background
logotype
image1 image2 image3

Aldamchilik, yomon gumon va makru-hiylani tark qilish

Yolg‘onchilik muqaddas dinimizda ham, milliy, ma’naviy qadriyatlarimizda ham butkul qoralanadigan kabira gunohlardan biridir. Odatda yolg‘oni bilan tanilgan kishilar hech bir jamiyatda qadr topmagan. «Nahl» surasida Alloh ta’olo xabar beradi:
«Yolg‘on so‘zlarni faqat Alloh oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qurlar. Ana o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchidurlar» (105-oyat).
ﺍﻔﺗﺭﻯ so‘zi o‘zidan biror narsani to‘qishni bildiradi.
Oyatda ﻛﺬﺐ ya’ni,  yolg‘onni  to‘qib chiqarish, yolg‘onni ijod etish ma’nosi izohlanmoqda. 
Oyat so‘ngida bu kabi kimsalarning aynan o‘zlari yolg‘onchi, kazzob ekanligi ta’kidlanmoqda.
Yana bir hadisi sharifda ishonchsiz, omonatsiz odamning iymoni yo‘q, deyiladi.
Abu Umoma Bohiliydan: Rasululloh (s.a.v.) mo‘min kishi xiyonat, yolg‘onchilikdan o‘zga barcha xislatlarga tobe bo‘ladi, dedilar.
Ulug‘ tobe’inlardan bo‘lgan Safvon ibni Sulaym r.a.dan keltirilgan quyidagi hadis yuqoridagi hadisni yanada oydinlashtiradi.
Rasulullohdan: — Mo‘min odam qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi? — deb so‘raganida u zot «ha» dedilar. So‘ngra u kishiga: — Mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi? — deyildi, u zot «ha» dedilar. So‘ngra u zotga mo‘min odam yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi, deyilganida u zot «yo‘q» dedilar.
Mazkur hadisi nabaviyalarini ulamolarimiz quyidagicha tahlil qiladilar: mo‘min kishida xiyonatkorlik hamda yolg‘onchilik hususiyatlarining mavjud bo‘lishligi uning mo‘minlik tabiatiga xilof ishdir (ya’ni, mo‘min, iymoni komil shaxslar bunday xulqqa ega bo‘lmaydilar).
Shunday bo‘lsa-da mazkur salbiy xususiyatlar insoniy tabiatiga xilof emasdir, insoniy xilqatda bu kabi illatlar uchrab turadi.
Ibni Umar r.a.dan qilingan rivoyatda Rasululloh (s.a.v.): «Qachonki bir banda yolg‘on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi uchun u bandadan bir miyl masofaga uzoqlashadi», dedilar.
Hazrat Navoiy yolg‘on haqida shunday deydilar: «Harkimki, so‘zi yolg‘on, yolg‘oni zohir bo‘lg‘och uyolg‘on. Yolg‘onni chindek aytquvchi suxanvar - kumushni oltun rukash kiluvchi zargar. Yolg‘on afsonalarda uyqu kelturguvchi, yolg‘onchi uyquda takallum surguvchi. Yolg‘on aytguvchi g‘aflatdadur. So‘zning asnofi bag‘oyat cho‘qdur, yolg‘ondin yamonroq sinfi yo‘qdur.
Ulki yolg‘on bila sarfi avqot etgay, anga bu yamon kelmagay yana mubohot etgay. Agar mustami’inni g‘ofil topqay, yolg‘onin ching‘a o‘tkarsa maqsudin hosil topqay. Zihi, tengrig‘a yamon banda, ne tengridin, ne xalqdin sharmanda. Mundoq nahsning chun erur yuzi yamonliq sari, bu nuhusatshior qutluq uydin tashqari.
Bayt:

 Ul kishini qutluq  evdin tashqari surmak kerak,
Qutluq ev dunyo durur, ya’ni o‘lturmak kerak».


Gumon haqida Alloh ta’olo Hujurot surasida xabar beradi:
«Ey mo‘minlar! Ko‘p gumonlardan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumonlar gunohdir».
Ushbu oyatda ayrim gumonlar gunoh ekanligini aytmoqda. Oyatdagi ba’zi gumonlar lafzi ustida mufassirlarimiz “boshqalar haqida hech bir dalilsiz yomon gumonlarga borish” degan fikrni bildiradilar. Shar’iy nuqtai nazardan aniq dalilsiz, gumonga asoslanib hukm qilish mumkin emas.
Makr-hiyla masalasiga kelsak bu ham aldov va firibgarlik vositalaridan biri. Mazkur salbiy sifatlar din-diyonatga ta’luqli masalalarda bo‘lsa bu hol kufr hisoblanadi.
Agar jamiyat va odamlar haqida bo‘lsa bu ish kabira gunoh hisoblanadi. Makr-hiyla ko‘proq jamiyat orasida mavjud voqe’likni, ashyolarni ayniqsa moddiy manfaatdorlikni o‘z foydasiga og‘dirishda qo‘llaniladi. Bu hol adolat mezoni buzilishig‘a olib keladi.
Aldov, makru hiyla, yomon gumonda bo‘lishlik komil mo‘minning sifatlaridan emas. Zero So‘fi Ollohyor aytganlaridek:

Yuragim sof erur deb urmag‘il lof,
Alarcha bo‘lmag‘aysan keltur insof.


Tohir Vohidov,
Yunusobod tumani «Masjidul xayr» jome’ masjidi imom-xatibi

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.