background
logotype
image1 image2 image3

“Halimlik ilmning vaziri, muloyimlik otasidir”

Molik ibn Dinor (r.a.) aytadilar: «Olim qachon ilmiga amal qilmasa, yomg‘ir toshga ta’sir qilmagani kabi, uning va’z-nasihati ham qalblarga ta’sir qilmaydi».

Ibrohim ibn Adham (r.a.) aytadilar: «Makkai mukarramadagi bir toshning oldidan o‘tdim. Unga: «Meni aylantir, ibrat olasan», deb yozilgan ekan. Toshni aylantirdim va unda: «Bilganingga amal qilmaganing holda, qanday qilib bilmagan narsangning ilmini talab qilasan?» deb yozilganini ko‘rdim».

Ibn Sammok (r.a.) aytadilar: «Allohni eslatuvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohni unutgan. Allohdan qo‘rqituvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohga nisbatan jur’atli. Allohga yaqinlashtiruvchi qanchadan-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohdan uzoq. Alloh yo‘liga chaqiruvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohdan qochuvchi. Allohning kitobini o‘qiydigan qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohning oyatlaridan tashqaridadir”.

Ibrohim ibn Adham (r.a.) deydilar: «Gapirishda e’robga (nahv qoidasi) rioya etib, gaplarimizni chiroyli qildik. Lekin  qoidaga rioya qilma amallarimiz ham chiroyli bo‘lmadi».

Avzoiy (r.a.) aytganlarki: «E’rob kelsa, xushu’ ketadi».

Iso (a.s.) aytganlar: «Ilm o‘rganib, unga amal qilmagan kishining misoli yashirin zino qilib, homilador bo‘lgan, keyin homilasi bilinib, sharmanda bo‘lgan ayol kabidir. Chunki ilmiga amal qilmagan kishini Alloh qiyomat kunida guvohlar huzurida sharmanda etadi».

Hasan aytadilar: «Halimlik ilmning vaziri, muloyimlik otasi, tavozu’ esa, kiyadigan kiyimidir».

Bishr ibn Horis aytadilar: «Kim ilmi bilan riyosatni (rahbarlikni) talab qilsa, Allohning g‘azabiga yaqin bo‘ladi. Chunki uni osmondayu yerda yomon ko‘rishadi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.