background
logotype
image1 image2 image3

Imom Abu Hanifa (r.)ning Abu Yusuf (r.)ga vasiyati

Imomi A’zam Abu Hanifa rohimahulloh eng ulug‘ ikki shogirdlaridan biri bo‘lgan Imom Abu Yusufga shunday vasiyat qildilar:

“Ey Yoqub (Abu Yusuf)! Sultonning maqom va mavqeini hurmat et. Biron ilmiy masala yuzasidan seni chaqirmagan paytida uning yoniga borishdan saqlan. Chunki sulton huzuriga borib kelishni ko‘paytirsang, hurmating yo‘qoladi.

Sultonning do‘stlari va tarafdorlari bilan uchrashma. Atrofidagilardan uzoqlashsang, sharaf va martabang joyida bo‘ladi. Xalq oldida gapirma, faqat so‘raganlariga javob ber. Xalq va tijoratchilar orasida ham diniy va zaruriy ilmga oid bo‘lmagan so‘zlarni aytishdan qoch. Zero ular yomon gumonda bo‘lib qolishlari va yaqinlashmog‘ingni pora talab qiltsh deb tushunib qolishlari mumkin.

Ayolingning yonida begona ayollardan gapirma. Sen boshqa ayollar haqida gapirganingda, u ham o‘ziga begona erkaklar haqida gapirish haqqini joriy etadi.

Har bir holda Alloh taolodan qo‘rq, yomonliklardan saqlan. Omonatlarga rioya et. Katta-kichik, boyu-faqir har kimga yaxshilik va nasihat qil. Hech kimni kichik ko‘rma. Viqorli bo‘l va har kimni qadrla. Ziyoratingga kelganlarni yaxshi kutib ol. So‘ragan masalalariga javob ber. Agar u masalaga javob izlab kelgan bo‘lsa, ilm bilan mashg‘ul bo‘ladi, unday bo‘lmasa senga muhabbat va hurmati ortadi.

Xoja va ustozlaringni hurmat qil, ularga til tekkizma. Insonlardan hamisha uzoq tur. Alloh uchun maxfiy holingda qanday bo‘lsang, ochiq holda ham shunday bo‘l.

Ko‘p kulma. Zero ko‘p kulmoq qalbingni o‘ldiradi. Viqor bilan yur. Tez-tez va yoki o‘ta sekin yurma, ishlaringa shoshuvchi bo‘lma. Gapirishda baland ovozda gapirma, baqirib chaqirma. Doimo o‘zing uchun sukutni lozim tut.

Nafsingni hamisha kuzat va nazorat qil. O‘limni yodingdan chiqarma. Senga ilm bergan ustozlaring uchun Alloh taolodan avf va mag‘firat tila. Qur’oni karimni o‘qishda davomiy bo‘l. Qabiristonlarni, buyuk zotlarni va muborak joylarni ko‘p ziyorat et.

Havoyi-nafslariga va nafsining orzulariga qul bo‘lgan kishilar bilan birga yurib-turma. Faqatgina dinga da’vat yo‘lidagina bunday kishilar bilan birga turmoqdan ziyon yo‘qdir. O‘yingoh va saylgoh yerlari bilan nomi chiqqan joylarga borma. Azon aytilishi bilan masjidga ketishga tayorlan.

Sen bilan biron narsa xususida maslahat qilmoq, o‘rtoqlashishni istagan kishini tingla. Seni Alloh taologa yaqinlashtirishini bilgan narsalaringni unga ayt. Bu tavsiyamni ham qabul qil. Chunki, bundan dunyo va oxiratda foyda topasan.

O‘jarlikdan saqlan. Zero hech kim o‘jarlarni suymaydi. Ochko‘zlik va yolg‘onchilikdan saqlan. Go‘zal xulqli bo‘l. Insonlar qalbini og‘ritmoqdan ehtiyot bo‘l. Har vaqt har yerda toza libos kiy. Dunyoga rag‘bating va xirsingni kamaytirish ila nafsingni tozala. Dunyo muhabbatini ichingdan chiqarib tashla. Qalbing toza bo‘lsin .

Yo‘lda ketayotib o‘ng-u so‘lga qarama. Doimo oldinga qarab yur. Munozara odobini bilmagan va fikrlarini dalillari bilan isbot eta olmagan kishilar bilan suhbatga kirishishdan saqlan. Bir jamoat ichida bo‘lganingda seni hurmatlab yuqoriga chiqarmagunlaricha o‘zingcha oldingi qatorlarga chiqib olma. Shu shaklda muomala ko‘rmay turib, mehrobga chiqib imomlik qilma.

Zolim sulton va amirlarning yonida turma. Chunki, ular sening yoningda to‘g‘ri va halol bo‘lmagan bir ish qiladilar-da ularni to‘xtata olmaysan. Sening jim turganingni ko‘rgan insonlar ularning so‘z va harakatlaridan u ishni haq va to‘g‘ri deb o‘ylaydilar.

Ilm majlislarida g‘azab va zo‘ravonlik qilishdan saqlan. Meni ham duoi xayrlaringda unutma. Bu nasihatimni qabul et. Uni faqat senga, sen va barcha musulmonlarga xayrli bo‘lishi uchun qilaman”.

Manba: “Miftohus-saodat”

Turkchadan Islom Abdulmajid tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.