Muslim rivoyati).

 No‘'mon ibn Bashir roziyallohu anhu aytadilar: «Abdulloh ibn Ravoha hushlaridan ketdilar. Singlisi yig‘lab: «Ey tog‘im, ey falonim, ey fistonim», deya sanay ketdi. U zot hushlariga kelgach: «Sen nima degan bo‘lsang, mendan «Sen shunaqamisan?» deb so‘rashdi», dedilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Dod-voy solib yig‘laganliklari sababli mayyit qabrida azoblanadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi odam o‘lsa-yu, uning yig‘lovchilari: «Ey suyangan tog‘im, ey sayyidim», desa yoki shu kabi so‘zlarni aytsa, mayyitga ikki farishta vakil qilinadi-da, ko‘kragidan itarishib: «Sen shunaqamisan?» deb so‘rashadi» (Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana aytganlar: «Dod solib yig‘lovchi ayol agar o‘lmasidan oldin tavba qilmasa, qiyomat kunida qatrondan (qora yelimdan) ko‘ylak va qora qo‘tirdan sovut kiygan holda turg‘aziladi» (Muslim va Ibn Moja rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Men ikki ahmoqona, gunohkorona ovozdan qaytarildim: xursandchilik vaqtdagi ovoz - o‘yin-kulgi va shayton surnayi (nag‘masi) hamda musibat chog‘idagi ovoz, yuzni yumdalab, yoqani yirtish va zorlanish» (Termiziy rivoyati).

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dod solib yig‘lovchi va unga quloq soluvchi ayollarni la'natlaganlar» (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ikki ovoz dunyo va oxiratda la'natlangandir: ne'mat - xursandchilik vaqtidagi nag‘ma va musibat chog‘idagi zorlanish» (Bazzor rivoyati).

Rivoyat qilinishicha, dod solib yig‘lovchilar qiyomat kuni jahannamda ikki qator qilib teriladi. Biri o‘ng tarafda, ikkinchisi chap tarafda. Ular do‘zax ahliga qarab xuddi itlar singari akillaydilar.

Avzo'iy aytadilar: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir hovlida yig‘i ovozini eshitib, u yerga kirdilar. Yonlarida sherigi ham bor edi. U yerdagi ayollarni turtib-surib o‘tib, dod solib aytib yig‘lovchi ayolning oldiga bordilar-da, uni urdilar. Ayolning ustidan yopinchig‘i tushib ketdi. «Ur uni, - dedilar. - U dod solib yig‘lovchidir, behurmatdir. U sizlarning qayg‘ularingizga sherik bo‘lib yig‘layotgani yo‘q, balki pullaringizni olish uchun ko‘z yoshlarini to‘kyapti. U qabrlardagi o‘liklaringizga ozor beradi. Chunki u sabrdan qaytaradi, holbuki, Alloh sabrga buyurgan. U betoqatlikka buyuradi, holbuki Alloh undan qaytargan».

Dod solib yig‘lash - ovozda mayyitning yaxshi xislatlarini sanab yig‘lashdir.

Fasl

Dod solib yig‘lovchi ayol betoqatlikka targ‘ib qilib, sabrdan qaytarganligi sababli malomat va azobga giriftordir. Holbuki, Alloh va Rasuli sollallohu alayhi vasallam sabrga va savob umid qilishga buyurib, betoqatlik va g‘azablanishdan qaytargan.

«Ey mo‘minlar, sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir» (Baqara surasi, 153).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Alloh taolo: «Men sizlar bilan birgaman, sizlarga yordam beraman, o‘z holingizga tashlab qo‘ymayman», deyapti».

«Va, albatta, sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta, Biz Allohning (bandalarimiz)va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sabrli kishilarga xushxabar bering! Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» (Baqara surasi, 155-157).

«Sizlarni imtihon qilamiz» jumlasining ma'nosi «sizlarga imtihon qiluvchidek muomalada bo‘lamiz», deganidir. Chunki Alloh taolo barcha ishlarning oqibatini biladi, oqibat - natijani bilish uchun imtihon qilib ko‘rishga muhtoj emas. Endi kimki sabr qilsa, sabriga yarasha savob oladi, sabr qilmasa, savobga ega bo‘lmaydi.

«... xavfu xatar va ochlik bilan», degani dushman xavfi hamda ocharchilik va qurg‘oqchilik bilan, deganidir.

Molga ziyon yetishi, talofatga uchrashi, chorvalarning halok bo‘lishi molni kamaytirish bo‘lsa, o‘lish, qatl etilish, kasalga chalinish va keksayish jonni kamaytirishdir. Meva-chevalarni kamaytirish esa meva-chevayu, ekin-tikinlarga ofat yetishi, hosilning kamayib ketishi bilan bo‘ladi.

Oyat musibatlarga sabr qilgan kishi Alloh taoloning savobiga musharraf bo‘lishi haqidagi xushxabar bilan xotimalangan. Ushbu baxtiyor zotlar mazkur musibatlardan birontasiga duchor bo‘lgan vaqtlarida: «Albatta, biz Allohning bandalarimiz va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deyishadi. Ya'ni, biz Allohning qullarimiz, bizning ustimizda xohlagandek tasarruf qiladi va biz oxir oqibat U zot huzuriga, hukmiga qaytamiz.

Said ibn Musayyabdan rivoyat qilindiki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytdilar: «Naqadar yaxshi ikki bashorat va qanday ham yaxshi ilova. «Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir» - bu ikki bashorat, «Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» - bu ilova».

