Katta shirk
Katta shirk - Allohga biron bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga tosh, daraxt, quyosh kabi boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin.
«Albatta, Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan kishilar uchun kechirur...» (Niso surasi, 48).
Ya'ni shirkni kechirmaydi. O‘zi xohlagan bandalarining shirkdan boshqa gunohlarini kechiradi.
Shirk Alloh taoloning:
«...Albatta, Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar surasi, 53), oyati karimasidagi «barcha gunohlar» sirasiga kirmaydi.
«...Chunki shirk keltirish katta zulmdir» (Luqmon surasi, 13).
Ya'ni, shirk qabih amal va yaqqol zulmdir, bir narsani o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa qo‘yish, haqqini poymol qilishdir. Kimki yaratuvchi bilan yaralmish - maxluqni, iloh bilan but-sanamni barobar deb bilsa, shak-shubhasiz, u aqlsiz, ahmoqdir. «Zolim» deb nomlanishga, hayvonlar qatorida sanalishga loyiqdir.
«Albatta, kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur».
Kimki Allohdan boshqani iloh deb e'tiqod qilsa, hech qachon jannatga kirmaydi, degan ma'nolarni uqib olish mumkin. Chunki jannat Allohni bir deb biluvchi muvahhidlar makonidir.
«...uning borar joyi do‘zaxdir. Zulm qilguvchilar uchun biron yordamchi bo‘lmas» (Moida surasi, 72).
Ya'ni, uning uchun Allohning azobidan qutqaruvchi ham, yordamchi ham bo‘lmas. Bu haqda ko‘plab oyatlar mavjud.
Kimki Allohga iymon keltirib, mo‘min holida vafot etsa, garchi do‘zaxda gunohiga yarasha azoblansa-da, aniq jannatiy bo‘lganidek, Allohga shirk keltirib mushrik holida o‘lgan kimsa, shak-shubhasiz do‘zaxiydir.
Buxoriy va Muslim rivoyatida kelgan hadisi nabaviyyada shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi?» deb uch bor so‘radilar. Biz: «Ha», dedik. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish», dedilar. Suyangan holda edilar, shundan so‘ng o‘tirib oldilar-da: «Ogoh bo‘linglar, yolg‘on gapirish va yolg‘on guvohlik berish», deya takrorlayverdilar. Hattoki, biz qaniydi, sukut qilsalar, dedik» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halok etuvchi yettita gunohdan saqlaninglar», dedilar-da, birinchi navbatda Allohga shirk keltirishni zikr qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ey Ibn Xattob, bor, odamlarga «jannatga faqatgina mo‘minlar kiradi», deb jar sol» (Muslim, Ahmad rivoyati).
Foyda
Insonlarning ko‘p so‘zlari ulamolar nazdida kufrdir. Masalan, Alloh ismlaridan birortasini, yo buyrug‘ini, yo va'dasini yoki tahdidini masxara qilish. «Agar Alloh menga falon ishni buyurganida, qilmasdim», «Agar qibla manovi tarafda bo‘lganida, u yoqqa qarab namoz o‘qimasdim» kabi, yoki «Namozni tark etmagin, bo‘lmasa Alloh jazolaydi», deyilsa, «Shunchalik qiyin ahvolda va kasal bo‘lsam ham jazolaydigan bo‘lsa, unda menga zulm qilibdi», deyish. «Agar menga falon narsa haqida payg‘ambarlar-u farishtalar guvohlik berganida ham tasdiqlamasdim», «Falonchi nazarimda yahudiyga o‘xshaydi», «Alloh insof-adolat qilish uchun turdi yoki o‘tirdi», «Agar payg‘ambar aytgani rost bo‘lsa, najot topibmiz», kabi so‘zlarni aytish. Boshiga musibat tushganida: «Bolamni va molimni olding, o‘zi nima qilyapsan?» deb dod solish. Janoza namozidan boshqa namozni mazax qilgan yoki mumkin deb bilgan holda betahorat o‘qish. Ikki kishi tortishib qolib, ulardan biri: «La havla va la quvvata illa billah», deganida ikkinchisi: «La havla va la quvvata illa billah» degan bilan qorin to‘ymaydi», deyishi. Muazzinning azonini eshitganda: «U yolg‘on gapiryapti» deyish. «Alloh taolo odam o‘ldirish, zino, zulm kabi hech bir zamonda halol bo‘lmagan ishni harom qilmaganida edi», deb orzu qilish. «Iymon nima» deb so‘ralganida «Bilmadim», deyish.
Yana ayrim so‘zlar borki, ular aniq kufr kalimasi bo‘lmasa-da, harom bo‘lib, aytgan kishi kofir bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Masalan, «Tirnoqlaringni olib yur. Bu sunnat» deyilganda, «Sunnat bo‘lsayam olmayman», deyish. Musulmonga: «Alloh oqibatingni xayrlik qilmasin» yoki «Iymoningdan judo qilsin», deyish. Bir kishidan qasam ichishni talab etsa-yu, u Alloh nomiga qasam ichmoqchi bo‘lganida, «Xotinim taloq bo‘lsin», deb qasam ichishini talab etish. Bir kishiga: «Seni ko‘rsam, o‘limni ko‘rganday bo‘laman», deyish. Bir joyga matosini qo‘yib: «Uni Allohga topshirdim», degan kishini «Matoingni o‘g‘riga ergashib yurmaydigan (ya'ni, o‘g‘rini tutib bermaydigan) zotga topshirdingmi?» deyish. Bir kishi teparoq joyga imom-xatibga o‘xshab o‘tirib olsa-yu, boshqalar undan turli masalalarni so‘rashsa, (bu bilan ulamolarni masxara qilmoqchi bo‘lsa) yoki birontasi «Bir kosa sho‘rva ilmdan yaxshiroq», desa. Bir kishining beliga arqon orqalab olganini ko‘rib «Bu nima?» deb so‘rashganida, «Zunnor», deyishi.
Muallimning: «Yahudiylar musulmonlardan yaxshiroq, chunki ular farzandlarimizning ustozlariga ehson qilib turadilar», deyishi. «Nasroniylik majusiylikdan yaxshiroq» deyish.
Musulmonga qarata: «Dinsiz, iymonsiz, e'tiqodsiz. Sen fojirsan, fosiqsan, munofiqsan», deyish.
Alloh taolodan bizni Kitob va sunnatga amal qilgan holimizda vafot ettirishini so‘raymiz. Albatta, u rahmlilarning rahmlirog‘idir!
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.