background
logotype
image1 image2 image3

Bergan narsani minnat qilish

Alloh taolo aytadi:

«Ey iymon keltirganlar, molini odamlarga ko‘rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!» (Baqara surasi, 264).

Kalbiy: «Qilgan sadaqasini Allohga minnat qilish va olgan odamga ozor berish bilan», deb tafsir qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Qiyomat kunida Alloh uch toifa odamga gapirmaydi, qaramaydi, ularni poklamaydi va ularga alamli azob bordir: kiyimini uzun qilib yerga sudrab yuruvchi, minnatchi va yolg‘on qasam bilan molini o‘tkazuvchi» (Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda: «Qiyomat kunida Alloh uch toifa odamga - ota-onasiga oq bo‘lgan, mast qiluvchi narsalarga mukkasidan ketgan va bergan narsasini minnat qilgan odamga qaramaydi. Shuningdek, uch toifa kimsa jannatga kirmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan, dayus va erkakshoda ayol», deyilgan (Nasoiy, Bazzor rivoyati).

Erkakshoda ayoldan murod erkaklarga taqlid qiladigan ayoldir.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Makkor-aldamchi, minnatchi va baxil jannatga kirmaydi» (Termiziy rivoyati).

«Yaxshilikni minnat qilishdan ehtiyot bo‘linglar, chunki u shukrni yo‘q qiladi, ajrni ketkazadi», degan xabar ham rivoyat qilingan.

Ibn Siyrin bir kishining boshqa birovga, senga yaxshilik qildim, undoq qildim, bundoq qildim, deyayotganini eshitib qoldilar-da, unga: «Jim bo‘l. Agar sanaladigan bo‘lsa, yaxshiliklarda naf yo‘q», dedilar.

Ayrim ulamolar aytgan ekanlarki: «Kim qilgan yaxshiligini minnat qilsa, noshukr bo‘ladi, kim o‘z amalidan g‘ururlansa, ajri ketadi».

Imom Shofe'iy quyidagi ma'nodagi misralarni o‘qigan ekanlar: «Odamlarga og‘irliging tushmasin, toki senga minnat qilishmasin. O‘zingning ulushingni ixtiyor qilib sabr et, zero sabr jannatdir. Birovlarning minnati qalbga tishlagandan ko‘ra qattiqroq ta'sir qiladi».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.