Said ibn Jubayr aytganlar: «Darhaqiqat, musibat chog‘ida bu ummatga ilgarigi payg‘ambarlarga berilmagan narsa - «Albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz» iborasi berilgan. Mabodo payg‘ambarlarga berilganda edi, Yo'qub alayhissalomga ham berilgan bo‘lardi. U zot o‘g‘lini yo‘qotganda: «Ey bechora Yusuf-a», degan edilar (Yusuf surasi, 84).

Ulamolar aytishganki: «Baland ovozda quyushqondan chiqib yig‘lash haromdir. Dod-voy solmasdan, qichqirmasdan yig‘lash harom emas».

Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa'd ibn Uboda roziyallohu anhuni ko‘rgani bordilar. Abdurahmon ibn Avf, Sa'd ibn Abu Vaqqos va Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumlar ham u zot bilan birga edilar. Rasuli akram ko‘zlariga yosh oldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘laganlarini ko‘rib, ular ham yig‘lashdi. U zot: «Eshitmayapsizlarmi? Alloh ko‘z yoshi va qalb mahzunligi sababli azoblamaydi. Lekin bu tufayli azoblaydi yoki rahm qiladi», dedilar-da, tillariga ishora qildilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qizlarining o‘g‘lini olib kelishdi. Bola o‘lim holatida edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi. Sa'd u zotdan: «Yo Rasululloh, bu nimasi?» deb so‘ragan edi: «Bu Alloh taolo bandalarining qalbiga joylab qo‘ygan rahmatdir. Alloh rahmdil bandalariga rahm qiladi», deya javob berdilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzandi Ibrohimning oldiga kirdilar. U zo‘rg‘a nafas olar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi. Abdurahmon ibn Avf u zotdan: «Yo Rasululloh, siz ham yig‘laysizmi?» deb so‘ragan edi, «Ey Ibn Avf, u rahmatdir», dedilar va yig‘lagan ko‘yi so‘zlashda davom etdilar: «Ko‘z yosh to‘kadi, qalb g‘amgin bo‘ladi, biz faqat Parvardigorimiz rozi bo‘ladigan so‘zni aytamiz, Ey Ibrohim, biz sendan judo bo‘layotganimizdan mahzunmiz» (Buxoriy rivoyati).

«Mayyit yaqinlarining yig‘isi sababli azoblanadi», degan sahih hadisning zohiri olinmaydi, balki ta'vil qilinadi. Ulamolar uning ta'vili xususida turli fikrlarni bildirishgan. Ularning orasida asoslirog‘i - mayyitning o‘zi yig‘lashni vasiyat qilgan yoki boshqa bir sababi bo‘lgan bo‘lsagina azoblanadi.

Mayyitning o‘lishidan oldin ham, keyin ham yig‘lash joiz. Quyidagi sahih hadisga binoan esa oldin yig‘lagan durustroq. «Agar biron kishi vafot etsa, hech kim yig‘lamasin».

Imom Shofe'iy va ashoblari mazkur hadis karohatni ifodalaydi, deb ta'vil qilishgan va mayyit o‘lganidan keyin yig‘lashni makruh deb bilishgan.

Fasl

Ta'ziya xususida

Amr ibn Hazm roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi bir mo‘min musibat yetgan birodariga ta'ziya bildirsa, Alloh unga qiyomat kuni ulug‘lik libosini kiygazadi» (Ibn Moja rivoyati).

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhodan: «Ey Fotima, uyingdan chiqishga seni nima majbur qildi?» deb so‘ragan edilar, qizlari: «Yo Rasululloh, mana bu mayyitning ahli-yaqinlariga borib, mayyitga (Allohning) rahmatini tiladim va ularga ta'ziya izhor qildim», deya javob berdilar» (Abu Dovud rivoyati).

Rivoyatlarda kelishicha, musibatzadaga ta'ziya bildirgan kishi musibatzadaning ajri miqdoricha ajrga ega bo‘ladi; eridan tul qolgan xotinga ta'ziya bildirgan kishiga jannat to‘ni kiydiriladi.

Ta'ziya sabrga undash va musibatni yengillatadigan, qayg‘uni aritadigan so‘zlar bilan tasalli berishdir. U amri ma'ruf va nahiy munkarni o‘z ichiga olganligi bois mustahab bo‘lib, «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz» (Moida surasi, 2) oyati karimasini amalda tadbiq qilishning bir ko‘rinishidir.

Dafn marosimidan oldin ham, keyin ham ta'ziya bildirish mustahab hisoblanadi.

Imom Shofe'iy ashoblari: «Mayyit o‘lgan paytdan dafn qilinganining uchinchi kunigacha ta'ziya bildirish lozim», deyishgan bo‘lsa, bizning ashoblarimiz: «Uch kundan keyin ta'ziya bildirish makruh. Chunki ta'ziya musibatzadaning qalbini tinchlantiruvchi vosita bo‘lib, odatda, uch kundan keyin qalb tinchlangan bo‘ladi. Uning qayg‘usini yangilashning esa keragi yo‘q», deganlar.

Abu Abbos aytganlarki: «Uch kundan keyin ham ta'ziya bildirilsa bo‘laveradi. Uning vaqti cheklanmagan».

Navaviy aytganlar: «Bu boradagi muxtor (tanlangan, mo‘'tabar) gap shuki, uch kundan keyin ta'ziya bildirilmaydi. Mabodo, ta'ziyachi yoki musibatzoda dafn vaqtida yo‘q bo‘lib, uch kun o‘tgandan so‘ng kelsa, unda ta'ziya bildiriladi».

