background
logotype
image1 image2 image3

Muborak duo

Ummu Sulaym o‘g‘li Anasning Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) xizmat qilishini, ta’lim olib, dinni o‘rganishini istadi. O‘sha vaqtlarda Anas o‘n yoshda edi. Ummu Salaym Payg‘ambarimizga (alayhissalom): “Bu mening yozuv-chizuvni biladigan o‘g‘lim”, dedi va Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) haqiga duo qilishlarini so‘radi. U zot: “Alloh, uning molini ham, zurriyotlarini ham ko‘paytirgin va unga bergan narsalaringni barakali qilgin”, deb duo qildilar. Anas o‘n yil Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xizmatida bo‘ldi.

Anas aytadi: Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) o‘n yil xizmat qildim, u zot menga hech qachon “uf” demadilar, “Nima uchun buni qilding?” yoki: “Nima uchun buni qilmading?” deb tanbeh bermadilar (Termiziy rivoyati). Boshqa bir o‘rinda esa bunday hikoya qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng go‘zal xulqlisi edilar. Bir kuni ular meni bir ishga buyurdilar. Men esa “Allohga qasam, bormayman”, dedim. Lekin ichimda jon-jon deb turgandim. Keyin yo‘lga chiqdim. Bozorda o‘ynab yurgan bolalar oldidan o‘taturib, ularga qo‘shilib ketdim. Bir payt kimdir bo‘ynimga qo‘llarini qo‘ydi. Qarasam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ekan. U zot kulib: “Ey Unays, men buyurgan ishga borib kelgin”, dedilar. Men: “Albatta borib kelaman, yo Rasululloh”, dedim (Imom Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Anas ibn Molik uzoq umr ko‘rdi va sahobalardan eng oxirgi bo‘lib vafot etdi. Muborak duo barakotidan bolalari va nabiralari yuz nafardan oshib ketdi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) ikki ming ikki yuzdan ortiq hadis rivoyat qildi.

Yulduz Asqar qizi tayyorladi.

Hidoyatjurnalining 2012 yil, 9-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.