background
logotype
image1 image2 image3

“Ilming nurini gunohlar zulmati bilan o‘chirib qo‘yma”

Molik ibn Dinor (r.a.) aytadilar: «Ba’zi avvalgi kitoblarda o‘qiganmanki, unda Alloh taolo: «Olim kishi  dunyoga muhabbat qo‘ysa, unga beriladigan jazoning eng yengili shuki, qalbidan munojotimning halovatini chiqarib yuboraman», degan».

Bir kishi birodariga shunday maktub yozgan ekan: «Senga ilm berilgan ekan, ilmingning nurini gunohlar zulmati bilan o‘chirib qo‘yma, unda ilm ahllari ilmining nuri bilan yuradigan qiyomat kunida zulmatda qolib ketasan».

Yahyo ibn Muoz Roziy (r.a.) dunyoparast olimlarga shunday der edilar: «Ey ilm sohiblari! Qasrlaringiz Qaysarniki kabi, uylaringiz Kisroniki kabi, liboslaringiz Tohirniki kabi, oyoq kiyimlaringiz Jomutniki kabi, ulovingiz Qorunniki kabi, uy jihozlaringiz Fir’avnniki kabi bo‘lsa, gunohlaringiz johiliyatdagi kabidir va yo‘lingiz shaytoniy yo‘ldir. Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) shariatlariga yo‘l bo‘lsin!»

Oriflarning biridan: «Sizning-cha, gunohlar ko‘zini quvnatadigan kishi Allohni taniy oladimi?!» deb so‘rashganida, shunday javob bergan ekan: «Dunyoni oxiratdan ustun qo‘ygan kishi Allohni taniy olmasligi shubhasizdir. Holbuki, uning  gunohi undan (siz so‘rayotgan odamnikidan) anchayin yengildir».

Mol-dunyoni tark qilish oxirat olimlari safiga qo‘shilish uchun kifoya qiladi, deb o‘ylama. Chunki obro‘ – maqom mol-dunyodan ko‘ra zararliroqdir. Shuning uchun Bishr ibn Horis (r.a.) shunday deganlar: «Haddasana» (bizga aytib berishdi) degan so‘z mol-dunyo eshiklaridan biridir. Bir kishining qachon «haddasana» deganini eshitsangiz, u «menga yo‘l beringlar» degan bo‘ladi».

Ana shu Bishr ibn Horis (r.a.) o‘ndan ortiq savatlarga joylangan kitoblarni yerga ko‘mib qo‘ygan edilar, aytardilarki: «Men hadis aytishni xohlayman. Agar mendagi hadis aytishga bo‘lgan ishtiyoq yo‘qolsa, albatta, aytaman».

U zot ham, boshqalar ham aytganlarki: «Qachon gapirishni xohlasang, sukut qil. Qachon xohlamasang, shunda gapir».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.