Dafn qilingandan keyin ta'ziya bildirish ma'qulroq. Chunki mayyitning yaqinlari to dafn qilinguncha, o‘likni jihozlash ishlari bilan ovora bo‘ladilar. Shuningdek, dafn qilingandan so‘ng ularning qayg‘ulari kuchayadi. Agar ular betoqat, besabr bo‘lsalar, ularni tinchlantirish uchun dafndan oldin ham ta'ziya bildirsa bo‘laveradi.

Mayyitning yaqinlari ta'ziya bildiruvchilarni qabul qilish uchun bir uyda yig‘ilib turishlari makruh. Bu hukm erkagu ayollarga birdek tegishli. Ular o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak.

Ta'ziya duosi esa mashhurdir.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlaridan biri u zotga o‘zining go‘dagi o‘lim holatida ekanini bildirib, odam yubordi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xabarchiga: «Borib unga ayt: «Albatta olgan narsasi Alloh taolonikidir. Bergani ham Uning O‘zinikidir. Va har bir narsa Uning huzurida aniq vaqt - o‘lchov bilandir. Unga buyurginki, sabr qilib umid etsin», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Imom Navaviy aytadilar: «Ushbu hadis din asoslari (aqida) va furu'laridan (shar'iy hukmlar) sanalib, har xil musibat, kasallik va g‘am-tashvishga mubtalo bo‘lganda o‘zini tutish va sabr qilishdan iborat juda ko‘plab muhim masalalarni o‘z ichiga olgan ulkan Islom qoidalaridan biridir. «Olgan narsasi Allohnikidir» jumlasining ma'nosi shuki, butun olam Alloh taoloning mulkidir. Binobarin, U zot sizlarga tegishli narsani olgani yo‘q. Aksincha, sizlarga omonat qo‘ygan O‘zining narsasini oldi xolos. «Bergani ham Uning O‘zinikidir», degani, sizlarga bergan narsasi Uning tasarrufidan chiqdi, degani emas. U baribir Allohniki bo‘lib qolaveradi, uning ustida xohlagan ishini qiladi. «Va har bir narsa Uning huzurida aniq vaqt - o‘lchov bilandir». Ya'ni, talvasaga tushmanglar, besabrlik qilmanglar. Zero, ajali yetgan har bir inson o‘ladi. Belgilangan ajal - vaqtni oldinga surib ham, kechiktirib ham bo‘lmaydi. Agar bularning barchasini bilgan bo‘lsangiz, u holda o‘zingizga yetgan musibatga sabr qiling va savobga umid bog‘lang. Vallohu a'lam».

Ali roziyallohu anhu Ash'as ibn Qaysga: «Agar sen iymon keltirgan va savob umid qilgan holda sabr etsang, sabr etding. Bo‘lmasa sen ham, hayvon yupangandek yupanib qolasan», dedilar.

Bir donishmand musibatga uchragan kishiga maktub yozdi: «Judo bo‘lgan narsang sendan ketib bo‘ldi. Endi uning o‘rniga berilgan narsa - ajrdan ham mahrum bo‘lib qolmagin».

Bir zot aytgan ekanki: «Oqil kishi musibatning birinchi kunida johil besh kundan keyin qiladigan ishlarni qiladi».

Ma'lumki, vaqt o‘tishi bilan musibatga uchragan kishi ko‘nikib, ovunib boradi. Shuning uchun shariatda musibatning ilk zarbasiga yo‘liqqan zahoti sabr qilishga buyurilgan.

Abdurahmon ibn Mahdiy farzandi o‘lib, qattiq talvasaga tushib qoldi. Bu xabarni eshitgan Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh u kishiga quyidagicha maktub yozdilar: «Ey birodar, boshqalarni yupatgan so‘zlaringiz bilan o‘zingizni yupating, o‘zgalarning xatti-harakatlaridagi noma'qul deb bilgan jihatlaringizni o‘z ishlaringizda ham bema'ni deb hisoblang. Bilib olingki, eng achchiq musibat - shodlikning yo‘qolishi va ajrdan mahrum bo‘lishdir. Agar bu ikkisiga gunoh ham kelib qo‘shilsa, qanday bo‘lar ekan?! Ey birodar, siz talab qilmasdan turib, ajrning o‘zi yoningizga kelgan ekan, uni quchoq ochib kutib oling. Zero, marhumingizdan ayrilib bo‘ldingiz. Alloh musibatlar chog‘i sizga sabr bersin, sabr tufayli sizga ham, bizga ham ajr bersin».

So‘ng quyidagi she'rni bitdilar. Ma'nosi:

Hayotga unchalik ishonchim yo‘g‘-u,
Lek sunnat, deb qildim, ta'ziya izhor.
Mayyitdan so‘ng uning yaqinlari-yu
Ta'ziya aytgan ham o‘limga duchor.

Bir kishi o‘g‘li o‘lgan birodariga ta'ziya bildirib xat yozdi:

«...Farzand, modomiki hayot ekan, otasi uchun g‘am-tashvish va fitnadir. Agar otasi qarib qolsa, u duo va rahmatdir. Uning g‘am-tashvishi-yu, fitnasidan ayrilib qolganingizdan ko‘p siqilmang. Alloh taolo uning duosi va rahmatining o‘rniga bergan narsasidan (ya'ni ajrdan) mahrum bo‘lib qolmang».

Muso ibn Mahdiy o‘g‘li vafot etgan Ibrohim ibn Salamaga ta'ziya bildirib dedi: «Balo va fitnadan qutilganingizga xursand, duo va rahmatdan mahrum bo‘lganingizga esa xafa bo‘ling».

