background
logotype
image1 image2 image3

Yashirin savdo

Abbosiylar xalifalaridan Horun ar-Rashid ayoli Zubayda bilan tungi sayrga daryo qirg‘og‘iga chiqishibdi. Daryo bo‘yida Bahlul degan avliyoulloh qumdan uy yasayotganini ko‘rgan xalifa undan so‘rabdi:
— Ayo, Bahlul nima qilyapsiz?
— Qumdan uy quryapman.
— Uni nima qilasiz?
— Kim sotib olsa, uni duo qilaman, Alloh taolo unga jannatdan bir qasr beradi.
Horun ar-Rashid Bahlul Dononing gapiga kulimsirab, o‘tib ketaveribdi.
Halifaning orqasidan yetib kelgan xotini Zubayda ham Bahluldan nima qilayotganini so‘rabdi.
— Uy quryapman, bekam. Kim sotib olsa, uni duo qilaman, Alloh taolo unga jannatdan bir qasr beradi.
— Qurgan uyingizning narxi necha pul?
— 1 dinor.
Zubayda 1 dinorni unga berib, duo olibdi.
Kechqurun xalifa tushida jannatda yurganmish. Qarasa, qizil yoqutdan qilingan qasr tepasiga Zubayda deb yozib qo‘yilibdi. Xotinimning qasri ekan, kirib ko‘ray-chi, deb borsa, posbon kiritmabdi va:
— Bu yerga kimning ismi yozilsa, o‘sha kiradi, — deb, ko‘kragidan itarib yuborgan joyida xalifa uyg‘onibdi.
“Kecha xotinim haqida Bahlulning duosi qabul bo‘libdi. Men ham duo olib kelay”, deb yana kechqurun xalifa daryo bo‘yiga kelibdi. Bahlul hamon uy qurayotgan ekan, undan so‘rabdi:
— Uyingizni qanchaga sotasiz?
— Uyimning narxi butun yer yuzining podsholigi.
— Butun dunyoning podsholigiga hatto men ham egamasman, nega bugun qimmat qilib yubordingiz?
— Kecha ko‘rmagan savdo edi, bugun ko‘rgan savdo.

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida tayyorlandi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.