background
logotype
image1 image2 image3

Itoatsizlik qilmoqchi bo‘lsang...

Ibrohim Adhamning huzurlariga bir odam kelib: «Ey Abu Ishoq, o‘z ustimdan hech nazorat o‘rnata olmayapman. Maslahat bering, mendagi bu itoatsizlikka biror chora bormi?» debdi. Shunda hazrat: «Agar quyidagi beshta shart­ni qabul qilib, ularni amalga tatbiq eta olsang, itoatsizliging senga hech qanday ziyon yetkazolmaydi». «Unda ularni tezroq ayting», sabrsizlanibdi so‘rovchi.

– Birinchi shart shu – Allohga  itoatsizlik qilmoqchi bo‘lsang, U bergan hech narsani yemagin.

– Ie, unda hech narsa yeyolmayman, dunyodagi barcha narsa Allohniki, axir!

– Shuni bila turib, U Zotga itoatsizlik qilish to‘g‘rimi? – so‘radilar hazrat.

– Yo‘q, to‘g‘ri emas, – dedi boyagi kishi va ikkinchi shartni so‘radi.

– Qachon Alloh taologa itoatdan tashqari ishni qilging kelsa, U Zotning yerini tark et.

– Bu birinchisidan ham qiyinroq-ku! Unda men qaerga boraman?!

– Bergan rizqi bilan rizqlanib, yerida yashab turib, Alloh taologa itoat qilmaslik to‘g‘rimi?

– Yo‘q, albatta. Uchinchi shartni ayting, ey Abu Ishoq.

– Bergan rizqidan yeb, yerida yashab, shukr o‘rniga itoatsizlikka o‘tsang, Alloh taolo seni ko‘ra olmaydigan joy topib, nima qilsang, qilaver.

– Bu nima deganingiz, ey Ibrohim? – qichqirib yubordi boyagi odam. – Axir, Alloh taolodan berkinadigan hech qanday joy yo‘q!

– Shuni bila turib, U Zotning amrlariga bo‘ysunmaslik yaxshimi? Endi to‘rtinchi shartga kelsak, joningni olish uchun o‘lim farishtasi kelganida, unga: «Allohga sidqidildan tavba qilib, itoatda bo‘lishim uchun  menga ozgina vaqt ber», deb ayt.

– Buning aslo iloji yo‘q...

– Tavba-tazarru uchun o‘limingni ozgina vaqtga ham kechiktirolmasang, najot topishdan qanday umid qilasan? Va nihoyat, beshinchi shart – azob farishtalari seni do‘zax sari yetaklashganida, ular bilan birga borma.

– Koshki ular mendan so‘rab o‘tirishsa ekan!

– Shunday bo‘lgach, Alloh taologa qanday itoatsizlik qilish mumkin?

– Yetar, ey Abu Ishoq, yetar, – deya yig‘lab yubordi boyagi odam. – Men shu ondayoq Allohga yuzlanib tavba qilaman. Hech bir ishda U Zotning amr va qaytariqlaridan chiqmayman!

Dilafro‘z tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.