background
logotype
image1 image2 image3

Shoh Shujo’ning qizi

Shoh Shujo’ Kirmoniyning bir qizi bo‘lib, Kirmon voliylari unga talabgor edi. Shoh Shujo’ ulardan uch kun muhlat so‘radi va bu vaqt ichida masjidlarni kezib yurdi. Bir masjidda namozini chiroyli o‘qiyotgan yosh yigitni ko‘rdi. Ibodati tugagunicha uni kuzatdi. Keyin yoniga borib uylangan yoki uylanmaganini so‘radi. Yigit uylanmaganini aytdi.

– Qur’oni karim o‘qiydigan, taqvodor, go‘zal qiz bilan oila qurishni istaysanmi? – yana so‘radi Shoh Shujo’.

– Menga kim ham qiz berardi? – dedi yigit. – Yonimdagi uch dirhamdan boshqa hech narsam yo‘q...

– Men beraman. Uch kumushning biriga non, biriga qatiq, yana biriga xo‘shbo‘ylik sotib ol.

Shunday qilib Shoh Shujo’ qizini boyagi yigitga turmushga berdi. Qiz faqir kuyovning uyiga kirganida non bo‘lagini ko‘rdi va so‘radi:

– Bu nima?

– Sening nasibang, ertaga ertalab yeyishing uchun olib qo‘ygandim.

Kelinchak uyiga ketishga chog‘landi. Buni ko‘rgan yigit:

– E-voh, – dedi. – Shoh Shujo’day odamning qizi men bilan yasholmasligiga ko‘zim yetgandi.

Qiz buni eshitib aytdi:

– Men sening faqirliging sababli emas, imoning zaifligi uchun ketyapman. Sen oqshomda turib, ertalabki taomingni g‘amini qilyapsan. Men esa otamning ishiga hayron bo‘lyapman. U doim seni haromdan saqlangan, dunyo­ga muhabbat qo‘ymagan kishiga beraman, derdi. Ammo meni Rabbiga e’timod qilmagan, qalbida halovati yo‘q odamga beribdi...

Bu gaplardan ta’sirlangan yigit nonni olib chiqib bir faqirga berdi, shundan keyingina qiz ketish niyatidan qaytdi.

Mashrabbonu Ne’matova tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2012 yil 4-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.