background
logotype
image1 image2 image3

“Olim toyilsa, olam toyiladi”

Muoz (r.a.) aytadilar: «Olimlarning adashishidan ehtiyot bo‘linglar. Chunki odamlar nazdida ularning qadri yuqori bo‘lgani uchun xatolariga ergashib ketadi».

Umar (r.a.) aytadilar: «Qachon bir olim toyilsa, uning toyilishi bilan mavjudotdan bir olam toyiladi».

Yana Umar (r.a) aytadilar: «Zamonaning buzilishiga sabab bo‘luvchi uch narsa borki, uning birinchisi olimning toyilishidir».

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Olimlar boshiga yaqinda shunday zamon keladiki, unda qalblarning shirinligi taxirga aylanadi. O‘sha kunda olim ham, talaba ham ilmdan foydalana olmaydi. Olimlarning qalbi sho‘r yer kabi bo‘lib qoladiki, unga osmondan qancha suv tushsa ham, tuzi ketmaydi. Qachonki olimlarning qalbi dunyo muhabbatiga va dunyoni oxiratdan ustun tutishga moyil bo‘lsa (o‘sha kunlar keladi). O‘shanda Alloh ularning qalbidan hikmat chashmalarini olib, hidoyat chiroqlarini o‘chirib qo‘yadi. Ularning olimlariga ro‘baro‘ kelganingda, tili bilan Allohdan qo‘rqishini aytadi. Holbuki, amalida gunohlar ko‘rinib turibdi. O‘sha kunda tillar naqadar boy, dillar naqadar qashshoq. Undan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga qasamki, buning sababi muallimlar Allohdan boshqasi uchun ta’lim bergani, mutaallimlar Allohdan boshqasi uchun ta’lim olganidir».

Tavrot va Injilda yozilgan ekan: «Bilganingizga amal qilmaguncha, bilmagan narsangizning ilmini talab etmang».

Huzayfa (r.a.) aytadilar: «Sizlar shunday zamonda yashayapsizlarki, kim unda bilganining o‘ndan birini tark qilsa, halok bo‘ladi. Yaqinda shunday zamon keladiki, kim unda bilganining o‘ndan biriga amal qilsa, najot topadi. Bu dangasalarning ko‘pligi sabablidir».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.