background
logotype
image1 image2 image3

Allohdan boshqaga atab jonliq so‘yish

Alloh taolo buyuradi:

«Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan yemangiz!» (An'om surasi, 121)

Ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyati karimaning tafsirida shunday deganlar: «Undan murod o‘limtik, bo‘g‘ilib o‘lgan va but-sanamlarga atab so‘yilgan jonivorlar».

Kalbiy aytganlarki: «Ular Alloh nomi zikr qilinmagan yoki Alloh taolodan boshqaga atab so‘yilgan jonivorlardir».

Ato aytganlar: «Quraysh qabilasi va boshqa arablar butlarga atab so‘ygan jonliqlar».

«...Zotan, bu ish itoatsizlikdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlarini (ya'ni, mushriklarni) sizlar bilan tortishishlari uchun vasvasaga solurlar».

Ya'ni, mushriklar mo‘minlar bilan o‘limtiklar xususida tortishadilar.

«...Agar ularga bo‘yinsunsangiz, hech shak-shubhasiz, mushriklardan bo‘lib qolursizlar» (An'om surasi, 121).

Ya'ni, sizlar ham o‘limtikni halol deb bilsangiz, unda sizlar mushrik bo‘lib qolasizlar.

Zajjoj roziyallohu anhu aytganlarki: «Bu oyat Alloh harom qilgan narsalardan birontasini halol deb bilgan yoki Alloh halol qilgan narsalardan birontasini harom deb bilgan har bir kimsa mushrik bo‘lishiga dalildir».

Musulmon odam unutib «basmala»ni («Bismillahir rohmanir rohiym»ni) aytmay so‘ygan jonlig‘i halol hisoblanadi. Chunki mazkur oyatdagi: «Allohning nomi zikr qilinmagan narsalar»ni mufassirlar o‘limtiklar, deb tafsir qilishgan. Bironta mufassir uni musulmon odam «basmala»siz so‘ygan jonivor demagan. Shuningdek, musulmonning «basmala»siz so‘ygan jonlig‘idan yegan kishi itoatsizlik qilgan bo‘lmaydi. Qolaversa, mushriklar bilan «basmala»siz so‘yilgan jonliq xususida emas, o‘limtik xususida tortishganlariga mufassirlar ijmo' - ittifoq qilishgan.

Oisha (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: «Bir qavm ahli: «Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bizga bir qabila a'zolari go‘sht olib kelishadi. Unga Allohning ismini zikr qilishganmi, yo‘qmi, bilmaymiz» deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unga o‘zinglar «bismilloh» denglar-da, yeyaveringlar», dedilar» (Buxoriy va Nasoiy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlarki: «Kim jonliq so‘ysa-yu, «basmala» aytishni unutsa, unga Allohning ismini zikr qilib yeyaversin. Modomiki, fitrat (sof tabiat) shariatga binoan so‘ygan ekan, uni shaytonga berib qo‘ymasin» (Bayhaqiy rivoyati).

Asarda kelishicha, «Allohning ismi har bir musulmonning og‘zidadir» («Naylul avtor»).


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.