background
logotype
image1 image2 image3

Donishmand

Jahon adabiyoti xazinasini go‘zal asarlari bilan bezagan ijodkorlarning insoniyat tarixida maqomi yuksak. Ularning dono fikrlari ezgulik yo‘lini yorituvchi nur, turmushda dasturilamaldir.
Ma’lumki, olmonlar Gyote, ruslar Tolstoy bilan faxrlanishadi. O‘zbek millati esa mutafakkir Alisher Navoiyni e’zozlaydi, besh asrdan beri uning adabiy merosidan bahra oladi, badiiy tafakkuridan hayratga tushadi.
Alisher Navoiy chin ma’noda mutafakkir, ulkan bir donishmanddir. Umrining oxirida yozgan «Mahbubul qulub» («Qalblar sevgilisi») asarining o‘ziyoq bu ojizona qarashimizni tasdiqlaydi. Zero, inson qalbidan, ma’naviy-ruhiy olamiga doir holatlardan bahs yuritib, abadiyatga daxldor munosib so‘z aytish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Istiqlol yillari «Mahbubul qulub» to‘la qayta nashr qilindi (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. Yigirma jildlik. O‘n to‘rtinchi jild. T., 1998.) Sovet zamonida kommunistcha mafkura talabi bilan nashr qilingan nusxalarda Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) na’t qismlari, shuningdek, «Imomlar zikrida», «Muazzinlar zikrda», «Huffozlar (Qur’onni yod olganlar) zikrida», singari fasllari olib tashlab chop etilgan edi. «Mahbubul qulub»ning qayta to‘liq nashrida ana shu fasllar tiklangan. Bugungi kitobxon Alisher Navoiyning ma’naviy olamidan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydigan haqiqatni — shoirning Islom dini ahkomlariga taalluqli qarashlarini ham bilib oladi. Alisher Navoiy bir o‘rinda muazzin chiroyli ovoz bilan azon aytishi lozimligini ta’kidlaydi, chunki bu nido yomon odamlarni ham masjid sari chorlaydi. Bu hol ilonning yaxshi so‘z bilan inidan chiqqaniga o‘xshaydi, degan fikrni aytadi shoir.
Alisher Navoiy qaysi masalani muhokama qilmasin, ruhiyat tabibi sifatida dil kasalliklari uchun darmondorilar tavsiya qiladi. Har bir masalada birov inkor qila olmaydigan juda o‘rinli tashxis qo‘yadi.
Shoirlarni «nazm gulistonining xushnag‘ma qushlari» deb ta’riflar ekan, ularni iste’dod darajalariga qarab bir necha guruhga ajratadi. «Ilohiy ma’rifat xazinasi javohirlari bilan boyigan va xalqning ta’rifiga extiyoj sezmagan, qiladigan ishlari ma’nolar xazinasidan javohirlar yig‘moq va u javohirlarni el ezguligi uchun nazm ipiga termoq» bo‘lgan shoirlarni eng yuksak bir o‘ringa qo‘yadi. Alisher Navoiy so‘z qadrini ham, o‘z qadrini ham bilgan so‘z zargarlarini nihoyatda ulug‘laydi. Ayni paytda, go‘yo shoirlik yo‘liga kirgan, «yuz mashaqqat bilan bir bayt» to‘qigach, «shoirlik da’vosini yetti qavat osmondan ham oshirib» yuboradigan xavaskorlar toifasini eng past tabaqa sifatida ta’riflaydi. «Bulardan ba’zilar biror yoqimli ma’noli narsa to‘qisa, o‘nlarcha yoqimsiz da’voyu manmanlik bilan uni ham yo‘qqa chiqaradilar... Kizig‘i, bu toifa shoirlarning ko‘pchiligining she’rida ma’no ozroq va shoirlik da’volari ko‘proqdir».
Har xil toifa va kasbkordagi odamlarning tabiatiga baho berar ekan, yaxshi fe’lning sog‘lom e’tiqod hamda aql samarasi ekanini, yomonliklar turli ma’naviy kasalliklar natijasida paydo bo‘lishini aytadi. Komillikka da’vat, nafs tarbiyasi, sabr-qanoatga chaqirish Alisher Navoiyning ko‘p asarlarida takror va takror keladi. Inson zoti shoshilsa, ishlarini chala bajaradi. Oqibatda kulgiga qoladi, odamlarning ishonchini yo‘qotadi. Ustoz bo‘lsa, talabalari oldida mulzam bo‘ladi. Agar tabib bo‘lsa, xastani davolash o‘rniga, o‘lim to‘shagiga mixlaydi. Shuning uchun Ulug‘ shoir har ishda sabr-qanoat lozimligini, sabr tufayli ko‘pgina mushkulning oson yechilishini uqtiradi va quyidagi baytni keltiradi: Har kimsaki, aylamas oshuqmoqni xayol, Yafrog‘ni ipak qilur, chechak bargini bol.
Bu o‘rinda shoir ipak qurti va asalarining sabr-toqat bilan qilgan mehnati oqibati naqadar xayrli ekanini nazarda tutayotganini alohida sharhlashga ehtiyoj yo‘q.
Yaxshi so‘z jon ozig‘i. Shoir shirin muomala, shirin so‘zning foydasi xususida to‘xtalib:
Xush so‘zga kim o‘lsa mastu bexush,
Sharbat aro zahrni qilur no‘sh, deydi. Agar odamning tili achchiq bo‘lsa, tayyorlagan shirin taomi zaharga, shirin so‘zli bo‘lsa, zahari totli sharbatga aylanadi. Alisher Navoiy, ayniqsa, inson jismidagi kasalliklarni davolovchi tabiblar «muloyimso‘z va bemor ko‘nglini ko‘taruvchi, andeshali, xushfe’l bo‘lmog‘i» lozimligini ta’kidlaydi. Tabib o‘z ishining chinakam ustasi bo‘lsa, «uning har bir nafasi bemorlarga davo; har bir qadami xastalarga shifodir». Yana ta’kidlab, bunday deydi: «Tabib agar o‘z kasbida mohir bo‘lsa-yu, ammo o‘zi badfe’l, beparvo va qo‘polso‘z bo‘lsa, bemorni qancha muolaja qilganida ham, baribir uning mizojida o‘zgarish paydo qila olmaydi. Tabobat fanidan savodsiz tabib xuddi jallodning shogirdiga o‘xshaydi».
Bu kabi hikmatlar, nasihat va haqiqatlar ulug‘ shoir, donishmandlar dahosi Alisher Navoiy xazinasi javohiridan bir nishona xolos. Ular har qanday soha egasining aqliga ruhiy quvvat beradi. Yozini anglashga, o‘z borlig‘iga nazar tashlashga undaydi. Insonni takabburlik va manmanlik illatlaridan xalos etib, kamtarlik, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat kabi fazilatlarni qalbiga singdiradi.

Bahodir Karim,
filologiya fanlari doktori
“Hidoyat” jurnalining 2009-yil 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.