background
logotype
image1 image2 image3

Asl hikmat

Imom Shofi’iy bunday deganlar: “Men qancha-qancha kitob o‘qidim, bir qancha suhbatlarda qatnashdim, ko‘plab hikmat ahlini tingladim va oxiri bildimki, asl hikmat uchta ekan:

1. Vaqt qilichdir, sen uni kesmasang, u seni kesadi.

Mazkur qimmatli tavsiyani bunday izohlasak to‘g‘ri bo‘ladi: Alloh taolo vaqtni bandalariga ne’mat qilib bergan, kishi uni Alloh yo‘lida, Unga ibodat va itoat qilishga sarflamasa, ulug‘ Kunda qildan ingichka, qilichdan keskir bo‘lgan sirot unday kimsani kesadi va do‘zax chuquriga otadi. Chunki Allohning shunday do‘stlari borki, u Kuni sirotdan o‘tganlaridan ke-yin “Biz dunyoda Rasulullohning hadislarida qildan nozik, qilichdan o‘tkir bir ko‘prikdan o‘tishimiz haqida o‘qir edik. Nega undan o‘tmadik?” deb so‘raganlarida, ularga aytiladi: “Sizlarga xushxabar! O‘sha ko‘prikdan o‘tdingiz. Amallaringiz bilan qildan nozik, qilichdan o‘tkir o‘sha ko‘prik siz uchun mag‘rib bilan mashriqchalik kengaydi”. Shunday ekan, biz bu dunyoda ulug‘ ne’mat bo‘lmish vaqtdan Allohning yo‘lida foydalana olmasak, u qildan ingichka qilich bo‘lib bizni kesib yuboradi.

2. Sen haq bilan mashg‘ul bo‘lmasang, botil seni mashg‘ul qiladi.

Ilm majlislarida, ulamolar suhbatida yoki boshqa savobli ishlar bilan shug‘ullanmasang, ilmu irfon, hikmat, zikr va Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lmasang, botil seni band qiladi, haq yo‘ldan to‘sadi.

3. Aslo ichingda manmanlik hissi uyg‘onishiga yo‘l qo‘yma.

Ulug‘ maqomda bo‘lsang, bilginki, u maqomni senga bergan Allohdir. Chuqur bilimdon bo‘lsang, ilmni bergan Allohdir. Boy bo‘lsang davlatingga quvonma, uni ham bergan Allohdir. Har kim nimaga erishgan bo‘lsa, barchasi Allohning lutf-ehsoni».

Vaqt hayot, umrdir. Shuning uchun tasavvuf ahlini «ibnul vaqt» (vaqtning bolasi) ham deyiladi.

«Ey Odam bolasi, men yangi kunman va sening barcha xatti-harakatingga guvohman. Chunki ularni menda qilyapsan. Shunday ekan, mendan yaxshi foydalanib qol, qadrimga yet, zero, men Qiyomatgacha qaytib kelmayman», deydigan har bir yangi kunga qaysi birimiz quloq tutdik? Yo‘qsa barcha tomonimizdan qoplab olgan g‘aflat tufayli faqatgina umrimizning so‘nggi kunining ovozini eshitamizmi? Hayhot, unda allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘ladi...

Mana shu oppoq tong ertaga biz uchun yana otarmikan?..

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.