background
logotype
image1 image2 image3

So‘nggi azon

Sevikli payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) vafotlaridan so‘ng Bilol (roziyallohu anhu) Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning oldilariga borib shunday dedilar:
— Ey Rasulullohning xalifasi, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlarini eshitgan edim: «Mo‘‘minlarning eng afzal amallaridan biri bu Alloh yo‘lida qilgan jihodlaridir».
— Ey Bilol, nima qilmoqni istayapsiz? — deb so‘radi Abu Bakr (r.a.).
— Men to vafot etgunimga qadar o‘zimni Alloh yo‘liga baxshida etmoqlikni istayman.
—  (Siz ketsangiz) kim biz uchun azon aytadi?
Bilol (roziyallohu anhu) ko‘zlari to‘la jiqqa yosh bilan:
— Men Rosulullohdan so‘ng boshqa hech kimga azon ayta olmayman...
— Ey Bilol, qoling va biz uchun azon ayting...
— Agar meni o‘zingiz uchun ozod qilgan bo‘lsangiz, aytganingizcha bo‘la qolsin. Agar meni Alloh uchun ozod etgan bo‘lsangiz, meni qo‘yib yuboring.
— Sizni Alloh uchun ozod qilganman, ey Bilol.
Bilol (roziyallohu anhu) “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng, endi Madinada qola olmayman” deb, Shom diyoriga safarga otlandilar.
Qachonki Bilol azon aytishni istab, «Ashhadu anna Muhammadar rosululloh»ga yetganlarida nafas ololmay to‘xtab qolar, yig‘lab yuborar edilar.
Oradan ikki yil o‘tgach Bilol (roziyallohu anhu) tushlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishiga «Bu qanday jafo bo‘ldi ey Bilol? Bizni ziyorat qiladigan vaqtingiz kelmadimikan?», deb aytganlarini ko‘radilar.
Bilol (roziyallohu anhu) mahzun holatda uyg‘ongach, Madinaga otlanadilar. Rasulullohning qabrlarini ziyorat qilar ekanlar, yerga yotib olib yig‘ladilar. So‘ngra Hasan va Husayn bilan ko‘rishib, ularni mahkam bag‘irlariga bosib, o‘pdilar.
Hasan va Husayn Bilol (roziyallohu anhu)ga:
— Saharda azon aytishingizni xohlar edik, — dedilar.
Darhaqiqat, Bilol masjid sathida turib “Allohu akbar, Allohu akbar” deganlarida butun Madinani titroq bosdi.
“Ashhadu alla ilaha illalloh” deganlarida esa titroq zo‘rayib ketdi. “Ashhadu anna Muhammadar Rosululloh” deganlarida esa ayollar ham xonalaridan otilib chiqa boshladilar. Payg‘ambar alayhissalom vafotlarini ko‘rgan sahobalar Bilolning azonidan larzaga keldilar.
Mo‘‘minlar amiri Umar (roziyallohu anhu) Shomga jo‘nab ketayotganlarida musulmonlar Bilolni bir marta bo‘lsa ham namozga azon aytib berish uchun o‘zlari bilan olib kelishni aytib o‘tindilar. Mo‘‘minlar amiri Umar Bilol (roziyallohu anhu)ni chaqirayotganlarida namoz vaqti edi. Umar (roziyallohu anhu) Biloldan namozga azon aytib berishlarini iltimos qildilar.
Bilol (roziyallohu anhu) yuqoriga ko‘tarilib, azon ayta boshladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanigan barcha sahobalar yig‘lashga tushdilar. Ular xuddi avvallari yig‘lamagandek shiddat bilan (to‘yib-to‘yib) yig‘lar edilar. Eng qattiq yig‘lagan Hazrati Umar (roziyallohu anhu) edi.
Bilol (roziyallohu anhu) o‘lim to‘shagida yotganlarida zavjalari yonlarida o‘tirib yig‘ladilar. Shunda Bilol (roziyallohu anhu) dedilar:
— Sen yig‘lama, ertaga sevganimiz Muhammad (s.a.v.) va u zotning ashobiga yetishamiz...

Arab tilidan Ummu Yasmin va Mustafo tarjimasi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.