Bir kuni boshqa kishiga ta'ziya bildirib dedi: «Oxiratda ajr beriladigan kishi dunyoda shodlik va quvonch beriladigan kishidan ko‘ra yaxshiroqdir».

Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo o‘g‘lini dafn qilib, so‘ngra kuldilar. U kishidan: «Qabr tepasida ham kulasizmi?» deb so‘rashgan edi: «Shaytoning burnini yerga ishqalashni xohladim», deya javob berdilar.

Ibn Jurayj roziyallohu anhu dedilar: «Musibat chog‘ida ajr va savob umidida tasalli topmagan kimsa xuddi hayvonlar tinchlangandek tinchlanadi».

Hamid A'rojdan naql qilinadi: Said ibn Jubayr roziyallohu anhu o‘g‘liga qarab turib: «Men sendagi yaxshi xususiyatni bilaman», dedilar. O‘sha yerdagilar: «U nima?» deb so‘rashgan edi, «U vafot etib, savobini umid qilishim», deya javob berdilar.

Bir kishi o‘g‘lidan xafa bo‘lib Hasan Basriyga shikoyat qildi. Hasan roziyallohu anhu u kishidan: «O‘g‘lingiz g‘oyib bo‘lib turadimi?» deb so‘ragan edi, u: «Ha, ko‘pincha g‘oyib bo‘ladi», deya javob berdi. U zot: «O‘g‘lingiz sizdan uzoqda yuraversin. Zero, u g‘oyib bo‘lgan sayin sizning ajringiz ziyodalashaveradi», deya maslahat berdilar. Haligi kishi: «Ey Abu Said, o‘g‘limga nisbatan saqlagan kekimni tarqatib yuborayozdingiz», deb minnatdor bo‘ldi.

Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu bemor yotgan o‘g‘lining oldiga kirib: «Ey o‘g‘ilginam, o‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘ragan edi, o‘g‘li: «Haq yo‘lda barqarorman», deya javob berdi. U zot roziyallohu anhu: «Ey o‘g‘ilginam, men uchun mening mezonimda bo‘lishing, sening mezoningda bo‘lishimdan ko‘ra suyukliroq», dedilar. Shunda o‘g‘li: «Ey otajon, men uchun siz yaxshi ko‘rgan narsa bo‘lishi men suygan narsa bo‘lishidan ko‘ra suyumliroq», deb javob berdi.

Imom Shofe'iy hazratlari o‘g‘li vafot etganda, quyidagi baytni o‘qigan ekanlar:

Dunyo shunday ekan, sabr qil,
Yo moldan judolik, yo habibingdan.

Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Muhammad ismli, xushsurat o‘g‘li bilan Valid ibn Abdumalikning huzuriga yo‘l oldi. Valid olachipor kiyimda, qo‘llari bilan kiyim bog‘ichlarini o‘ynayotgan bolaga qarab: «Quraysh yigitlari mana shunday bo‘ladi», deb unga suqlandi va ko‘zi tegdi. O‘g‘lon uning oldidan behol bo‘lib chiqdi. Chorvalar bog‘langan joyda yiqilib, podaning tagida qolib ketdi. Bola o‘ldi.

Urvaning bir oyog‘i qorason bo‘lib, boldiridan kesib tashlandi. U ancha qarib qolgan edi. Shu kechasi u zorlanib duo qilmadi. Faqatgina: «Bu safarimizdan nasib qilgani shu ekan», deb qo‘ydi xolos va quyidagi misralarni o‘qidi:

Qasamki, shu yengil kaftlarim meni
Shubhali ishlarga tortqilagan yo‘q.
Guvohlik bersinlar oyoqlarim ham,
Zino-yu, faxshlarga yetaklagan yo‘q.
Qulog‘im-u ko‘zim, fikrim-u aqlim,
Ma'siyat va gunoh birla olishgan.
Menga va o‘g‘limga yetgan musibat
Qancha yigitlarning boshiga tushgan.

So‘ngra u zot roziyallohu anhu munojot qilib dedilar: «Ey Allohim, meni sinagan ekansan, aslida salomat qilibsan. Olgan ekansan, yana qoldiribsan. Bir a'zoni olib ko‘p a'zolar qoldirding. Bir farzandni olib, ko‘p farzandlar qoldirding».

Xuddi shu kechasi Validning oldiga Bani Abaslik ko‘r kishi keldi. Undan qanday qilib ko‘r bo‘lib qolgani haqida so‘ragan edi, boshidan o‘tganini so‘zlab berdi:

«Dunyoda o‘zimdan ko‘ra badavlatroq abaslik kishi yo‘q edi. Bir kechasi darada tunab qoldim. Tunda sel kelib, butun ahlim, bola-chaqam, mol-holimni oqizib ketdi. Faqat bir bolam bilan, bir tuyam qoldi. Tuya qaysarlik qilib qochib ketdi. Uning ortidan quvlay boshladim. Bir oz yurgan edim, bolamning chinqirgani qulog‘imga chalindi. Qaytib kelib ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir bo‘ri jigarbandimni g‘ajib tashlabdi. Bo‘rini o‘ldirdim. Keyin tuyani ushlash uchun orqasidan borgan edim, qo‘qqisdan yuzimga tepdi. Ko‘zim ko‘r bo‘lib qoldi. Shunday qilib butun ahli oilam va mol-mulkimdan ayrildim».

Shunda Valid: «Buni Urvaning oldiga olib boringlar. Toki u yer yuzida o‘zidan ko‘ra qattiqroq musibatga uchragan kishi ham borligini bilib qo‘ysin», deb buyurdi.

