background
logotype
image1 image2 image3

Luqmoni hakimning oʻgʻliga qilgan goʻzal nasihatlari

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): «Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kimki noshukurlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir» (Luqmon surasi, 13-oyat).

Luqmoni Hakim haqida qisqacha ma’lumot. Oyatda ta’kidlanganidek, Luqmon – hakim bo‘lgan dono bir shaxs.  “Hakim” deb, so‘zi va ishida o‘ta aniqlik bo‘lgan kishiga aytiladi. U zot Luqmoni Hakim nomi bilan shuhrat qozongan. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) ta’kidlashicha, Luqmoni Hakim habashiy qul bo‘lgan. U xojasining bergan savoliga javoban: “Eng shirin go‘sht ham, eng bemaza go‘sht ham, yurak va tildir”, deb aytgan hikmatli so‘zi rivoyat qilinadi. Otasi Bouro. U Ozar (Torax) avlodidan bo‘lib, Ayyub (alayhissalom)ning singlisi yoki xolasining o‘g‘lidir. Luqmoni Hakim ming yil umr ko‘rgan. U Dovud (alayhissalom) zamonigacha yashagan va u zotdan ilmu hikmat o‘rgangan. Luqmoni Hakim Dovud (alayhissalom) payg‘ambar bo‘lgunga qadar, muftiylik qilgan. U zot mingta payg‘ambarga shogird bo‘lgan. Shuningdek, yana boshqa mingta payg‘ambarga ustozlik qilgan. Qaysi hunar bilan shug‘ullangani haqida ixtilof bor: tikuvchilik yoki duradgorlik yoxud podachilik. U zotning payg‘ambar yoki valiy ekani borasida turli qarashlar bor. Jumladan, Imom Ikrima, Suddiy va Sha’biy (rahimahumulloh) Luqmoni Hakim payg‘ambar bo‘lgan, desalar, qolgan ulamolar u hakim bo‘lgan, deyishgan. Zero, u zot to‘g‘risida Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham, aniq ma’lumot kelmagan. Faqat Qur’oni karimdagi bir sura u zotning nomi bilan atalgan hamda aynan o‘sha surada o‘z o‘g‘liga qilgan nasihatlari keltirilgan, xolos. Alloh taolo aytadi:

«Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: «Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir» (Luqmon surasi, 13-oyat).

(Luqmon yana dedi): «Ey o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir. Ey o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan(balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi, 16–19-oyatlar).

Demak, mazkur oyati karimalarda Luqmoni Hakimning o‘z o‘g‘liga qilgan to‘qqizta nasihati keltirilgan: “Ey o‘g‘ilcham,

  • Allohga shirk keltirma.
  • Namozni barkamol ado et.
  • Yaxshilikka buyur.
  • Yomonlikdan qaytar.
  • O‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil.
  • Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin.
  • Yerda kerilib yurmagin.
  • (Yurganingda) o‘rtahol yurgin.
  • Ovozingni past qilgin”. 

Tafsir kitoblarida esa, u zotning o‘z o‘g‘iliga qilgan quyidagi nasihatlari ham keltirilgan: “Ey farzandim, 

