background
logotype
image1 image2 image3

Safarga hozirlik ko‘rdingizmi?

Horun ar-Rashid devona Bahlulni saroyga chaqirib, u bilan suhbat qurarkan, hassasini unga tutqazib, masxaralagannamo shunday debdi:

— Hazrat, mana shu hassamni sizga hadya qilsam, kun kelib o‘zingizdan ham devona, telba va ahmoq odamga siz ham sovg‘a qilib yuborarsiz.

Bir vaqtlar xalifaning qattiq kasal bo‘lganini eshitgan Bahlul ziyoratga boribdi. Horun ar-Rashiddan hol so‘rabdi:

— Ahvollaringiz qalay?

— Oldimda katta safar turibdi.

— Qachon qaytib kelasiz?

— Qaytmaydigan safarga ketyapman.

— Har doim safarga chiqqaningizdek, xizmatkoru oshpazlaringizni avvaldan yubordingizmi?

— Yo‘q, bir o‘zim boradigan oxirat safariga ketyapman.

— Shunaqami? U holda bir paytlar menga bir omonat bergandingiz. O‘sha hassani o‘zingizga topshirsam. Muborak bo‘lsin! Dunyoda sizdan ko‘ra ahmoq odamni ko‘rmadim. Siz uch kunlik safarga ikki oylab tayyorgarlik ko‘rib, avvaldan xizmatkorlaringizni u yerga yuborib, o‘zingizga sharoit hozirlardingiz. Ammo oldingizda juda uzoq bo‘lgan oxirat safari turganda unga tayyorgarlik ko‘rganingizni bilmadim.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.