background
logotype
image1 image2 image3

Salaflar shuhratni yomon ko'rishgan

Muhammad ibn Munkadir hikoya qiladi: "Rasulullohning (s.a.v.) masjidlarida mening ustunim bor edi. Kechalari uning oldida namoz o'qirdim, keyin suyanib o'tirardim. Bir yili Madina ahli yomg'irsiz qoldi. Shunda ular Allohdan yomg'ir so'rab (dalaga) chiqishdi. Lekin yomg'ir yog'madi. O'sha kechasi men Masjidi Nabaviyda (s.a.v.) oxirgi - xufton namozini o'qib bo'lib, ustunimga suyanib o'tirgan edim. Bir payt egniga ko'ylak kiygan, yana boshqa bir ko'ylakni bo'yniga tashlab olgan qop-qora odam kirib keldi. Mening ustunimning old tomoniga o'tib ikki rakaat namoz o'qidi-da, o'tirdi. So'ng dedi:
"Ey Rabbim, payg'ambaring haramidagilar yomg'ir so'rashdi, lekin yomg'ir bermading. Men Sendan o'tinaman, ularni sug'or".
Jinni bo'lsa kerak, deb o'yladim. Ammo u duodan qo'lini qo'ymasdan turib, osmonda momaqaldiroq ovozi eshitildi. Yomg'ir kelayotgan edi. Uyga qaytmoqchi bo'ldim.
Yomg'ir ovozi eshitilgach, o'sha odam Allohga hamdlar aytdi. Shunday aytdiki, umrimda unaqasini eshitmaganman. Keyin:
"Men kimmanki duoyimni ijobat qilding. Lekin men Senga hamd aytish bilan, qudrating bilan panoh so'radim", dedi. So'ngra namoz o'qiy boshladi. Qiyomda uzoq turdi. Subh yaqinlashganini sezgach, sajda qildi va vitr o'qidi. So'ngra bomdodning ikki rakat sunnatini ado qildi. Keyin farziga jamoatga qo'shildi. Men ham qo'shildim.
Imom salom bergach, o'rnidan turdi. Orqasidan men ham turdim. Masjidning eshigiga yetgach, kiyimini yopinib tashqariga chiqdi va yomg'irga "sho'ng'idi".
Ortidan kiyimimni ko'tarib chiqdim, tezda suv bo'lib ketdim va uning qayoqqa ketganini bilmay qoldim.
Ikkinchi kechasi yana Rasulullohning (s.a.v.) masjidlarida xuftonni o'qib bo'lib, ustunga suyanib o'tirgan edim, haligi kishi keldi. Namoz o'qiy boshladi. Qiyomda uzoq turdi. Tong yaqinlashgach, sajda qildi. Keyin vitr o'qidi. So'ng bomdodning sunnatini ado qildi. Farzga iqomat aytilgach, jamoatga qo'shildi, men ham qo'shildim.
Imom salom bergach, masjiddan chiqdi. Orqasidan ergashdim. Ketaverdi, boraverdim. Oxiri qaysi hovliga kirganini aniqlab, so'ng masjidga qaytdim. Quyosh sal ko'tarilgach, namoz o'qib, tashqari chiqdim va o'sha hovliga bordim. U etikdo'z ekan. Meni ko'rib, tanidi va:
"Abu Abdulloh, xush kelibsiz. Xizmat bormi? Mahsi tikib beraymi?" deb so'radi. "O'tgan kecha yonimda o'tirgan sen emasmiding?" dedim men. Uning yuzi o'zgardi. G'azabi keldi. "Bu bilan sizning nima ishingiz bor?" dedi. Darhol uning oldidan chiqdim.
Uchinchi kechada yana namozni o'qib ustunga suyangancha uni kutdim. Lekin kelmadi. "Inna lillahi, nima qilib qo'ydim?!" dedim. Quyosh chiqquncha masjidda o'tirdim. Keyin chiqib o'sha hovliga bordim. U turgan uyning eshigi ochiq, ichida hech narsa yo'q edi. Hovlidagilar mendan: "Kecha oralaringdan nima gap o'tdi?" deb so'rashdi. "Unga nima bo'ldi?" dedim. "Siz ketganiigizdan keyin kiyimini yoyib, teri, andoza-qoliplarini soldi-da, chiqib ketdi. Qayoqqa ketdi, bilmadik?" deyishdi.
Bilganim Madina hovlilarining hammasiga kirib chiqdim, lekin uni topmadim. Alloh rahmat qilsin".

"Salaflar xulqi" kitobidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.