background
logotype
image1 image2 image3

Barhayot sunnatlar

Bundan o‘n besh asr muqaddam Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonlaridan aytilgan tabobat, inson salomatligiga oid tavsiyalarning naqadar muhim va aniq ekanligini bugungi rivojlangan tibbiyot ham e’tirof etadi. Bu esa Rasululloh (s.a.v.)ning cheksiz ilm sohibi ekanliklarini yana bir tasdiqlaydi.

Manbalarda hijratgacha Madinadagi odamlarning ko‘pchiligi bezgak kasalligi bilan og‘rigani haqida ma’lumotlar bor. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng shahar atrofida 30000 tup xurmo daraxtini ekishga boshchilik qilganlar. Bu bilan bezgak xastaligining oldi olingan. Chunki xurmo daraxti namlikni kamaytirish xususiyatiga ega. Ayni usul botqoqliklarning qurishiga sabab bo‘lgan.

Nabiy (s.a.v.) vabo va o‘pka sili kabi yuqumli kasalliklarga chalingan kishilarni ko‘pchilikdan uzoqlashtirish kerakligini ta’kidlaganlar. Shunga ko‘ra, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrlarida bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarni tog‘da, cho‘ponlar bilan qoldirishgan va ularga ko‘proq sut ichirishni tayinlashgan. Tog‘ning toza havosi va tabiiy omillar ta’sirida davo topganlaridan so‘ng yana Madinaga qaytishgan.

Yana Rasululloh (s.a.v.) bir hadislarida: “Vabo, o‘lat kabi kasalliklar tarqagan shaharga kirmangiz ham va u yerdan chiqib ham ketmangiz”, degan tavsiyani berganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Bu esa bugungi tibbiyot tilida karantinni ifodalaydi.

Yana Janobimiz (s.a.v.) ko‘zi og‘rigan kishilarga ko‘proq xurmo yeyishni, isitma chiqqanda badanni sovuq suvda chayishni tavsiya etganlar. Bugungi tibbiyotda ham bu tavsiyalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Rasululloh (s.a.v.)ning aytganlariga, sunnat tarzida vasiyat qilgan tavsiyalariga amal qilish umrimizni go‘zallashtiradi, oxiratimiz xayrini ta’minlaydi.

Madina Zaripova tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 2-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.