background
logotype
image1 image2 image3

Sartaroshdan o‘rganilgan besh qoida

Imom Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (roziyallohu anhu) shunday hikoya qiladi: “Haj ibodati paytida besh xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman. Bu xatolarni o‘shanda sartarosh o‘nglab qo‘ygan edi. Ehromdan chiqish uchun soch oldirmoqchi bo‘lib sartaroshga bordim.

- Sochimni necha pulga olib qo‘yasiz? – deya so‘radim.

- Alloh sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin, ibodatda shartlashilmaydi. O‘tiring, himmat sizdan, - dedi u.

Hijolat tortib o‘tirdim. Men qiblaga yon tarafim bilan o‘tirib olgan edim. Sartarosh bu kamchiligimni ham to‘g‘riladi. Qiblaga yuzlandim va battarroq xijolat bo‘ldim. Sartaroshga boshimning chap yonini tutgan edim, o‘ng tarafini talab etdi. Bajardim. Sochimni olayotganida uning buyruqlaridan hayratlanib indamay o‘tiraverdim.

- Nega jimib qoldingiz? Takbir ayting, - dedi u. Takbir aytdim. Soch oldirib bo‘lgach, ketishga shaylandim.

- Qaerga ketyapsiz? – deb so‘radi.

- Uyga.

- Ikki rakat namoz o‘qing. Keyin istagan ishingizni qilaverasiz, dedi sartarosh.

Aytganlarini bajardim. Bu gaplar sartaroshdan emas, balki olim odamdangina chiqishi mumkin edi.

- Ibodatning bu qoidalarini kimdan o‘rgangansiz? – deb so‘radim undan ming andisha bilan.

- Barakalloh, Ato ibn Abu Rabohdan o‘rgandim. Odamlarga ham shuni tavsiya qilyapman, - dedi sartarosh”.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Asrlarning eng yaxshisi mening asrimdir, undan keyingi asr ham, undan keyingi asr ham”, - deb bashorat berganlar. Saodat asrida yashagan tobeinlardan Ato ibn Abu Rabohning hayoti, go‘zal axloqi har bir mo‘min-musulmon uchun buyuk ibrat maktabidir.

“Taqvo ziynatlagan imon” kitobi asosida Munira Abubakirova tayyorladi.

Muslim.uz sahifasidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.