background
logotype
image1 image2 image3

Rostgo‘ylikning xayrli oqibati

Islom buyuklaridan Abduqodir Giloniy bolaligida o‘qishga borish uchun onasidan ruxsat so‘radi. Onasi ruxsat berdi, faqat qaerga borib o‘qishini so‘radi. Yosh Abduqodir onasiga o‘sha paytlarda Islom dunyosining ilm-ma’rifat markazi bo‘lgan Bag‘dodga borib, o‘sha yerda o‘qimoqchi bo‘lganligini aytdi. Onasi rozi bo‘ldi.

Onasi kichkina Abduqodirni juda sevar, undan ayrilishi qiyin bo‘lsa ham Alloh yo‘lida ilm o‘rganishi uyda o‘ynab yurishidan yaxshiroq deb tushundi va o‘g‘lining xirqasi (to‘ni) ichiga tushib qolmasin va yo‘qolmasin deb qirq oltin tikib qo‘ydi. O‘g‘liga: «O‘g‘lim, hech yolg‘on gapirma. Musulmonlik to‘g‘rilik dinidir, to‘g‘rilikdan ayrilma (hamisha to‘g‘ri bo‘l)» deb nasihat qildi.

Shundan keyin ona-o‘g‘il xayrlashdilar (bir-birlaridan rozilik tiladilar), yosh Abduqodir bir karvonga qo‘shilib yo‘lga chiqdi. Yo‘lda karvon qarshisidan oltmishta otliq chiqib to‘sdi. Bular yo‘lto‘sar, karvonlarni talaydigan qaroqchilar to‘dasi edilar. Ko‘pchilikni o‘ldirdilar.

Qaroqchilardan biri boladan nimasi borligini so‘radi. Bola yolg‘on gapirmaslik haqida onasiga bergan so‘zini xotirlab: «Qirq oltinim bor», dedi. Qaroqchi bu bola meni aldayapti deb o‘ylab undan nari ketdi. Keyin boshqa biri keldi: «Ey bola, qancha puling bor?», deb so‘radi. Bola yana o‘sha gapni qaytarib: «Qirq oltinim bor», dedi. Yupun kiyingan bu bolada qirq oltin nima qiladi, u meni aldayapti deb o‘ylab, u ham nari ketdi. Keyin uchinchi yo‘lto‘sar kelib: «Qancha puling bor, bola?» deb so‘radi. Unga ham: «Qirq oltinim bor», deb javob berdi.

Qaroqchi bolaning qo‘lidan ushlab boshliqlari oldiga olib bordi va: «Bu bola qirq oltinim bor deyapti», dedi. Qaroqchilar boshlig‘i «Oltining qani?» deb so‘radi. «To‘nim ichida» deb javob berdi bola. Bosh qaroqchi buyrug‘i bilan to‘nni yirtib ko‘rishdi, haqiqatan uning ichidan qirq oltin chiqdi. Qaroqchilar boshlig‘i hayrat bilan: «Nega to‘g‘risini aytding, yolg‘on gapirganingda oltinlaringni qutqarib qolarding», dedi.

Yosh Abduqodir kulimsirab:

— Hech yolg‘on gapirmayman, deb onamga so‘z berganman, — deb javob berdi.

Ko‘zlari qon va gunohga to‘lgan qaroqchilarning boshlig‘i diqqat va sinovchi bir nazar bilan Abduqodirning yuziga tikildi. Birdan qaroqchining ko‘zi ochildi, hayrat va hayajondan ko‘zlaridan ikki tomchi yosh sizib chiqib yuziga oqdi va mehribonlik bilan:

— Qarang, bu bola onasiga bergan so‘zida turibdi va unga vafo qilmoqda! Men esa shuncha yillardan beri Allohimga xiyonat qilib kelaman. Bu yigitcha mening haloskorim bo‘ldi, men barcha razil ishlarimdan tavba qilaman! — dedi. Qalbi, qahri toshday qattiq boshliqlarining atrofidagi qaroqchilar barobariga:

— Shu kunga qadar yo‘l to‘sib, odam o‘ldirib qaroqchilik qilishda boshlig‘imiz eding, endi gunohlarimizga tavba qilish va yaxshi, xayrli ishlarda bizga bosh bo‘l,— deb hayqirdilar.

Boshliqlarining buyrug‘i bilan karvonda kimdan nima olgan bo‘lsalar qaytarib berdilar, karvon eson-omon yo‘lida davom etdi. Qaroqchilarning tog‘ qoyalaridek qattiq tosh qalblari yumshab, tavba qildilar. Qilgan yomon ishlaridan pushaymon bo‘ldilar...

Yusuf Tovasliyning “Hikmatlar xazinasi” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.