background
logotype
image1 image2 image3

Xulosa chiqarishga shoshilmang

Qadim zamonda olis qishloqlarning birida kambag‘al chol yashar ekan. Biroq unga podshohlar ham havas qilarkan. Chunki cholning nomi tillarda doston chiroyli oq oti bor ekan. Podshoh o‘sha ot uchun xazinasidagi bor boyligini taklif qilsa ham, sotishga rozi bo‘lmabdi.

- Bu oddiy ot emas, u mening do‘stim, odam o‘z do‘stini ham sotadimi? - der ekan nuqul.

Bir kuni ertalab turib qarasa, oti yo‘q emish. Hamqishloqlari atrofiga to‘planib: "Ey ahmoq chol, seni tinch qo‘yishmasligini bilarding, otingni baribir o‘g‘irlab ketishlari tayin edi. Agar podshohga sotganingda, umring oxirigacha muhtojlik ko‘rmay yasharding. Mana endi na puling bor, na oting", deyishdi. Qariya esa: "Xulosa chiqarishga shoshilmang, faqatgina ot yo‘qoldi, deng. Chunki ana shuning o‘zi haqiqat, qolgani sizning taxminingiz, xolos. Otimning yo‘qolishi baxtsizlikmi, omadmi, buni hozircha bilolmaymiz. Bu hodisa debocha xolos, qolgani yolg‘iz Yaratganga ayon".

Hamqishloqlari cholning bu holiga kulib qo‘ya qolishibdi. Oradan o‘n besh kun o‘tib, yo‘qolgan ot to‘satdan qaytib kelibdi. Kelganda ham yolg‘iz emas, o‘n ikkita yovvoyi otlarni boshlab qaytibdi. Qishloqdagilar cholning oldiga kelib, uzr so‘rashibdi:

- Siz haq ekansiz, otaxon. Otingizning yo‘qolishi baxtsizlik emas, siz uchun koni foyda ekan. Endi bitta emas, bir uyur otingiz bor.

- Xulosa chiqarishga yana shoshqaloqlik qilyapsiz, - debdi chol. - Ma’lum haqiqat faqat otimning qaytib kelgani, u yog‘iga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.

Odamlar bu gal qariyani ochiqchasiga masxara qilishmabdi, lekin o‘zaro "bu cholning miyasi aynigani rost, shekilli", deb qo‘yishibdi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas yovvoyi otlarni qo‘lga o‘rgatishga urinib yurgan cholning yolg‘iz o‘g‘li yiqilib, oyog‘i sinibdi. Oila ta’minotini yuritib turadigan yigit endi uzoq vaqt oyoqqa turolmaydigan bo‘lib yotib qolibdi. Qo‘ni-qo‘shnilar qariyaga: "Yana siz haq bo‘lib chiqdingiz, ana shu otlar tufayli o‘g‘lingizga qattiq shikast yetdi. Holbuki, sizlarni boqadigan boshqa hech kim yo‘q. Afsus, endi oldingidan ham battar ahvolga tushib qolasizlar", deyishibdi.

Qariya: "Sizlar o‘zi shoshib xulosa chiqarish kasaliga chalinganmisiz deyman, buncha oshiqasiz?! O‘g‘limning oyog‘i sindi, shunisi haqiqat. Qolgani sizlarning vahimangiz. Ammo u qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri, buni vaqt ko‘rsatadi", deb javob beribdi.

Oradan bir muddat o‘tib, kutilmaganda mamlakatga qo‘shni qirollik ko‘psonli qo‘shin bilan hujum qilibdi. Podshoh darhol yurtdagi qo‘li qurol tuta oladigan barcha yoshlarni vatan himoyasiga otlanishga farmon beribdi. Qishloqqa kelgan podshoh odamlari cholning oyog‘i singan o‘g‘lidan boshqa barcha yoshlarni askar qilib olib ketishibdi. Qishloqni motam kayfiyati chulg‘abdi. Chunki urushda g‘alaba qozonishga umid yo‘q ekan. Ketgan yoshlar yo o‘lib ketishlari yoki asir tushib, qul bo‘lishlari mumkin edi. Qishloq ahli yana cholning oldiga kelishibdi.

- Sizning haqli ekaningizga shubha qolmadi, - deya so‘z boshlashibdi. - O‘g‘lingiz oyog‘i singan bo‘lsa ham oldingizda. Bizning farzandlarimiz bo‘lsa, bag‘rimizga qaytib kelmasliklari ham mumkin. O‘g‘lingizning oyog‘i sinishi baxtsizligidan emas, balki omadi borligidan ekan.

Chol ularning bu mulohazalariga har galgidek xotirjamligi bilan javob qilibdi:

- Sizlar doimgidek xulosa chiqarishda shoshqaloqlik qilavering. Ko‘rinib turgan haqiqat esa oldinda bo‘ladigan ishlar hech kimga ayon emasligi. Hozirgi ma’lum holat mening o‘g‘lim yonimda, sizlarniki askarda ekanligi, xolos. Ammo bularning qay biri omad, qay biri baxtsizlik ekanini faqat Alloh biladi.

Mohidil Faxriddin hoji qizi tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2012 yil 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.