Usmon roziyallohu anhuga hamla qilib, jarohat yetkazganlarida, soqollari qonga bo‘yalgan holda shunday degan edilar: «Sendan o‘zga hech qanday iloh yo‘q. Sen barcha aybu nuqsonlardan poksan. Men zolimlardan bo‘lib qoldim. Ey Allohim, ularga qarshi O‘zingdan madad tilayman, barcha ishlarimda yordamingga muhtojman va bu sinovlaringda O‘zing meni sabrli qilgin».

Madoiniy aytadilar: «Men sahroda (sahroiy arablar maskanida) bir ayolni uchratib qoldim. Uningdek go‘zal va rangi tiniq ayolni sira ko‘rmagan edim. Undan: «Shodlik sababli shu qadar go‘zalmisan?» deb so‘ragan edim, u: «Yo‘q, Allohga qasamki, bunday emas. Men g‘am va qayg‘uga nishonman. Boshimdan o‘tganini senga so‘zlab beraman. Mening erim va ikki o‘g‘lim bor edi. Otasi qurbonlik kunida bir qo‘yni qurbonlikka so‘ydi. Bolalar nariroqda o‘ynab yurishgan edi. Kattasi kichigidan: «Otam qo‘yni qanday qilib so‘yganini ko‘rsataymi?» deb so‘ragan edi, u: «Ha», dedi. U bilmay ukasini so‘yib qo‘ydi va qonni ko‘rib qo‘rqib toqqa qochib ketdi. U yerda bo‘riga yem bo‘ldi. Otasi uni qidirib ketdi va adashib, tashnalikdan vafot etdi. Shunday qilib men erim va ikki farzandimdan ayrildim», deya javob berdi. Undan: «Qanday qilib sabr qilyapsan?» deb so‘ragan edim, u: «Agar musibat to‘xtamasdan davom etsa ham, men sabr qilaveraman. Jarohatim bitib ketgan», dedi.

Fasl

Abu Hasson Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Mening ikkita o‘g‘lim vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «O‘liklarimiz xususida qalbimizga orom baxsh etadigan biron hadis rivoyat qilib berasizmi?» deb so‘ragan edim, u zot: «Ha», dedilar. - Go‘daklar jannatning ajralmas ahllaridir. Ulardan biri otasini (yoki ota-onasini) qarshi oladi-da, xuddi mana shu kiyimingni chetidan ushlaganimdek, uning kiyimidan (yoki qo‘lidan) tutadi. Hattoki, u Alloh uni va otasini jannatga doxil qilmagunicha to‘xtamaydi» (Muslim rivoyati).

Muoviya ibn Qurra ibn Iyos otasidan rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga o‘g‘lini olib kelardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni yaxshi ko‘rasanmi?» deb so‘ragan edilar, u: «Ha, yo Rasululloh, uni yaxshi ko‘rganimdek, Alloh sizni yaxshi ko‘rsin», dedi. Bir qancha vaqt o‘tib o‘g‘lon ko‘rinmay qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Falonchi o‘g‘li falonchiga nima qildi?» deb so‘ragan edilar: «Yo Rasululloh, u vafot etdi», deya javob berishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam otaga: «O‘g‘lingni jannatning qaysi eshigiga borsang, o‘sha yerda seni kutib turgan holida uchratishni yoqtirmaysanmi?» dedilar. Bir kishi: «Yo Rasululloh, (bu bashorat) uning o‘zigagina taalluqlimi yoki barchamizgami?» deb so‘ragan edi, «Barchangizga taalluqli», deya javob berdilar (Ahmad va Nasoiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi juft (ya'ni, er-xotin) musulmonning uchta farzandi o‘lsa, Alloh u ikkisini ayricha mehribonlik bilan jannatga kirgazadi». «Yo Rasululloh, ikkita bo‘lsa-chi?» deb so‘rashgan edi, «Ikkita bo‘lsa ham» dedilar. «Bitta bo‘lsachi?» deya so‘rashgan edi, «Bitta bo‘lsa ham» dedilar va qo‘shib qo‘ydilarki: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, hattoki chala tug‘ilgan bola ham onasini, agar u savob umidida sabr qilar ekan, kindik ichagi bilan jannatga tortadi» (Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Vaki' roziyallohu anhu aytadilar: «Ibrohim Harbiyning o‘n bir yashar o‘g‘li bor edi. U Qur'onni to‘liq yod olgan, fiqh va hadisdan ko‘p narsa o‘rgangan edi. Bir kuni uning vafot etganini eshitib ta'ziya bildirgani keldim. Ibrohim Harbiy menga: «O‘zi shu o‘g‘limning vafot etishini istardim», dedi. «Ey Abu Ishoq, o‘zingiz dunyo olimisiz-ku, yana gapirayotgan gapingizni qarang. Axir o‘g‘lingiz Qur'onni yod olgan, fiqh va hadisni o‘rgangan ajoyib o‘g‘lon edi-ku!» dedim. «To‘g‘ri, - dedi u. - Biroq men bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Bir to‘da yosh bolalar odamlarni qarshi olib, qo‘llaridagi suv to‘la ko‘zalarni ularga tutishardi. Kun haddan tashqari issiq edi. Men bolalardan biriga: «Suvingdan ber», degan edim, u menga qarab: «Siz otam emassiz-ku», dedi. Undan: «Sizlar kimsizlar?» deb so‘ragan edim, u: «Bizlar islomda vafot etgan go‘daklarmiz. Ota-onalarimiz ortimizdan kelishadi. Biz ularni kutib olib, suv beramiz», deya javob berdi. Shuning uchun ham o‘g‘limning vafot etishini orzu qilardim».