  • Ulug‘ va qudratli Yaratuvchi – Allohni tani.
  • Kimga pand-nasihat qilsang, avvalo unga o‘zing amal qil.
  • So‘zni o‘z qadringa loyiq gapir.
  • Odamlarning qadrini bil.
  • Hammaning haq-huquqni angla.
  • Do‘stni qiyin kunda sina.
  • Do‘stni foyda va ziyonda imtihon qil.
  • Ablah va nodon odamlardan qoch.
  • Dono va ziyrak do‘stni tanla.
  • Yaxshi ishga qattiq kirish.
  • Ayolga qattiq ishonma.
  • Sofdil va dono kishilar bilan maslahat qil.
  • So‘zni isboti bilan gapir.
  • Yoshlikni g‘animat bil.
  • Yoshlikda ikki dunyo ishlarini qilib qol.
  • Ota-onani g‘animat bil.
  • Ustozni otangdek aziz deb, bil.
  • Xarjni kirimga qarab qil.
  • Hamma ishda o‘rtacha yo‘l tut.
  • Birovning uyiga kirganda, ko‘z va tilingga ehtiyot bo‘l.
  • Libosingni va badaningni toza tut.
  • Jamoat bilan hamdard bo‘l.
  • Farzandingga ilmu adab o‘rgat.
  • Tunda tursang, ohista muloyim gapir, kunduzi yon atrofingga ehtiyot bo‘lib so‘zla.
  • Oz yeyish va oz gapirishni odat qil.
  • O‘zingga yoqmagan narsani birovga ravo ko‘rma.
  • Ishni avval o‘ylab, chora-yu tadbir bilan qil.
  • O‘qimay ustozlik qilma.
  • Xotin va bolaga sir aytma.
  • Odamlarni yaxshiligidan tama qilma.
  • Pastkashdan vafo kutma.
  • Barcha ishda andishasiz bo‘lma.
  • Bugungi ishni ertaga qoldirma.
  • O‘zingdan kattaga hazil qilma.
  • O‘zingdan kattaga so‘zni cho‘zma.
  • Omiy odamlarga yomon ko‘rinmaslikka urin.
  • Hojatmand kishini noumid qaytarma.
  • O‘tgan janjalni eslama.
  • Odamlar yaxshiligini o‘z yaxshiliging bilan aralashtirma.
  • Boyliging miqdorini do‘stu dushmanga bildirma.
  • Qarindoshni qarindoshdan ayirma.
  • Yaxshi odamni g‘iybat bilan tilga qilma.
  • Faqat o‘zingni o‘ylama.
  • Jiddiy so‘zni hazilga aralashtirib gapirma.
  • Birovni hech kim oldida hijolat qilma.
  • O‘zingni va yaqinlaringni odamlar oldida maqtama.
  • Xotinlardek yasanma.
  • Bolalaring nima desa, o‘shani qilaverma.
  • Qoshu ko‘zing bilan imlab, chaqimchilik qilma.
  • Aytgan so‘zingni yana takrorlama.
  • Birovni bema’ni kuldirishdan tiyil.
  • Tilingni asra.
  • Ig‘vogar bilan suhbatdosh bo‘lma.
  • O‘lganlarni yomonlik bilan eslamaki, buning foydasi yo‘q.
  • Ulug‘lar sinovini yaxshilik bilan esla va gumon qiluvchi bo‘lma.
  • O‘z noningni o‘zgalar dasturxonida yema.
  • Mol-dunyo topaman deb, o‘zingni qiynoqqa solma.
  • Ishda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yma.
  • G‘azabing kelganda, so‘zni o‘ylab va tanlab gapir.
  • Quyosh chiqqancha uxlama.
  • Kattalardan oldinda yurma.
  • Odamlar so‘zlashayotganlarida gaplariga qo‘shilma.
  • Mehmon huzurida birovga g‘azabingni sochma.
  • Mehmonga ish buyurma.
  • Devona mast bilan so‘zlashma.
  • Mahalla boshida bekorchi va beboshlar bilan o‘tirma.
  • Foyda-yu ziyoningga o‘zingni urib, obro‘yingni to‘kma.
  • Manman va takabbur bo‘lma.
  • O‘zingni o‘ta xor qilmaslikka intil.
  • Xokisor va kamtarin bo‘l.
  • Xudodan qo‘rqish, xalqqa insof qilish, ulug‘larga xizmat, kichiklarga shavqat, darvishlarga saxovat, do‘stu yoshlarga nasihat, dushmanlarga yumshoqlik, johillarga sukut, olimlarga tavoze qilish bilan yasha. Birovning moliga ta’ma ko‘zi bilan boqma”.

Tolibjon Qodirov tayyorladi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.