Hikoya

Molik ibn Dinordan tavba qilishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashdi. U javoban shunday dedi: «Ilgari men o‘yin-kulgi va ichkilikka qattiq berilgan edim. Ko‘ngil xushi uchun bir joriya sotib oldim. Ma'lum muddat o‘tib, qizchalik bo‘ldik. Men qizimni juda yaxshi ko‘rar edim. U o‘sib-ulg‘ayib emaklaydigan, keyin yuradigan bo‘ldi. Qachon men aroq ichmoqchi bo‘lsam, u qo‘limdan tortib aroqni to‘kib yuborar edi. U ikki yoshga yetgach, vafot etdi. Men qayg‘uda qoldim... Sha'bon oyi edi. Bir kuni yarim tunda ichib mast bo‘lib yotib qolibman. Tush ko‘rdim. Go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Qabrimdan chiqib kelibman. Bundoq qarasam, yonimda katta ajdar meni yemoqchi bo‘lib turibdi. Undan qo‘rqib qochdim, u esa orqamdan quvlay boshladi. Har qancha tez chopsam ham, undan butunlay qochib ketolmas edim. Qocha turib yo‘lda oppoq libosli munkillagan cholni uchratdim. Unga: «Ey otaxon, meni anavi ajdardan qutqaring. U meni yemoqchi, halok qilmoqchi», deb yalingan edim, u: «Ey o‘g‘lim, men qarib, kuchdan qolganman, u mendan quvvatli, unga kuchim yetmaydi. Sen qochib, yo‘lingda davom etaver-chi, shoyad Alloh seni undan xalos etsa», dedi. Men tezroq chopa boshladim. Ajdar ham izimdan qolmay kelar edi. Yugura-yugura do‘zax tabaqalariga kelib qoldim. Do‘zax qizib, qaynab yotardi. Unga tushib ketishimga bir bahya qoldi. Shunda kimdir: «Sen mening ahlimdan emassan», dedi. U yerdan burilib yana qocha boshladim. Ajdar hamon quvlab kelar edi. Qocha-qocha ko‘zni qamashtiradigan nurli toqqa yaqinlashdim. Tog‘da qasrlar bo‘lib, ularning eshik va pardalari ko‘zga tashlanib turar edi. Shu payt kimdir: «Dushmani yetib kelib halok etmasdan turib manavi bechorani qutqaringlar!» dedi. Eshiklar ochilib, pardalar ko‘tarilib, u yerdan yuzlari oyday bolalar chiqib kelishdi. Qizim ham ular bilan birga edi. Meni ko‘rib oldimga tushdi. O‘ng qo‘li bilan ajdarni urgan edi, u qochib ketdi. Keyin tizzamga o‘tirdi-da: «Ey otajon,

«Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq - Qur'onga (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) kelmadimi?!» (Hadid surasi, 16) dedi. «Ey qizim, sizlar ham Qur'onni bilasizlarmi?» deb so‘rasam, «Ha, sizlardan ko‘ra yaxshiroq bilamiz», dedi. «Bu yerda nima qilasizlar?» «Biz musulmonlarning vafot etgan yosh bolalarimiz. Qiyomat kunigacha shu yerda sizlarni kutib yashaymiz». «Ey qizim, meni quvlab, halok etmoqchi bo‘lgan ajdar nima edi?» «Ey otajon, u sizning yomon amallaringiz. Uni kuchaytirib - ko‘paytirib yubordingiz. Shuning uchun sizni halok qilmoqchi bo‘ldi». «Haligi munkillagan chol kishi kim edi?» «U sizning yaxshi amalingiz. Uni zaiflashtirib - kamaytirib qo‘ydingiz. Shu bois yomon amalingizga uning kuchi yetmadi. Allohga tavba qiling. Halokatga uchraguvchilardan bo‘lmang». Shunday deb u yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Men cho‘chib uyg‘ondim va darhol Allohga tavba qildim».

Ey birodar, xoh o‘g‘ildir, xoh qizdir yoshligida vafot etgan farzandning barakasini ko‘rib qo‘ying. Agar ota-ona savob umidida sabr qilar va «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytguvchimiz», deyishar ekan, ular uchun Alloh va'da qilgan yana boshqa ko‘plab manfaatlar hosil bo‘ladi.

Fasl

Sobit Jumahiydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar birontangizga musibat yetsa, mendan (judo bo‘lgandagi) musibatini eslasin. Zero, bu eng katta musibatdir».

Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonga yetgan har bir musibat, hattoki (badaniga) sanchilgan tikon sababli ham, Alloh uning gunohlarini o‘chiradi» (Muslim rivoyati).

«Biror kishiga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va ulkanroq ne'mat berilmagan» (Muttafaqun alayh).

Ummu Salama (roziyallohu anho) aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Biror bandaga musibat yetsa va u: «Albatta, biz Allohning bandalarimiz va, albatta, biz Unga qaytguvchilarmiz. Ey Allohim, musibatim sababli menga ajr bergin va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin», desa, Alloh unga musibati sababli ajr ato qiladi. Va uning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi», deganlarini eshitgan edim. Erim Abu Salama vafot etgach, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sohiblari ichida Abu Salamadan ko‘ra yaxshiroq kim ham bor», dedim. Keyinroq Alloh dilimga solib, jur'at paydo bo‘ldi va shu duoni o‘qidim. Bir oz o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni o‘z nikohlariga oldilar» (Muslim rivoyati).

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qabr tepasida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘taturib: «Allohdan qo‘rqqin, sabr qilgin», dedilar. Ayol u zotni tanimay: «Yo‘lingdan qolma, o‘zingning boshingga tushmagan-da», dedi. Ayolga, bu kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar, deyishdi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshigiga keldi. U yerda eshikog‘alarni ko‘rmadi. «Uzr, sizni tanimapman», degan edi: «Ilk zarba chog‘idagi sabr sabrdir», dedilar Nabiy» (Muttafaqun alayh).

Ya'ni, musibatning dastlabki lahzalaridagi sabr go‘zal sabrdir. Keyinroq esa hamma o‘z-o‘zidan yupanib qoladi.

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Abu Talhaning Umma Sulaymdan ko‘rgan o‘g‘li vafot etdi. Ummu Sulaym yaqinlariga: «To o‘zim aytmagunimcha, Abu Talhaga o‘g‘li haqida hech narsa demanglar», dedi. Abu Talha kelgach, kechki ovqatni keltirdi. U ovqatlandi. So‘ng Ummu Sulaym unga odatdagidan yaxshiroq munosabatda bo‘ldi. Ular birga bo‘lishdi. Abu Talhani to‘ydirib, shahvatini qondirganidan so‘ng ayoli so‘radi: «Ey Abu Talha, nima deb o‘ylaysiz, agar bir kishi boshqa birovga omonatga biron narsa bersa, so‘ng uni talab qilsa, omonatni egasiga qaytarib bermaslikka haqqi bormi?» «Yo‘q». «Unday bo‘lsa, o‘g‘lingiz uchun sabr etib, savob umid qiling». «Bulg‘anganimdan keyin bu xabarni aytyapsanmi?» dedi g‘azablanib Abu Talha. So‘ng borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan voqeani so‘zlar berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh sizlarga shu kechangizni barakotli etsin», deya duo qildilar (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar bir bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalaridan: «Bandam farzandini oldilaringmi?» deb so‘raydi. Ular «Ha», deyishadi. «Qalb mevasini oldilaringmi?» deb so‘raydi. Ular: «Ha», deyishadi. «Bandam nima dedi?» deb so‘raydi. Ular: «Senga hamd va istirjo' aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandamga jannatda bir bino quringlar va uni «hamd uyi» deb nomlanglar», deydi» (Termiziy va Ibn Hibbon rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo aytadi: «Dunyoda yaxshi ko‘rgan odamining jonini olsamu, undan savob umid qilgan mo‘min bandam uchun huzurimda jannatdan bo‘lak mukofot yo‘q» (Buxoriy rivoyati).

Rivoyat qilinadi: «Allohning hukmiga rozi bo‘lish Odam farzandi uchun saodatdir. Allohning hukmidan norozi bo‘lish Odam farzandi uchun badbaxtlikdir» (Termiziy rivoyati).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadilar: «O‘lim farishtasi alayhissalom mo‘minning jonini olgach, eshik oldida turadi. Uydagilar esa shovqin soladi: ayrimlari yuzini yuladi, ba'zilari sochini to‘zg‘itadi, yana birlari o‘ziga o‘lim tilaydi. Shunda o‘lim farishtasi aytadi: «Nega buncha shovqin, nedan buncha betoqatlik?! Allohga qasamki, birontangizning umringizni qisqartirganim yo‘q, birontangizning rizqingizni olib qo‘yganim ham, birontangizga qilcha zulm qilganim ham yo‘q. Agar mendan shikoyat qilib, norozi bo‘lsangiz, Allohga qasamki, men faqat ma'murman (ya'ni, menga shu ish buyurilgan). Bordi-yu, mayyitingizdan norozi bo‘lsangiz, u majbur - ixtiyorsiz. Mabodo Parvardigoringizdan norozi bo‘lsangiz, unda sizlar kofirsizlar. Men sizlarga qayta-qayta kelaveraman, hattoki birontangiz tirik qolmaysiz».

Shurayh roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Menga bir musibat yetsa, Allohga to‘rt marta hamd aytaman: bundan-da kattaroq musibat bermagani uchun, unga yarasha sabr bergani uchun, savob umidida istirjo' aytishga muvaffaq qilgani uchun va nihoyat musibatni dinimga taalluqli qilmagani uchun».

Xullas kalom, musibat yetgan odam o‘ziga o‘lim, vayl tilab duo qilsa, yoki yuziga ursa, yoki yoqasini yirtsa, yoki sochini yulsa yoxud to‘zg‘itib, kesib yuborsa, u erkakmi, ayolmi, Allohning g‘azabi va la'natiga duchor bo‘ladi.

Musibat yetganda songa urish ham ajrni ketkazishi, shuningdek, musibatga uchragan odam kiyimini yirtsa, yoki yuziga shapatilasa, yoki yoqasini yirtsa va yo sochini yulsa, u go‘yo nayza olib Rabbi bilan jang qilmoqchi bo‘lganday ko‘rinishi ham rivoyat qilingan.

Hikoya

Solih Murriy hikoya qiladi: «Juma tunlaridan birida qabristonda tunab qoldim. Tush ko‘rdim: qabrlar yorilib, o‘liklar chiqib keldi va halqa-halqa bo‘lib o‘tirishdi. So‘ng ularga tepadan og‘zi yopiq tovoqlar tushdi. Ular orasida bir yigit bo‘lib, unga turli qiynoqlar bilan azob berilardi. Unga yaqinlashib: «Ey yigit, bu qavm orasida nega faqat sen azoblanyapsan?» deb so‘radim. «Ey Solih, Alloh haqqi senga tayinlaydigan ishlarimni bajar, omonatni ado et, ahvolimga rahming kelsin. Shoyad Alloh azza va jalla sen tufayli meni bu azoblardan xalos etsa. Men vafot etganimdan buyon onam yig‘lovchi, go‘yanda aytib yig‘lovchi  ayollarni to‘plab, ular jo‘rligida kuniga dod-voy solmoqda. Shu sababli men azobdaman. Onamning yomon, bema'ni gap-so‘zi, azasi bois oldim-u ortim, o‘ng-u so‘limda olov. Alloh ularga mening nomimdan yaxshi mukofotlar bermasin», deb yig‘ladi u. Uning yig‘isini ko‘rib men ham ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim. «Ey Solih, Alloh haqi, onamning oldiga borgin. Ular falon joyda turadilar», deb manzilni tushuntirdi va davom etib dedi: «Ularga mening nomimdan aytginki, ey ona, nega farzandingizga azob berasiz. Meni naqadar yomon tarbiyaladingiz, qanchalar xunuk saqladingiz, o‘lganimdan so‘ng esa azobga tashladingiz. Ey ona, ahvolimni bir ko‘rsangiz edi: bo‘ynimda kishan, oyog‘imda taxtakach, azob farishtalari baqirib, urib azob berishmoqda. Avholimni bir ko‘rsangiz edi, menga rahmingiz kelardi. Agar hozirgi azadorligu, dod-voylaringizni bas qilmas ekansiz, u holda osmonlar yoriladigan, barcha xaloyiq hisob-kitobga ro‘baro‘ bo‘ladigan kuni ikkimiz oramizda Alloh hakam bo‘lur!»

Cho‘chib uyg‘ondim va ko‘rgan tushimdan ta'sirlanib tongacha uxlay olmadim. Tong otgach, shaharga kirdim. Mening birdan-bir maqsadim yigitning uyini topish edi. So‘rab surishtirib uyni topib bordim. Darvoza qoraga bo‘yalgan, hovlidan go‘yandalaru azadorlarning yig‘isi eshitilib turardi. Darvozani qoqqan edim, bir kampir chiqib: «Sizga kim kerak?» deb so‘radi. «O‘lgan yigitning onasi kerak edi», dedim. «Unda nima yumushingiz bor, u o‘z qayg‘usi bilan mashg‘ul?» dedi u. «Uni menga chaqirib bering, o‘g‘lidan unga xabar olib keldim», dedim. Kampir hovliga kirib ketdi. Bir ozdan keyin qop-qora kiyim kiygan, yig‘layvergani va shapatilayvergani sababli yuzi ham qorayib ketgan bir ayol chiqdi. «Siz kimsiz?» so‘radi u. «Men Solih Mirriyman. Kecha kechqurun qabristonda shunday-shunday voqealar ro‘y berdi. O‘g‘lingizni ko‘rdim. U azobda qolgan», deb tushimda ko‘rganlarimni aytib berdim. Ayol gapimni eshitgach, yerga yiqilib hushidan ketdi. O‘ziga kelgach: «Ey o‘g‘lim, meni kechir. Agar bu ahvolda ekaningni bilganimda edi, bu ishlarni qilmas edim. Men qilgan ishlarimdan Alloh taologa tavba qildim», deya qattiq yig‘ladi. So‘ng ichkariga kirib go‘yandalarni tarqatib yubordi va boshqa kiyim kiydi. Bir hamyon dirham uzatib: «Ey Solih, buni o‘g‘lim nomidan ehson qil», dedi. Duo qilib pullarni oldim va o‘g‘li nomidan sadaqa qildim. Keyingi juma tunida, odatdagidek qabristonga borib tunadim. Tushimda mayyitlarni ko‘rdim. Ular qabrlaridan chiqib halqa-halqa bo‘lib o‘tirdilar. Ularga tovoqlar tushdi. Haligi yigit shod-xurram, xushchaqchaq edi. Unga ham tovoq keldi. Meni ko‘rib oldimga keldi va: «Ey Solih, Alloh seni mukofotlasin. Onam qilayotgan noma'qul ishlarini tark etgani uchun Alloh azobni yengillatdi. Mening nomimdan qilgan sadaqang ham yetib keldi», dedi. «Bular qanaqa tovoqlar?» deb so‘ragan edim «Bular tiriklarning o‘liklarga xayr-ehson, xatmi Qur'on va duolardan iborat hadyalaridir. Har juma kechasi ularga olib kelishadi-da, bu senga falonchining hadyasi deyishadi. Endi onamning oldiga qaytib borganingda, ularga salomimni va ushbu gaplarimni yetkaz. Onajon, Alloh sizni mukofotlasin, mening nomimdan qilgan sadaqangiz yetib keldi. Siz menga yaqinsiz, tayyorgarligingizni ko‘ring», dedi. Keyin uyg‘onib ketdim. Bir necha kun o‘tgach, ayolning uyiga bordim. Eshik oldida tobut turgan edi. Kim qazo qildi, deb so‘ragan edim, yigitning onasi, deyishdi. Unga janoza o‘qib, o‘g‘lining yoniga dafn qildik. Uning haqiga duo qilib, o‘z yo‘limga ravona bo‘ldim».

Alloh taolo bizni musulmon holimizda vafot etdirishini, solihlar safiga qo‘shishini va do‘zaxdan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, rahmli va mehribon zotdir.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.